Important Announcement
PubHTML5 Scheduled Server Maintenance on (GMT) Sunday, June 26th, 2:00 am - 8:00 am.
PubHTML5 site will be inoperative during the times indicated!

Home Explore SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-30

SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-30

Published by Eldor Bozorov, 2023-08-12 17:53:08

Description: SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-30

Search

Read the Text Version

Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA *** Ular hech kim hech narsani sezmaydi, deb o‘ylashgandi. To‘yning ertasiga tushlikka yaqin qaytib kelishdi, Treynor xonimning chunonam achchig‘i chiqdiki... – Qo‘ng‘iroq qilib qo‘ysangiz ham bo‘lardi, – dedi ularning kelishini kutib, ishga ham bormagan Treynor xonim. Men soat sakkizda kelganimdan beri u hovlidagi yo‘lakda u yoqdan-bu yoqqa yurardi. – Ikkingizga ham o‘n sakkiz marta qo‘ng‘iroq qilib, «SMS» jo‘natdim. To‘yxonaga sim qoqqanimda kimdir «nogironlar aravasidagi kishi» mehmonxonaga ketganini aytganidan keyingina yo‘lda biror kori hol bo‘lmaganini bildim. — «Nogironlar aravasidagi kishi». Juda go‘zal, — dedi Uill. Ammo onasining gaplari uning u qulog‘idan kirib, bu qulog‘idan chiqayotgani aniq edi. U hotirjam, hazil aralash javob berardi, vaholanki, uni og‘riq bezovta qilayotganini taxmin qilsam-da. Onasi Luizaga tanbeh berishga kirishgandagina u kulmay qo‘ydi. Shunda Uill kechasi mehmonxonada qolish uning istagi bo‘lganini aytdi. Luiza Uillning gapini ikki qilolmaganmish. – Oyi, mening yoshim o‘ttiz beshda, agar mehmonxonada tunagim kelib qolgan bo‘lsa, bu haqda birovga axborot berishim shartmas, deb hisoblayman. Treynor xonim ikkovlariga tikilib qarab turgach, «Oddiygina, onaga hurmat yuzasidan» degan ma’noda bir nimalar deb chiqib ketdi. Luiza biroz xafa ko‘rinardi, ammo Uill uning oldiga aravasini haydab keldi-da, bir narsa deb pichirlaganida hammasini tushundim. Qiz qizarib ketib, kulib yubordi. Kulish kerakmasligini bilgan odamga o‘xshab kuldi. Ularning tili birligini sezdim. Uill uni kiyimlarini almashtirib, iloji bo‘lsa, biroz mizg‘ib kelishi kerakligini tayinlab, uyiga haydashga kirishdi. – Kechasi bilan uxlamay, daydib chiqqani peshanasiga yozib qo‘yilgan odam bilan qasr atrofida yurolmayman, – dedi u Luizaning ikkilanib turganini ko‘rib. – Daydib chiqqan deysizmi? – dedim men hayratlanib. – Bu ma’noda emas. – Luiza sharfi bilan meni urib, plashini oldi. – Mashinada keta qoling, – ortidan qichqirdi Uill. – Qaytishga qiynalmaysiz. Uill qiz eshikdan chiqib ketgunicha orqasidan qarab qolganini kuzatdim. Uning qarashi... Qiz ko‘zdan yo‘qolishi hamon Uill o‘zini tashlab yubordi. Nazarimda, Uill onasi va Luizaning ketishlarini kutib turgandi. Men undan ko‘zimni uzmasdim, yuz ifodasining jiddiy tortganidan bildimki, ahvoli chatoq. Terisida dog‘ paydo

bo‘lgandi, hech kim qaramayapti deb o‘ylab, ikki marta og‘riqdan yuzini bujmaytirdi. Xavotirim tobora kuchayib borardi. — Ahvoling qalay, Uill? — Hammasi joyida. — Balki qaering og‘riyotganini aytarsan? Meni aldolmasligiga tan berishdan boshqa iloji yo‘q edi. Axir birga ishlayotganimizga ham ancha bo‘lib qolgandi. – Mayli. Biroz boshim og‘riyapti. Keyin... xaligi... naychalarni almashtirish kerak. Imkon qadar tezroq. Men uni aravasidan karavotga yotqizib, uskunani sozlashga kirishdim. — Lu, ularni ertalab soat nechida almashtirdi? — Almashtirgani yo‘q, — dedi u bujmayib gunohkorona ohangda. — Kecha kechqurun ham. — Nima? Pulsini tekshirib, tonometrni changallab oldim. Qon bosimi ko‘tarilib ketgandi. Qo‘limni peshanasiga qo‘ygandim, kaftimga ter yopishdi. Dorilar solinadigan javondan tomirlarni kengaytiruvchi doridan oldim. Suvga aralashtirib, oxirigacha ichishni buyurdim. Keyin uni karavotga o‘tirg‘izib, naychalarini almashtirdim-da, kuzatishni davom etdim. — Disrefleksiyami? — Ha. Bekor bunday qilibsizlar, Uill. Avtonomdisrefleksiyadan qo‘rqqanimizcha bor edi. Bu Uill organizmining og‘riqqa, noqulaylikka, masalan, kateterning to‘lib qolganiga reaksiyasi bo‘lib, asab tizimining bo‘layotgan o‘zgarishlarni nazorat qilishga befoyda urinishi edi. Disrefleksiya qiynaganida Uill o‘zini yomon his qilar, rangi oqarib, arang nafas olardi. — Tering qalay? — Sanchiyapti. — Ko‘rinishing? — Yaxshi. — Mayli, og‘ayni. Nima deysan, yordam kerakmi? — O‘n daqiqa vaqt ber, Natan. Barcha zarur choralarni ko‘rganingga ishonchim komil. – U ko‘zini yumdi. Yana qon boisimini o‘lchadim, «Tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qilishni yana qanchaga cho‘zish mumkinligini taxmin qilardim. To‘g‘risi, disrefliksiyadan juda qo‘rqaman, negaki, u qanday kechishini hech qachon bilib bo‘lmaydi. Uill bilan endi ishlashni boshlaganimda bir shunaqa bo‘lib, shifoxonada ikki kun yotib chiqqandi. — Iltimos, Natan. Agar o‘zimni rostanam yomon his qilsam aytaman.

Uill xo‘rsindi, men uni ko‘rpaga yaxshiroq o‘rab, boshining tagiga yana bitta yostiq qo‘ydim. U Luiza mast bo‘lib qolgani uchun uning qo‘liga uskunani tutqazishga qo‘rqqanini aytdi. — Xudo biladi u naychalarni qaerimga tiqib yuborardi, — deb xoxolab kuldi u. Uill Luiza uni aravadan olib karavotga yotqizishga yarim soat vaqti ketganini, yetmaganiga, ikki marta ikkovlari polga yiqilib tushishganini aytib berdi. – Yaxshiyam, ikkalamiz ham rosa qotib qolgan ekanmiz, hech narsani sezmadik. Shunda qizginaning favqulodda kallasi ishlab, ma’muriyatga murojat qilibdi, yuk ko‘taruvchiga Uillni ko‘tartirib, karavotga yotqizdirib qo‘yibdi. — Zo‘r yigit ekan. U Luizadan 50 funt choychaqa so‘raganini es-es bilaman. Berishga rozi ekaniga qaraganda, Lu rostanam shiringina bo‘lib qolganini bildim. Luiza nihoyat xonani tark etganida Uill o‘zining nomeriga yetib borarmikan deb xavotirlanibdi. Qip-qizil koptok kabi zinadan dumalab tushayotgani xayoliga kelaveribdi. Men esa Luiza Klarkning xulqiga sira ham ijobiy baho berolmasdim. — Uill, og‘ayni, kel, keyingi safar sen o‘zing haqingda ko‘proq qayg‘urgin, xo‘p? — Hammasi yaxshi, Natan. Mana, ancha tuzuk bo‘lib qoldim ham. Uning menga tikilib turganini sezib, yurak urishini o‘lchadim. — Rosti... Ayb unda emas. Uning qon bosimi tushgandi. Terisi asta-sekin sog‘lom ko‘rinishga kira boshladi. Shu paytgacha nafasimni yutib o‘tirgan ekanman, shekilli, yengil nafas chiqardim. U o‘ziga to‘liq kelgunicha biroz kechagi voqeani muhokama qilib gaplashib o‘tirdik. Nazarimda, Uill sobiq sevgilisini xayoliga ham keltirmayotgandi. Terlab ketgani, kuchli og‘riq va infeksiyaga qaramay, uning kallasida necha- necha paytlardan beri o‘sha xayolidan ketmay qolgan istagidan boshqa narsa ham paydo bo‘lgandek edi. Agar Treynor xonim buni bilganida, jahli chiqmagan bo‘lardi, degan fikrdan qutulolmasdim. Ludan Uillning mazasi qochib qolganini yashirishga to‘g‘ri keldi, to‘g‘rirog‘i, Uill mendan aytmaysan, deb so‘z oldi. Qizgina kechga yaqin anchayin bosilib qaytib kelgandi. Uning rangi o‘chgan, sochlarini ham yuvib, tarang qilib orqaga bog‘lab olgan, xuddi bir aqlli qiz bo‘lgisi kelgandek. O‘zi odam bir ahmoqlik qilganidan keyin shunday tinchlanib qoladi. Ammo tez orda uni vijdon azobidan boshqa dard ham bezovta qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Uill uning nega kayfiyati yo‘qligini so‘rayvergach, u nihoyat tan oldi:

– Xullas, yigiti bilan bir uyda turgan qiz allaqaerlarda tunab qolishi mumkin emasligini bildim. U jilmayib turgan bo‘lsa-da, arang kulayotgani bilinardi, Uill ikkimiz ham vaziyatni tushunib yetgandik. Haqiqatan, yigitini ayblab bo‘lmasdi. Men ham xotinim qandaydir erkak bilan kechalari qaerlardadir daydib yurishini istamagan bo‘lardim, ming kvadriplegik bo‘lgan taqdirda ham. Vaholanki, u hali Uill qiziga qanday qarashini ko‘rmagan ham. Kechqurun bekorchilik bilan o‘tdi. Luiza Uillning ryukzagini bo‘shatarkan, ichidan tekin mehmonxona shampunlari, sovunlari, tikish uchun jajji to‘plamlar va cho‘milish qalpoqchalari chiqdi. «Kulmanglar, — dedi u. — Buncha pulga Uill shampun ishlab chiqaradigan fabrika sotib olsa bo‘lardi». Biz Uill boshog‘riqdan eng yaxshi dori deb ta’riflagan qandaydir yaponcha multfilm tomosha qildik. Men esa undan nari keta olmasdim, qisman qon boisimini o‘lchash uchun bo‘lsa, qisman ularning asabiga tegish uchun. Men ham multfilm ko‘raman desam, u qanday munosabat bildirishini ko‘rmoqchi bo‘ldim-da. — Rostanmi? — so‘radi Uill. —Miyadzakini yoqtirasanmi? U darrov o‘zini qo‘lga oldi, bu ajoyib film... menga, albatta yoqishini... aytdi. Ammo hammasi aniq edi. Qaysidir ma’noda men xursand bo‘ldim. Bechoragina qachondir beri faqat bir narsa to‘g‘risida o‘ylardi. Filmni tomosha qilarkanmiz, Lu Uillning yonida o‘tirib, unga choy uzatar, ko‘ziga nimadir tushganda esa sochiqcha bilan artib qo‘ydi. To‘g‘ri, juda yaxshi, ammo ko‘nglimning tubida buning bari nimaga olib kelarkan degan savol meni qiynardi. Keyin Luiza pardalarni ochib, endi meni ham choy bilan siyladi. So‘ng ular menga sirlarini ishonsa bo‘larkmikan degandek bir-birlariga qarab olishdi-da, safarga ketayotganlarini aytishdi. O‘n kunga. Hali qaerga borishni rejalashtirishmagan, lekin uncha uzoqqa ham emas. Zo‘r bo‘ladi! Ular bilan borib, ozroq ko‘mak berolmaymanmi? Albatta-da! Qizginaga hurmatim oshdi. Agar to‘rt oy avval Uill bilan safarga chiqish tugul, uni ikki chaqirim nariga olib bora olamiz, deyishganida, men kimdir aqldan ozibdi, deb javob bergan bo‘lardim... Ammo Lu bilan Uillning tibbiy parvarishi to‘g‘risida jiddiy gaplashib olishim kerak. Begona yurtda xatoga yo‘l qo‘yolmaymiz. Luiza uyiga ketayotganida Uill xuddi bu sayohat qal’a atrofida aylanishdek Ti xonimga safar haqida ma’lum qildi. Tan olaman, men juda xursand edim. Qurib ketgur qimor sayti pullarimni yeb tugatgandi, bu yil dam olish haqida o‘ylamasam ham bo‘lardi. Men, hatto, Uillning gapiga kirib, kateterni almashtirmagani uchun Luizani kechirdim. To‘g‘risi, men undan rosa jahlim chiqqandi. Endi esa ko‘m-ko‘k dengiz, oppoq qumlarni orzu

qilib, hushtak chalardim. Balki Oklenddagi uyimizga ham o‘tib kelarman, deb ham o‘ylardim. Keyin mening ko‘zim ularga tushdi – Treynor xonim eshik ortida turar, Lu esa ketishga chog‘lanardi. Ular nima haqida gaplashganlarini bilmadim-u, lekin ikkalovining ham qovog‘idan qor yog‘ardi. Oxirgi gaplarinigina eshitib qoldim, biroq shuning o‘zi ham menga yetardi. – Luiza, nimaga qo‘l urayotganingizni tushnsangiz kerak?! DAVOMI BOR.


Like this book? You can publish your book online for free in a few minutes!
Create your own flipbook