Important Announcement
PubHTML5 Scheduled Server Maintenance on (GMT) Sunday, June 26th, 2:00 am - 8:00 am.
PubHTML5 site will be inoperative during the times indicated!

Home Explore SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-19

SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-19

Published by Eldor Bozorov, 2023-08-01 17:59:10

Description: SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-19

Search

Read the Text Version

Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA *** Uill pivoni simirarkan, saksoninchi yillar urfiga mos gulqog‘ozlardan, eski oshxona javonlarimizdan xijolat bo‘ldim. Uillning hashamatli uyi ko‘z o‘ngimdan o‘tdi. Devoralarga Tomas chizgan rasmlar osilgan, boshqa jihozlarimiz ham xuddi eski-tuski bozoridan olib kelingandek edi. Ammo Uill bularni sezgan bo‘lsa-da, hech narsa demadi. Ular otam bilan umumiy mavzu topishgandi, ya’ni mening kaltafahmligimni zo‘r qiziqish bilan muhokama qilishardi. Men qarshi emasdim. Xursand bo‘lishsa bo‘ldi-da. – Bilasizmi, bir kuni u mashinani orqasi bilan ustunga ursa, deng. Yana nimaymish, hammasiga ustun sababchiymish... – Meni pandusdan qanday tushirishini ko‘rsangiz edi. Tramplindan sakrayotgandek his qilaman o‘zimni... Otam kulib yubordi. Men ularni qoldirib, oshxonaga kirdim. – Patrik qani? – dedi bokal solingan patnisni ko‘tarib olgan onam. – Mashg‘ulot tugashi bilan kelaman degandi, – dedim men. – Ushlanib qolgandir. – Sening tug‘ilgan kuningda ham shug‘ullanishi shart ekanmi? Agar hoziroq kelmasa, tovuq quruqshab, mazasini yo‘qotadi. — Oyi, hammasi yaxshi. Qo‘lidagi patnisini stolga qo‘yishini kutib, oyimni quchoqladim. U hayajondan yog‘ochdek qotib qolgandi. U kishiga rahmim kelib ketdi. Mening onam bo‘lish oson bo‘lmasa kerak. Oyim boshimdan o‘pib, qo‘lini artdi. – Singling yo‘qligi yomon bo‘ldi-da. Ularsiz bayram qilish g‘alati tuyulyapti. Men unday deb o‘ylamasdim. Axir umrimda bir marta bo‘lsa ham hammaning diqqat markazida bo‘lsam, buning nimasi g‘alati? Qo‘ng‘iroq chalindi, onam chapak chalib yubordi. – Ana u ham keldi. Lu, tur dasturxonga narsalarni qo‘ymaysanmi? Patrik mashg‘ulotdan keyin qizarib ketgandi. – Tug‘ilgan kuning bilan! – U egilib mening yuzimdan o‘pib qo‘ydi. – Tezroq kir, – dedim men mehmonxonaga ko‘z qirimni tashlab. – Oyim toblamani sensiz pechdan chiqarmay o‘tiribdi. — Voy! — U soatiga qaradi. — Uzr. Vaqtga qaramabman. — Ha, mening vaqtimga qaramagansan.

— Nima? — Hech nima. Otam Uillning aravasini men ko‘rsatgan joyga itarib joyladi. Men uning chap tomoniga o‘tirdim, Patrik ro‘paramizga joylashdi. Uillga qo‘l cho‘zmasligi kerakligi haqida ogohlantirganim bois Patrik Uill va bobom bilan bosh silkab so‘rashdi. O‘tirganimdan keyin ham Uill Patrikka sinchkov nazar bilan qarayotganini sezdim- u, ota-onamning ko‘nglini topgani kabi Patrikka ham yoqishga harakat qilarmikan, degan o‘y keldi miyamga. Uill boshini men tomon egdi. – Aravamning yon boshiga qarasangiz, bir narsa bor. Men orqaga egilib, sumkaga qo‘limni tiqib, «Loran-Pere» shampan vinosini chiqardim. – Shampan vinosisiz tug‘ilgan kun bo‘larkanmi? – dedi jilmayib Uill. – Uni qarang-a, – qoyil qoldi onam. – Ovora bo‘libsiz! Ammo bizda shampan ichadigan maxsus bokallar yo‘q. – Mana shular ham juda bo‘laveradi-da. – Men ochaman. – Patrik shishani olib, simini burarkan po‘kagini bosh barmog‘i bilan qisib oldi. U huddi umuman boshqacha odamni ko‘rishni kutgandek nuqul Uillga qarardi. – Bunaqada hamma yoqqa vino to‘kiladi, – dedi Uill. U qo‘lini bir necha santimetrga ko‘tarib, yengil silkidi. – Po‘kakni ushlab, shishani aylantirsangiz yaxshiroq bo‘ladi. – Ie, shisha ochishning ustasi ekansizku! – dedi dadam. – Qani, Patrik. Shishani aylantir, dedingizmi? Kimning ham xayoliga kelibdi? – Bilardim, – dedi Patrik. – O‘zim ham shunday qilmoqchiydim. Oxiri shisha eson-omon ochilib, bokallarga quyildi va mening tug‘ilgan kunim sharafiga qadahlar ko‘tarildi. – Nihoyat shu yil bizning Lu ham katta qiz bo‘lib qolar, – dedi dadam. – Men hayotini yaxshi tomonga o‘zgartiradi demoqchiydim, ammo bu, nazarimda, ro‘y berib bo‘ldi. Aytishim joizki, Uill, u sizlarnikida ishlaganidan beri... xaligi... o‘z qobig‘idan chiqdi. – Biz undan juda g‘ururlanamiz, – dedi onam. – Va minnatdormiz, sizga. Ya’ni uni ishga olganingiz uchun. – Aslida, men unga rahmat aytishim kerak, – deb Uill menga ko‘z qirini tashladi. – Lu uchun, – dedi otam. – Uning muvaffaqiyatlari uchun. – Va dasturxon atrofida o‘tirmagan yaqinlarimiz uchun, – dedi onam. – Ana! – deb quvondim men. – Ko‘proq tug‘ilgan kun qilib turishim kerak ekan. Odatda bu uyda meni faqat tanqid qilishadi.

Gap-gapga qo‘shildi. Otam men haqimdagi navbatdagi voqeani aytib berdi, onam ikkovlari xoxolab kulishdi. Ularni kulayotganlarini tomosha qilish zavqli edi. Keyingi haftalarda otam rosa charchagan ko‘rinardi, onamning esa hayoli hamisha parishon edi. Men xursandligimdan Patrikning yuz ifodasiga ahamiyat bermabman. Dudlangan losos balig‘ini buklab Uillning og‘ziga solarkanman, bobomga nimadir dedim. Bu har kunlik qiladigan ishim bo‘lgani uchun hayratdan qotib qolgan Patrikni ko‘rib, bu harakatlarim qanchalik Uill ikkimizni yaqinlashtirishi xayolimga keldi. Uill dadamga bir narsa dedi, men esa qoshimni tepaga ko‘tarib, Patrikka bunday qarashni bas qilishini ishora qildim. – Ajoyib baliq ekan, – dedi Uill onamga. – Mazasi juda totli. – Biz har kuni bunday ovqatlanmaymiz, – jilmaydi onam. – Ammo bugunni eslab yuraylik dedik. «Olayishni bas qil», — deb buyurdim nigohim bilan Patrikka. Nihoyat u mening qarashimni tushunib, o‘girilib oldi. Patrik g‘azab otiga mingandek ko‘rinardi. Men Uillga yana bir bo‘lak baliq berdim, keyin u ko‘zi bilan qarab turgan nondan bir bo‘lak olib, og‘ziga soldim. – Patrik, – gap boshladi Uill meni noqulay ahvoldan qutqazish uchun. – Luizaning aytishicha, siz shaxsiy trener bo‘lib ishlarkansiz. Bu qanaqa ish o‘zi? Bundan ko‘ra so‘ramagani yaxshiydi. Patrik sog‘ tanda – sog‘lom aql mazmunidagi ma’ruzani o‘qib ketsa bo‘ladimi. So‘ng mashg‘ulotlar jadvali, Shimoliy dengizdagi harorat, marafon yugurish uchun organizmdagi yog‘lar miqdori qancha bo‘lishi haqida gapirib berdi. Nahotki, oddiygina savolga umumiy javob berib qo‘ya qolsa, bo‘lmasa. – Ludan siz ham kelishingizni eshitib, kitoblarimda siz uchun maqbul fizioterapiya mashqlari bormikan, deb qidirdim. Men shampan vinosidan tiqilib qolayozdim. – Bu mutaxassislarning vazifasi, Patrik. Sen bu borada maslahat berolmasang kerak, – dedim arang yo‘talimni bosib. – Nega endi? Men ham mutaxassisman. Sport jarohatlari bilan ishlayman. Maxsus kurslarni tamomlaganman. – Bu mushakning tortishishi emas, Patrik. Jiddiy aytyapman. – Bir-ikki yil burun paralegik mijozi bor bir yigit bilan ishlagandim. Uning aytishicha, u deyarli tuzalib ketibdi. Triatlon bilan shug‘ullanarkan hozir. – Qarang-a, – dedi onam. – Uning aytishicha, mashg‘ulotlar mushaklar avalgi holatini esga olishi mumkin ekan. Ya’ni mushaklarning ham o‘z xotirasi bo‘lib, ularni maxsus mashqlar

orqali tiklash mumkin bo‘larkan. Nazarimda, sizga maxsus dastur ishlab chiqsak, mushak xotirasidagi o‘zgarishlarni seza boshlashingiz kerak. Luning aytishicha siz avvalllari juda faol bo‘lgan ekansiz. — Patrik, — dedim men ovozimni balandlab, — sen bu haqida hech narsa tushunmaysan. — Men shunchaki urinib… — Bo‘ldi qil. Iltimos. Stol atrofi jimlikka cho‘mdi. Dadam yo‘talib, uzr so‘radi. Bobom xavotirlanib, atrofga qaradi. Onam hammaga non taklif qilmoqchi bo‘ldi, shekilli, ammo fikridan qaytdi. – Bu shunchaki bir izlanish xolos, – dedi Patrik chaynalib. – Biror foydasi bo‘lsa, deb aytgandim. Ammo mana, ovozimni o‘chiraman. — Men bu haqda, albatta, o‘ylab ko‘raman, – beparvo javob berdi Uill muloyimlik bilan. Keyin onam dasturxonga tovuq tortdi. Ota-onamga Uill rosa yoqqani ularning yuz-ko‘zlaridan ma’lum edi. Oyim qovurilgan kartoshkani likoplarga solayotganida otam har doimgidek ko‘proq solib olishga harakat qilganlarini ko‘rib, yengil tortdim – demak, hammasi joyida. Otam Uill bilan dunyodagi barcha narsalar to‘g‘risida gaplashar, avvalgi hayoti va baxtsiz voqea to‘g‘risida ham bemalol so‘z ochaverishdi. Hatto men ham Uill haqida bilmaganlarimni bilib oldim. Masalan, ishi haqida. Uill muvaffaqiyatlarini kamaytirib aytishga urinsa-da, ish uning uchun hayotida muhim o‘rin tutgan, u korxonalarni xarid qilish va sotish bilan shug‘ullangan ekan. Otamning bir-necha martalik urinishlaridan so‘ng uning daromadlar to‘g‘risidagi tasvvuri oltitami, yettitami nollardan iborat ekanini bildik. Men biladigan mehribon, ko‘ngilchan Uill katta biznes bilan shug‘ullanadigan shafqatsiz tadbirkor bo‘lganiga ishonch hosil qilish uchun beixtiyor unga tikilib qoldim. Otam u ishlayotgan mebel korxonasini tortib olayotgan kompaniya haqida gapirdi. Kompaniya nomini eshitib, Uill uning rahbarlarini tanishini aytdi. Ha, u ham ularning o‘rnida bo‘lganida xuddi shunday qilgan bo‘lardi, chamamda. Uning ohangiga qaraganda, otamning ishi «uxlagandi». Onam esa Uillning atrofida girdi-kapalak edi. U kishining tabassumidan Uill oyim uchun dasturxon atrofida o‘tirgan oddiygina yosh yigitlardan biriga aylanganini bilish qiyin emasdi. Bo‘yiga yetgan qizlarning onasi bo‘lish ham oson emas. Patrikning bekorga jahli chiqmagandi. — Tort qani? — so‘radi bobom onam idishlarni yig‘ishtirishga tushganini ko‘rib. Bu gap kutilmaganda shunday qattiq ovozda aytilgandiki, hammamiz gapimizni to‘xtatib, bir-birimizga qarab qoldik.

— Tort yo‘q. — Men stolni aylanib o‘tib, bobomni o‘pib qo‘ydim. – Yo‘q, bobojon. Uzr. Ammo shokoladli muss bo‘ladi. Sizga yoqadi. U ma’qullab boshini silkidi. Onam xursandligidan gul-gul yonardi. Menga bundan ortiq sovg‘a kerakmasdi. Dasturxonda muss paydo bo‘ldi, u bilan birga yupqa qog‘ozga o‘ralagan to‘rtburchak shaklidagi sovg‘a ham tortiq etilgandi. — Qani, — dedi dadam. — Och. Bu fotosuratlar albomi bo‘lib, har bir sahifasida mening har yillik suratlarim bor edi. Chaqalog‘ligim, Trina ikkimiz – lo‘ppigina yuzli qizaloqlar, maktabga chiqqanim – sochimga taqilgan to‘g‘nog‘ichlarning sanog‘i yo‘q. Oxirgi rasmlardan Patrik bilan tushganimizni qo‘yishibdi. Yana bittasi ishga chiqqan birinchi kunimdagi suratim. – Maylimi ko‘rsam? – so‘radi Uill. – Bu yil biroz... qiynalib qoldik, – dedi onam Uilning ro‘parasida albomni varaqlarkanman. – Shukurku-ya, ammo siz sharoitimizni bilasizku. Keyin bobomiz qo‘lda yasash mumkin bo‘lgan sovg‘alarni ko‘rib qoldilar, bilasizku... bu juda xaligi... – Rostanam shunday, oyi. – Mening ko‘zlarimga yosh keldi. – Rosa yoqdi menga. Rahmat. — Ayrim suratlarni bobong tanladilar, — dedi u. — Juda chiroyli, — qo‘shildi Uill. — Menga yoqdi, — takrorladim men. Oyim va dadam bir-birlariga qarab yengil tin olishganidan ham ko‘ra g‘amgin holatni umrimda ko‘rmagandim. – Endi men. – Patrik kichkinagina qizil duxobali qutini stol o‘rtasiga qo‘ydi. Uni sekin ocharkanman, negadir, bu nikoh uzugi emasmikan, degan hadik meni qamrab oldi... DAVOMI BOR.


Like this book? You can publish your book online for free in a few minutes!
Create your own flipbook