Important Announcement
PubHTML5 Scheduled Server Maintenance on (GMT) Sunday, June 26th, 2:00 am - 8:00 am.
PubHTML5 site will be inoperative during the times indicated!

Home Explore SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-12

SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-12

Published by Eldor Bozorov, 2023-07-25 16:35:56

Description: SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-12

Search

Read the Text Version

Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA Uyga qaytib, xonamga kirganimdan so‘ng roppa-rosa o‘n besh daqiqa o‘tib, zinadan singlimning chiqayotgani eshitildi, keyin eshik ochilib, o‘zi ham kirib keldi. Men karavotimda yotardim. – Shu rostmi? – dedi Katrina ostonada turib. – Qo‘shnimizning uyidan atirsovunlar uchib tushganimi? – Juda kulgili! Ishingni so‘rayapman. – Ha, ishdan bo‘shadim. — Oyog‘imni ko‘tarib, barmog‘imni gulqog‘ozdagi naqshlar ustidan yurgazdim. — Ha, dadam bilan oyim xafa bo‘lganlarini sendan ham yaxshi bilaman. Nima demoqchi bo‘lsang ham hammasiga — ha! Singlim eshikni yopib, karavotning bir chekkasiga shalop etib o‘tirib oldi. — Oyim bilan dadam o‘zlarini xuddi hech narsa bo‘lmagandek tutishga o‘rinishsa ham, adoyi tamom bo‘lib o‘tirishibdi. — Katrinaning yuzi ola-chipor bo‘lib qizarib ketgandi. — Otam ishini yo‘qotishdan qo‘rqib yurganini bilasan. Shunday zo‘r ishingdan nega bo‘shading? — Menga nasihat qilma! — Senga buncha maoshni boshqa hech qaerda berishmaydi. — Seni o‘z muammolaringdan boshqasi qiziqtirmaydi! Qo‘y endi shu gaplarni. — Nima? — Senga mening nima ish qilishim baribir. Muhimi, rejalaring amalga oshsa bo‘ldi. Men senga faqat oilamizni boqish va bolangga qarab turish uchun kerakman. Boshqalarga tupurib qo‘ygansan. — Gaplarim qo‘pol va xunuk edi. Buni bilganim bilan o‘zimni bosolmadim. Axir mana shu singlim ahmoqlik qilib, homilador bo‘lib qolmaganida shu ahvolga tushib o‘tirmagan bo‘lardik. Yillar davomida yig‘ilgan alam shu bugun otilib chiqqandi. — Sen orzularingga erishishing uchun biz hammamiz o‘zimiz nafratalandigan ish bilan shug‘ullanishga majburmiz. — Gap menda emas. — Nahotki? — Sen umringda birinchi marta tuzukroq ish topganingda, shuni ham ushlab qololmayapsan! — Ishim haqida nimani ham bilarding? — Tuppa-tuzuk pul to‘lashlarini bilaman. Undan ortig‘ini bilishni ham istamayman. — Hamma narsa ham pul bilan o‘lchanmaydi. Keyin yillar davomida uyga bir tiyin ham olib kelmay menga pul haqida gapirishni bas qil!

— Bilasanku, Tomas tufayli harajatlarim shundoq ham ko‘p. — Yo‘qol, Trina ko‘zimdan yo‘qol! Iltimos hech bo‘lmasa shu yerda meni tinch qo‘y, — deb qichqirdim men. Devorga o‘girilib, yostiqqa boshimni qo‘yib, xo‘ngrab yig‘lab yubordim. Hayotim qop-qora edi, nazarimda. Qaniydi avvalgidek qahvaxonada ishlagan paytlarim qaytsa, ertalab keltirishga pishiriqlar kechgacha yetarmikan, degan g‘amdan boshqasini bilmasdim. Baqirganim uchun ko‘zimdan yo‘qolgan Katrina besh daqiqa o‘tmay bir choynak choy va ikkita finjon ko‘tarib qaytdi. — Menga qara, — dedi singlim, boshimni o‘ziga o‘girib. U ko‘z yoshlarimdan xo‘l bulib ketgan yuzimga qaradi-da, choy quyib uzatdi. — Endi aytchi, nima bo‘ldi o‘zi? — Aytaman, lekin boshqa birovga gullab qo‘ysang, qara... — deb singlimga jahl bilan qaradim. — Dadamga ham. Ayniqsa oyimga. Keyin hammasini gapirib berdim. Kimgadir aytmasam bo‘lmasdi. *** Menga singlimning ko‘p jihatlari yoqmasdi. Hatto, bir paytlar ularning ro‘yxatini ham tuzgandim. Uzun tekis sochlari, uni biror narsa bilan hayratlantirish mushkulligi, atrofdagilar uni aqlli deb qayta-qayta takrorlashi asabimni o‘ynatardi. Yana u kishim o‘g‘ilchalari bilan katta yotoqxonani egallagani uchun yigirma olti yoshimda ikki enlik tor hujrada turishimchi? Ammo ba’zan u mening singlim ekanidan xursand bo‘lardim. Masalan, vahima qilib, baqirmagani uchun. Oh-voh qilib, hayajonga tushib, bor gapni dadam bilan oyimga aytishim kerakligini talab qilmgani uchun. — E, Xudoyim! — u choydan xo‘pladi. — To‘g‘ri! — Bu qonuniy. Ularga hech kim xalaqit qilolmaydi. — Bilaman. — Dahshat! Tasavvur qilish ham qiyin. Men gapirarkanman, u choynakni deyarli bo‘shatib qo‘ygandi. — Uni tashlab ketgim kelmayapti. Ammo men bunda ishtirok etgim yo‘q, Trina. Istamayman. — Hm... — deb o‘ylandi u. Singlim yuziga «aqlli» ifoda berishni bilardi. Oldamlar u bilan o‘ylanib gaplashishardi. Men esa, otamning aytishicha, yuzimga «aqllilik» bersam, qorni og‘riyotgan odamga o‘xshab qolarmishman. — Nima qilishimni bilmay qoldim, — dedim nolib.

— Buning yo‘li oson, — menga qarab jilmaydi Katrina. — Ha, oson! Ularning puli ko‘pku? — Menga ularning puli kerak emas! Oyisi maoshimni oshirishini aytdi. Ko‘nmadim. — O‘chir ovozingni. Sen emas! Ular boy. Yana sug‘urtadan ham bir dunyo pul olishgan. Ulardan harajatlar uchun aqcha talab qilib olgin—da, Uill Treynorni qolgan — qanchaydi? — to‘rt oy ich0ida fikridan qaytar. — Nima? — Fikridan qaytar. Tarki dunyo qilib, uydan chiqmay o‘tiradi, deganmiding? Uni joyidan qo‘zg‘atishga harakat qil, hayotga boshqacha nazar bilan qarashi uchun biror narsa o‘ylab top. Sayohat, delfinlar bilan cho‘milish, aeroplanda uchishmi. O‘zim yordam beraman senga. Internetdan va kutubxonadan qidirib ko‘raman. Shunday mashg‘ulotlar topishimiz kerakki u o‘zini chindan ham baxtli his qilsin. — Katrina... — deb unga mo‘ltirab qaradim. — Ha, bilaman, — deb u sho‘x kulimsiradi. — Aqlimga gap yo‘q. *** Treynorlar o‘zlarini men kutganimdek tutishmadi. Har doimgidek. Treynor xonim avval hayratlandi, keyin sarosimaga tushdi, so‘ng yuzi gezarib, sovuq tus oldi. Qizi esa divanning bir burchagida qunishib o‘tirgancha qovoq-tumshug‘ini osiltirib olgandi. Xullas, rejamni mana shunday «shodiyonalik» bilan kutib olishdi. — Siz aynan nima qilmoqchisiz? — Hozircha bilmayman. Singlim axborot yig‘ishga usta. U hozir kvadriplegiklar o‘zi nima qila olishga qodirliklarini aniqlayapti. Ammo avval siz bu ishga rozi yoki rozimasligingizni bilishim kerak. Biz Treynor xonim bilan birinchi marta suhbatlashgan mehmonxonada o‘tirardik. Janob Treynor kaminning oldida turardi. Egnimdagi kalta ko‘ylak, jinsi jaket va oyog‘imdagi qo‘pol soldatlarnikiga o‘xshash botinkaga qarab, bama’niroq kiyinib olmaganimdan afsuslandim. — Maylimi so‘rasam? — Kamilla Treynor oldinga egildi. — Siz Uillni uydan olib ketmoqchimisiz? — Ha. — Va unga sarguzasht uyushtirmoqchisiz? Gapining ohangidan o‘g‘lini tog‘ cho‘qqisidan tashlab yuborishni taklif qilayotgandek edim. — Ha. Uni joyidan qimirlatmasak bo‘lmaydi. Avval shaharga olib chiqamiz, keyin balki uzoqroqqa. — Horijga, demoqchimisiz? — Horijga? — tutilib qoldim. — Bilmasam, hech bo‘lmasa, restoranaga olib borish kerak. Yo biror konsertgami...

— Shifoxonga borishini aytmasa, Uill ikki yildan beri hech qaerga chiqmagan. — Shu-da… Uni ko‘ndirarman, degandim. — Siz esa, tabiiyki, uning bu sarguzashtlariga sherik bo‘lasiz, — gap qo‘shdi Jorjina Treynor. — Men avvaliga hech bo‘lmasa uni uydan chiqarib olish kerak, deb hisoblayman. Qal’a atrofida aylanib, biror restoranda ovqatlanarmiz. Agar delfinlar bilan suzish uchun Floridaga borolsak, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi... Hozircha esa shunchaki uydan tashqariga chiqarish kerak, keyin yana biror narsa o‘ylab topamiz. Vaholanki, Natansiz shifoxonaga borishni o‘ylashning o‘zi meni sovuq terga tushirardi. Uill bilan chet elga ketish esa uchun xuddi marafon yugurishdek amalga oshirib bo‘lmas ish ekanini aytgim kelmadi. — Menimcha, juda ajoyib fikr, — dedi janob Treynor. – Uillni joyidan qo‘zg‘atmasak bo‘lmaydi. Kun bo‘yi to‘rt devor ichida o‘tirganidan, baribir, yaxshilik chiqmaydi. — Biz uni joyidan qo‘zg‘atishga qancha harakat qildik, Stiven, — unga qarshi chiqdi Treynor xonim. — Seningcha, biz uni bir joyda shunchaki siqilib o‘tirishiga qo‘yib berdikmi? Men necha bor harakat qildim. — Bilaman, azizam, ammo biz buni eplolmadik. Agar Luiza shu ishni amallasa, Uillga bu zarar bo‘lmaydi. — Ha, agar amallasa... — Bu shunchaki bir fikr, xolos, – mening jahlim chiqa boshladi. U nimani o‘ylayotganini tushunib turardim. — Agar buni men qilishimni istamasangiz... —...bo‘shaysizmi? – u menga tikilib qaradi. Ko‘zimni yerga qaratmadim. Endi bu xonimchadan qo‘rqmasdim. O‘g‘li ko‘z o‘ngida o‘layotganida qo‘lini qovushtirib o‘tirgan ayol mendan yaxshiroq emasligi aniq. — Ha! — Bu — shantaj. — Jorjina! — Dadajon, qo‘ying, gapni aylantirmaylik. — Yo‘q, bu shantaj emas. — Men qomatimni tikroq tutib o‘tirib oldim. — Bu men ishtirok etishim mumkin bo‘lgan narsa. Men jimgina o‘tirib, Uill.. xaligi... o‘zini... Barcha o‘z finjoniga qaradi. — Aytganimdek, — qat’iy ohangda gapirdi janob Treynor, — bu ajoyib fikr. Agar Uillni ko‘ndira olsangiz, buning nimasi yomon. Siz... siz biz nima qilishimiz kerakligini ayting. — Menda bir fikr bor. — Treynor xonim qo‘lini qizining yelkasiga qo‘ydi. — Sen ular bilan birga borishing mumkin.

— Men qarshi emasman. Haqiqatan ham qarshi emasdim. — Borolmamayman, — dedi hijolat chekib Jorjina Treynor. — Axir ikki haftadan keyin yangi ishga chiqishim kerakligini bilasiz-ku. — Nima, yana Avstraliyaga qaytmoqchimisan? — Nega hayron qolayapsiz? Aytdimku, mehmonga keldim deb. — Men... hamma gapdan xabar topganingdan keyin, qolsang kerak debman. — Uill qanchalik qo‘polliq qilmasin Kamilla Treynor unga sira qiziga qaragandek qaraganini sezmagandim. — Bu ish uchun olti oy kurashdim. — U otasiga qaradi. — Uillning ruhiy holati qanday bo‘lishidan qat’i nazar mening hayotim davom etayapti. Hamma jim bo‘lib qoldi. — Bu nohaqlik. Agar men nogiron bo‘lib qolganimda, Uilldan ishini tashlashini talab qilgan bo‘larmidingiz? Treynor xonim qiziga qaramasdi. Men ro‘yxatimga tikilib, birinchi bandini qayta-qayta o‘qishga tushdim. — Mening ham o‘z hayotim bor axir, — deb qo‘shib qo‘ydi Jorjina. — Kelinglar, bu haqda keyin gaplashamiz. — Janob Treynor qo‘lini qizining yelkasiga qo‘yib, sekin siqdi. — Xo‘p, shunday qilamiz. — Treynor xonim oldidagi qog‘ozlarni varaqlay boshladi. — Mayli. Demak, men barcha rejalaringizni bilishim kerak. — U qaradi. — Sayohatlar qachon, qanday muddatga belgilanganini avvaldan bilsam, hali ishlatmagan ta’til kunlarim bor, vaqtimni to‘g‘irlab sizlar bilan birga... — Yo‘q. Biz hammamiz janob Treynorga o‘girilib qaradik. — Yo‘q. Kamilla, sen borishing shart emas. Biz Uillga mustaqil bo‘lishga imkon berishimiz kerak. — Uill mustaqil bo‘lolmaydi, Stiven. Agar Uill biror joyga borishi kerak bo‘lsa, qancha narsani hozirlash kerak. Bu qiyin. Biz uni yolg‘iz... — Yo‘q, azizam, — takrorladi u. — Natan yordam berishi mumkin, Luiza ham eplaydi. — Ammo… — Uill o‘zini erkakdek his qilishi kerak. Agar yonida onasi yoki opasi bo‘lsa, u o‘zini bunday his qilolmaydi. Bir fursat Treynor xonimga rahmim kelib ketdi. Yuzidagi manmanlik hech qaerga yo‘qolmagan bo‘lsa-da, u xuddi eri nima deyayotganini tushunmagandek dovdirab qolgandek. — Unga o‘zim yaxshilab qarayman, — va’da berdim men. — Barcha rejalashtirgan ishlarimizdan ham xabardor qilib turaman.

Treynor xonimning yuzi bilinar-bilinmas qaltirar, u chin dildan shu tobda mendan nafratlanayotgan bo‘lsa, ajabmas. DAVOMI BOR.


Like this book? You can publish your book online for free in a few minutes!
Create your own flipbook