Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA *** Hayolim parishon bo‘lib qolgandi. Deyrdre Bellouzmen ikki marta meni chaqirgandan keyingina unga ahamiyat beribman. — Osmonlarda uchib yuribsanmi, Luiza? — Voy! Salom, Deyrdre. — menga unga joy bo‘shatib surildim. Deyrdre onamning qizlikdan dugonasi edi. Uning parda sotiladigan do‘koni bo‘lib, uch martta erdan ajrashgan. U xali ham uni uzoqlarga olib ketadigan oq otli shahzodani kutardi. – Avtobusda yurmasdim, ammo mashinam ta’mirda. Qalaysan? Oying qaerda ishlashingni aytgandi. Juda qiziq tuyuldi menga Kichkina shaharchada yashash shu-da, hayoting – jamiyat mulkiga aylanadi qoladi. Birovlar turmushining ikir-chikiri Deyderi singari ayollarning oldi-berdisiga aylanadi. – Hammasi yaxshi, rahmat – Maoshlari ham yaxshidir. – Ha. – «Shirin kulchalar» yopilgani chatoq bo‘ldi. Kerakli do‘konlar yopilib ketyapti. – Mayli-da, muhimi, parda oladigan do‘konimiz borku. – U mening qo‘limdagi daftarga qarayotganini ko‘rib, daftarni yopdim. – Ishlaringiz yaxshi ketyaptimi? — Ha... yomonmas... Bu ishing bilan bog‘liqmi? — Uillga nima yoqishi mumkinligi haqida o‘ylayotgandim. — Nogironinggami? — Ha. Boshlig‘imga. — Boshlig‘ingga. Yomonmas. — U meni belimni turtdi. — aqlli singlingni universitetda ishlari qalay? — Yomonmas. Tomasning ham ishlari yaxshi. — Mening gapim esingda tursin, u xali prezident bo‘ladi. Ammo, Luiza, men sen nima uchun birinchi bo‘lib bu yerdan ketmaganingga hayronman. Biz seni doim yorqin yulduzchamiz deb hisoblardik. Tabiiyki hozir ham shunday deb o‘ylaymiz. Men muloyim jilmaydim. Axir boshqa nima ham deya olardim? *** Kir osayotib qilgan suhbatimizdan keyin ikki kun o‘tib, uyga qaytsam, otam yo‘lakda turgan ekan. Shuning o‘ziyoq ajoyib edi: oxirgi bir necha hafta u go‘yo bobomni zeriktirmaslik uchun kun bo‘yi divanda ag‘anab yotardi. U yangi dazmollangan ko‘ylak kiyib olgan, yo‘lak esa uning odekoloni hidiga to‘lib ketgandi. – Ana sen ham kelding. — Keldim. – eshikni ortimdan yopdim. Charchoq va xavotir iskanjasida edim. Avtobusda qaytarkanman yo‘l bo‘yi qo‘l telefonim orqali Uillni olib borish mumkin bo‘lgan joylar haqida sayyohlik
agentligi operatori bilan gaplashib, oxiri ikkimiz ham boshi berk ko‘chaga kirib qolgandik. Uillni uydan uzoqroqqa olib ketmasam bo‘lmasdi. Ammo uning istaklari qal’a atrofidagi besh kilometr radius bilan chegaralanardi. – Bugun bir o‘zing ovqatlanishingga to‘g‘ri keladi. – Yaxshi. Juda bo‘lmasa, Patrik bilan qahvaxonaga borarmiz. Nima bo‘ldi? – Kurtkamni bo‘sh ilgichga osdim. Trina bilan Tomas ketganidan beri ilgichlar ham xuvillab qolgandi. — Oyingni restoranga olib ketyapman. Tezda kallamni ishlatishim kerak edi: — Tug‘ilgan kunlarini o‘tkazvordimmi? — Yo‘g‘-a. Biz bir narsani nishonlaymiz... — U xuddi bu sirli xabardek ovozini pasaytirdi. — Ishga kirdim. — Rostanmi? Endi dadamning qandaydir yengilroq bo‘lib qolganini sezdim. Bukchayishi yo‘qolgan, yuzida tabassum o‘ynardi. Ancha yosharib ham qolgandi. — Dada, bu fantastikaku. — Bilaman. Oying yettinchi osmonda uchib yuribdi. Oxirgi paytlar mening ishim, bobong, Trina bilan Tomasning ketganidan rosa siqilib qolgandi. O‘shanga uni bir aylantirib kelay. Bir erkalana qolsin. — Qanaqa ish ekan? — Texnik ta’minoti xizmati boshlig‘i bo‘laman. Qal’ada. — Ammo bu… — ko‘zimni pirpiratdim men. — Janob Treynor. To‘g‘ri. U o‘ziga xodim qidirayotgan ekan, do‘sting Uill men bo‘sh ekanimni aytibdi. Bugun kunduzi borib, unga nimalarga qodirligimni ko‘rsatib keldim. Sinov muddati bilan olishdi. — Uillning otasining qo‘lida ishlaysizmi?? — Bir oy sinov davrida hujjatlarim bilan to‘liq tanishgach, olarkan. Ammo rad etishga biror sababim yo‘q, dedi. – Zo‘r bo‘libdi... – Bu yangilikka qanday munosabat bildirishni ham bilmasdim. – Qal’ada bo‘sh ish o‘rni borligi hayolimga ham kelmasdi. – Men ham. Ammo u sifat nimaligini bilarkan, eman haqida gaplashdik. Mendan avval ishlagan odamning ishini ko‘rsatdi. Umuman bo‘lmaydi. Meni ishim unga yoqqanini aytdi. Men anchadan beri otamni bunday ko‘tarinki ruhda ko‘rmagandim. Oyim otamning oldiga kelib turdi. Lablari bo‘yalgan, oyog‘ida poshnali tufli. — Furgon. Dadangga furgon berisharkan. Maoshi ham yaxshi, Lu. Hatto mebel zavodidagi oyligidan ham kattaroq ekan. – Oyim dadamga superqahramonga qaragandek tikildi. Keyin menga qarab, bir og‘iz tovushsiz men ham shunday qilishim kerakligini buyurdi. Oyimning yuzi millionta turli fikrlarni izhor eta olar, ayni damda esa otam o‘z yulduzlik onlaridan bahra olishga haqli ekanini anglatardi. – Juda xursandman, dadajon. – men oldinga yurib, dadamni quchdim. – Uillga rahmat aytib qo‘y. Ajoyib yigit! Meni esiga olganini qara! ***
Oyim bilan dadam nihoyat ketishganidan so‘ng zinapoyaga o‘tirib, telefonni oldim-da, Uillning raqamini terdim. U telefonni darrov ko‘tarmadi. Men u qanday qilib, o‘zining gaplashish uskunasi tomon ketayotganini va bosh barmog‘i bilan tugmani bosayotganini tasavvur qildim. — Allo? — Bu sizning ishingizmi? Qisqa jimlik. — Bu sizmi, Klark? — Dadamga siz ish topib berdingizmi? Unga xuddi sal havo yetishmayotgandek harsillardi. Balki o‘tirishga qiynalayotgandir, deb o‘yladim men. — Xursand bo‘lasiz debman. — Xursandman. Faqat… Bilmayman. O‘zimni g‘alati his qilyapman. — Bekor qilasiz. Otangizga ish kerak bo‘lgan. Meni otamga esa malakali texnik. — Nahotki? — dedim istehzo bilan. — Nima? — Bu ishqilib kechagi surishtiruvingizga bog‘liq emasmi? Otangiz va boshqa ayol haqida? Uzoq jimlik. Men u qanday xonada o‘tirib, derazaga qarayotganini deyarli ko‘rayotgandim. — Nahotki, otasini shantaj qilib, ish berishga majbur qildi, deb o‘ylasangiz? – dedi ehtiyotkorlik bilan. Ha, bunaqa bo‘lishi mumkin emasdi. — Uzr. Bilmasam. Rosa g‘alati-da. Xuddi otangiz dadamga ish berishni kutib o‘tirgandek... — Xursand bo‘lmaysizmi, Klark. Bu yaxshi yangilikku. Otangiz eplaydi. Bu degani... — u sekinladi. — Bu degani – nima? — …bir kun kelib, ota-onagiz sizsiz qanday kun kechirishlarini o‘ylamay qanotlaringizni yoyib uchishingiz mumkin bo‘ladi. U men musht tushirgandek bo‘ldi. O‘pkamdan havo otilib chiqdi. — Lu? — Labbay? — Jim bo‘lib qoldingiz. — Men… — Yutindim. — Kechirasiz. Chalg‘ib qolibman. Bobom chaqirayapti. Ammo.. to‘xtang. Dadamni qo‘llaganingiz uchun rahmat. Gapni tugatmasam bo‘lmasdi: tomog‘imga yig‘i to‘plangandi, yana biror narsa deyishga qodirligimdan shubhalanardim. *** Qahvaxonaga otlandim. Odamlar menga kulib boqsalar-da, ularga biror marta kulib javob qaytarolmadim. O‘z o‘ylarim bilan bir uyda qololmasdim. Triatlonchilar jamoasi qahvaxona bog‘idagi stol-stullarni egallab olishibdi. Yigitlarning ayrimlari
men bilan boshlarini silkib so‘rashgan bo‘lishdi, qizlar esa men tomonga qayrilib ham qarashmadi. Patrik o‘rnidan turib menga oldidan joy bo‘shatdi. — Kelasan, deb o‘ylamagandim. Men uning oldida avvalgidek xotirjam, beg‘am o‘tirishni istardim. O‘lim haqida o‘ylamaslikni ham chin dildan xohlardim. – Bugun rekordimni yangiladim. O‘n besh milyani atigi yetmish to‘qqqizu o‘ndan ikki daqiqada bosib o‘tdim. — Qoyil. — Shunday davom et, Pat! — deb kimdir qiyqirdi. Patrik mushtini o‘ynatib, g‘uldiradi. Masofalar, jarohatlar, va suzish paytidagi gipotermiya hurujlari haqidagi suhbatlarni tinglab zerikkach, qahvaxonaga kelgan boshqa mijozlarni kuzatishga tushdim. Axir shularning hammasining ham o‘z hayoti, muammolari, baxti va fojiasi bordir. Agar ular shularni o‘ylamay, qahvaxonda o‘tirib maza qilib dam olayotgan bo‘lishsa, demak buni men ham eplayman. Keyin Patrikka otamning ishi haqida aytib berdim. U hayratini yashirolmadi. — Juda... qulay bo‘pti-da. Ikkingiz bir joyda ishlaysizlar. Men unga ko‘p narsani aytgim kelardi. Uillning hayoti uchun kurashda hamma narsa chigallashib ketganini tushuntirishni istardim. Uill menga ozodlik olib bermoqchi bo‘layotganini tan olishni xohlardim. Ammo bu gaplarni aytmasligim kerakligini bilardim. Ammo fursatdan foydalanib, boshqa yangiliklarni to‘kib sochdim. –– E-e-e… bu hammasi emas. Uill istaganimda unikida qolishim mumkinligini aytdi. Bilasanku, keyingi paytda uyimizda joy masalasi muammo bo‘lib qolgan. — Ularnikida yashamoqchimisan? — deb menga qaradi Patrik. — Balki. Taklifidan xursand bo‘ldim, Pat. Odam o‘zini o‘z uyidagidek his qilishiga yetmaydi. Sen ham nuqul yonimda emassan. Seni kvartirang ham yomon emas... ammo, rostini aytsam, uyga o‘xshamaydi. U ko‘zini olmay menga qarardi. — Unda uni uyga aylantir. — Nima? — Ko‘chib o‘t. Uyga aylantir. Narsalaringni, kiyimlaringni olib kel. O‘zi allaqachon birga yashashimiz kerak edi. Keyinchalik shu voqeani eslab, Patrik qizini uyiga yashashga taklif qilayotgan baxtli yigitga emas, xuddi aldanib qolgan odamga o‘xshab qolganini tushundim. Boshini aylantirib yuborgandim chog‘i. — Rostanam ko‘chib kelaymi? — Ha-da. Albatta. Allaqachon seni ko‘chirib kelishim kerak edi. Ammo goh u muammo, goh bu.. Xullas kel. Hammasi yaxshi bo‘ladi. – U meni quchdi. Triatlonchlilar xuddi bizga e’tibor bermayotgandek suhbatlarini boadab davom ettirdilar. *** Enagalikning eng yomon jihati shundaki, bir odam bilan kun bo‘yi birga o‘tirganingdan keyin uning tushkun kayfiyatidan qutulolmaysan. Yoki o‘zingning.
Uillga rejalarim haqida gapirib berganimdan so‘ng u tushlikkacha boshqacha bo‘lib yurdi. Balki boshqa odam sezmagan ham bo‘lardi, ammo u kamroq hazil qilar, javoblari ham qisqagina edi, biror mavzuda suhbat ham boshlamadi, gazetalarda nima chop etilgani bilan qiziqmadi. – Shuni... o‘zingiz istayapsizmi? – ko‘zida nimadir paydo bo‘ldi-yu, yuzi qimirlamadi. Men yelkamni qisdim. Keyin ishonch bilan boshimni irg‘atdim. – Hammasiga sabab vaqt, – dedim men. – Yigirma yettiga to‘ldim axir. Uill yuzimga qararkan, iyagi toshdek qotib qolgandek edi. Kutilmaganda qattiq charchoq xis qildim. Negadir, kechirim so‘ragim kelar, ammo nima uchunligini bilmasdim. U boshini silkitib arang kuldi. – Hammasi yaxshilik bilan yakun topganidan xursandman, – deb u oshxona tomon ketdi. Jahlim chiqib ketdi. Hech kim xali mening yurish-turishimni Uillchalik qoralamagandi. Xuddi yigitimnikiga ko‘chishim haqidagi qaror tufayli menga bo‘lgan qiziqishi yo‘qolgandek. Xuddi endi menga boshqa yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishni istamaydigandek. Tabiiyki bularni unga aytolmasdim, ammo u menga qanday sovuq muomala qilayotgan bo‘lsa, men ham unga xuddi shunday muomala qila boshladim. Rostini aytsam, bu anchayin meni qiynadi. Kunduzi orqa eshikni taqillatishdi. Idish yuvayotgan edim, xo‘l qo‘llarimni artmay, yo‘lakdan eshik ochishga oshiqdim. Eshik ortida to‘q rangli kostyum kiygan, portfel ko‘targan kishi turardi. – Yo‘q, biz budparstmiz, – dedim-da, eshikni taqillatib uning burnini oldida yopib qo‘ydim. Ikki hafta avval ikkita Iego shohidlari juftligi orqa eshikdan kelib o‘n besh daqiqacha uni ushlab turishdi. Oxiri Uillning aravasini sudrab ichkariga olib kirib, eshikni qulflab qo‘yishga majbur bo‘lgandim. Ular shunda ham tinchishmadi, pochta qutisi qopqog‘ini ochib, u «boshqalardan ham ko‘proq» narigi dunyoga ketishni kutish nimaligini tushunishi kerak, deb baqirib qolishgandi. — E-e-e… janob Treynor bilan gaplashsam bo‘ladimi? — deb so‘radi xaligi erkak, va men gumonsirab sekin eshikni ochdim. Grant-xausda ishlayotganimdan beri biror marta Uillni hech kim orqa eshikdan so‘rab kelmagandi. DAVOMI BOR.
Search
Read the Text Version
- 1 - 6
Pages: