Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA *** Qutichani ochib, to‘q ko‘k duxoba ustidagi kichkinagina yulduzli ingichka tilla zanjirga ko‘zim tushdi. Juda chiroyli, nafis va umuman mening didimda emas. Men umrimda bunday narsa taqmaganman. Nima qilishga ham xayron edim. – Muncha yaxshi, – dedim men Patrik stoldan egilib bo‘ynimga zanjirni taqarkan. – Senga yoqqanidan xursandman. – Patrik labimdan o‘pdi. Rosti, u hech qachon ota-onamning oldida meni o‘pmagandi. Uill pinagini buzmay bizni kuzatardi. – Endi shirinlikka o‘tamiz, – dedi dadam. Shampan uning kayfiyatini anchayin ko‘tarib yuborgandi. – Menda ham siz uchun ataganim bor edi. – dedi sekin Uill. – Aravamning suyanchig‘ida. Olovrang qog‘ozga o‘ralgan. Uillning xurjunidan sovg‘ani chiqardim. Onam qo‘lidagi desert qoshiqchasi bilan joyida qotib qolgandi. – Luizaga sovg‘a oldingizmi, Uill? Ovora bo‘libsiz-da. O‘ralgan qog‘ozda xitoycha kimonolar surati tushirilgan edi. Bir ko‘rishim bilan uni asrab qo‘yishimni tushundim. Balki, rasmiga qarab biror narsa tikarman. Ipini yechib, qog‘ozni ochdim, va qora, sariq yo‘lli tanish nimanidir ko‘rgandek bo‘ldim. Matoni olib tepaga ko‘targandim, qo‘limda ikkita qora-sariq kolgotkilar paydo bo‘ldi. Katta o‘lchamda, shunaqangi yumshoq jun matodan ediki, qo‘llarimdan sirpanib tushay derdi. – Ishongim kelmayapti – deb kulib yubordim men kutilmagan sovg‘aga quvonib. – Qaerdan topdingiz bunaqasini? – Buyurtmamga ko‘ra qilib berishdi. Aytgancha, ustaga nutqni tushunadigan dasturim orqali yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turdim. – Kolgotkimi? – deyishdi jo‘r ovozda otam bilan Patrik. – Dunyoda bunaqasi yo‘q! Onam ajib sovg‘aga biroz tikilib turgach: – Luiza, men aniq esimda, yoshligingda senda xuddi shunaqasi bo‘lardi. Biz Uill bilan bir-birimizga qarab oldik. Yuzimdan kulgu arimasdi. – Men hoziroq kiyib ko‘raman, – dedim men.
– Ari uyasidan chiqqandek bo‘lib qoladiku. – Mayli, Bernard, bugun uning tug‘ilgan kuni, istagan narsasini kiysin. Men xonadan chiqib, bu axmoqona kolgotkini kiyib oldim. Unga qarab to‘ymasdim. Umrimda sovg‘a olib, bunchalik xursand bo‘lmagandim. Mehmonxonaga kirishim bilan, Uill ma’qullab boshini silkitdi. Bobom kafti bilan stolni urdi. Onam va otam xoxolab kulib yubrishdi. Patrik indamay tomosha qilardi. – Bu menga qanchalik yoqqanini so‘z bilan atolmayman, – dedim men. – Rahmat. – U yerda tabriknoma ham bor, – dedi u. – Keyinroq o‘qirsiz. Uill ketarkan, ota-onam uning atrofida to‘palon qilib yuborishdi. – Agar ishdan bo‘shatib yuorishsa, uyingizga boraman, birgalashib futbol ko‘ramiz, – dedi dadam. – Albatta, – deb javob berdi Uill. Vaholanki, uni futbolga qiziqishini hech sezmagandim. Onam mussni plastik idishga solib, aravasining cho‘ntagiga solarkan: – Rosa yoqqan bo‘lsa, uyda yana yeysiz, – dedi. Patrik qo‘lini cho‘nagiga solgancha yo‘lakka chiqdi. Balki behosdan Uillga qo‘l cho‘zib yubormaslik uchun shunday qilayotgandir, deb uning turishiga baho berdim, fe’limni keng qilib. – Tanishganimdan xursandman, – dedi Uill. – Bergan maslahatingiz uchun ham rahmat. – Men faqat qizimning ishiga yordam bermoqchiydim xolos, – dedi Patrik «qizim» so‘ziga alohida urg‘u berib. – Omadingiz bor ekan, – dedi Uill, Natan uni tashqariga olib chiqib ketarkan. – U orqamni sochiq bilan zo‘r artadi. U bu gapni shunchalik tez aytdiki, Patrik gap nimada ekanini tushunib olguncha, eshik yopildi. *** – Uning badanini artishingni aytmaganding, – dedi Patrik uni kuzatishga chiqqanimda. – Bu nimasi? – Men uning badanini artmayman. – Ammo u hozirgini shunday dedi. – Avvallari juda faol bo‘lgan ekansiz, deganingdan keyin aytadi-da. Uni ayblab bo‘lmaydi. – Yana nimalarni mendan yashirasan? Qani aytchi? – Ba’zan Natan bo‘lmaganida xo‘l sochiq bilan beligacha artib qo‘yishim mumkin.
– Bu sening vazifangga kirmaydi. Hech qanday tibbiy xizmat ko‘rsatmasliging kerak, tushundingmi? Ishga kirayotganingida bunga kelishmagandinglar. – Keyin uning boshiga zo‘r fikr keldi: – Sen ularni sudga berishing mumkin. Mehnat sharoiti o‘zgartirilganidan konstruktiv ishdan bo‘shash degan atama qo‘llaniladi. – Qo‘y endi. Menga bu ish qiyin emas. Faqat gohida Natan yo‘qligida qilaman. Shuning uchun ham kimnidir agentlikdan chaqirishmaydiku. Buning ustiga har safar notanish odamning bu ishni qilishi Uillni qiynaydi. Aslida men bu ishni hamshiralardek chaqqonlik bilan gap orasida bajarishga o‘rganib qolgandim. Bu tana shunchaki suhbatni davom ettirishdan avval yoki boshlashgacha biroz parvarish talab etardi xolos. – Meni o‘zingga yaqinlashtirguningcha qancha qiynaganding, endi esa g‘irt notanish odam bilan shu darajada apoq-chapoq bo‘lib ketganingni tushunolmayapman. – Patrik, kel, bu haqida keyin gaplashamiz. Bugun mening tug‘ilgan kunim. – Sochiq bilan artish mavzusini men ochmadim. – U chiroyli ekani uchun shunday qilyapsanmi? – chidolmadim men. – Gap shundami? Sening hayolingdagi nogironga o‘xshamangani uchun... – Demak, sen uni chiroyli deb hisoblaysan? Kayfiyatim tushib bo‘lgandi. – Ishongim kelmayapti. Nahotki, unga rashk qilayotgan bo‘lsang? – Rashk qilmayapman, – mensimay dedi u. – Mayib-majruhga ham rashk qilamanmi? U meni quchoqlab, o‘pdi. Uning meni qizg‘anayotganini his qilish bir tomondan yoqimli ham edi. – Mayli, men bora qolay, – deb uyga tomon yurdim. – Men seni yaxshi ko‘raman, – dedi u turgan joyidan jilmay. Xonamga kirgach, sovg‘alarni javonga joylarkanman, paketdan konvert tushdi. Bu Uillning tabriknomasi edi. Konvertdan tabrik xatini olarkanman ichida o‘nta ellik funtlik banknotalar chiqdi. Ko‘zlarimga ishonmay ikki marta sanadim. Tabriknomaga esa: «Tug‘ilgan kuningizga mukofot. Yo‘q, demang. Qonun shuni talab etarkan. U.» deb yozilgandi. *** Yangi dastur o‘rnatganimizdan beri, Uill «tachpad» ni bosh barmog‘i bilan yurgizib, kursorni qimirlatishni o‘rgangandi. U endi internetdagi gazetlarni o‘qish imkoniyatiga ega edi. Bir kuni ertalab choy olib kirganimda Uill o‘z istagiga ko‘ra hayotdan ko‘z yumgan yosh futbolchi haqida o‘qib o‘tirgan ekan. U mening ortida turganinimni tushungach, ekranni o‘chirdi. Arzimagan narsa bo‘lsa ham yarim soatcha o‘zimni yig‘idan arang tiyishimga to‘g‘ri keldi.
Kutubxonada shu maqolani topib, o‘qib chiqdim. Leo Makinerni yigirma to‘rt yosh ekan. U uch yilcha xastaligi bilan yashabdi. Uilldan sal ko‘proq. U yashashi kerakmi yo kerakmasligini hal qilishga hali yoshligi aniq edi. Yozilishicha, Leo uch yoshidan futbol o‘ynarkan. Jarohatni «millondan bitta» bo‘ladigan omadsiz yiqilish tufayli olibdi. Ota-onasi uning ruhini ko‘tarish uchun qo‘llaridan kelgancha harakat qilishibdi. Ammo Leo tushkunlikka tushib qolibdi. U harakat qilish tugul, ba’zan, hatto, mustaqil nafas olishga ham qodir bo‘lmagan sportchiga aylanib qolgandi. Og‘riq, infeksiyalar ta’siridagi majolsizlik tufayli u har daqiqa atrofidagilarning ko‘magiga muhtojlik sezarkan. Do‘stlari ham toboro kamroq keladigan bo‘lib qolishibdi. Yurgan qiziga ham ko‘rishni istamasligini aytibdi. Har kuni ota-onasiga yashashni xohlamasligini aytarkan, boshqalar u rejalashtirgandek yashashayotganini ko‘rish uning uchun haqiqiy azob ekanini tushuntiribdi. Leo ikki marta ovqat yeyishdan voz kechib, shifoxonaga tushibdi, uyga kelgach esa otasidan uni uxlab yotganida bo‘g‘ib o‘ldirishni o‘tinib so‘rabdi. Bularni o‘qib, piqillab yig‘lashdan o‘zimni to‘xtatolmadim. *** Otam ishdan bo‘shatildi. U o‘zini tetik tutardi. Uyga kelib, ko‘ylagini almashtirib, galstuk taqib, mehnat birjasiga ro‘yxatga turish uchun avtobusda shaharga otlandi. U ko‘p yillik tajribaga ega malakali ishchi bo‘lishiga qaramay, har qanday ishga rozi edi. Ammo menki arang ish topdimi, ellikka kirgan, butun umri davomida birgina sohada mehnat qilgan erkakning ish topish imkoniyatini tasavvur qilavering. Ikki haftada ham ish topilavermagach, ishsizlik nafaqasiga ariza yozishga qaror qildi. Men esa Uill sovg‘a qilgan pullarni onamning yiqqan-terganlari turadigan oshxonadagi temir qutiga solib qo‘ydim. Hech bo‘lmasa shu ularning ko‘nglini sal xotirjam qilar. Ertalab tursam, pul solingan konvert eshigimning tirqishidan chiqib turibdi. Janob Treynor uyda kamnamo bo‘lib qoldi. Sayyohlar ko‘paygani sari uning ish vaqti ham cho‘zilaverardi. Bir kuni do‘kondan qaytayotganimda uni shaharda ko‘rib qoldim. U mallasoch bir ayolni quchoqlab turmaganida buning hech ajablanarli joyi bo‘lmasdi. Ayol Treynor xonim emasdi. Meni ko‘rishi bilan u ayolni xuddi qaynoq kartoshka singari o‘zidan itarib yubordi. Men peshtaxtalarni tomosha qilayotgan odam bo‘lib, o‘girilib oldim. U ko‘rganimni bilishini istmasdim va tezroq barini unutishga harakat qildim. Otam ishsiz qolgan hafta juma kuni Uill Alisiya va Rupertning to‘yiga taklifnoma oldi. Aniqroq aytganda, polkovnik Timoti Dyuar va uning rafiqasi qizlari Alisiyaning Rupert Freshvellga turmushga chiqishi munosabati bilan uyushtirilgan bazmga lutfan taklif qilishgandi. Taklifnoma qalin xitoy qog‘ozli konvertda
tadbirlar tartibi va sovg‘alar ro‘yxati bilan kelgandi. Sovg‘alarni esa menning qo‘log‘im eshitmagan, ko‘zim ko‘rmagan do‘konlardan xarid qilish taklif etilgandi. – Shunaqa ham bezbetlik bo‘ladimi, – dedim men qalin taklifnomaning tillahal gullarini tomosha qilarkanman. – Tashlab yubraymi? – O‘zingiz bilasiz. – Uill beparvolik timsoli edi. Tezgina o‘girilib kompyuterga tikilib olgani uchunmi, yo uning ohangi yoqmadimi, ammo taklifnomani tashlab yubormay, oshxonadagi Uillning papkasiga basarlab qo‘ydim. Uill menga «Qizil malika» degan kitobni o‘qishga berdi. Bu kitob menga yoqmasligini bilardim – Syujeti ham yo‘qku, –dedim men kitobning orqa muqovasini o‘qib. – Nima qilibdi? – javob berdi Uill. – Siz bir urinib kuring. Men urinib ko‘rdim. Genetikaga qiziqqanim uchun emas, aks holda Uill meni tinch qo‘ymasligini bilganim uchun. Oxirgi paytlari u qo‘polroq bo‘lib qolgandi. Yoqmagani u kitobni o‘qigan-o‘qimaganimni tekshirish uchun savollar ham berib turardi. – Siz menga o‘qtuvchi emassiz, – to‘ng‘illardim men. – Hayriyat, – derdi u samimiy. Kitob yashash uchun kurash haqidaykan. Unga ko‘ra ayollar erkaklarni sevganlari uchun emas, bo‘lajak avlodlari baqquvvat bo‘lishi uchun erkaklarning eng kuchlisini tanlasharkan. Va buni o‘zgartira olishmasmish. Tabiat qonuni ekan- da. Men muallifning gaplariga qo‘shilmadim. Uning dalillari ham yoqmadi. Uill ishontirmoqchi bo‘lgan narsaning noxush tagma’nosi bor edi. Muallifning fikricha, Uill – jismonan ojiz, biologik nuqtai nazardan foydasiz, hayoti ma’nosiz edi. Uill bu haqda gapirib, kun bo‘yi boshimni qotirganidan keyin oxiri chidolmadim: – Ammo muallif bir narsani inoabatga olmabdi. –Nahotki? – Uill kompyuter ekranidan boshini ko‘tardi. – Genetik jihatdan har tomonlama ustun erkak aslida qip-qizil axmoq bo‘lsachi? DAVOMI BOR.
Search
Read the Text Version
- 1 - 6
Pages: