Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA *** – Kirgizavering, – dedi Uill. – Men uni chaqirtirgandim. – Qimirlamay turganimni ko‘rib, u tushuntirgan bo‘ldi: – Hammasi joyida, Klark... bu do‘stim. Mehmonimiz ostonadan xatlab o‘tgach, menga qo‘lini cho‘zdi: — Maykl Louler, — dedi u. Yana nimadir deyishga chog‘langandi, ammo Uill gapimizni bo‘ldi. – Biz mehmonxonada bo‘lamiz. Bizga qahva olib kelib, ikkimizni yolg‘iz qoldirsangiz. — E-e-e… Yaxshi. Janob Louler aybdorona jilmayib, Uillga ergashdi. Bir necha daqiqadan so‘ng qahva ko‘tarib kirganimda ular kriketni muhokama qilib o‘tirishgandi. Biror qiziqroq mavzuga o‘tisharmikan deb, ko‘ylagimni qoqib, qaddimni ko‘tardim. –Mayli, yoqimli ishtaha. – Rahmat, Luiza. — Biror narsa kerakmasmi? Pechene?.. — Rahmat, Luiza. Uill meni kamdan-kam Luiza deb chaqirar. Va hech qachon oldidan haydamasdi. Maykl Louler bir soatcha Uill bilan gaplashib o‘tirdi. Ishlarimni qilib bo‘lgach, oshxonada biroz timirskilanib yurdim-u, ammo eshikning orqasida turib ularning gaplarini poylagani o‘zimda kuch topolmadim. O‘tirib, ikkita shokoladli pecheneni paqqos tushirdim. Nima uchun Uill bu kishiga orqa eshikdan keling, degan ekan-a? U shifokorga ham o‘xshamasdi. Uillni ko‘rgani kelib turadigan tibbiyot vakillaridan balki birortasini tanimasligim ham mumkindir, ammo ularni uzoqdan boshqalardan ajratib ololardim. Ular hamisha charchagandek ko‘rinishsa-da, serg‘ayrat va atayindan xushchaqchaq ko‘rinishda bo‘lishadi. Rangi o‘chiq trikotaj kiyimlar, qulay poyabzal kiyib olishadi, chang bosgan xizmat avtomobillarining ichi popkalaru har hil asbob-uskunalar bilan to‘la bo‘ladi. Janob Louler so‘nggi seriyadagi to‘k ko‘k rangli «BMV»da kelgandi. Bizning shaharchamizdagi eng katta amalodorlar ham bunaqasini hali haydashmagandi. Nihoyat, janob Louler chiqdi. U endi sira hijolat chekayotganga o‘xshamasdi. Men yo‘lakka yugurdim. — Rahmat, Maykl. — Uill men tomonga qaramasdi. — Javobingizni kutaman. — Haftaning oxirigacha gaplashmiz, — deb va’da berdi janob Louler. — Hozircha elektron pochta orqali. — Xo‘p. Albatta. Unga orqa eshikni ochib berdim. Uill mehmonxonaga kirib ketgach shunchaki so‘radim: – Uzoqqa ketyapsizmi? – Londonga. Yo‘llar tirband emasdir, deb umid qilaman.
Men uning ortidan yurdim. Quyosh qoq miyamizdan urar, ko‘zlarim yorqin nurdan yumilib ketayotgandi. — Ha… e-e-e… Londonni qaeriga? — Ridjent-stritga . — Ridjent-stritgami? Yaxshi. — Ha. Yomon emas. Mayli. Qavha uchun rahmat, miss… — Klark. Luiza Klark. Janob Louler To‘xtab menga tikildi. Nahotki, uning kim ekanini bilishni istayotgimni payqab qolgan bo‘lsa? — Ha, miss Klark. — Navbatchi tabassumi yana yuzida o‘ynadi. — Katta rahmat. U orqa o‘rindiqqa ehtiyotkorlik bilan portfelini qo‘yib, mashinasiga o‘tirdi-da, uchdi-ketdi. Kechqurun uydan chiqib kutubxonaga kirdim. Patrikning kompyuteridan ham foydalansam bo‘lardi-yu, ammo undan ruxsat so‘rashga to‘g‘ri kelardi, undan ko‘ra kutubxonaniki qulay. Qiduriv tizimiga «Maykl Louler», «Ridjent-strit, London» deb yozgandim bugun kelgan kishining qora kostyumda dumaloq stol atrofida o‘tirgan surati chiqib keldi. Bu vasiyatlar va meros masalalari bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis – Maykl Louler ekan. *** O‘sha kuni ishdan qatganimdan keyin Patrik mashg‘ulotiga ketmasidan avval bir yarim soat ichida men uning uyiga ko‘chib o‘tdim. Karavatim va yangi pardamdan tashqari hamma narsamni olgandim. Oyim yig‘lardi – u o‘zini xuddi meni uydan haydagandek his qilardi. — Qo‘ysangchi, onasi! Bu tengilar allaqachon o‘z ro‘zg‘orlarini tebratib yuribdilar. Yigirma yetti yosh, hazilmi senga, – deb yupatardi uni otam. — Men uchun u xaliyam bola... Nima deyishga ham hayron edim. Meni narsalarim Patrikning uyiga o‘ynab-kulib sig‘ib ketdi. Faqat kompakt disklarimni qaerda turishi ustida biroz tortishib qoldik. Uning disklari turadigan tokchaga qo‘yishimdan oldin, disklarimning har birini ustiga yozib, alfavit tartibida terib chiqishim kerak ekan. –O‘zingni uyingdagidek his qilaver, – deb takrorlardi u tinmay xuddi men mehmonga kelganimdek. *** Yana ikki kunni Uillnining niyatini tushunish va uni qanday qilib to‘xtatish ustida bosh qotirdim. Yetti haftadan ham kamroq vaqt qolgandi. Men reja tuzolmayotgan bir paytda Uill rejalar tuzayotgandi. Keyingi haftada Uil meni hayolim parishon ekanini sezgan bo‘lsa-da, hech narsa demadi. Har kunlik ishimiz bilan shug‘ullanishni davom etdik. Shahar chekkasiga chiqib aylanib keldik, ovqat pishirdim, u bilan o‘tirib televizor ko‘rdim. U endi Chopog‘onning ustidan hazil qilmasdi. Bizlar nechundir juda odobli bo‘lib qolgandik. Menga uning pichinglari, zahar gaplari, jahli chiqib jerkib berishlari yetishmayotgandi – ularning yo‘qligi xatar xavfi paydo bo‘lganini yanada kuchaytirardi.
Natan ham bizga hayratlanib qarardi. – Urishib qoldinglarmi? – deb so‘radi u oshxonada xaridlarni basarlayotganimda. — Ana, o‘zidan so‘rang, — dedim men. — U ham shunday dedi. Maykl Louler kelib ketganidan keyin uch kun o‘tgach Treynor xonimga qo‘ng‘iroq qilib, uydan tashqarida uchrashib, gaplashib olishimiz kerakligini aytdim. Qal’ada ochilgan kichkinagina qahvaxonada ko‘rishadigan bo‘ldik. — Luiza, uzr, kechikdim. — Kamilla Treynor sumkasini qo‘ltig‘iga qistirgancha qahvaxonaga kirib keldi. — Sudda ushlanib qoldim. — Kechirasiz. Sizni ham ishdan qo‘ydim. Bir gap... shuni aytmoqchiydim sizga... Treynor xonim qo‘lini ko‘tarib, labini qimirlatish bilan ofitsiantga nimadir buyurdi. — Uillning oldiga yurist keldi, — tomdan tarasha tushgandek gapni boshladim men. — Men u kishi vasiyatlar va meros ishlari bo‘yicha mutaxassis ekanini aniqladim. — Gapni uqqanday qilib uzoqdan boshlashni har doimgidek eplolmagandim. Missis Treynor seskanib, xuddi men uning yuziga tarsaki tortib yuborganimdek qalqib ketdi. U mendan yaxshi xabarlar kutganini juda kech tushungandim. — Yurist? Ishonchingiz komilmi? — Ha. Ridjent-stritda idorasi bor ekan. Londonda, — deb qo‘shdim negadir men. — Ismi Maykl Louler. — Buni sizga Uill aytdimi? — u tushunishga harakat qilayotgandek, tinmay ko‘zini ochib-yopardi. — Yo‘q. U meni bilishimni istamagan, nazarimda. Internetdan ko‘rdim. Ofitsiantka stolga kapuchino qo‘yib ketganini Treynor xonim sezmadi ham chog‘i. — Uzr, — dedim men ofitsiantning ketishini kutib. — sizga barcha muhim narsalarni aytishim kerakligini uqtirgandirdingiz. Buni aytaymi, aytmaymi, deb kechasi bilan uxlamay chiqdim. Kamilla Treynorning yuzida rang qolmagandi. U nima his qilayotgani bilardim. — Qalay u? Siz… siz biror yangi narsa o‘ylab topdingizmi? Biror sayohatmi? — U xohlamayapti. — Men unga Parij va ro‘yxat haqida gapirib berdim. Gapirarkanman Treynor xonim nimalarnidir tez o‘ylayotganini, hisob-kitob qilayotganini ko‘rib turardim. — Qaerga bo‘lsa ham, — dedi u nihoyat. — Hammasini to‘layman. Har qanday sayohat, sizga ham to‘layman. Natanga ham. Faqat... faqat uni ko‘ndirolsangiz bo‘ldi. — (Bosh irg‘adim.) — Agar yana biror narsa o‘ylab topsangiz edi.. Vaqtni cho‘zish uchun. Olti oydan tashqari pulingizni ustama bilan to‘layman. — Bu… bu muhimmas.
Biz ikkimiz ham o‘z hayolimiz bilan qahvamizni ichib tugatdik. Treynor xonimni sekin kuzatarkanman, sochidagi oqlar ko‘payganini, ko‘zining tagida esa menikiga o‘xshash qora chiziqlar paydo bo‘lganini sezdim. Havotiru tashvishlarimni uning yelkasiga ortganimda biror yengillik his qilmadim. Ammo boshqa ilojim bormidi? Kundan kunga umidimiz... Treynor xonim soatiga qarab, o‘rnidan turdi. – Afsuski, ishga borishim kerak. Iltimos biror narsa kallangizga kelishi bilan menga xabar bering, Luiza. Shunaqa tashqarida gaplashgan ham yaxshiykan. O‘rnimdan turdim. Ha, aytgancha, – esimga tushdi meni, – yangi telefonimni yozib olsangiz bo‘larkan. Men yangi joyga ko‘chdim. Treynor xonim sumkasidan ruchkasini qidira boshladi. — Yigitim... Patriknikida yashayapman, — dedim men. Nimagadir, bu gapim uni hayron qoldirdi. — Yigitingiz borligini bilmagan ekanman. — U hayratlanib menga ruchkani uzatdi. — Bu sizni qiziqtiradi deb o‘ylamagandim. — Uill yaqinda sizni... — u stolga qo‘llari bilan tayanib o‘rnidan turdi. — U dam olish kunlari biznikida turishingiz mumkinligini aytgandi. Patrikning telefon raqamini yozib berdim. — Patriknikiga ko‘chib o‘tsam, hammaga yaxshi bo‘ladi, deb o‘yladim, – deb qog‘ozni unga uzatdim. Uyi uzoq emas. Fabrikaning orqasida. Ish vaqtimga ta’sir qilmaydi, vaqtida kelishimga ham. Biz biroz turib qoldik. Treynor xonim asabiylashib goh sochini o‘ynar, goh bo‘ynidagi zanjirini changallardi. Nihoyat, o‘zini tutolmay, ovozini balandladi: — Nahotki ozgina sabr qilolmagan bo‘lsangiz? Atigi bir necha hafta? — Nima? — Uill… Menimcha, Uill sizga juda bog‘lanib qolgandi. — U labini tishladi. — Tushunmayapman... tushunmayapman, buni nima keragi bor edi qilishning? — To‘xtang. Siz men yigitimni uyiga ko‘chib o‘tmasligim kerak edi demoqchimisiz? — Men shu paytda ko‘chib o‘tmasligingiz kerak edi, demoqchiman. Uillning ko‘ngli hozir nozik. Biz bor kuchimiz bilan unda yaxshilikka umid uyg‘otmoqchi bo‘lganimizda... siz esa... — Men esa? — (Ofitsiantka yon daftarini g‘ijimlab, bizni tomosha qilardi.) — Nima men? Ishdan tashqarida ham yashashga haddim sig‘ibdimi? – Men qo‘limdan kelganicha... shuni oldini olishga harakat qilyapman, Luiza, – deb sekinroq gapirishga tushdi Treynor xonim. – Qanday masalani hal qilishimiz kerakligini bilasizku. Men sizga, aytmoqchi bo‘lganim, Uillning sizga munosabatini inobatga olgan holda biroz sabr qilsangiz bo‘lardi. Baxtingizni... pesh qilmasangiz ham bo‘lardi. Quloqlarimga ishongim kelmasdi. Yuzim qip-qizil bo‘lib ketdi, byana gap boshlashdan avval chuqur nafas olishimga to‘g‘ri keldi. – Uillning tuyg‘ularini tahqirlamoqchi deb o‘ylashga qanday haddingiz sig‘di? Men o‘ylab topgan ishlarimni qilishga urinyapman. Qandaydir yangiliklar qidiraman, uni uydan chiqaraman, gaplashib o‘tiraman, kitob o‘qib beraman,
parvarishlayman. – Endi o‘zimni tutolmadim. – uni yuvintiraman. Iflos kateterlarini almashtiraman. Kuldiraman. Men sizning butun oilangiz qiladigan ishdan ko‘p narsa qilyapman uning uchun. Treynor xonim joyidan qimirlolmay qolgandi. U sumkasini qo‘liga olib, qaddini ko‘tardi. — Gapimiz tugadi, chog‘i, miss Klark. — Ha. Ha, Treynor xonim. Shunday bo‘lsa kerak. U qayrilib qahvaxonadan otilib chiqib ketdi. Eshik taraqlab yopilganida dir-dir titrayotganimni payqadim. DAVOMI BOR.
Search
Read the Text Version
- 1 - 6
Pages: