Important Announcement
PubHTML5 Scheduled Server Maintenance on (GMT) Sunday, June 26th, 2:00 am - 8:00 am.
PubHTML5 site will be inoperative during the times indicated!

Home Explore SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-13

SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-13

Published by Eldor Bozorov, 2023-07-26 17:00:17

Description: SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-13

Search

Read the Text Version

Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA *** Otam ishlaydigan mebel fabrikasida haftaning o‘rtasida majlis bo‘lishini aytishibdi, endi ishdan bo‘shatishlariga otamning ishonchi komil edi. Hech kim yigirma yil ishlagandan keyin qisqartirishdan omon qolmagan. Oyim bilan dadamning ishdan bo‘shamaganimdan quvonchlari osmon edi. — Bizni tushunganing uchun rahmat, jonim. — Oyim bu gapni shunchalik ko‘p takrorlaryotganidan o‘zimni noqulay his qila boshlagandim. Haftaning boshida Trina o‘qishga ketishga tayyorlana boshladi. Endi har kuni ishdan qaytgach xonasiga kirib, jomadonlarini titkilab, qaysi narsalarimni olganini tekshirishimga to‘g‘ri kelardi. Yaxshiyam, kiyimlarimni mensimaydi, ammo fenim, qora ko‘zoynagim, limon surati tushirilgan pardozxaltamni qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldim. Achchig‘im chiqsa, singlim yelkasini qisib, xuddi bularni olib ketishga to‘liq haqqi bor odamdek ajablanardi: «Baribir, ularni ishlatmaysan-ku». Trina o‘zi shunaqa. Go‘yo hamma unga qarzdordek. Tomas tug‘ilganiga qaramay, u oilamizning kenjasi mavqeini qo‘ldan bermagandi. Dunyodagi barcha narsalar u kishimning atrofida aylaninishi kerak edi. Yoshligimizda singlim biror narsani qo‘lga kiritish ilinjida baqir-chaqir qilishni boshlasa, oyim uyda tinchlik hukm surishi uchun «Iltimos, shunga bera qol» deb yalinardi. Yigirma yil o‘tib ham, deyarli hech narsa o‘zgarmagandi. Trina ko‘nlini yozilib kelishi uchun biz Tomasga qarab o‘tirardik, Trina xavotirlanmasligi uchun Tomasni ovqatlantirib qo‘yardik, “U Tomas tufayli o‘zidan kechgani uchun» Yangi yilda qimmatbaho narsalar sovg‘a qilardik. Hechqisi yo‘q, mening limonli pardozxaltamsiz o‘lib qolmaydi. Eshigimga esa «Bu mening narsalarim, tuyog‘ingni shiqillatib qol» degan yozuv osib qo‘ydim. Trina uni uzib olib, onamga ustimdan arz qilibdi. Nimaymish, o‘zimni boladek tutayotgan emishman, Tomasning jimjilog‘ichalik aqlim yo‘q emish. Ammo bu meni o‘ylantrib qo‘ygandi. Bir kuni kechqurun Trina kechki kurslarga ketganida oshxonaga kirdim. Onam dadamning ko‘ylaklarini dazmol qilayotgan ekan. — Oyi. — O‘v, jonim. — Trina ketsa, uning xonasiga ko‘chib o‘tsam bo‘ladimi? Onam yarmi dazmollangan ko‘ylakni bag‘riiga bosib qotib qoldi. — Bilmasam. Bu haqda o‘ylab ko‘rmagan ekanman.

— Demoqchimanki, u Tomas bilan ketsa, men kattaroq xonada yashasam bo‘ladi-ku. Kollejga ketishganida u bo‘m-bo‘sh turavermaydi-ku. — To‘g‘ri, aytasan, — onam boshini irg‘ab, ko‘ylakni «yelka»ga osdi. — Buning ustiga aslida bu xona meniki bo‘lishi kerak edi. Axir men undan kattaman... Tomas tug‘ilib qolgani uchungina unga teguvdi. Onam dalillarimni asosli deb topdi. — Albatta, bolam. Trina bilan gaplashib ko‘raman. Hozir avval bu haqida Trina bilan gaplashib olishim kerakligini tushunaman. Uch soatlardan keyin u jahl bilan mehmonxonaga bostirib keldi. — Ketmasimdan narsalarimga ko‘z olaytirayapsanmi? — Bu nima deganing? — televizordan ko‘zimni uzib, unga qaradim. — Dam olish kunlari biz Tomas bilan qaerda turamiz? Ikkalamiz sening hujrangga sig‘maymiz-ku. U yerga, hatto, ikkinchi karavot ham sig‘maydi. — Ana ko‘rdingmi? Men esa u yerda besh yildan beri miq etmay turibman. — Haqligimni bilganim uchun o‘zim kutganimdan ham ko‘ra ko‘proq qizishib ketdim. — Xonamni egallab ololmaysan. Bu nohaqlik! — BAribir yashamasang, nima qilasan xonani? — U menga kerak. Biz Tomas ikkimiz tor xonaga sig‘maymiz. Dada, ayting unga! Dadam jag‘ini yoqasiga tegizib, ikki qo‘lini ko‘kragiga chatishtirib qo‘yib olgandi. U ikkimiz urushsak, onamni oldinga tashlab, o‘zi chekkada turishni ma’qul ko‘rardi. — Sekin, qizlar, — dedi u. Bobom xuddi bizni tushunolmayotgandek, boshini qimirlatib o‘tirardi. — Senga ishonmayman. Meni uydan siqib chiqarish niyating bo‘lgan har doim. — Nima? Senga yordam bo‘lsin, deb ishimni tashlamasligimni so‘rab, yalingan kim? Shumi mening yovuz niyatim? — Ikkiyuzlamachi! — Katrina, bo‘ldi, tinchlan. — Oyim eshikda paydo bo‘ldi. Uning qo‘lidagi rezinka qo‘lqopidan sovun ko‘pigi gilamga tomdi. — Kelinglar, tinchgina kelishib olamiz. Bobongga bunday janjallar yoqmaydi. — U aslida tezroq daf bo‘lishimni istayapti. — Katrinaning yuzi xuddi istagan narsasini qo‘lga kiritolmagan bolanikidek qizarib ketgandi. — Mana gap qaerda. U hayotimni o‘zi bo‘larga solib qo‘ymaganimni ko‘rolmayapti. Endi uyga kelib turishimni ham istamayapti. — Balki sen dam olish kunlari ham kelmassan! — deb chinqirdim xafa bo‘lib. — Menga ham tuzukroq xona kerak. Qaznoqqa o‘xshagan joyda turish jonimga tegdi. Shu paytgacha ko‘chadan bola orttirib kelishdek ahmoqliq qilganing uchungina eng yaxshi xonani egallab olganding.

— Luiza! — qichqirdi oyim. — Agar o‘zing ahmoq bo‘lmaganingda, allaqachon tuzukroq ish topib, alohida uyda yashayotgan bo‘larding. Yoshing kap-katta bo‘lsa. Xo‘sh nima bo‘ldi? Patrik senga uylanmasligiga aqling yetib qoldimi yo? — Bo‘ldi! — Otamning hayqirig‘i ikkimizning ham qichqirig‘imizni bosdi. — Bas qilingalar! Trina, oshxonaga chiq, Lu, o‘tir va ovozingni o‘chir! O‘zi yashashim bir ahvol, yana sizlarning it-mushuk bo‘lishingiz yetmay turuvdi. — Ahmoqona ro‘yxating bilan boshqa boshimni qotirma. Xali yalinib kelsan- ku! — deb shivirladi Trina onam uni itarib oshxonaga chiqarakan. — Juda yaxshi. Menga yordaming kerakmas, tekinxo‘r. — Otam men tomonga otgan gazeta tegmasligi uchun egilib o‘tirib oldim. *** Shanba kuni tongdan kutubxonaga otlandim. Maktabni bitirganimdan beri bu yerda bo‘lmagan ekanman. Kitoblarning qariyb yarmini kompakt-disklar va DVDlar egallagan, audikitoblar qator-qator javonlarda turardi. Atrof shovqin. Bolalar kitoblari joylashgan burchakdan bolalarning qo‘shiq aytishlari va chapak chalishlari eshitilardi. Kattalar jurnal o‘qib, sekin gaplashib o‘tirishardi. Tekin gazetalar qo‘yiladigan bo‘lim ham yo‘q. U yerda avvallari qariyalar qo‘llariga gazetani olgancha mudrab o‘tirishardi. Uning o‘rnini katta uzun stol egallagan bo‘lib, ustiga qator qilib kompyuter qo‘yilgandi. Hech kim menga ahamiyat bermayaptimikan, deb qo‘rqa-pisa kompyuterlardan birining qarshisiga o‘tirdim. Xuddi kitoblar singari kompyuterlar bilan ham singlim ko‘proq chiqishardi. Baxitmga meni qamrab olgan qo‘rquvga bu yerda oddiy holat, deb qarasharkan. Kutubxonachi kelib, kartochka bilan ko‘rsatmalar yozilgan bir varaq qog‘oz uzatdi. Agar kerak bo‘lsa, o‘z joyida bo‘lishini aytib, ketdi. Men esa liqqilagan kursi va bo‘m-bo‘sh ekran bilan yolg‘iz qoldim. Men yaqin-o‘rtada faqat Patrikning internetdan fitnes-rejalar yuklab olish va sport anjomlari buyurtirish uchun foydalanadigan kompyuterinigina ishlatganini ko‘rgandim. Agar u bu kompyuterdan yana boshqa narsalar uchun foydalansa, mening ishim yo‘q... Xullas kutubxonachining ko‘rsatmalarini qayta-qayta tekshirib bajardim. Ne ajabki, o‘xshadi. Juda oson bo‘lmasa ham, har holda amallasa bo‘larkan. Uyga ketishda esa kanselyariya mollari do‘koniga kirib, katta devorga osib qo‘yiladigan kalendar xarid qildim. Uni qo‘ltiqlab ketarkanman, o‘zimni tashkiliy ishlarni hal qilib tashlaydigan odamdek his qilardim. Xujramga kirib, kalendarni ochdim-da, eshikka yopishtirdim, so‘ng fevralning boshida Treynorlarnikida ishlashni boshlagan birinchi kunimni belgiladim. Keyin yarim yilni hisoblab, o‘n ikkinchi avgust kunini ham dumaloq qilib belgilab

qo‘ydim. Shu kungacha atigi to‘rt oy qolgandi. Kalendardan uzoqlashib uni tomosha qilarkanman, qanday ishga bosh qo‘shganimni o‘ylab dahshatga tushdim. Mana shu oq kvadratchalarni endi baxt, qoniqish va xursandchilik hissi olib keladigan hayotdan qandaydir mashg‘ulotlar bilan to‘ldirishim lozim. Qo‘l-oyog‘i ishlamaydigan erkak kishi nimadan quvonishi mumkinligini endi o‘tirib ixtiro qilishim kerak. Keyin esa ularni amalga oshirishim, amalga oshirish uchun yaxshilab tayyorgarlik ko‘rishim talab etiladi. Ana undan keyin Uillni bunga ko‘ndirsam bo‘ldi. Ruchkani mahkam ushlab, kalendarga tikilarkanman, mana shu bir bo‘lak yaltiroq qog‘oz bir faslda menga mas’uliyatning og‘ir yukini tashlagandi. Uill Treynorni yashashga ko‘ndirish uchun bir yuz o‘n yetti kunim bor edi. DAVOMI BOR.


Like this book? You can publish your book online for free in a few minutes!
Create your own flipbook