Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA *** Men o‘z ismimni eshitib, uyg‘onib ketdim. – Luiza. – Mm… Xrrr. – Luiza. Karavotda yotganimcha arang ko‘zimni ochdim-u, tepamda Kamilla Treynor turganini ko‘rdim. Egnida qalin palto, yelkasiga sumka osilgan. – Luiza. Men bir sakrab o‘tirib oldim. Yonimda og‘zini ochgancha uxlab yotgan Uillning ustidagi ko‘rpaning bir burchagini o‘zimga tortib olgan ekanman. Derazadan tushayotgan yorug‘lik allaqachon tong otganidan darak berardi. – Uf! – Nimalar qilyapsiz o‘zi? Meni og‘ir jinoyat ustida qo‘lga tushirilgandek o‘zimni his qilardim. Yuzimni ishqalab, kallamni ishlatishga urindim. Nima uchun bu yerdaman? Nima deb javob bersam ekan? –Uillning karavotida nima qilyapsiz? – Uill… – dedim men sekin – Uillning mazasi bo‘lmadi… Shuning uchun qarab yotay degandim – «Mazasi bo‘lmadi» deganingiz nimasi? Yuring yo‘lakka chiqaylikchi. – U shahd bilan xonadan chiqdi. Kamilla xonim meni yo‘lakda kutayotgani aniq edi, uts-boshimni to‘g‘rilagan bo‘ldim. Chiqishim bilan Treynor xonim Uilning xonasining eshigini yopdi. – Uillning harorati ko‘tarildi. Natan tushirdi, ammo men haroratni boshqarishni bilmas ekanman, shuning uchun tepasida o‘tiray degandim... Natan undan ko‘zingni uzma, degandi-da... – Ovozim xirilllab, arang chiqdi. – Nega menga qo‘ng‘iroq qilmadingiz? Agar Uill siz uning kasal bo‘lib qolsa menga xabar berishingiz kerakmasmidi? Yoki janob Treynorga? Shu onda birdan kallam ishlab ketdi. «Janob Treynor. Voy, Xudoyimey». Soatga qaradim. Yettidan o‘n besh daqiqa o‘tibdi. – Men… menimcha, Natan… – Menga qarang, Luiza. Buni hech murakkab joyi yo‘qku. Agar Uill siz uning xonasida qolishingiz kerak bo‘lish darajasida o‘zini yomon his qilgan bo‘lsa, menga qo‘ng‘iroq qilishingiz kerak edi.
– Ha. – Ko‘zimni pirpiratib, yerga qaradim. – Nima uchun menga xabar bermaganingizni tushunolmayapman. Janob Treynorga telefon qilib ko‘rdingizmi? «Natan ruxsat bermadi». – Men… Shu payt eshik ochilib, qo‘ltig‘i tagiga gazeta qistirib olgan janob Treynor kirib keldi. – Keldingmi? – dedi u xotiniga, yelkasidagi qorni silkib. – Hozirgina gazeta bilan sut olgani chiquvdim. Yo‘llar dabdala. Muzlagan maydondan aylanib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Treynor xonim unga qaradi, men esa Uillning otasi kecha kiyib yurgan kiyimida ekanini sezib qolmadimikan, degan xavotirda edim. – Kechasi Uillning ahvoli og‘irlashganidan xabaring bormi? Janob Treynor menga qaradi. Men ko‘zimni yashirdim. Hech qachon bunday noqulay ahvolga tushmagandim. – Ie, Luiza, menga telefon qilganmidingiz? Xudo haqqi, kechiring... Hech narsani eshitmabman. Simlar ham qor tagida qolga-da.. Buning ustiga kechasi o‘zim ham sal mazam bo‘lmadi. Yotibman-u, qotibman. Yana oyog‘imda Uillning paypog‘i... Treynor xonimdan xali buning uchun ham gap eshitib olmasaydim. Ammo uning fikri boshqa narsaga bo‘lingandi. – Uyga arang yetib keldim. Mayli.. sizga xalaqit bermaylik. Agar bunday holat takrorlansa, darrov menga ayting. Tushundingizmi? – Xo‘p, – dedim-u, oshxonaga kirdim. *** Bahor kutilmaganda keldi. Daraxtlarda barglar kurtak yozib, yo‘llar quyosh nurlariga cho‘mildi, havo esa muattar hidlarga to‘ldi. Patrik bilan endi uchrashib yurgan paytlarimiz u savdo bilan shug‘ullanardi. U hozirgidan ancha to‘la yigit edi. Xali «Shirin kulchalardan» ishlashimdan avval sarataroshga shogirdlikka tushgandim. Ustalarning hammasi band bo‘lgan paytda Patrik kirib, sochini qirqib qo‘yishimni so‘ragandi. Keyinchalik Patrik umrida bunchalik xunuk soch kaltalatmaganini tan olgandi. Uch oycha sartaroshxonada ishlab, o‘zimning sochimni turmaklashni eplagan bilan odam sartarosh bo‘lolmasligini anglab, qahvaxonaga ishga kirgandim. Patrikning otasi vafot etgan ekan. Menga uning onasiga mehri, g‘amxo‘rligi yoqardi. U bilan birinchi uchrashuvimdayoq ko‘nglimdan «Bu yigit seni hech qachon xafa qilmaydi» degan gap o‘tgandi, va haqiqatan ham, yetti yil ichida u biror marta menga qo‘pollik qilmagandi.
Keyin u marafonchiga aylandi... Endi u ancha ozib, tanasi taranglashgan, mushaklari chiqib, hadeb ko‘chada yuguraverganidan yuzi biroz dag‘allashib qolgandi. Patrik sportga sho‘ng‘ib ketdi-yu, endi faqat o‘zining jismoniy holati bilan qiziqadigandek tuyula boshladi menga. Hatto undan hali ham senga yoqamanmi, deb so‘rashgacha bordim. U esa aniq-tiniq javob berdi: «Juda chiroylisan, ozishga harakat ham qilma. Klubdagi qizlarmi... ular sening tirnog‘ingga ham arzimaydi». Patrikni mening g‘alati kiyinishim umuman g‘ashini keltirmasdi. Ammo do‘mboqqina qomatim endi ko‘ziga xom semizdek ko‘rinayotgan bo‘lsachi? Treynor xonim kirib kelganida mana shunday o‘ylar kallamda g‘ujg‘on o‘ynardi. – Bahorgi uy ko‘tarishga farroshlarni yolladim. Ular xonalarni yig‘ishtirib olgunlaricha toza havodan nafas olib turinglar. Uill menga qaradi, keyin qoshini ko‘tarib so‘radi: – Bu buyruqmi, oyi? – Men, shunchaki, toza havoda nafas olish senga zarar qilmaydi, deb o‘yladim, – dedi onasi shashtitdan tushmay. – Pandus tushirilgan. Luiza, choy damlab oling. *** Taklif, aslida, yomon emasdi. Bog‘ yashilga burkangan, har yonda gullarning g‘unchalari mo‘ralagan, daraxtlar kurtak yozgan. Uill ishora qilgan ko‘rpacha solingan temir supachaga o‘tirdim. – Nima bo‘ldi? – Hech nima. – Ovozingiz chiqmay qoldi. – O‘zingiz jim bo‘l, deysizku. – Bunchalik emas-da. Qo‘rqitmang endi. – Hammasi joyida. – Biroz o‘ylanib, davom etdim: – Agar haqiqatan ham qiziqayotgan bo‘lsangiz, yigitim bilan sal... – Ha-ya – bir pasda ilib oldi u. – Chopag‘on bilanmi? – (Ustimdan kulmayaptimikan, deb unga qaradim.) – Nima bo‘ldi? Uill amakingizga bir yorilingchi? — Yo‘q. — Oyim ikki soatsiz bizni uyga kiritmaydilar. Nimadir gapirib bermasangiz, zerikib o‘zimni bir narsa qilib qo‘yishim mumkin. Aravasining odamlar bilan teng bo‘lib gaplashish imkonini beruvchi o‘rindig‘ini ko‘tarish tugmasi bor edi. Uill boshim aylanadi, deb unday foydalanmasdi. Ammo bu safar u tugmani bosdi. Men endi unga pastdan tepaga qarashimga to‘g‘ri keldi.
– Xo‘sh, nimani bilmoqchisiz? – Qanchadan beri birgasizlar? – Olti yildan oshdi. – Ancha bo‘ptiku! – U hayratlanganini yashirolmadi. – Ha, – ma’qulladim men. – Ancha bo‘ldi. — Nima bilan shug‘ullanadi? — U shaxsiy trener. — Shuning uchun yuguradi. — Ha, shuning uchun yuguradi. — Fe’li qanaqa? Uchta so‘z bilan ayting, agar qiyin bo‘lmasa. — Ijobiy. — Biroz o‘ylanib: — Sodiq. Tanasidagi yog‘larga qarshi kurashuvchan. — Oltita so‘z bo‘ldi. — Demak, uchtasini sizga tekin beribman. U qanaqa? — Kim? — Alisiya. — Men ham xuddi Uilldek uning ko‘zlariga tik boqdim. U chuqur xo‘rsinib, tepasidagi qari chinorga qaradi. Sochi yuziga tushib turar, ularni tepaga tarab qo‘ygim kelardi. — Go‘zal. Maftunkor. Qimmat. Va o‘ziga ishonchi past. — Nega endi o‘ziga ishonchi past ekan? – chidolmadim men. Nazarimda, bu so‘zlarimdan uning kulgusi qistagandi. – Shunday, – dedi u, – Lissaga o‘xshagan qizlar butun umr chiroylariga ishonadilar, va shuning uchun ham boshqa narsalari yo‘qdek his qiladilar o‘zlarini. Vaholanki, men adashyaayotgandirman. U kiyim, uy anjomlari xarid qilishni boplaydi. Uyga ziynat berishni biladi. Cho‘ntagingda jaraq-jaraq pul bo‘lsa, har qanday odam ham ziynat berishni eplaydi, deyishdan o‘zimni arang tiydim. – U xonadagi ikkita narsaning joyini o‘zgartirib, atrofga o‘zgacha tarovat baxsh etoladi. – U uyga ishora qildi. – Meni ko‘chirishdan avval unga uyni bezashni topshirishgandi. Zo‘r did bilan bezatilgan mehmonxonani ko‘z oldimga keltirib, tilimni tishladim. — Qancha paytdan beri uchrashib yurardingiz? — Sakkiz-to‘qqiz oycha. — Uzoq vaqt emas ekan. — Men uchun – uzoq. — Qaerda tanishgansizlar? — Mehmonda. Sizchi? — Sartaroshxonada. Men sartarosh edim, u esa mijozim.
— Voh! Chegirma bilanmi? — Men unga tushunmay qarab turganimni ko‘rib, u boshini chayqadi-da, sekin qo‘shib qo‘ydi: — Yodingizdan chiqaring. – Alisiyani sog‘inasizmi? Deraza ochilib, uy yig‘ishtirayotgan ayollardan birining shodon kulgusi eshitildi. – Sog‘inardim. – Uill uzoqlarga qaradi. Keyin quruqqina javob berdi: – Men uzoq o‘ylab, ular Rupert bilan bir-birlariga juda mos kelishlarini tushundim. – Ular ahmoqona to‘y qilishadi, – dedim men. – Bir-ikkita bolali bo‘lishadi. Chekkaroqdan uy olishadi. Besh yil ham o‘tmay Rupert biror kotibaga ilashib, xiyonat qiladi. — Balki, siz haqdirsiz. Meni ilhomim keldi chog‘i: — Alisiya esa nuqul qovog‘ini solib yuradi, erini o‘rtoqlarining oldida sharmandasini chiqarib, zahrini sochadi, er bechora esa aliment to‘lamaslik uchun ajrashmaydi. – (Uill menga o‘girildi.) – Rupert bolalarini yaxshi ko‘rsa ham ularning tarbiyasi bilan shug‘ullanishni lozim topmaydi. Alisiya sochini turmaklatishdan bo‘shamaydi, keyin biror bekorchi narsaga qiziqib qoladi, masalan otlargami, itlargami, va trenerini sevib qoladi. Qirqqa kirganida esa Patrik ishxonasidagi yigitlarning qanday qizlar bilan tanishib, uchrashishlari haqidagi gurunglarni tinglab, uni kimdir nima uchundir laqqa tushirganini anglab yetadi. ¬– O‘girilib qarasam, Uill menga tikilib turgan ekan. – Uzr, ¬ – g‘o‘dirladim sekin. – Menga nima jin urdi, hayronman. — Bechora Chopag‘onga ozroq rahmim keldi. — Uning bunga aloqasi yo‘q, — javob berdim men. — Qahvaxonada ishlayverib, har kimni va har narsalarni ko‘raverarkansan. Odamlar bir hil aslida! — Shuning uchun ham xaligacha turmush qurmaganmisiz? — Balki, — dedim ko‘zlarimni pirpiratib. Birov menga turmushga chiqishni jiddiy taklif qilmaganini aytib o‘tirgim kelmadi. DAVOMI BOR.
Search
Read the Text Version
- 1 - 6
Pages: