Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA *** Shahar tashqarisidagi qirlik. Patrik o‘n olti mil masofaga yugurar, men esa uning ortidan velosipedda yurib, vaqtini belgilab borardim. Velosipedda elementar zarralar fizikasini tushunganimdan sal yomonroq yurganim bois nuqul gandiraklab bir tomonga ketib qolib javrardim, Patrik esa jahli chiqib qichqirardi. Aslida, u yigirma to‘rt mil yugurmoqchiydi, ammo meni bunga hech qanaqasiga kuchim yetmasligini aytdim, buning ustiga, xali uyga bir haftalik bozor ham qilib olishimiz kerak edi. Tish yuvish pastasi bilan qahvamiz qolmagandi. Qahvani-ku faqat men ichardim, Patrik o‘tli damlamalar bilan qanoatlanardi. Shipkout-Xillga ko‘tarilganimizda men hansirab qoldim, oyoqlarim ham og‘irlashib, pedalni arang aylantirardim. Mana shu yerda men unga bor gapni aytishga qaror qildim. Hali uyga qaytgunimizcha o‘n mil bor, demak, ungacha Patrik o‘ziga kelib qoladi. — Men musobaqaga bormaydigan bo‘layapman. U to‘xtamay, menga yaqinroq yugurib keldi. Menga yuzi bilan o‘girilib, orqamachasiga yugurarkan, uning menga hayrat va jahl bilan qarayotganini ko‘rib, daraxtga urilib ketishimga sal qoldi. – Nima? Nima uchun? – Men... ishlashim kerak. U yana to‘g‘riga o‘girilib oldi-da, tezligini oshirdi. Biz tepalikdan pastga tusha boshlagandik, undan o‘tib ketmaslik uchun tormozni bosishimga to‘g‘ri keldi. — Buni qachon bilding? Uning peshanasida ter tomchilari yaltirardi. — Dam olish kuni. Bunga amin bo‘lishim kerak edi. — Ammo biz senga chiptalar olib qo‘yganmiz. — Agar istasang, o‘ttiz to‘qqiz funtingni qaytarib beraman. – Gap puldamas. Meni qo‘llab-quvvatlash uchun borasan, deb o‘ylagandim. Axir o‘zing ham shuning uchun ketayotganding. Patrik jahl qilishni bilardi. Endi uchrashib yurgan paytlarimiz uning bu qilig‘ini masxaralardim. Vaysaqi chol deb atardim. Men qahqahlab kulardim, uning esa battar jahli chiqardi, odatda ovozim o‘chishi uchungina jahldan tushgan bo‘lardi. – Qo‘ysang-chi endi. Mana, hozir qo‘llab-quvvatlayapman-ku. Velosiped haydashni jinimdan battar yoqtirmayman, bilasan-ku, Patrik. Ammo sen uchun mana shu yerdaman.
U og‘iz juftlab, bir og‘iz gap gapirgunicha bir milya masofani bosib qo‘ydik. Patrikning qadam bosishi og‘irlashib, o‘zi g‘amgin bo‘lib qolgandek tuyuldi. Biz shaharchamizdan ancha yuqoriga ko‘tarilgandik, tepaga chiqayotganimizda yuragim duppirlab ura boshlardi. Patrik o‘zining poygachi velosipediga yaqinlashishimga ham yo‘l qo‘ymas, onamning eski velosipedida bo‘lganim uchun ko‘pincha Patrikdan ortda qolib ketardim. Patrik ortiga qayrilib qaradi-da, unga yetib olishim uchun tezligini kamaytirdi. — Xo‘sh, agentlikdan chaqiriladigan enaganing nimasi yomon ekan? – deb so‘radi u. — Agentlikdan? — Treynorlarning agentlikdan vaqtinchalik enaga yollab turishga qurblari yetadi. Demoqchimanki, sen ularnikida ishlayotganingga olti oy bo‘ladi, dam olishga haqqing bor. — Bu sen o‘ylaganingdek oson emas. — Sababini tushunolmayapman. Sen ishga kirganingda hech narsani bilmasding. Men nafasimni ichimga yutdim. Haloslab qolganimni inobatga olsak, to‘g‘risi, bu oson bo‘lmadi. — Sababi bor... U sayohatga ketayapti. — Nima? — U safarga chiqmoqchi. Natan ikkimiz unga yordam berishimiz kerak. — Natan? Yana qanaqa Natan? — Tibbiy yordamchisi. Uill oyimnikiga mehmonga kelganida uni olib kelgan kishi. Patrik bu haqda bosh qotirayotganini ko‘rdim. U yuzidan terni artdi. — So‘ramasang ham bo‘ladi, — dedim men. — Natan ikkimizning o‘rtamizda hech narsa yo‘q. U qadamini sekinlatib, uzoq asfaltga qarab turarkan, oxiri bir joyda yugura boshladi. – Nima bo‘layapti o‘zi, Lu? Men... sening ishing bilan... – u yelkasini qisdi, – hayoting o‘rtasidagi chegarani ko‘rmay qoldim. — Bu oddiy ish emas. O‘zing ham bilasan. — Ammo Uill Treynor, nazarimda, sen uchun hamma narsadan ustun bo‘lib qoldi. — Bu-chi? — men velosiped rulini qo‘yib yuborib, uning oyoqlariga ishora qildim. — Bu boshqa. Yugurgim kelganda yuguraman, tamom. — Sen ham yugurayapsan, men ham yugurayapman, – deb jilmayishga harakat qildim.
— Juda kulguli, — deb kuldi u. — Olti oygina, Pat. Atigi olti oy. Axir o‘zing shu ishga rozilik berishimni istamaganmiding? Endi bo‘lsa, ishimga haddan tashqari jiddiy qarayoganimda ayblayapsan? — Nazarimda... gap ishingda emas... Sen... nimanidir mendan yashirayapsan. Men javob berishga shoshilmadim. – Unday emas. – Axir musobaqaga ketmayapsan-ku. – Aytdim-ku, men... Patrik ozroq boshini chayqadi. Keyin tez yugurib ketdi. Uning toshdek qotgan yelkasidan qanchalar jahli chiqqani ko‘rinib turardi. – Qo‘y endi, Patrik. Balki to‘xtab, gaplashib olarmiz? – Yo‘q. Vaqtimni buzaman,– dedi u qaysarlik bilan. – Unda, kel, soatni to‘xtatib qo‘yamiz. Atigi besh daqiqaga. – Yo‘q. Men real sharoitda yugurishim kerak. – Uni xuddi birov itarib yuborgandek yana ham tezroq chopqillab ketdi. — Patrik? — men ham uning ortidan tezligimni oshirdim. Oyog‘im pedaldan chiqib ketdi, asabiylashib pedalni orqaga itardim. — Patrik? Patrik! — Men uning gardaniga qararkanman, so‘zlar o‘zidan-o‘zi tilimdan chiqib ketdi. – Mayli, aytaman. Uill o‘zini o‘ldirmoqchi. Bu sayohat uni fikridan qaytarishga yagona imkoniyat. Patrik sekinlashdi, keyin hali ham menga qaramay to‘xtadi. Nihoyat u yugurishni bas qilgandi. — Takrorla-chi. — Uill «Dignitas»ga bormoqchi. Avgustda. Men uni fikridan qaytarmoqchiman. Bu oxirgi imkoniyat! Patrik gaplarimga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmay menga qarab turardi. — Bilaman, bunga ishonish qiyin. Men uni niyatidan qaytarmasam bo‘lmaydi. Shunga... shuning uchun ham musobaqaga borolmayman. — Nega buni menga ertaroq aytmading? — Uning oilasiga hech kimga aytmaslikka va’da berganman. Agar bu gap tarqalib ketsa, bosh ko‘tarib yurolmay qolishadi. Hatto, u ham bundan xabarim borligini bilmaydi. Bu juda... chalkash voqea. Kechir. – Men unga qo‘limni uzatdim. – Agar aytolganimda, yashirmasdim. Patrik javob bermadi. U xuddi men juda yomon ish qilib qo‘yganimdek, g‘amgin bo‘lib qolgandi. Qovog‘ini uyib, arang yutindi. — Pat…
— Yo‘q. Qo‘y… U yog‘iga bir o‘zim yuguraman, Lu. Yolg‘iz. — u qo‘li bilan sochlarini siladi. — Xo‘pmi? — Xo‘p, — deb javob berdim xirrilab. Bir soniyacha Patrik bu yerda nima qilayotganini tushunmagandek gangib turdi. Keyin yana oldinga qarab chopib ketdi. *** To‘ydan kelganimizning ertasi kuni internetga savol jo‘natgandim: Kvadriplegiklar uchun sarguzasht qilish imkoniyati bo‘lgan yaxshi joyni bilasizlarmi? Men sog‘lom odamlarga ham, tushkunlikka tushib qolgan do‘stimga ham hayot bir qadar chegaralanganini esdan chiqarishga imkon beruvchi narsa qidirayapman. Nimaga umid qilayotganimini bilmayman-u, lekin har qanday taklifdan xursand bo‘laman. Buni tez kunlarda amalga oshirish kerak. Saytga kirib, hayratdan ekrandan ko‘zimni uzolmay qoldim. Sakson to‘qqizta javob! Birgina savolga shuncha javob kelsa-ya! Menga kvadriplegiklar uchun qoyadan sakrash, suzish, eshkak eshish, maxsus uskuna yordamida otda yurish haqida yozishibdi. Havola bo‘yicha videotasvirni ko‘rib rosa havasim keldi, ammo Uillning otlarni yoqtirmasligi yodimga tushib, boshqa xabarga o‘tdim. Delfinlar bilan suzish, yordamchi ko‘magida suv ostida sayr qilish, baliq ovlash, o‘nqir-cho‘nqirlarda yurish uchun mo‘ljallangan maxsus kvadrosikllar haydash. Ko‘pchilik o‘zlari shunday mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanayotganlari surati tushirilgan tasvirlarni jo‘natibdi. Bir necha kishi, jumladan, Richi ham, meni eslab, Uillning ahvolini so‘rashdi. «Bu yaxshilik alomati chog‘i. Ahvoli tuzukmi?» Men tez javob qaytardim: «Safar hammasini o‘zgartiradi deb umid qilayapman». Richi: «Balli, qizaloq! Agar qalovini topgan bo‘lsang, marra seniki!» Skuterchi ayol yozibdi: «Qoyadan sakrayotganining suratini, albatta, jo‘nat. Yigitlar boshi pastda, oyoqlari tepadi bo‘lganida rosa kulguli ko‘rinishadi». Men bu odamlarni — kvadraplegiklar va ularning enagalarini juda yaxshi ko‘rardim, jasorati, bag‘rikengligi va tinimsiz izlanishdan charchamaganlari uchun. O‘sha kecha men jo‘natilgan takliflarni yozib oldim, ishonchli saytlar orqali havolalarga o‘tdim, chatda yozishdim. Kutubxonadan chiqib ketayotganimda qaerga borishimizni bilardim: Kaliforniyadagi «To‘rt shabada ranchosi» deb nomlangan maxsus markazga. Rancho o‘rmon ichiga qurilgan yog‘och qurilma bo‘lib, uni umurtqasining shikastlanishidan imkoniyatlari chegaranlaganini tan olishni
istamagan sobiq kaskadyor qurdirgan ekan. Markaz saytida «Sizga yordam kerakligini umuman unutib yuborishingizga ko‘mak beruvchi malakali xizmat ko‘rsatiladi», deb yozilgan bo‘lib, mijozlarning ko‘tarinki kayfiyat bilan yozilgan minnatdorchiliklari bilan to‘la edi. Ularning aytishicha, markaz ularning nogironlikka... va o‘zlarining o‘zlariga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirgan. Chatda o‘tirgan olti kishi ham ranchoda bo‘lishganini va natijada hayotga boshqacha ko‘z bilan qaray boshlashganini bildirishgandi. Rancho nafaqat nogironlar uchun zarur usukunalar bilan jihozlangan, balki hashamatli mehmonxonaga hos barcha qulayliklarga ega ekan. Yer sathidan pastga qurilgan vannalar va ko‘rinmas ko‘tarish uskunalari hamda malakali massajchilar. Tajribali shifokorlar va oddiy o‘rindiqlar ortida nogironlar aravalari uchun joylari bor kinoteatr. Tashqariga qurilgan suvi isitiladigan hovuz, unda cho‘milib, yulduzlarni tomosha qilsa bo‘larkan. Biz bu yerda bir hafta turib, keyin bir necha kunga dengizga ketamiz. Eng oxirida esa eng zo‘ri bo‘ladi – Uill kvadriplegiklarga yordam berishni biladigan instruktor ko‘magida parashyutdan sakraydi! DAVOMI BOR.
Search
Read the Text Version
- 1 - 6
Pages: