Important Announcement
PubHTML5 Scheduled Server Maintenance on (GMT) Sunday, June 26th, 2:00 am - 8:00 am.
PubHTML5 site will be inoperative during the times indicated!

Home Explore SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-7

SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-7

Published by Eldor Bozorov, 2023-07-20 18:04:48

Description: SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-7

Search

Read the Text Version

Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA *** Ota-onam mening qo‘limga qarab qolishgani uchunmi yo ishim o‘zimga yoqmayotgani sabablimi ular menga sal hurmat bilan qaraydigan bo‘lishgandi. Bu menga alohida imtiyoz bermagan bo‘lsa-da, endi otam hadeb «shu qizim semirib ketyapti» demay qo‘ygani va ishdan kelishim bilan onam meni bir finjon choy bilan kutib olishi bilan ifodalanardi. Patrik va singlim bilan munosabatlarimiz o‘sha-o‘sha – avvalgidek kinoyali gaplar, piching aralash zaharxandaliklar, o‘pib-quchoqlashlar davom etardi. Uillning men haqimdagi fikri hanuz kaminaga qorong‘u edi. Natan men bilan do‘stona munosabatda bo‘lsa ham, o‘ziga ko‘p ham yaqinlashtiravermasdi. Janob Treynorga duch kelganimda esa u boshini silkib men bilan so‘rashardi-da, odob yuzasidangina ob-havo yoki sog‘lig‘im haqida so‘rar, ko‘chada meni ko‘rib qolsa, tanimasligi aniq edi. Ammo Treynor xonim uchun men dunyodagi eng noshud va mas’uliyatsiz odam edim! Hammasi fotoramkalardan boshlandi. Uydagi biror narsa Treynor xonimning e’tiboridan chetda qolmasdi. Avval u Uill qancha vaqt bir o‘zi qolgani to‘g‘risida surishtirdi... Yo‘q, u meni urishmadi, axir uning tarbiyasi, hatto, ovozini ozroq balandlashga ham yo‘l qo‘ymasdi – ammo mening javoblarimni eshitib, boshini qimirlatishidan, gaplarimga mos «xm» yoki «xa-a» deyishidan barchasi ma’lum edi. Shu boismi, Natan «xonim sudya bo‘lib ishlaydi», deganida hayron ham qolmadim. Treynor xonim nuqul biror nasani tasodifan yerga tushirib yuborganimda, yoki oshxonadagi biror uskunani ishlatolmay boshimni qashlab turganimda, yoki tashqaridan o‘tin ko‘tarib kelayotganimda kirib kelar, natijada nuqul Uillni yolg‘iz qoldirayotganimdek tuyulardim unga. Ne ajabki, uning menga bunday munosabati, Uillning qo‘polligidan ko‘ra ko‘proq g‘ashimni keltirardi. «Axir meni malakam uchun emas, sho‘x-shodonligim uchun ishga olgansizku, – degim kelardi unga. – Mana, istaganingizdek ertalabdan kechgacha chaqqon- chaqqon harakat qilib, yuzimda tabassum bilan chopganim-chopgan. Xo‘sh, yana nima istaysiz?» Ammo Kamilla Treynor bunday gaplashsa bo‘ladigan ayollardan emasdi. Buning ustiga bu uyda hech kim hech qachon to‘g‘ridan to‘g‘ri gapitirmasdi.

«Sizdan avvalgi qizimiz bitta tovada ikki xil sabzavotni pishirolardi» degani oshxonani haddan tashqari besar qilib yuborganimni anglatardi, nima haqida gapirishni bilishmasa, «Uill, choy ichasanmi?» deb so‘rab qo‘ya qolishardi, «hujjatlarni ko‘rib chiqishim kerak» esa aslida «qo‘pollik qilaverganing uchun bu yerni tark etyapman» degani edi. *** – Meni sabzi bilan boqishga qaror qidingizmi? Likopga qaradim. Televizordagi boshlovchinikidek sochimni bo‘yasammi, deb o‘ylab turgandim – Nima? Yo‘q... – Sabzini ezib, qaylaga qo‘shvoribsiz. Ko‘rdim. Qizarib ketdim. U haq edi. Men o‘tirib, Uillni ovqatlantirarkanman, ko‘zimizning bir qiri bilan yangiliklarni tomosha qilardik. Tushlikka qovurilgan go‘sht bilan kartoshka pyuresi tayyorladim. Uill sabzavot yemayman deyishiga qaramay, onasi sabzi, gulkaram ham pishirishni buyurgandi. Tayyorlagan taomlarim vitaminlarga boy bo‘lishi shart edi. – Nega sabzi soldingiz? – Solmadim. – Sizningcha, bu yerda sabzi yo‘qmi? – Hm… – mayda sariq bo‘lakchalarga qaradim. – Bor… U qoshini yuqoriga ko‘tarib, javobimni kutardi. – E e e… Sabzi sizga foyda beradi degandim... Treyxnor xonimning haqqi-hurmati shunday demasam bo‘lmasdi. Odatda, Tomasga sazavotlarni kartoshka yoki makaronning ichiga yashirib yedirardik va uning og‘ziga tushgan har bir sabzi bo‘lagi kichkina g‘alabadek qabul qilinardi. – Bitta savol bersam, maylimi? Bir choy qoshiq sabzi mening ahvolimni yaxshiroq qilib qo‘yadi, deb o‘ylaysizmi? Ha, haqiqatan ham.. Ammo men Uill nima desa ham, nima qilsa ham qo‘rqmaslikka o‘rganib qolgandim. – Tushundim sizni, – dedim men hotirjam. – Bu boshqa takrorlanmaydi. – Onam sizni shunday qilishga majbur qildilarmi? – Yo‘q. Uill, iltimos, kechiring. Men shunchaki… o‘ylamay solib yuboribman. – O‘ylab ham turish kerak ba’zan. – Bo‘pti-bo‘pti. Shu sabzini olib tashlasam, qutilamanmi? – Gap sabzida emas, gap uni yashirincha menga yedirmoqchi bo‘lganingizda! – Keling, mana, olib tashlayapman... – Kerakmas, yemayman. – U mendan yuzini o‘girdi. – Choy damlab bering, yetadi. Faqat uniyam ichiga baqlajon solib yubormasangiz bo‘ldi. – dedi u chiqib ketarkanman.

Idishlarni yuvib bo‘layotganimda Natan kirdi. – Uillning kayfiyati yaxshi, – dedi u uzatgan choyimni olarkan. – Nahotki? – Uni zaharlamoqchi bo‘lganmishsan. Ammo bu gapni bilasanmi... haligi... hazillashib aytdi. Natanning gaplaridan xursand bo‘lib ketdim. – Qo‘ysangchi, – dedim men quvonchimni yashirishga urinib. – Shunchaki, vaqt kerak edi-da. – Avvalgidan ko‘proq gaplashayapti. Haftalib og‘zini ochmasligi mumkin edi. – dedi Natan, so‘ng ovozini pasaytirib davom ettirdi: – Bir haftacha oldin Ti xonim mendan seni qanday ishlayotganingni surishtirgandi,– Men vazifalarini sidqidildan bajarayapti dedim, ammo u boshqa narsani nazarda tutgandi... Kecha esa u kirganida ikkalangizning kulayotganingnizni eshitibdi. Men kecha nima bo‘lganini esladim. Agar hushtak chalishni bas qilmasam, Uill meni aravasi bilan urib yiqitishini aytgandi. Keyin Uill yashil qaylanining nomi «pesto» ekanini bilmasligimni eshitib, kulgisi qistagandi. «Yashil qaylali makaron» aslida «pestoli spagetti» emish. – U meni ustimdan kulayotgandi, – dedim qizarib. – Nima farqi bor? U anchadan beri hech narsadan xursand bo‘lmagandi. Bu rost edi. Biz haqiqatan ham nihoyat Uill bilan chiqishib olgandik. Buning ma’nosi shunda ediki, u menga qo‘pollik qilar, men ham ba’zan qo‘pollik bilan javob berardim. U hamon mening barcha qilgan ishlarimdan xato topar, men esa uning menga chidashdan boshqa iloji yo‘qligini aytardim. Bu albatta hazil aralash dahanaki jang bo‘lsa-da, ikkimizga ham yoqar, Uill, nazarimda, unga gap qaytaradigan odam topilganidan yengil tortgandek edi. Falokatdan so‘ng barcha uning atrofida oyoq uchida yurishi joniga tekkan, shekilli. Faqat Natangina uning zahri-zuqqumidan bebahra qolgandi. – Unda u ko‘proq sening ustingdan kulishiga qo‘yib ber, maylimi? – dedi Natan jilmayib. – O‘, bu aslo muammo emas! – Finjonnni taraqlatib rakovinaga soldim. Kayfiyatidagi o‘zgarishidan tashqari endi Uill uni yolg‘iz qoldirishimni kamroq so‘rar, hatto bir-ikki marta birga kino ko‘rishni ham taklif etdi. Men u bilan maza qilib, «Terminator» ni tomosha qildim, ammo subtitrli fransuz kinosini ko‘rishni taklif qilganida muloyimlik bilan rad etdim. – Nega? – Subtitrli filmlarni ko‘rolmayman, – dedim yelkamni qisib. – Bu xuddi aktyorlar o‘ynaydigan filmlarni ko‘rolmayman, deganidek gapku. Ahmoqlik qilmang. Nimasi yoqmaydi? Faqat ko‘rmasdan, o‘qish ham kerakligi yomonmi?

– Horijiy filmlarga xushim yo‘q. Biror marta ham subtitrli filmlarni ko‘rmaganim Uillni hayratga soldi. Kechqurunlari televizor pultiga onam yoki otam egalik qilardilar, Patrikni esa titrli film ko‘rgani ko‘ndirishdan ko‘ra, tikish-bichish to‘garagiga yozilishnga ko‘ndirish osonroq edi, nazarimda. – Luiza, mana bu filmni ko‘rishingiz shart. Bu buyruq, – Uill aravasini orqaroqqa haydab, yumshoq kursiga ishora qildi. – O‘tiring. Va film tugagunicha o‘rningizdan turmaysiz. Tavba, birorta chet el kinosini ko‘rmagan bo‘lsa-ya, – dedi u to‘ng‘illab. Bu film chekka qishloqdagi uyni merosga olgan bukri haqida edi. Uill film men hech qachon eshitmagan mashxur asar asosida olinganini aytdi. Boshida hech ko‘nikolmadim, goh ekranning pastiga, goh tepasiga qarayverish g‘alati-da. Biror bahona topib chiqib ketsammikan, deb ham o‘yladim, ammo Uill xafa bo‘lmasligi uchun chidashim kerak edi. Yigirma daqiqalar o‘tgach esa nimadir yuz berdi. Men birvarakayiga o‘qish va ko‘rish qiyinligi haqida ham, dorilarni berish tartibi borasida ham, Treynor xonim ko‘rib qolsa ishdan qochayapti, deb o‘ylashi to‘g‘risida ham unutdim, berahm qo‘shnilari dastidan aziyat chekayotgan bukrining ahvolini achinib tomosha qilishga tushdim. Bukri o‘layotganda esa men ho‘ng-ho‘ng yig‘lashga tushgandim. – Ana bo‘lmasa... – Uill ro‘pramda paydo bo‘lib, menga sho‘x nazar tashladi. – Sizga umuman yoqmadi. Tashqariga qarasam, allaqachon kech tushib bo‘libdi. – Ana endi battar ustimdan kulasiz, – deim men qog‘oz sochiq olib, yuzimni artarkanman. – Albatta-da. Hayron qolganim, shu yoshingizga yetib... Aytgancha, yoshingiz nechada? – Yigirma oltida. – Yigirma oltiga kirib ham subtitrli birorta film ko‘rmaslik mumkinmi? – Bunday qilish shart ekanini bilmagandim. – Kino ko‘rmasangiz, unda bo‘sh vaqtingizni qanday o‘tkazasiz? – Ishdan bo‘sh vaqtimni qanday o‘tkazishim bilan qiziqyapsizmi? – Axir o‘zingiz bir-birimizni yaxshi bilib olishimiz kerak deysiz, mana endi aytib bering. Har doimgidek uning ohangidan, ustimdan kulayaptimi, jiddiy gapiryaptimi, bilib bo‘lmasdi. – Nima qilasiz bilib? – so‘radim men. – Birdan qiziqib qolibsizmi? – Obbo, xudoyimey, xuddi davlat siri ekanda shuyam. – Uning jahli chiqqanga o‘xshardi.

– Bilmasam... – deb boshladim men. – Qahvaxonaga boramiz. Televizor ko‘raman. Yigitim yugurayotganini tomosha qilaman. Shu... – Yigitingiz yugurayotganini tomosha qilasizmi? – Ha. – O‘zingiz esa yugurmaysiz. – Yo‘q. Men bunga… – sekin ko‘kragimga qarab qo‘ydim. – Moslashmaganman. – Yana? – jilmaydi u. – Qaysi ma’noda? – Xobbilaringizchi? Sayohatlarga chiqasizmi? Yaxshi ko‘rgan joylaringiz bormi? Uill maktabda kasbga yo‘naltiruvchi mutaxassisni eslatardi. – Jiddiy xobbim yo‘q. – Biroz o‘ylandim. – Kitob o‘qiyman. Keyin yasan- tusan qilishni yotiraman. – Mazaykanku, – dedi u quruqqina. – O‘zingiz so‘radingiz, aytdim. Hech qanday xobbim yo‘q. – Men negadir himoyalanishga tushgandim. – Shunaqa! Ishga borib kelaman, keyin uyda o‘tiraman. – Qaerda yashaysiz? – Qal’aning narigi tarafida. – Dam olishchi? – Patrik bilan Ispaniyaga borganman. Yigitim bilan, – deb qo‘shib qo‘ydim. – Yoshligimizda ham shahardan chetga chiqmagandik. – Nimani istaysiz? – Nimani istayman? – Hayotdan nimani istaysiz? – Bu juda murakkab savol, – dedim men ko‘zimni pirpiratib. – Men sizga falsafiy javob bering demayapman. Ruhshunos qabulida ham emassiz. Shunchaki nimani istaysiz? Turmushga chiqishnimi? Farzand ko‘rishnimi? Karera qilishnimi? Dunyo kezishnimi? Mening javobim uning xafsalasini pir qilishini aniq bilganim uchun biroz sukut saqladim. – Bilmayman. Bu haqda jiddiy o‘ylamagan ekanman. *** Juma kuni shifoxonaga otlandik. Yaxshiyam Uill shifokor ko‘rigidan o‘tishi kerakligini avvaldan bilmaganim, aks holda kechasi bilan uni qanday qilib olib borishimni o‘ylab, uxlamay chiqardim. Mashina haydashni bilishim rost – taxminan fransuzcha gapirishni qoil qiladiganimdek. Imtihon ham topshirganman, ammo bu hunarimni yilda bir namoyish etsam katta gap edi. Shu bois Uillni maxsus

mikroavtobusga joylab, qo‘shni shaharga olib borib, qaytarib olib kelish kerakligi meni dahshatga solardi. Ishga kirganimdan beri ish paytida biror joyga borib kelishni orzu qilardim. Endi esa hech qaerga bormaslik uchun har narsaga roziydim. Uilning kasallik anketasini hujjatlar ichidan qidirib topdim. U yerda bugungi sana yozilgandi. Balki, Uill adashgandir, degan mittigina umidim ham so‘ndi. – Oyingiz ham biz bilan boradilarmi? – Yo‘q. U kishi men bilan shifokorlarga bormaydilar. Hayratimni yashirolmadim. Nazarimda, Treynor xonim Uillning sog‘lig‘i bilan bog‘liq biror mayda narasani ham chetda qoldirmasdi. – Avvallari borardilar, – tushuntirdi Uill. – Ammo endi bormasliklariga kelishganmiz. Men Uillning qarshisida tiz cho‘kib o‘tirardim. Asabiylashganimdan shimiga ovqat tomizib yuborgandim, endi esa uni astoydil tozalashga kirishgandim. Men uzr so‘ragancha xo‘l latta bilan shimni artarkanman, Uill kechirim so‘rashni bas qilishimni aytar, men esa tinchlana qolmasdim. – Natanchi? – U nima qiladi? – O‘zi... shunchaki... U mening qo‘rqayotganimni sezib qolishini istamasdim. Ertalabki uy yig‘ishtirishga ajratgan vaqtimni faqat arava ko‘targichni ishlatib, mashinaga joylash bo‘yicha yo‘riqnomani o‘rganishga sarflagan bo‘lsam-da, Uillni yarim metr yuqoriga ko‘tarish kerakligini o‘ylasam, yuragim orqaga tortib ketardi. – Bo‘ldi endi, Klark. Nima bo‘ldi o‘zi? – Mayli. Birinchi... Birinchi martasiga yonimda birov bo‘lsa degandim. – Men birov hisoblanmayman, shundaymi? – Buni nazarda tutmagandim. – Chunki men o‘zimga qanday qarash kerakligini bilmayman-a? – Ko‘targichni boshqarishni bilasizmi? – deb so‘radim dangaliga. – Menga nima qilishim kerakligini aytib turolasizmi? U menga hotirjam tikilib turaverdi. Urushga shaylangan bo‘lsa-da, ahdidan qaytdi chog‘i. – Gapingizda mantiq bor. Natan boradi. Ikkovlashib amallaysizlar. Buning ustiga u bo‘lsa, kamroq asabiylashasiz, deb hisobladim. – Hech ham asabiylashayotganim yo‘q-da, – deb qarshilik qildim men. – Sira asabiylashmayapsiz. – U men sochiq bilan artayotgan oyog‘iga qaradi. – Endi menga peshob ushlolmaslik tashxisini ham qo‘yishadi. – Hali tugatganim yo‘q. – Fenni tokka ulab, issiq havoni shimiga to‘g‘irladim. Uill qoshlarini chimirib oldi.

– Ha, – dedim qizishib. – Juma kuni kechqurun meni ham boshqa qiladigan ishlarim bor edi. – Siz rostan ham hayajonlanyapsizku! – U menga tikilib turaradi. – Qo‘ysangizchi, menga balo urarmidi? Juda bo‘lmasa, nogiron qilib qo‘yasiz, shu. G‘alati tuyulsa ham kulib yubordim. Nahotki, Uill mening ko‘nglimni ko‘tarishga urinayotgan bo‘lsa? *** Avtomobil tashqaridan qaraganda oddiy mashinalardek ko‘rinsa-da, orqa eshigi ochilishi bilan yergacha pandus tusharkan. Natanning nazorati ostida Uillning ko‘cha aravasini – bu sayr uchun mo‘ljallangan boshqa arava edi – pandusga to‘g‘rilab, tugmalarni bosib-o‘chirib, mashinaga kiritdim. Natan Uillga xavfsizlik kamarlarini taqib, g‘ildiraklarini mahkamlab qo‘ydi-da, o‘zi yoniga o‘tirdi. Men qo‘llarimning qaltirayotganiga qaramay, mashinani qo‘l tormozidan chiqarib, asta gazni bosdim. Uydan tashqarida Uill kichkinagina bo‘lib qolgandek edi. Ko‘cha ayoz bo‘lgani uchun biz Natan bilan uni sharfga o‘rab, palto kiydirib qo‘ygandik. U qunishibgina jim o‘tirar, faqat iyagini oldinga chiqarib, indamay derazaga qarab ketardi. Bir necha marta mashina o‘chib qolganida ham, keskin tormozni bosib yuborganimda ham undan sado chiqmadi. Shifoxonaga yetib kelganimizda qora terga botib qolgandim. Shifoxona oldidagi mashinalar to‘xtash joyiga o‘rnashgunimcha yigitlarning toqati toq bo‘lgandi. Nihoyat pandusni tushirib, Uillning aravasini ko‘chaga chiqardim. – Qoyil! Boplab haydading! – Natan mashinadan chiqib, meni yelkamga urib qo‘ydi, ammo uning samimiyligiga umuman ishonchim yo‘q edi. Uill esa uydan chiqqanimizdan beri og‘ziga tolqon solgandek o‘tirardi. Shifoxona yaltiroq binodan iborat bo‘lib, ko‘proq qimmat mehmonxonaga o‘xshardi. Uill kotibaga ismini aytib, uzun yo‘lakdan ketarkan, uning orqasidan ergashdim. Natan esa har ehtimolga qarshi kerak bo‘lib qolishi mumkin bo‘lgan narsalar – stakanchalardan tortib, qo‘shimcha kiyimgacha solingan ryukzakni ko‘tarib olgandi. Natan uni mening oldimda yig‘ayotib, meni battar qo‘rqitib, vujudga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsizliklarni sanagandi. Shifokor xonasiga Uillning o‘zi kirib ketdi. Natan ikkimiz ajabtovur gullar bilan bezatilgan tokchalar oldidagi yumshoq kursilarga joylashib oldik. – Nima qilishyapti u yerda o‘zi? – deb so‘radim men yarim soatlardan so‘ng. – Har yarim yilda o‘tkaziladigan odatiy ko‘rik, – dedi Natan kitobidan boshini ko‘tarib. – Ahvoli qay darajada o‘nglanganini aniqlashmoqchimi? – Uning ahvoli o‘nglanmaydi, – Natan kitobni yoniga qo‘ydi. – Orqa miyasi shikastlangan.

– Lekin fizioterapiya qilasiz unga, dorilar beramiz. – Ular faqat hozirgi holatini ushlab turish uchun qilinadi, mushaklari qurib qolmasligi, suyaklaridan kalsiy yuvilib ketmasligi, oyoqlarida qon qotib qolmasligi maqsadida. – Natan xuddi mening ko‘nglimni sovitib qo‘yishni istamagandek yumshoq ohangda gapirardi. – U hech qachon yurolmaydi, Luiza. Mo‘jizalar faqat Gollivud filmlarida bo‘ladi. Biz faqat og‘riqni kamaytirib, mavjud harakatlanish imkoniyatini saqlab qolishga harakat qilyapmiz. – Uillchi? Aytganlaringizni bajarayaptimi? U men taklif qiladigan hech qaysi mashqni bajarmaydi. – Qiladi, ammo o‘lganining kunidan. – Natan burnini jiyirdi. – Men endi ishga kelganimda u aytganlarimni jon berib bajarardi. Reabilitatsiya yomon ketmayotgandi, ammo bir yil harakat qilganidan keyin ham biror o‘zgarish bo‘lmagach ixlosi qaytdi. – Nima deb o‘ylaysiz, u taslim bo‘lmasligi kerakmi? – Rostini aytaymi? – Natan yerga qaradi. – Kvadriplegiya C5/6 tashxisi qo‘yilgan. Bu mana bu yog‘idan pasti ishlamaydi degani... – U kafti bilan ko‘kragining yuqori qismini ko‘rsatdi. – Orqa miyani tuzatishni xali ixtiro qilishmagan. – Ammo tibbiyot joyida qotib qolgani yo‘qku? Mana shunaqa shifoxonalar bor... Bu muammoni ham hal qilish ustida ish olib borishayotgandir. – Ha, bu yaxshi shifoxona sanaladi, – dedi-da, Natan yana kitobini qo‘liga oldi. *** Soat uch yarimlarda Natan meni qahva olib kelishga jo‘natdi. Qaytishida, tabiiyki, men adashib qoldim. Hamshiralardan yo‘lni so‘rashim ham ko‘p foyda bermadi. Deyarli sovib bo‘lgan qahva bilan o‘tirgan joyimizga yetib kelganimda yo‘lakda hech kim yo‘q edi. Yaqinroq kelib, shifokor xonasi ochiqligiga ko‘zim tushdi. Biroz o‘ylanib turdim-u, qulog‘imda Treynor xonimning Uillni yolg‘iz qoldirmasligim kerakligi to‘g‘risidagi ogohlantirishi chalinaverdi. Yana ishni pachavasini chiqargan bo‘lsamchi?.. – Demak, uch oydan keyin uchrashamiz, mister Treynor, – degan ovoz eshitildi. – Dorilaringizning dozalarini biroz o‘zgartirdim. Tahlillar natijasini dushanba kuni telefon qilib aytishadi. Men ko‘rik oxiriga yetib qolganini tushundim. Eshikni taqillatdim, kimdir kirishim mumkinligini aytdi. Ichkariga kirishim bilan turgan joyimda qotib qoldim. – Uzr, – shifokor o‘tirgan joyidan sakrab turdi, – men fizioterapevt deb o‘ylabman. – Men... Uillning enagasiman, – deb tanishtirdim o‘zimni, depsinib turgancha. – Kechirasiz, tugatdingiz deb o‘ylabman. – Bir daqiqa tashqarida kutib turing, Luiza, – deb qichqirdi Uill jahl bilan.

Yana uzr aytgancha qizarib-bo‘zarib ortimga tisarildim. Meni Uillning chandiqlar bilan qoplangan ozg‘in tanasi emas, yo‘q, Uillning bilagidagi egri-bugri tirtiqlar hayratga solgandi. Natan uzun yengli ko‘ylakni Uillga qanchalik chaqqonlik bilan kiydirishga harakat qilmasin, men ularni ko‘rib bo‘lgandim. DAVOMI BOR.


Like this book? You can publish your book online for free in a few minutes!
Create your own flipbook