Important Announcement
PubHTML5 Scheduled Server Maintenance on (GMT) Sunday, June 26th, 2:00 am - 8:00 am.
PubHTML5 site will be inoperative during the times indicated!

Home Explore SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-34

SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-34

Published by Eldor Bozorov, 2023-08-17 18:03:05

Description: SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-34

Search

Read the Text Version

Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA *** Qizgina yakshanba kuni ko‘chib kelibdi. Uill Kamilaga ham, menga ham indamagandi. Ertalab pijamamda Uillning bo‘linmasiga o‘tib, biror yordam kerakmasmikan, deb bilgani chiqsam, u bir qo‘lida likop, ikkinchi qo‘lida gazeta ushlagancha ketayotganiga ko‘zim tushdi. Meni ko‘rib, qizarib ketdi. Nimaga, bilmayman – axir, xalatda edim, biror uyaladigan joyi yo‘q edi. – Uillga xatlar kelgan ekan, – deb konvertlarni ko‘rsatdim. – U hali turmadi. Uyg‘otaymi? – U gazetani bag‘riga bosdi. Mikki-Mausli futbolka bilan keng shim kiyib olgandi. – Yo‘q, yo‘q. Uxlayotgan bo‘lsa, damini olaversin. Kamilaga aytsam, xursand bo‘ladi, deb o‘yladim. Axir qizgina yigitini uyiga ko‘chganidan rosa jahli chiqqandiku. Ammo u ozroq hayratlandi-yu, yana odatdagidek tarang bo‘lib oldi, bu holatning nojo‘ya oqibatlarini tasavvur qila boshladi chog‘i. U hech narsa demasa ham, men u Luiza Klark haqida yuqori fikrda emasligini aniq bilardim. Mayli, o‘zi oxirgi paytlar hech kimni yoqtirmay qolgan. Biz Luiza bu yerda qolishiga nima sabab bo‘lganini bilolmadik. Uill «oilaviy sharoiti» deb gapni qisqa qildi. Ammo u haqiqatan ham rosa mehnatkash. U yo Uillni parvarishlar, yo uy yig‘ishtirar, bo‘sh qoldi deguncha kutubxonaga chopib borib, chopib qaytardi. Odamlar ichida uni sezmay qolmaysan. Biram yorqin kiyinadiki, kalta ko‘ylaklaru ajabtovur tuflilarining son-sanog‘i yo‘q. Kamillaga shu qiz paydo bo‘lganidan beri uyimiz yorishgandek bo‘ldi, degim kelardi-yu, ammo xotinimga bunday gaplar yoqmaydi. Uill o‘zining kompyuteridan foydalanishga ruxsat bergan bo‘lsa-da, u kutubxonanikidan foydalanishni afzal bilardi. Balki xizmat vakolatini suiiste’mol qilgisi kelmas, balki Uillning u nimalar qilayotganini ko‘rishini istamas. Nima bo‘lganida ham, Uill u kelishi bilan kayfiyati ko‘tarilardi. Bir-ikki marta derazadan ularning gaplashishiayotgani qulog‘imga chalinganida Uillning kulganini yaqqol eshitdim. Bernard Klarkdan shunchaki qizi haqida surishtirganimda, u ko‘p yillardan beri uchrashib yurgan yigiti bilan munosabatlarni uzganini, shu bois uylarida ham sal kelishmovchilik yuzaga kelganini aytdi. Yana Luiza qandaydir kurslarda o‘qish uchun ariza topshiribdi. Bu to‘g‘risida Kamillaga aytmadim. Uning bu haqda boshini qotirishini istamasdim. Qizgina modaga qiziqarmish. E’tirozsiz u chiroylikkina, qaddi-qomati ham yomon emas, ammo uningdek kiyinishni istaydilganlar yana topilarmikan.

Kechqurun u men, Kamilla va Natanni Uillning mehmonxonasiga kirishimizni so‘radi. Stol ustida broshyuralar, safar jadvali, sug‘urta qog‘ozlari va interenatdan olingan ma’lumotlar yotardi. Ulardan har birimizga alohida nusxalar olib, shaffof plastik papkalarga solib qo‘yibdi. Tashkiliy ishlar o‘ta jiddiylik bilan amalga oshirilgandi. U dam olish rejasi bizni tanishtirmoqchi ekanini aytdi. U Kamillaga xuddi faqat o‘zi uchun harakat qilayotgandek ko‘rsatishini aytib, ogohlantirganiga qaramay, qizgina nimalar buyurganini gapirib berayotganida xotinimning nigohi borgan sari sovuqlashib ketayotganini, baribir, sezdim. Bu ajoyib sayohat bo‘ladi, nazarimda, Uill baxtsiz voqeagacha ham qilib ko‘rmagan ajoyib mashg‘ulaotlardan iborat edi. Har safar nimanidir – burama daryodan suzib o‘tishmi, qoyadan sakrashmi – haqida gapirarkan, Uillga yoshgina norgironlarning xuddi shu ishlar bilan shug‘ullanishayotgani tushirilgan suratlarni ko‘rsatar, va «Agar men shu ishlarni qilishga urinishim kerak bo‘lsa, siz ham mening yonimda bo‘lishingiz shart» derdi. Tan olaman, qizgina yana bir bor meni hayratlantirdi. Topqirligichi! Uill uni tinglarkan, uning oldiga qo‘yilgan qog‘ozdagilarni ham o‘qirdi. – Bularning barchasini qaerdan bildingiz? – deb so‘radi u nihoyat. – Bilim bu – kuch, Uill, – dedi u qoshini ko‘tarib. O‘g‘lim xuddi qizgina hazilni qiyib yuborgandek jilmaydi. – Shunday qilib... – dedi Luiza savollar tugagach. – Sakkiz kundan keyin jo‘naymiz. Xursandmisiz, Treynor xonim? – Uning ohangida bilinar-bilinmas kesatiq bor edi, xuddi Kamila «Yo‘q» deyishi kerakdek. – Agar shuni istayotgan bo‘lsangizlar, men qarshi emasman. – Natan, sizchi? Fikringizdan qaytmadingizmi? — Aslo. — Uill? Hamma unga qaradi. Yaqinda ham bu mashg‘ulotlarning birortasi haqida o‘ylashimiz mumkinligini ham tasavvur qilolmasdik. Yaqindagina Uill faqat onasini xafa qilish uchungina bu savolga «Yo‘q» deb javob berishi aniq edi. O‘g‘limiz hamisha shunday edi: u bo‘yin egdi, deb o‘ylamasliklari uchun ham noto‘g‘ri yo‘lga yurishdan ham toymasdi. Balki aynan shuning uchun ham muzokaralarni zo‘r olib borgandir. Uill menga sovuqqina qaradi, keyin esa qizginaga jilmaydi. Mening og‘zim ochilib qoldi. – Nega endi yo‘q bo‘larkan? – dedi u. – Klarkning gumbirlab suvga sakrashini ko‘rsam ko‘ribman-da. Qizgina xuddi «Yo‘q» deyishini kutgandek, yengil tortib, nafas chiqardi.

Qiziq... Rostini aytsam, u hayotimizga endi kirib kelganida, unga uncha ishonmagandim. Uill qaysarligiga qaramay, juda zaif edi. Undan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishidan qo‘rqdim. Nima bo‘lganida ham Alisiya uning do‘sti bilan don olisha boshlagach, u har qanday erkakdek o‘zini kamsitilgan his qilib qolgandi. Ammo men Luiza unga g‘urur va minnatdorchilik bilan qarab turganini ko‘rib, bu qiz o‘g‘limning yonida ekanidan biram quvondimki. Bu haqda hech qachon ochiq gapirmasak-da, o‘g‘lim o‘zini eplolmasdi. Qizginaning tinim bilmasligi bilan uning o‘ziga ishonchi paydo bo‘lgandek edi. Bir necha kun uyimizda tantanavor bo‘lmasa-da, sokin bayram shukuhi hukm surib turdi. Kamilla, tan olgisi kelmasa-da, unda umid uchqunlari paydo bo‘lgandi. Men uning nima demoqchi ekanini tushunardim: axir aynan nimani bayram qilamiz? U kechasi telefonda Jorjina bilan gaplashar, qabul qilingan qarorni unga tushuntirishga urinardi. Jorjina esa xuddi onasining o‘zginasi: u Luiza Uillning ahvolidan foydalanib o‘z manfaatlari yo‘lida nimalar qilishi mumkinligini ixtiro qilardi. — U o‘z harajatlarini o‘zi ko‘tarishini aytdi, Jorjina, — javob berdi Kamilla. — Yo‘q, jonim. Boshqa ilojimiz yo‘q. Vaqt tugayapti, Uill rozi bo‘ldi, endi faqat hammasi yaxshi bo‘lishiga umid qilamiz. Sen ham shunday qilishing kerak. Luizani himoya qilish, hatto shunchaki u bilan odob yuzasidan gaplashish ham unga qanchalik qiyin ekanini bilardim. Ammo Luiza o‘g‘limizni qisman bo‘lsa-da, baxtli qololadigan yagona odam ekanini bilgani uchun unga chidashga majbur edi. Bu haqda ochiq gapirmasdik, ammo Luiza Klark uning hayotini saqlab qolish uchun yagona umidimiz edi. O‘tgan kuni biz Della bilan uchrashib, choyxo‘rlik qildik. Keyin daryo bo‘ylab sayrga chiqdik. – Uill dam olgani ketyapti, – dedim men. – Zo‘rku – dedi u. Bechora Della. U bizning kelajagimiz haqida, bu kutilmagan burilish Uillga qanday ta’sir qilishi mumkinligi to‘g‘risida so‘ragisi kelardi, ammo botinolmasdi. Hammasi tugamaguncha uning qo‘lidan hech narsa kelmasligini tushunardi. Biz oqqushlarni tomosha qilib, turistlarga jilmayardik, Della sayohat Uillga ijobiy tasir qilib, uning ahvoliga ko‘nikishiga yordam berishi mumkinligi haqida gapirardi. Unga minnatdorchilik bilan qaradim, axir u bundan xursand bo‘lmaslikka haqqi bor edi. Aynan Uillning baxtsiz xodisaga uchragani bizning birga yashashimizga xalaqit bergandi. Uill uchun javobgarlik hissi bor ekan, men uydan ketolmasdim. Men uning yonida ketarkanman, bilagimga uning qo‘li tegib turardi. Unga bor haqiqatni aytolmasdim. Agar qizgina rancho, qoyadan sakrash, issiq vannalar va boshqa allambalo narsalar bilan ham mag‘lubiyatga uchrasa, u holda men ozod

bo‘laman. Shunda agar Uill Shveysariyadagi xaligi Xudo urgan joyga borishga ahd qilsa, men oilamni tashlab ketolaman. Buni men bilardim. Kamilla ham bilardi. Buni, hatto, ichimizda tan olishni istamasak-da. faqat o‘g‘limning o‘limigina o‘zim istagancha yashasha imkonini berardi menga. – Kerakmas. – U mening yuz ifodamni sezdi. Della, jonimey. U hamisha nimani o‘ylayotganimni biladi. – Bu zo‘r yangilik, Stiven. Rost. Bu balki Uillning yangi, mustaqil hayotining boshlanishidir. Men uning qo‘lini ushladim. Aslida nimalar haqida o‘ylayotganimni tan olishga kuchim yetmasdi. Uni qo‘yib yuborishga ham, xotinimning javobini berishga ham... – Sen haqsan. – jilmayishga urindim. – U yangi tassurotlar bilan hayotga qaytadi deb umid qilaylik. – Qara, ishqilib qal’ada ham biror narsa qilaman deb qolmasa bo‘ldi. – Qal’a devoridan sakrayman, deb qolsa-ya? – dedim men. Keyingi yozgi mavsum uchun ajoyib taklif. Bu aqlga sig‘mas mashg‘ulotni o‘zimizcha tasvvur qilib, yo‘l bo‘yi xiringlashib keldik. Keyin esa Uill pnevmoniya bilan og‘rib, shifoxonaga tushib qoldi. DAVOMI BOR.


Like this book? You can publish your book online for free in a few minutes!
Create your own flipbook