Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA *** O‘tgan son mazmuni: Luiza Uillga bir kun enagalik qilgach, dahshatga tushadi. Bu ishni eplolmayman, degan qarorga keladi. Biroq singlisi Trina kollejda o‘qishga qaror qilganini aytib, undan yangi topgan ishini tashlamaslikni iltimos qiladi. Oilasi nochor holatga tushishini o‘ylab, Luiza ishini davom ettiradi. Ikki hafta ichida o‘z vazifalariga ancha o‘rganib qolgan bo‘lsa-da, Uill bilan til topisha olmaydi. Yigit faqat uning ishidan kamchilik topar, u bilan gaplashishni ham, yolg‘iz qolishni ham istamasdi. Bir kuni Treynor xonim hayajonlanib kiradi va Uillni do‘stlari ko‘rgani kelganini aytadi. Luiza esa mehmonlarga qahva tayyorlashga unnaydi. Qo‘limda patnis bo‘lgani uchun eshikni belim bilan turtib ochishdan avval biroz ikkilanib turdim. – Treynor xonim sizlarga qahva olib kirib berishimni so‘ragandi, – deb patnisni pastakkina stolga qo‘ydim. Uillning stakanini aravasining ushlagichiga qo‘yib, naychani og‘ziga to‘g‘rilab surib qo‘ydim-da, o‘g‘rinchcha mehmonlarga nazar tashladim. Avval ayolga ahamiyat berdim. Bu uzunoyoq, mallasoch qiz edi. Xuddi yaltiroq jurnallar sahifalaridagidek hayot kechiruvchi bu malakdan go‘yo pulning hidi va hamma unga ta’zim qilishi kerak degan ishonch ufurardi. Keyin unga diqqatroq qarab, seskanib ketdim: bu Uill bilan chang‘i uchayotgan qizku, faqat chang‘i ustida u dadil turgan bo‘lsa, ayni paytda o‘zini o‘ta noqulay his qilayotgani aniq edi. Ayol Uillning yuzidan o‘pib, nosamimiy tirjaygancha orqasiga tisarildi-da, och kulrang kashmir ro‘shmolini g‘ijimlashga tushdi. – Ko‘rinishing chakki emas, – dedi u Uillga. – Faqat sal soqol-mo‘ylovlaring o‘sib ketibdi... Uill indamadi. U qizga qararkan, yuzi har doimgidek xotirjam edi. Faqat menga shunday qaramas ekan-da, deb, to‘g‘risi, xursand bo‘lib ketdim. – Yangi kreslo oldingmi? Qoyil! – Erkak mehmon xuddi yangi avtomashinani maqtagandek Uillning yelkasiga urib qo‘ydi. – Ko‘rinishidan... juda ajoyib. Yangi modelmi? Men nima qilishimni bilmay, tanamning og‘iriligini u oyog‘imdan bunisiga tashlab turarkanman, Uillaning ovozi jimlikni buzdi. – Luiza, olov o‘chib qoladi hozir, o‘tin tashlab qo‘yolmaysizmi? – U birinchi marta ismimni tilga olgandi. – Xo‘p, albatta, – deb savatdan kerakli o‘lchamdagi o‘tinlarni tanlab, pechga qalay boshladim. – Ko‘chada dahshat sovuq, – gap qo‘shdi ayol. – Bunday havoda issiы uyda o‘tirishga nima yetsin. Pechning eshikchasini ochib, otashkurak bilan o‘chib qolayotgan cho‘g‘ni qimirlatdim.
– Men ham shunday pechka olishim kerak. Kamindan ko‘ra ancha issiqni yaxshi ushlaydi. – Alisiya xuddi pechni umrida birinchi marta ko‘rib turgandek, engashib tomosha qila boshladi. – Shu masala bilan shug‘ullanishim kerak ekan. Nuqul ortga suraman... – u jimib qoldi. – Ajoyib qahva ekan, – dedi yana Alisiya. – Xo‘sh... Uill, nimalar bilan mashg‘ulsan? – erkak bor kuchi bilan imkon qadar quvnoq ko‘rinishga harakat qilayotgani aniq edi. – Ne ajabki, deyarli hech narsa bilan band emasman. – Fizioterapiya, dorilarchi? Ancha foyda bergandir? – Yaqin o‘rtada chang‘ida ucholmayman, Rupert, – dedi Uill piching bilan. Kulib yuboray dedim. Uill har doimgidek kinoya bilan javob bergandi. Kaminni tozalarkanman, go‘yo hamma meni kuzatayotgan tuyulardi. Yurakni ezadigan jimlik. Balki kiyimimining biror joyi yirtilgandir. Axir menda bunaqa narsalar bo‘lib turadiku... – Bir kelib... – dedi nihoyat Uill, – meni xursand qilay depsizlar-da? O‘ziyam.. sakkiz oy bo‘libdi. – Ha... bilaman. Kechir. Juda band edim. Chelsida yangi ish boshlaganman. Sasha Golstaynning butikini boshqarayapman. Sasha esingdami? Dam olish kulari ham tinim yo‘q. Bir daqiqa ham bo‘sh vaqt topolmayman. – Alisiyaning ovozi bo‘linib-bo‘linib chiqa bloshladi. – Uch-to‘rt marta telefon qiluvdim. Oying aytmadilarmi? – Bizning idoramizda ham to‘palon. Yangi rahbar kelgan, – davom etdi Rupert. – Den Beyns –amerikalik. Kunu tun ishlaydi, boshqalarga ham tinchlik bermaydi. Amerikaliklarni bilasanku, na ortiqcha tanaffus qilib bo‘ladi, na hazillashib... Ishonmaysan, Uill. Umuman o‘zgarib ketgan hammasi. – Nahotki? – Ha, ba’zan bekorchilik qilyapti, deb o‘ylamasliklari uchun, hatto, stuldan turishga ham qo‘rqaman. Men qo‘limni artdim. – Yana o‘tin olib kelay, – deya savatni ko‘tarib, tashqariga chopdim. Ko‘chada sovuq edi, ammo vaqt o‘tsin deb, o‘tinni yaxshilab saralashga kirishdim. Xonaga kirgandan ko‘ra ayozga chidagan ma’qul... Ammo biroz turgach, ayoz meni, baribir, taslim qilishini tushunib uyga kirdim. Mehmonxoanaga asta yaqinlasharkanman qiya ochiq eshikdan ayolning ovozi eshitildi. – Uill, biz bekorga kelganimiz yo‘q, –dedi u. – Bizda... bir yangilik bor. O‘tin solingan savatni quchoqlagancha eshik oldida turib qoldim. – Men... ya’ni biz... senga bir gapni aytishimiz kerak... Gap shundaki... Xullas, Rupert bilan turmush qurmoqchimiz. Men joyimda tik qotdim. Agar ichkariga kirmay, orqamga qayrilib ketsam, sezishmasmikin, deb chamalardim. – Bilaman, bu sen uchun kutilmagan holat, – davom ettirdi ayol tutilib. – Rostini aytsam, o‘zim ham kutmagandim. Bu birdan boshlanmadi... O‘tinlarning og‘irligidan qo‘limga og‘riq kirdi. Savatga qarab, nima qilishim kerakligini o‘ylay boshladim. – Axir biz sen bilan... – Yana og‘ir jimlik. – Uill, iltimos, biror narsa desangchi
– Tabriklayman, – dedi nihoyat u. – Nima deb o‘ylayotganingni bilaman. Ammo biz bunaqa bo‘lishini kutmagandik. Rost. Uzoq payt do‘st bo‘lib yurdik. Birga sen haqingda qayg‘urdik. Sen shu holga tushganingdan keyin Rupert menga suyanchiq bo‘ldi... – Oliyhimmatligini qarang. – Unday dema. Bu dahshat. Senga aytishdan qo‘rib yuruvdim. Ikkimiz ham qo‘rquvdik. – Shubhasiz, – dedi Uill beparvo. – Bilasanmi, – Rupertning ovozi eshitildi, – sendan xavotirlanganimz uchun keldik. Buni birovlardan eshitishingni istamadik. Axir hayot davom etayapti. Buni o‘zing ham tushunasan. Ikki yil o‘tdi... Jimlik. Men boshqa hech narsa eshitishni istamayotganimni tushunib, asta eshikdan nari keta boshladim. Ammo Rupertning ovozi balandlab, baribir, uning gaplari eshitildi. – Do‘stim, tushunaman, bu juda qiyin.... hammasi... Ammo Alisiya baxtli bo‘lishini istasang, bunga ortiqcha kuyinmasliging kerak. – Iltimos, Uill, biror nima degin. Men uning biror tuyg‘uni aks ettirmaydigan va shu bilan birga uncha-muncha narsani pisand qilmaydigan yuz ifodasini ko‘rgandek bo‘ldim. – Tabriklayman, – dedi u nihoyat. – Sizlar juda chiroyli juftlik bo‘lasizlar, deb o‘ylayman. Alisiya bir nimalar demoqchi bo‘ldi-yu, Rupert uning gapini bo‘ldi. – Ketdik, Lissa. Ketganimiz yaxshi. Uill, tag‘in mendan oq fotiha olgani kelishibdi, degan hayolga borma. Biz, shunchaki, oldingdan o‘tib qo‘ymoqchi bo‘ldik. Alisiya... ya’ni ikkimiz buni bialishing kerak deb hisobladik. Uzr, do‘stim, ishlaring xali yurishib ketganida... Hammasi joyiga tushadi. Men qadam tovushlarini eshitib, xuddi hozirgina tashqaridan kirgan odamdek savatga egildim. Yo‘lakda Alisiya paydo bo‘ldi. Uning qizlari qizarib ketgan, qo‘yib bersa xo‘ngrab yuboradigan ahvolda edi. – Vannaxonangizga kirib chiqsam maylimi? – dedi bo‘g‘iq ovozda. Qo‘lim bilan yuvinish xonani ko‘rsatdim. U menga tikilib qaradi, va har doimgidek ichimdagi tashqimda namoyon bo‘lganini tushundim. Tuyg‘ularimni yashirish hech qo‘limdan kelmasdi. – Nima deb o‘ylayotganingizni bilaman. – dedi u biroz sukutdan so‘ng. – Ammo men rosa harakat qildim. Necha-necha oy... U esa meni o‘zidan itaraverdi. – Alisiya iyagini oldinga chiqardi, va ne ajabki, yuzi qahrli tus oldi. – Uill haqiqatan ham yonida bo‘lishimni istamasdi. Bu kundek ravshan edi. – U go‘yo mendan javob kutayotgandek edi. – Bu bilan mening ishim yo‘q, – dedim nihoyat. Biz bir-birimizga tikilib qoldik. – Bilasizmi, yordamni qabul qilishga tayyor odamlargagina ko‘mak berish mumkin. Shunday deb u chiqib ketdi. Mashina joyiddan jilishini kutib turdim-da, oshxonaga kirdim. Choy ichgim kelmasa ham choygumni olovga qo‘ydim. O‘qiyotgan jurnalimni varaqladim.
Nihoyat yo‘lakka chiqib, o‘tin solingan savatimni mehmonxonaga sudradim, kirishdan avval Uillga kelganimni anglatish uchun eshikni sekin taqillatdim. – Biror narsa kerakmasmi, deb so‘ramoqchiydim... – cho‘zdim men. Ammo xonada hech kim yo‘q edi. Shu payt taraq-turuq eshitildi. Yo‘lakka chopib chiqdim, yana bir narsa taraqladi, undan keyin oynaning singani ovozi keldi. Uillning yotog‘idan eshitilardi bular. Xudoyimey, o‘zini yaralab olmasa bo‘lgani. Esim og‘ayozdi – Treynor xonimning ogohlantirishi qulog‘im ostida yangradi. Uillning o‘n besh daqiqadan ortiq yolg‘iz qoldirgandim. Yugurib eshikkacha keldim-da, kiraverishda taqqa to‘xtadim. Uill xonaning o‘rtasida qaddini tik tutib o‘tirardi. Aravaning tirsak qo‘yiladigan yondorida uch metrlik tayoq turardi. Uzun tokchada birorta ham fotosurat qolmagandi, singan qimmat romlar yer bilan bir bo‘lgan, gilamda singan oyna parchalari yotardi. Uillning tizzalarida ham – oyna va taxta siniqlari. Vayronani tomosha qilarkanman, Uillga zarar yetmaganini asta-sekin tushunib, yuragim joyiga tusha boshladi. Tuppa-tuzuk xonasini vayronaga aylantirish uchun ancha-muncha kuch sarf qilgan chog‘i Uill og‘ir-og‘ir nafas olardi. U kreslosini men tomonga burgandi, g‘ildiragi ostidagi oyna parchalari g‘irchillab ketdi. Ko‘zlaridagi og‘ir charchoq va g‘azab bilan “Menga rahming kelsa, ko‘rasan” derdi go‘yo u. – G‘ildirakni teshib qo‘yishdan qo‘rqmaysizmi? – dedim nihoyat aravaga ishora qilib. – Domkratni qaerga qo‘yganim esimda yo‘q. Uning ko‘zlari kattaroq ochildi. Bir fursat ishni chippakka chiqardim, deb o‘yladim. Ammo uning yuzida tabassum paydo bo‘lgandek bo‘ldi. – Mayli, qimirlamay turing, changyutgichni olib kelaman. Tayoq taraqlab yerga tushdi. Xonadan chiqayotganimda Uillning “Kechiring” degani qulog‘imga chalingandek bo‘ldi. *** Shipi qalin xodalardan iborat, devorlariga qa’aning suratlari osilgan yemakxonada triatlonchilar yig‘ilgandi. Ular mineral suv ichib, gazlangan shirin ichimliklarning kaloriyasini muhokama qilishar, buyurtirgan salatlaridan esa bir tomchi yog‘ topish amrimahol edi. Men esa ular yegilari kelmayotganini namoyish etishlarini tomosha qilish uchun qovurilgan kartoshka buyurdim. Triatlonchilarning yig‘ilishiga borishni xush ko‘rmasam-da, bu Patrik bilan uchrashish imkonini berardi. Mening ishim, uning mashg‘ulotlari tufayli deyarli ko‘risholmay qolgandik o‘zi. Ko‘chada qahraton qish bo‘lishiga qaramay tarang kalta shim kiyib olgan Patrikka gurung berarkanman, agar chizkeyk buyursam, uning sheriklari menga yanada yov qarashlari bilan yeb qo‘yishmasmikan, deb o‘ylardim. – Xullas, dahshat! – dedim tutoqib. – Uning qizi bilan eng yaqin do‘sti. – Ularni ayblab bo‘lmaydi, – deb e’tiroz qildi u – Agar mening g‘am oyoq- qo‘lim ishlamasa, sen ham men bilan qolmasding. – Qolardim. Albatta, qolardim. – Yo‘q, qolmasding. Sendan buni so‘ramasdim ham. – Men, baribir, qolardim.
– Ammo men istamasdim. Kimdir menga rahmi kelganidan, shavqat qilganidan yonimda bo‘lishini istamasdim. – Rahm-shavqatning bunga nima aloqsi bor? Axir sen o‘sha-o‘sha odam bo‘lib qolaverasanku. – Yo‘q, men umuman boshqaga aylanib qolardim, – Patrik burnini jiyirdi. – Men unday yashashni istamagan bo‘lardim. Men odamlarga, hatto, mayda narsalarda ham qaram bo‘lib qolishni istamayman... Erkak siqfatida hamiyatimga tegardi. Alisiya ko‘z oldimga keldi. “Rosa harakat qildim. Necha-necha oy”. – Hammasi odamning o‘ziga bog‘liq, – dedim men. – Har qanday holatda ham biror chorasi topiladi,.. agar bunga ijodiy yondoshsa...” – Mayli, – Patrik suvdan ichdi. – Ertaga o‘zidan so‘ray qol. Aytgancha, uning fe’li og‘ir deganding, balki baxtsiz hodisa ro‘y berishidan avval ham shunaqa bo‘lgandir. Balki u qiz ayni shunday fe’li uchun undan voz kechgandir. Bunaqa fikr kelmadimi senga? – Bilmadim… – deb rasmlar esimga tushdi. – Ular juda baxtli juftlik bo‘lib ko‘rinishardi. Ammo fotosuratlar, odatda, hech narsani anglatmaydi... Patrik ham mening ishim to‘g‘risisda gaplashishdan zerikkandi chog‘i. Suhbatimiz mavzusini o‘zgartirgan bo‘lsak-da Alisiyaning aytganlari boshimdan chiqmasdi. Men Uill uni o‘zidan itarayotganini bemalol tasavvur qilaman. Ammo agar uni sevsang, sevgilingning oldida bo‘lishing, tushkunlik domidan chiqishiga yordam berishing kerak emasmi? – Sen bu fikrga nima deysan? – dedi Patrik biqinimga turtib. – Qaysi fikrga? – Ispaniyada dam olish kunlarini o‘tkazish. Agar velosipedda ketish yoqmasa, samolyotga arzon chiptalar bor ekan. Olti haftadan keyin. Axir endi puling bor... – Bilmasam... – Treynor xonim ko‘zimga ko‘rinib ketdi. – Hali endi ish boshladimku. Dam olishga ruxsat berishmasa kerak. – Unda o‘zim boraveraman, agar xafa bo‘lmasang. Tog‘da o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarda qatshnashishim shart. Men katta marralar haqida orzu qilyapman. – Qanaqa ekan u? – “Viking ekstrim”da qatnashmoqchiman. 90 kilometr velosipedda yurish, 45 kilometr yugurish, shimoliy muzlar oralab suzish. U bu musobaqa haqida shunday g‘urur bilan gapirardiki, yigitim oddiygina sotuvchi bo‘lsa nima qilardi, degan fikr birrov hayolimdan o‘tdi. – O‘shanda qatnashmoqchimisan? – Nega endi qatnashmayman? Hozir tayyorgarligim har qachongidan yaxshi. Men shunda uning keyingi paytda faqat qo‘shimcha mashg‘ulotlar, vazn va masofa, jismoniy tayyorgalik va chidam haqida tinimsiz gapirayotganiga ahmiyat berdim. – Agar istasang, masofani birga bosib o‘tishimiz mumkin, – deb mulozamat qilgan bo‘ldi.. Vaholanki, u ham, men ham bunga ishonmasdik. – O‘zing bilasan, – deim men. – O‘zing qatnashaver. Men o‘zimga chizkeyk buyurdim.
*** Kechagi voqealar Granta-xausdagi hayotni ijobiy tomonga o‘zgartirishni orzu qilmasa ham bo‘lardi. Uillga charaqlab kulib, baland ovozda “Salom!” deb kirib kelganimga qaramay, u hatto qayrilib menga qarashga ham yaramadi. – Bugun havo yomon, – deb to‘ng‘illadi Natan kurtkasini kiyarkan. Tashqarida yomg‘ir yog‘ar, quyosh yana paydo bo‘lishini tasavvur ham qilish qiyin edi. Hatto men ham bunday kunlari kafiyatsiz bo‘laman. Uillning ahvolini esa tassavvur qilavering. Uillning kayfiyati menga ta’sir ko‘rsatmasligi kerak, degan o‘y bilan ertalabki vazifalarimni qilishga tushdim. Axir, ish beruvching senga yoqishi shartmi? Mana Trina ham har qadamini nazorat qiladigan boshliqqa chidayaptiku. Men ham ikki hafta chidadim. Demak besh oyu o‘n uch kun ishlasam bo‘ldi. Kecha tortmaga taxlab qo‘ygan suratlarni chiqarib, qaysi ramkalarni tuzatish mumkinligi to‘g‘risida bosh qotira boshladim. O‘zi narsalarni tuzatishga ustaman. Buning ustiga bekorchi vaqtim ham ko‘p. O‘n daqiqacha shu ish bilan shug‘ullanib o‘tirganimni bilaman, aravaning guvillashi Uilning kelganidan xabar berdi. U eshik oldida turib meni kuzatardi. Ko‘zining tagi qorayib qolgandi. Natan ba’zan u umuman uxlolmasligini aytgandi. Tong yorishmay turib, o‘zing turolmaydigan karavotda faqat og‘ir o‘ylar og‘ushida qanday yotish mumkinligini tasavvur ham qilgim kelmasdi. – Qaysi birini tuzatish mumin ekan, deb ko‘ryapman, – dedim imkon qadar quvnoqlik bilan. – Nega? – Nazarimda… o‘ylashimcha, – dedim ko‘zlarimni pirpiratib, – ba’zilarini tashlab yubormasa ham bo‘ladi. O‘zim bilan yelim olib kelgandim. Tuzatib ko‘raychi. Agar yoqmasa, tushlik mahali shaharaga yugurib borib, yangilaridan olib kelaman. Yoki agar aylanib kelishni istasangiz, birga borardik... – Kim sizga ularni tuzating dedi? – U menga o‘qrayib qaradi. “Ana bo‘lmas...” deb yo‘ladim. – Men... men shunchaki ko‘maklashmoqchiydim. – Kechagi qilgan ishimni to‘g‘rilamoqchi bo‘lgansiz. – Men... – Bilasizmi nima, Luiza? Agar biror kim biror marta men nima istayotganimga ahamiyat bersa, minnatdor bo‘lardim. Suratlarni, sezgan bo‘lsangiz, bexosdan tushirib yuborganim yo‘q. Xonaning dizaynini o‘zgartirish uchun ham buni qilmadim. Men ularni boshqa ko‘rgim kelmagani uchun sindirib tushirdim. – Uzr. – Sekin o‘rnimdan turdim. – Hayolimga ham kelmabdi… – Siz hamma narsani o‘z bilganingizdek qilasiz. Hamma menga nima kerakligini biladi, deb hisoblaydi. Bechora nogiron shularni tomosha qilib yotsin, deysizlar. Bu bema’ni suratlar har safar meni qachon karavotdan chiqarib olisharkin, deb yotganimda menga qarab turishini istamayman. Tushundingizmi? Buni yaxshilab miyangizga quyib ololasizmi? Men bir yutindim.
– Alisiya bilan tushgan suratlaringizni tuzatmoqchi emasdim... Unchalik ahmoq emasman. Nazarimda, siz keyinchalik … – Xudoyim… – u mendan o‘girilib, zaharxanda ovoz bilan: – Ruhiy ko‘mak bermay qo‘ya qoling, yaxshi qiz. Boring-da, sariq gazetalaringizni o‘qing, yo choy damlashdan bo‘sh vaqtlaringizda nima qilsangiz, o‘shalar bilan shug‘ullaning, – dedi. Yuzim qizarib ketgandi. Tor yo‘lakdan arang o‘tayotganini kuzatarkanman, qanday og‘zimdan chiqib ketganini bilmay qoldim: – O‘zingizni moldek tutishingiz shart emas! So‘zlarim havoda muallaq qotdi. Arava to‘xtadi. Orqaga yurib, kichkina boshqaruv pultini ushlgan Uill boshini men tomon qayriltirdi. – Nima? Men unga tikilib turaverdim, yuragim esa dukillab urardi. – Do‘stlaringizga qo‘pollik qildingiz. Mayli, ular shunga loyiqdir. Ammo men sizga yoqishga bor kuchim bilan harakat qilyapman. Agar har soniyada kayfiyatimni buzavermasangiz, sizdan minnatdor bo‘lardim. Uilning ko‘zlari biroz kengaydi. U anchagacha indamay turdi. – Agar menga kerak emassiz, desamchi? – Meni ishga siz olmagansiz. Onangiz yollaganlar. Onangiz meni xizmatim kerakmasligini aytmagunlaricha qolaveraman. Siz bilan ishim bo‘lganidan emas, bu ahmoqona ish menga yoqqani uchun emas, hayotingizni o‘zgaritrish istagijda ekanligim ham bunga sabab emas, shunchaki, pul ishlashim kerak. Tushundingizmi? Men haqiqatan ham pulga muhtojman. Uill Treynorning yuzida gapini ikki qilishlariga ko‘nikmagan odamdek taajjub paydo bo‘ldi. “Rasvo bo‘ldi, – deb o‘yladim nimalar deb yuborganimni eslab. – Bu safar haqiqatan ham oshirib yubordim”. Ammo Uill tikilib menga qaradi, men orqamga o‘girilib oldim. U navbatdagi yoqimsiz gaplaridan birini aytmoqqa hozirlangandek arang xo‘rsindi. – Mayli, –dedi u aravasini qayriltirarkan, – suratlarni pastki tortmaga solib qo‘ying, xo‘p? Hammasini. Keyin g‘ing‘illab nari ketdi. DAVOMI BOR.
Search
Read the Text Version
- 1 - 8
Pages: