Important Announcement
PubHTML5 Scheduled Server Maintenance on (GMT) Sunday, June 26th, 2:00 am - 8:00 am.
PubHTML5 site will be inoperative during the times indicated!

Home Explore SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-23

SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-23

Published by Eldor Bozorov, 2023-08-05 17:26:31

Description: SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-23

Search

Read the Text Version

Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA *** Ikki kundan keyin Uill infeksiya bilan shifoxonaga tushib qoldi. Shifokorlar buni profilaktik chora deyishsa-da, Uill chidab bo‘lmas azob chekayotgani kundek ravshan edi. Ayrim kvadriplegiklarning sezgirligi yo‘qoladi, ammo Uill faqat harorati ko‘tarilsa bilmas, ammo ko‘kragidan pastidan og‘riqlarni sezardi. Ikki marta musiqalar yozilgan disklar va mayda-chuyda shirinliklar ko‘tarib uni oldiga bordim-u, ammo Uill bu ahvolida meni ko‘rishni istamayotganini tushundim. U shifoxonada yotgunicha bo‘sh ekanimni aytdi. Bir yil avval ham bu kunlarimni bekorga sarflagan bo‘lardim, balki Patrik bilan biror joyga borib, ovqatlanib kelardik. Keyin kunduzgi ko‘rsatuvlarni tomosha qilardim. Balki kiyimlarimni bir ko‘zdan kechirib chiqardim. Uxlardim. Ammo endi g‘alati bezovtalik va o‘zimga ishonchsizlik qamrab olgandi meni. Erta turishga sabab yo‘qligidan, maqsadsiz qolganimdan o‘zimni qaerga qo‘yishni bilmayotgandim. Tushlikka yaqin vaqtimdan unumli foydalanishim mukinligi xayolimga kelib qoldi. Kutubxonaga borib, kvadriplegiklar to‘g‘risidagi barcha saytlarga kirib, Uill shifoxonadan chiqqach nimalar bilan shug‘ullanishimiz mumkinligini o‘rganishga kirishdim. Ro‘yxat tuzib, har bir bandida qanday qo‘shimcha texnik vositalar kerakligini yoki qaysi masalani avval muhokama qilib olishimiz kerakligini yozib chiqdim. Umurtqa pog‘onasi jarohatlangan odamlar forumini topib, dunyoning har burchagida Uill singari minglab erkak va ayollar umr kechirishayotgani, ularga do‘stlari, oila a’zolari, qarindoshlari yordam berayotgani, ayrimlari esa yolg‘iz ham turishi haqida o‘qidim. Shuningdek, bunday saytlar bilan qiziqayotgan yagona sog‘lom qiz ham men emasdim. Qizlar yigitlarida o‘ziga ishonchi paydo bo‘lib, yana odamlar ichiga kirishiga qanday yordam berishlari haqida so‘rashar, erkaklar zamonaviy tibbiy uskunalar to‘g‘risida surishtirishardi. Suhbatlarda qisqarmalardan ko‘p foydlanisharkan. Masalan, OMSh – orqa miya shikastlanishi, JS – jismoniy sog‘lom, SYI – siydik yo‘llari infeksiyasi. Men sevgi va yo‘qotish qissalarini o‘qirdim. Ayolning nogiron eri va kichik yoshdagi bolalari o‘rtasida gir-gir aylanishi, xotin erining qo‘l ko‘tarishi jonidan o‘tib, xudoga iltijo qilganida eri qo‘l-oyoqdan qolgani, erning nogiron xotini bilan yashashga chidolmayotgani, ammo atrofdagilarning gap-so‘zidan qo‘rqib, ajrashishga botinolmayotgani... Yozayotganlarning charchog‘i, tushkun kayfiyati bilinar, yana shu turishiga ular aravadan yiqilish, siydik yig‘iladigan xaltaning ba’zan yorilib ketishi, odamlarning axmoqona taskinlari to‘g‘risida hazillashishardi ham. Joniga qasd qilish to‘g‘risida ham gaplashishar – ba’zilar o‘zini o‘ldirishni istashini aytar, ayrimlar chidash, hayotga boshqacha nazar bilan qarashni o‘rganish kerakligini uqtirardi. Bularni o‘qirkanman, nazarimda, xuddi Uillning xayolidagilarni o‘qigandek bo‘ldim. Tushlik mahali kutubxonadan chiqib, shahar ko‘chalarida biroz aylandim. Krevetkali sendvich bilan o‘zimni mehmon qildim, qal’a oldidagi ko‘lda suzib

yurgan oqqushlarni tomosha qildim. Havo ancha iliq edi. Qiziq, butun dunyo ishlab, men dam olayotganim ko‘nglimga huzur bag‘ishladi. Ertalabdan beri uzlatda yashashga mahkum bo‘lganlar hayoti bilan yashab, endi shunchaki sayr qilish va quyosh nurlari ostida tamaddi qilishning o‘zi menga ozodlikdek tuyulardi. Tushligimni yakunlab kutubxonaga qaytib keldim-da, kompyuterning qarshisiga o‘tirdim. Chuqur nafas olib, xabar bitdim. Salom! Men 35 yosharli S5/6 kvadriplegikning dugonasi/enagasiman. Avvalgi hayotida u ko‘p narsaga erishgan, faol odam bo‘lgan, endi yangisiga ko‘nikishi qiyin bo‘layapti. Rostini aytsam, u yashashni istamasligini bilaman, va uni fikridan qaytishga urinyapman. Iltimos, menga yordam beringlar! Unga nima yoqishi va ahdidan qatarishi mumkin? Maslahatingizga muhtojman! «Asal Ari» deb imzo qo‘ydim. Ertasiga ertalab kompyuterni yoqsam, o‘n to‘rtta javob kelibdi. Butun dunyodan kunduziyu kechasi kelgan odamlarning ismlaridan ko‘zlarim jimirlab ketdi. Birinchi javob quyidagicha edi: Saldom, Asal Ari! Forumimizga xush kelibsiz! Do‘stingiz haqida kimdir qayg‘urayotgan ekan, demak u o‘zini yaxshiroq his qilayotganiga umid qilamiz. «Men bundan shubhalanman», — deb o‘ladim xo‘rsinib. Ertami, kechmi ko‘pchiligimiz tushkunlikka tushib qolamiz. Balki do‘stingiz ana shu palladadir hozir. Sizdan uzoqlashishiga yo‘l qo‘ymang. Doimo xush kayfiyatda yuring. Va bu yorug‘ dunyoni tark etishni sizu biz emas Yaratgan hal qiladi, deb gapirib turing. Balki U shu yo‘l bilan do‘stingizning hayotini o‘zgartirib, sinov bilan sinamoqchidir va... Sahifani keyingi javobgacha aylantirdim. Asal Ari! Nima ham derdim, kvadriplegik bo‘lish oson emas. Agar do‘stingiz faol hayot kechirgan bo‘lsa, undan ham qiyin. Menga quyidagilar yordam bergan: ko‘p muloqot, gaplashishni istamaganimda ham hatto. Shirin taomlar. Yaxshi shifokorlar. Sifatli dori-darmonlar, zarur holatlarda antideprissantlar. Balki OMSh uyushmasiga kirar? Men ham avval qarshi edim (o‘zimni kvadriplegik sanagim kelmagandi-da), ammo yolg‘iz emasligingni bilsang osonroq bo‘larkan. Omad, Richi. Keyingi ikkita javob qandaydir sekta a’zosidan va mehnat shartnomamga kiritilmagan usullar bilan Uillning ko‘nglini ko‘tarish haqidagi maslahat edi. Qizarib-bo‘zarib, xuddi birov orqamdan ko‘rib qoladigandek sahifani yana tepaga ko‘tardim. Keyingi javob meni o‘ylantirib qo‘ydi. Xayrli kun, Asal Ari! Nima uchun siz do‘stingiz/qarovingizdagi bemorni fikridan qaytarish kerak deb o‘ylaysiz? Agar qadrimni yo‘qotmay hayotimga nuqta qo‘yolsam va mening bu qarorimdan yaqinlarim qayg‘urishlarini bilmasam men ham bu imkoniyatdan foydalangan bo‘lardim.

Men nogironlik aravasida sakkiz yillik umrimni o‘tkazdim, bu xo‘rlik va umidsizlikning cheki yo‘qdek. Siz haqiqatan ham o‘zingizni uning o‘rniga qo‘yolasizmi? Siz, hatto, oshqozoningizni ham mustaqil bo‘shata olmaslik nimaligini tushunasizmi? Umringizning oxirigacha birovning yordamisiz ovqat yeyolmasligingizni, kiyinolmasligingizni, tashqi olam bilan aloqa qilolmasligingizni bilish naqadar dahshatliginichi? Qimirlamay o‘tirish/yotish tufayli terining achishib, qichishishi, tinimsiz kasalliklar, nafas olish apparatiga ulab qo‘yishlari... biz hamisha atrofdagilarga tobemiz. Buni bilib yashash juda og‘ir. Shuning uchun siz noto‘g‘ri savol bergansiz deb hisoblayman. Nima uchun JS odam bizning hayotimiz qanday bo‘lishni hal qilishi kerak? Agar do‘stingiz jonidan to‘ygan bo‘lsa, unga jonidan voz kechiga yordam berishingiz kerakmasmi? Hurmat bilan, Qayta Yuklash, Missuri, AQSh Barmoqlarim bir necha soniya klaviaturada qotib qoldi. Keyingi javoblarda boshqa kvadriplegiklar qayta yuklashni shafqatsizlikda ayblashib, ularning hayotdan maqsadlari borligi va to‘laqon hayot kechirishlarini yozishgandi – Uillga unchayam aloqasi bo‘lmagan kichikroq dahanaki jang bo‘lib o‘tibdi. Keyin forum qatnashchilarining eslariga yana men tushib, musiqa tinglash, san’at, maxsus klaviatura, uqalash muolajalari haqida amaliy takliflar berishibdi. «Muhabbat, – deb yozibdi birmengemlik Greys-31. – Agar u sevib qolsa, hayotini davom ettira oladi. Agar sevmaganimda men tushkunlik botqog‘iga botib qolgan bo‘lardim». Uning gaplari kutubxonadan chiqqanimdan keyin ham anchagacha qulog‘im ostida jaranglab turdi. Uillni shifoxonadan payshanba kuni chiqarishdi. Men maxsus mashinada uni olgani bordim. Rangi oqarib ketgan, charchagandek edi, yo‘l bo‘yi qimirlamay oynadan tashqariga qarab ketdi. – Shifoxonada uxlolmayman, – deb tushuntirdi u hol so‘raganimda. – qo‘shni karavatoda albatta kimdir inqillab yotgan bo‘ladi. Dushanbagacha dam olishi mumkinligini, ammo keyin bir nechta narsalar rejalashtirib qo‘yganimni aytdim. Uning maslahatiga rioya qilib, faol hayot tarzingi boshlaganimni, endi u men bilan bormasa bo‘lmasligini ham qistirib o‘tdim. Ikki haftalik reja tuzib qo‘ygandim. Endi kalendarim qora, qizil, yashil rangdagi yozuvlar bilan to‘lib ketgandi. Suratlar galereyasiga tashrifimiz yigirma daqiqadan kam vaqtimizni oldi. Mashinamizni qo‘yishga joy topgunimizcha binoni uch marta aylanib chiqishimiz ham shu vaqtning ichiga kirganda. Biz galereyaga kirdik, Uillning ortidan eshikni yopishga ulgurmasimdan u ishlarning barchasi dabdala ekanini e’lon qildi. Men nima uchun, deb so‘rasam, agar buni o‘zim ko‘rmayotgan bo‘lsa, u tushuntirib berolmasligini aytdi. Kinoteatrga kirishimizga esa u yerdagi liftning ishlamasligi to‘sqinlik qildi. Suzishga borishni tashkil qilish esa rosa kuchimni olgan bo‘lsa ham muvaffaqiyatsiz yakun topdi. Avvaldan cho‘milish hovuziga qo‘ng‘iroq qilib kelishish, Natanni ko‘makka jalb qilish, oxiri yetib borganimizda esa markazning

eshigi oldida termosdan kakao quyib ichish bilan kifoyalanish, negaki Uill mashindan tushmayman, deb turib oldi. Chorshanba kuni biz Uill bir paytlari Nyu-Yorkda tinglagan xonandaning konsertiga bordik. Ertasiga uni sharob degustatsiyasiga olib bordim. Bu markali vinolar sotiladigan do‘konning reklama aksiyasi edi. Faqat Natanga Uillni mast qilib qo‘ymaslikka va’da berishimga to‘g‘ri keldi. Men Uillning burnini tagiga bokallarni olib borarkanman, u hali ichmasidan, hidlab ko‘riboq sharobning nomini aytardi Uill stakanidagi suyuqlikdan ozroq xo‘plab, stakanchaga tuflaganini ko‘rib kulgidan o‘zimni tiyolmadim. U esa menga o‘qrayib qarab, meni xaliyam yosh boladeksiz dedi. Do‘kon egasining esa nogiron kelganidan tashvishi tugadi – Uill unda katta taassurot qoldirgandi. Biroz vaqtdan so‘ng u boshqa shishalardan ham ochib, Uill bilan uzum navlari va yetishtiriladigan hududlarni muhokama qilishga kirishishdi. Men esa, to‘g‘risi, biroz zerikib, shisha yorliqlarini tomosha qilishga kirishdim. — O‘tiring, Klark, o‘rganing. — Uill boshini silkib, menga o‘tirishni buyurdi. — Men bu ishni qilolmayman. Oyim birovlarning oldida tuflash mumkin emas, deb o‘rgatganlar. Erkaklar menga ahmoqqa qaragandek qarashdi. Ammo u har safar ham tuflab tashlamayotgandi. Men uni kuzatardim. Kunning qolgan qismida u shubhali ravishda ko‘p gapira boshladi, ko‘proq kular, hatto odatdagidan jahldorroq ham edi. Uyga qaytganimizda esa notanish shaharchani o‘rtasida tirbandlikka tushib qoldik. Men atrofga qarab tatuirovka va pirsing saloniga ko‘zim tushdi. – Tatuirovka qildirishni orzu qilaman, – dedim shunchaki. Uillning yonida bekordan-bekor gapirish mumkinligini eslab qolsam ham bo‘lardi. u darrov nima uchun shu paytgacha buni amalga oshirmaganim bilan qiziqdi. – Bilmasam... Boshqalar nima deydi, derdim. — Nega? Ular nima deydi? — Dadam tatuirovkalarni yomon ko‘radi. — Yoshingiz nechada? — Patrik ham yoqtirmaydi. — U har doim ham sizga yoqmaydigan ishlarni qilmaydi? –O‘zim ham qo‘rqishim mumkin. Tatuirovka surati ko‘nglimga o‘tirmasachi? — Unda lazer bilan o‘chirib tashlaysiz, tamom-vassalom. Men orqa oynadan Uillga qaradim uning ko‘zlari quvonchdan chaqnab turardi. — Xo‘sh, — dedi u. — Siz nimani ma’qul ko‘rgan bo‘lardingiz? — Bilmasam, — dedim men beixtiyor jilmayib. — Ilonni emasligi aniq. Birovning ismini ham yozdirmayman. — Yurak va «sevgi» so‘zi ham kerakmasdir — Kulmayman, desangiz aytaman. — Deyolmayman, bilasizku. Faqat «Baxtsizliklar bizni yana ham kuchliroq qiladi» deb yozdirmasangiz bo‘ldi. — Yo‘q. Men asalarini suratini chizdirishni istayman. Kichkinagina oq-sariq rangli aricha. Men ularni yoqtiraman. Uill xuddi men oqilona gap aytganimdek boshini qimirlatdi.

— Uni qaeringizga chizdirmoqchisiz? Yo uyat savol berdimmi? — Yelkamgami? — deb yelkamni qisdim. — Oyog‘imgami? — Mashinani to‘xtating, — dedi. — Nima bo‘ldi? Mazangiz qochdimi? — To‘xtating deyapman. Xo‘v anavi yerda bo‘sh joy bor ekan. Ana chapda. Men chetroqqa ulovimizni joylab, Uillga o‘girildim. — Ketdik, — dedi u. — Bizning bugunga boshqa rejalarimiz yo‘q. — Qaerga? — Tatuirovkalar saloniga. — Xozir, — kuldim men, — shu turishimizda-ya? — Nima bo‘pti? — Og‘zingizga olgan sharobingizni ko‘pini ichib yuborgansiz, shekilli. — Savolimga javb bermadingiz. O‘girilib, Uillga qaradim. U jiddiy gapirayotgandi — Men shunday o‘rnimdan turib, tatuirovka qildirib kelolmayman. Bu darrov qaror chiqarib qilinadigan ish emas. — Nega? — Chunki… — Chunki yigitingiz qarshi. Chunki xaligacha yaxshi qiz bo‘lishni istaysiz, hatto yigirma yettiga kirgan bo‘lsangiz ham. Chunki hadan tashqari qo‘rqinchli. Yuring, Klark. Ozroq bo‘lsa-da, o‘z ixtiyoringiz bilan yashang. Nima sizni to‘xtatib turibdi? Men yo‘lning narigi tomonidagi tatuirovka salonining derazasiga osilgan katta neon yurakka qaradim. – Mayli, – deb hayolimni bo‘ldi Uillning ovozi. Agar qildirsangiz, men ham qildiraman. Men unga o‘girildim: — Siz tatuirovka qildirasizmi? — Bu hech bo‘lmasa bir marta qobig‘ingizdan chiqishingizga yordam beradi. Motorni o‘chirdim. Tashqaridagi mashinanlarning shovqini aniqroq eshitila boshladi. — Bu deyarli butun umrga bo‘ladi. — Deyarli emas, butun umrga. — Patrikni jahli chiqib ketadi. — Buni aytdingiz. — Yana kir ninalardan sariq kasal yuqtirvolishimiz ham mumkin. Keyin asta- sekin, qiynalib o‘lamiz. – Men yana Uillga o‘girildim. – Ular tatuirovkani hozir qilisholmasa kerak. Hozirning o‘zida demoqchiman. — Balki. Ammo borib ko‘ramizmi? Ikki soatdan keyin biz salondan chiqdik. Sakson funtlik harajat va oyog‘imning sonida butun umrlik biqqigina asalarining surati tayyor. Tatuirovkam kichkina bo‘lgani uchun rassom uni bir martada chizib, bo‘yab qo‘ydi. Bo‘yoq quriguncha ustidagi plastirni olib tashlamaslik kerak ekan. Uill «tegmang!» deb o‘shqirmaguncha, uni bir necha bor ochib ko‘rishga urinib ko‘rdim.

Qizig‘i, Uill salonda o‘zini erkin tutar, kayfiyati chog‘ edi. Unga hech kim olayib qaramas, salon xodimlari kvadrilegiklar bilan ishlaganlari aytishdi. Qulog‘iga bolt taqib olgan taturivkachi Uillni qo‘shni xonaga olib kirib ketdi. Igna terimga kirganida baqirvormaslik uchun labimni tishlab oldim. U nima qilayotgan ekan? Qanday rasm tanlagan ekan? Tatuirovkasi tayyor bo‘lganida, u chiqdi-yu, ammo menga ko‘rsatishni istamadi. Balki Alisiya bilan bog‘liqdir, deb o‘yladim men. – Siz meni buzyapsiz, Uill Treynor, – dedim men mashinaning eshigini ochayotib. So‘ng panudusni tushirdim. – Ko‘rsatingchi. Men hech kim bizga qaramayotganiga amin bo‘lgach tizzamning sal tepasiga yopishtirilgan plastirni sekin ko‘tardim. – Zo‘r chiqibdi asalaringiz. Rostanam. — Endi dadam bilan oyimni oldida kalta yubkada yurolmayman, faqat shimda yurishimga to‘g‘ri keladi. – Men Uillga kreslosini pandusga chiqarishga yordam berdim. – sizning oyingiz tatuirovka qildirganingizni bilsa... – Xarobadan chiqqan meni buzdi deb aytaman. – Bo‘pti, Treynor, qani endi o‘zingiznikini ko‘rsating. – Faqat uyga borganimizda boshqatdan bog‘lab qo‘yishingizga to‘g‘ri keladi. – U jilmayib menga tikilib qaradi. – Qilmagan ishimmidi? Ko‘rsatmagunigizcha bu yerdan bir qadam ham jilmaymiz. – Unda ko‘ylagimni ko‘taring. O‘ng tomonda. Ko‘ylagini tugmasini yechib, yelkasidagi dokani sekin ochdim. Oppoq terida qop-qora yo‘l-yo‘l to‘rtburchak qorayib turardi. U shunchalik kichkina ediki, yozuvni arang o‘qidim. Yaroqlilik muddati 19.03.2007y.gacha. Men unga tikilib xoxolab kuldim, ham ko‘zlarimga yosh keldi. — Bu… — Falokat yuz bergan kun. To‘g‘ri. — U ko‘zini yuqoriga ko‘tardi. — Faqat Klark, ko‘z yosh qilmang darrov. Bu hazil xolos. – Kulgili hazil. Xunuk, ammo kulgili hazil — Natanga yoqadi. Faqat menga bunday qaramang. Xuddi men benuqson tanamni rasvo qilgandek. Men Uillning ko‘ylagini to‘g‘rilab, kalitni buradim. Nima deyishni ham bilmasdim. Bu nimani anglatishini ham tushunmasdim. U taqdiriga tan beryaptimikan yo? Yoki tanasiga istehzo bilan qarashni davom ettiryaptimi? — Ey, Klark, yordam bervoring, —deb chaqirdi u meni endi jilaman, deb turganimda. — Ryukzakimni oching. Cho‘ntagida bir narsa bor. – Og‘riq qoldiradigan dorimi? Menda bor... — Yo‘q. Yaxshilab qarang. Qandaydir qog‘oz bor ekan. Olib joyimga o‘tirdim. Bu to‘rtga buklangan o‘n funtlitk pul edi. — Har ehtimolga qarshi solib qo‘ygandim. — Nima qilay buni?

— Bu sizga. — Nechuk? — Tatuirovka sharafiga, — dedi u miyig‘ida kulib. — Kresloga o‘tirmaguningizcha, uni qildirishingizga bir bahya ham ishonmagandim. DAVOMI BOR.


Like this book? You can publish your book online for free in a few minutes!
Create your own flipbook