Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA *** Kechki ovqatdan keyin mittigina hujramga kirib ketdim. Tomas tugʻilganidan keyin Trina ikkovlari katta xonani egallashgach, menga shu xonacha tekgandi. Xonamni qanchalik yomon koʻrmay ayni damda pastda oyim va bobom bilan oʻtirgim kelmadi. Negaki, oyim har ikki gaplarining birida “Hammasi yaxshi boʻlib ketadi”, “Birinchi ish kunida hamma oʻzi shunaqa qiynaladi” deb ovutar, men esa hech qanday yomon ish qilgan boʻlmasamda, oʻzimni aybdor his qilardim. Yigirma yildan beri biror joyda ishlamagan uy bekasi shunday deyversa jahli chiqarkan odamning... – Agar kiyinmagan boʻlganimdachi? Taqillatishni bilmasang, hech boʻlmasa qichqirib kir! – Mendan yashiradigan nimang bor? Oyim ishdan boʻshasang kerak, deyaptilar. – Xudoyim-yey, Trina! – men karavotimda chalqancha yotgan joyimdan oʻtirib oldim. – Bu oʻylaganimdan besh battar ekan. U shunaqangi baxtsizki. – Qimirlay olmaganidan keyin baxtsiz boʻladida. – Buning ustiga biram zahar va yaramas. Bir gap gapirsam, ogʻzimga uradi, oʻzimni bir beburddek his qilaveraman, gapirganida ikki yasharlik qizga aylanib qolgandek boʻlaman. – Biror bemaʼni gap gapirgandirsanda. bir-biringizga koʻnikishingiz kerak. – Hech qanday bemaʼni gap gapirganim yoʻq. Juda ehtiyotkorlik bilan muomala qildim. Umuman olganda, “aylanib kelishni istamaysizmi” va “choy damlab beraymi?» deb soʻradim xolos. – Balki u hamma bilan boshida shunday munosabatda boʻlar. Menimcha sengacha kelganlar ketib qolavergan. Uzoq ishlashingni tushunguncha sabr qil. – U, hatto, bir xonada oʻtirishimizni ham istamaydi. Eplolmayman, Katrina. Chidolmayman. Agar oʻzing koʻrganingda tushunarding. Trina mendan koʻzlarini uzmay indamay qoldi. Keyin yoʻlakda hech kim yoʻqmikan deb eshikning tashqarisiga moʻraladi. – Men kollejga qaytsammikan deb turibman, – dedi u nihoyat. Mavzu oʻzgarganini anglashim uchun menga bir necha soniya vaqt kerak boʻldi. – Yoʻgʻyey, – deyoldim men. – Ammo… – Oʻqish pulini toʻlash uchun kredit olmoqchiman. Tomas boʻlgani uchun maxsus imtiyozdan foydalanish imkoniyatim bor ekan, universitetning oʻzi ham chegirma qilib bermoqchi... – u biroz xijolat tortib, yelkasini qisib qoʻydi. – Ular oʻqishni eplab ketishimga ishonishyapti. Talabalardan biri iqtisod va boshqaruv kursini tashlab ketibdi, oʻshaning oʻrniga meni keyingi semestrdan olisharmish. – Tomasni nima qilasan?
– Yotoqxona qoshida bogʻcha bor ekan. Yotoqxonada turib, dam olish kunlari uyga kelib turamiz. – Shunaqa degin. – Singlim meni kuzatayotganini bilganim uchun yuz ifodamni qanday toʻgʻrilashni bilmasdim. – Miyamni ishga solmasam boʻlmaydi. Guldasta oʻrayverib, boshim aylanib ketdi. Oʻqigim kelyapti. Odam boʻlishni istayman. Yana qoʻlimni hadeb sovuq suvga tiqaverish jonimga tegdi. – Ikkimiz ham beixtiyor uning hamisha qip-qizarib turadigan qoʻllariga qaradik. – Ammo… – Ha.. men ishlamayman. Oyimga bir tiyin ham berolmayman. Balki... Balki ota- onamdan ozgina yordam soʻrashimga ham toʻgʻri kelar.– Endi Trina oʻzini yanada noqulay his qila boshladi. U menga kechirim soʻragandek qaradi. Onam pastda televizorda nimanidir koʻrib kular, bobomga nimalarnidir tushuntirayotgani eshitilardi. Necha marta bu befoyda deyishimizga qaramay, u koʻpincha bobomga koʻrsatuvlarning maʼnosini aytib berib oʻtirardi. Meni tilim aylanmay qolgandi. Singlimning gaplarini maʼnosi menga asta-sekinlik bilan, ammo toʻgʻri yetib kelayotgandi. Men xuddi mafiya qurbonidek oʻzimni his qilardim, oyogʻim ostidagi beton asta-sekin qurirdi goʻyo. – Shunday qilmasam boʻlmaydi, Lu. Men Tomasning kelajagini ham oʻylashim kerak. Agar biror narsaga erishmoqchi boʻlsam, kollejga qaytishim kerak. Mening Patrikim yoʻq. Boʻlishi ham dargumon. Tomas tugʻilganidan beri biror yigit men bilan qiziqmadi. Hamma narsani oʻzim uddalashim shart. – Mendan sado chiqmagandan keyin yana qoʻshib qoʻydi: – Men va Tomas uchun. Men boshimni maʼqullab silkidim. – Lu? Iltimos! Singlimni sira bu ahvolda koʻrmagandim. Mening ham holim chatoq edi. Boshimni koʻtarib, jilmaydim. – Albatta, sen haqsan. – Ovozimni oʻzim ham tanimadim. – Unga koʻnikishim kerak. Birinchi kuni oʻzi shunaqa qiyin boʻladi... *** Ikki hafta oʻtib hayotim bir xil tusga kirib qoldi. Har kuni ertalab Grant-xausga soat sakkizda kelaman, Natan Uillni kiyintirib boʻlganidan soʻng, Uillga beriladigan dorilar va uning kayfiyati toʻgʻrisidagi maʼruzani diqqat bilan tinglayman. Natan ketgach, Uillga radio yoki televizorni sozlab, dorilarini beraman. Odatda oʻn daqiqalardan soʻng Uill joniga tekganimni bildiradi. Keyin oʻzimga mayda- chuyda ishlarni qidirib topa boshlayman, top-toza oshxona sochiqlarini yuvaman, changyutgichning turli xil uchliklari bilan uydagi barcha tirqishlarni tozalab chiqaman, Treynor xonim koʻrsatmasiga binoan har oʻn besh daqiqada gʻayrat bilan
Uill oʻtirgan xonaga moʻralab qoʻyaman. U aravasida oʻtirib, ayni mavsumda soʻlgʻinlikda tengi yoʻq bogʻni tomosha qilayotgan boʻladi. Keyin suv yoki uning vaznini bir maromda tutib turadigan, koʻrinishidan yelimga oʻxshagan yuqori quvvatli kokteyllardan birini beraman, yoki ovqat yediraman. U qoʻlini emas, biroz panjasini qimirlata olardi, shuning uchun uni qoshiqda ovqatlantirib qoʻyishga toʻgʻri kelardi. Bu kunning eng yoqimsiz qismi edi. Menga kap-katta kishini qoshiqda ovqatlantirish gʻalati tuyulardi, xijolat boʻlganimdan besoʻnaqay va qoʻpol boʻlib qolardim. Uill ham bu daqiqalarni shunchalik yomon koʻrardiki, koʻzimga qaramaslikka harakat qilardi. Soat birlarda Natan kelardi, men kurtkamni ustimga tashlab, oʻzimni tashqariga otardim. Baʼzan qalʼa yonidagi avtobus bekatida tushlik qilib olardim. Sovuqda non kavshab xodachada oʻtirishim ayanchli koʻrinardi-yu, ammo men kun boʻyi bu uydan chiqmay oʻtirishga qodir emasdim. Kunning ikkinchi yarmida birorta film qoʻyardim – Uill DVD‑klub aʼzosi boʻlgani uchun unga har kuni yangi filmlar kelib turardi, ammo u hech qachon menga birga kino koʻrishni taklif etmasdi. Shuning uchun oʻzim olib kelgan jurnal yo kitob oʻqib oshxonadim yo mehmonxonadami oʻtirardim, ammo ish qilmay takasaltanglik qilayotganimdan vijdonim qiynalgani uchunmi, oʻqiganlarim miyamga kirmasdi. Baʼzan kechga yaqin Treynor xonim kelardi. U men bilan deyarli gaplashmas, nomiga hol-ahvolimni soʻrab, javob berishimni kutib ham oʻtirmasdi. Uilldan biror narsa kerakmasmi deb soʻrar, baʼzan ertangi kun uchun biror mashgʻulot – sayrga chiqishni yoki uning sogʻligʻini soʻrab kelmoqchi boʻlgan doʻstlaridan biri bilan uchrashishini taklif qilar, oʻgʻli esa mensimagandek, hatto, qoʻpollik bilan rad etardi. Onaga oʻgʻlining muomalasi qattiq botayotgani aniq edi, u indamay boʻynidagi zanjirni oʻynab chiqib ketardi. Otasi – toʻlachadan kelgan boʻyi past kishi men ketishimdan avval paydo boʻlardi. U shahardagi katta maoshli ishini tashlab, qalʼaning tashkiliy ishlarini boshqarishini eshitgandim. Bu uning uchun malakani yoʻqotmaslik uchun shunchaki ermak edi, albatta. U ropa-rosa beshda ishini tugatib kelar, va Uill bilan televizor koʻrishga oʻtirar, va darrov televizorda koʻsatilayotgan biror yangilikni muhokama qilishga tushardi. Shu ikki hafta ichida Uill Treynorni yaxshilab bilib oldim. U avvalgi koʻrinishiga butkul oʻxshamaslikka qaror qilgandek edi – och jigarrang sochlari toʻzib, soch-soqoli tartibsiz oʻsib ketgandi. Charchoqdanmi, tinimsiz ogʻriqdanmi kulrang koʻzlari atrofiga ajin tushib ketgandi. Natan Uill oʻzini juda kamdan-kam hollardagina yaxshi his qilishini aytdi. U xuddi atrofida roʻy berayotgan narsalarga befarqdek qarar, baʼzan uning ahvoliga tushgan har qanday odam ham mana shunday befarqlik orqali taqdiriga tan berishi mumkin deb oʻylab qolardim.
Uni koʻnglini koʻtargim kelardim. Rostan ham shuni istardim. U oynaga qarab oʻtirganida, dunyodagi eng gʻamgin odamga aylanardi, nazarimda. Vaqt oʻtishi bilan u nafaqat jismoniy erkinligini yoʻqotgani uchun, balki betinim salomatligi borasidagi xatarlar va ogʻriq tufayli shunday tushkunlik girdobida ekanini tushundim. Ammo uning menga munosabati juda yomon edi! Mening har bir soʻzimga zahar javob topib turardi. Sovqotmadingizmi, deb soʻrasam, agar kerak boʻlsa yana bitta koʻrpa soʻrashga qodir ekanini aytib, akillab berardi. Mabodo changyutgichning ovozi televizor koʻrishiga xalaqit bermayapti deb lutf qilsam, changyutgichning ovozini chiqarmay ishlatishni ixtiro qilmadingizmi tagʻin, deb ustimdan kulardi. Ovqatlantirayotganimda ham goh taom yo haddan tashqari issiq, yo sovuq boʻlar, hali ogʻzidagi luqmasini yutmasidan turib, ogʻziga qoshiq tiqayotganimni aytib, achchiqlanardi. Xullas, nima qilsam ham, nima desam ham u meni epsiz, ahmoq ekanimni yuzimga solardi. Shu ikki haftada men har qanday holatda ham yuzimga xotirjamlik ifodasini berishni oʻrganib oldim. Qayrilib, boshqa xonaga kirib ketardimda, u bilan kamroq gaplashishga harakat qilardim. Uni koʻrgani koʻzim yoʻq edi, u ham buni tushunardi, nazarimda. Eski ishimni avvalgidan ham koʻproq qumsay boshlagandim. Qaniydi yana Frenk, mijozlarimiz, ularning suhbatlari boʻlsa. Bu qimmatbaho va chiroyli uydan qabristonning sukunati ufurardi. “Olti oygina, – deb takrorlardim men gʻurbatga botganimda. – Olti oy”. Bir kuni tushlikdan avval, endi yuqori kaloriyali kokteylni aralashtirayotganimda yoʻlakdan Treynor xonimning ovozi eshitildi. Ammo boshqa ovozlar ham bor edi. Men quloq tutib, yana bir ayol va notanish erkak ovozini eshitdim. Treynor xonim oshxona eshigiga yaqinlashganida men stakanning ichidagini astoydil aralashtirish bilan mashgʻul ekanimni namoyish etib turardim. – Oltmish foiz suv va qirq foiz sutmi? – u qoʻlimdagi stakanga oʻqrayib qaradi. – Ha, bu qulupnayli. – Uillning oldiga doʻstlari kelishgandi. Siz yaxshisi... – Oshxonada oʻzi ishim koʻp edi. Rostini aytsam, biror soatga undan qutulishimdan xursand edim. Stakanni ustiga qopqogʻini yopib, somonchani oʻrnatdim. – Mehmonlaringiz choy yoki qahva ichishmaydimi? – Albatta, – dedi u ajablanib menga qarab. –Juda yaxshi boʻlardi. Qahva tayyorlay qoling. Mayli men... Treynor xonim odatdagidan ancha asabiy edi. U pichir-pichir ovozlar eshitilayotgan yoʻlakka qarab qoʻydi. Uillni oldiga doʻstlari tez-tez kelib turishmaydi chogʻi.
– Mayli.. ularga xalaqit bermay qoʻya qolay. – Yana yoʻlakka qarab, bir nimalarni xayol qildi. – Rupert, bu Rupert, ishxonasidagi eski qadrdoni, – deb shiddat bilan men tomonga oʻgirildi. Bu haqida u kimgadir, hech boʻlmasa menga aytmasa boʻlmaydigan ahvolda edi chogʻi. – Va Alisiya. Ular juda... juda yaqin.... boʻlishgan bir paytlar. Qahva qilib bersangiz mayli. Rahmat, miss Klark. Tarjimon – Nazokat AZIM. DAVOMI BOR.
Search
Read the Text Version
- 1 - 6
Pages: