Important Announcement
PubHTML5 Scheduled Server Maintenance on (GMT) Sunday, June 26th, 2:00 am - 8:00 am.
PubHTML5 site will be inoperative during the times indicated!

Home Explore SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-34

SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-34

Published by Eldor Bozorov, 2023-08-17 18:11:44

Description: SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-34

Search

Read the Text Version

Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA *** Tezkor terapiya bo‘limiga yugurib kirdim. Shifoxona katta, buning ustiga o‘zimning ham ichki kompasim yo‘qroq. Kerakli tomonga yo‘naltirib yuborishgunicha uch marta so‘rashimga to‘g‘ri keldi. Nihoyat, halloslaganimcha S- 12 bo‘limining eshigini ochib, yo‘lakda gazeta o‘qib o‘tirgan Natanga ko‘zim tushdi. Kirishim bilan u menga qaradi. – Qalay u? – Kislorodda. Ahvoli barqaror. – Tushunmadim. Juma kechqurun soppa-sog‘ edi. Shanba ertalab ozroq yo‘talgandi, ammo bunaqa... Nima bo‘ldi o‘zi? Yuragim qattiq urardi. Nafasimni rostlab olgani uning yoniga cho‘kdim. Bir soat oldin Natandan SMS olganimdan keyin ozmuncha yugurishimga to‘g‘ri kelmagandi. U yelkasini ko‘tarib, gazetasini bukladi. – Bu birinchi marta emas, Lu. Uning o‘pkasiga bakteriyalar tushadi, yo‘talish mexanizmi noto‘g‘ri ishlagani bois ahvoli soat sayin yomonlashib boraveradi. Shanba kuni o‘zim o‘pkasini tozalashga urinib ko‘rdim, ammo og‘riqqa chidolmadi. Harorati birdan oshib, ko‘kragi sanchidi. Kechqurun tez yordam chaqirishga to‘g‘ri keldi. – Essiz! – Men ikkiga bukilib qolgandim. – Essiz, essiz... Kirsam bo‘ladimi? – U hozir o‘zini bilmay yotibdi. Biror foyda bo‘larmikan. Keyin Ti xonim ham ichkarida. Men Natanga sumkamni berib, qo‘limni bakteriyalarga qarshi vosita bilan artdim-da, eshikni itarib kirdim. Uill palataning o‘rtasidagi karavotda yotar, ustiga ko‘k to‘shak tashlangan, osmo ukol, atrofida har xil chiyillagan, g‘izillagan uskunalar. Yuzining yarmini kislorod niqobi yopib turar, ko‘zlari esa yopiq edi. Terisining rangi kulrang, ko‘kimtir-oq tusga kirganini ko‘rib, etim junjikib ketdi. Treynor xonim o‘g‘lining yonida uning qo‘lini ushlab o‘tirardi. – Treynor xonim, – dedim men. U seskanib ketib, men tomonga qaradi. – Ha! Luiza. – U... yaxshimi? Men borib Uillning ikkinchi qo‘lidan ushlab olgim kelardi-yu, ammo bunga haqqim yo‘q deb hisoblab, turgan joyimda qolaverdim. Treynor xonimning

shunchalik g‘amgin, ma’yus ediki, u bilan bir xonada o‘tirishning o‘zi odobsizlikdek tuyuldi menga. – O‘ziga sal keldi. Juda kuchli antibiotiklar qilishdi. – Agar.. biror yordamim kerak bo‘lsa... degandim. – Yo‘q... Faqat kutish kerak endi. Bir soatlardan keyin shifokor ko‘rgani kiradi. U ko‘proq ma’lumot beradi degan umiddaman. Hayot to‘xtab qolgandek edi. men yana ozroq turdim. Uskunalarning bir maromda chiyillashi qoq miyamdan olardi. – O‘rningizda o‘tirib turaymi? Biroz dam olvolardingiz? – Yo‘q. Shu yerda bo‘la turay. Ich-ichimdan Uill meni eshitar degan umidda edim. U shaffof plastik niqobi ostidan ko‘zini ochib: «Klark! Bu yoqqa kelib, o‘tirsangizchi. To‘poloningiz jonimga tegdi» deyishini kutardim. Ammo u umuman befarq yotardi. Men yuzimni artdim. – Sizga... ichgani biror narsa olib kelaymi? – Soat necha bo‘ldi? – Treynor xonim menga qaradi. – To‘qqizdan o‘n besh daqiqa o‘tdi. – Rostanmi? – U xuddi bunga ishongisi kelmagandek boshini sarak-sarak qildi. – Rahmat, Luiza. Mayli... rahmat sizga. Ancha bo‘lib qolibdi bu yerga kelganimga. *** Juma kuni Treynorlarning qattiq talabi bilan ishga chiqmadim. Londonga borib, chet el pasporti olib kelishim kerak edi. Kechqurun esa yap-yangi pasportimni maqtangani Uillarnikiga birrovga kirib, uning ham pasportining muddati o‘tmaganini tekshirdim. Nazarimda, u ancha bosilib qolgandek edi, ammo bu ham, aslida odatiy hol edi. U ba’zan o‘zini yaxshiroq, ba’zan yomonroq his qilardi. Shunchaki, mensiz zerikkandir, deb o‘yladim. Rostini aytsam, o‘sha kunlari bor hayolim bo‘lajak sayohatda edi. Shanba kuni ertalab Dadam bilan Patriknikiga borib, u yerdagi hamma narsalarni olib ketdik, kunduzi esa oyim bilan shaharchamizning eng katta do‘konidan safar uchun cho‘milish kiyimlari va boshqa mayda-chuydalar xarid qildik. Shanba va yakshanba kunlari Trina bilan Tomas kelishgani uchun biroz siqilib qolgan bo‘lsak-da o‘zimizning uyimizda qoldim. Dushanba kuni kuni Treynorlarnikiga soat sakkizga yetib borish uchun yettida turdim. Kelsam, uyda hech kim yo‘q, darvoza ham, orqa eshik ham qulfloq. Biror xat-xabar ham tashlab ketishmabdi. Eshik oldida turib, uch marta Natanaga telefon qildim, ko‘tarmadi. Treynor xonimning telefoni ovozli pochta rejimiga o‘tkazib qo‘yilgandi. Nihoyat, zinada qirq besh daqiqacha o‘tirganimdan keyin, Natandan SMS keldi:

Biz markaziy shifoxonadamiz. Uill pnevmoniya bo‘lib qoldi S-21 bo‘limi. *** Natan ketgach, men Uillning palatasi yonida yana bir soatcha o‘tirdim. Kimdir naq 1982 yili qoldirib ketgan jurnallarni varaqladim, keyin sumkamda yumshoq muqovali kitobimni olib o‘qishga harakat qildim-u, ammo diqqatimni jamlolmadim. Shifokor keldi, ammo Uillning onasi ichkarida bo‘lgani bois uning ortidan palataga kirishga haddim sig‘madi. O‘n besh daqiqacha o‘tib, Shifokor bilan Treynor xonim chiqib kelishdi. Xonim kimdir bilan gaplashishga ehtiyoj sezgani uchun menga murojaat qildi, axir bu yaqin-o‘rtada mendan boshqa biror tanishi yo‘q edi-da. Nima bo‘lganida ham u anchayin yengil tortib, shifokor infeksiya nazorat ostida ekanini aytgani haqida menga xabar berdi. Bu o‘zgacha verelentli bakterial shtamp ekan. Uillni o‘z vaqtida shifoxonaga olib kelishgani baxti bo‘libdi. Uning og‘zidan beixtiyor chiqib ketgan «aks holda» degani o‘rtaizda muallaq osilib qoldi. – Endi nima qilamiz? – deb so‘radim men. – Kutamiz, – dedi u yelkasini qisib. – Sizga tamaddi qilib olishingiz uchun biror narsa olib kelaymi? Yoki ovqatlangani borsangiz, o‘rningizga Uillning oldida o‘tirib turaman. Treynor xonim bilan mening o‘rtamizda bir lahzagina o‘zaro tushunish paydo bo‘ldi. Yuz qarashlari biroz yumshab, odatiy qat’iyati yo‘qligi bois uning juda qattiq charchagani yaqqol ko‘zga tashlanardi. Men ularning uyida o‘tkazgan vaqt ichida u o‘n yilga qarigandek edi. – Rahmat, Luiza, – deb minnatdorchilik bildirdi u. – Agar uning oldida o‘tirib tursangiz, uyga yugurib borib, kiyimlarimni almashtirib kelardim. Uillni bir o‘zini yolg‘iz qoldirgim kelmayapti. Onasi ketgach, men palataga kirib, eshikni yopdim-da, Uillning yoniga o‘tirdim. U ko‘rinishidan shunchalik loqayd ediki, xuddi men tanigan Uill sayohatga ketib, faqat jismini shu yerda qoldirib ketgandek. Balki odamlar mana shunday narigi dunyoga ketishar, degan hayol keldi boshimga. So‘ng o‘lim haqida o‘ylamaslikni o‘zimga buyurdim. Men soat millari sekin g‘imirlab harakat qilayotganini tomosha qilib, eshik ortidan goh-goh eshitilib qoladigan tovushlarga quloq tutardim. Ikki marta hamshira kirib qandaydir tugmalarni bosdi, uskuna ko‘rsatmalarini tekshirdi, haroratni o‘lchadi, ammo Uill qimirlamadi. – U... tuzukmi o‘zi? – so‘radim men. – Uxlayapti, – dedi hamshira ishonch bilan. – Hozir uxlagani ma’qul. Uni bezovta qilmaslikka harakat qiling. Aytishga oson. Ammo bu shifoxona bo‘linmasida fikrimni jamlab olishim uchun vaqtim yetarli edi. Men Uill haqida, uning bunday tezlik bilan bunchalik og‘ir

dardga chalingani to‘g‘risida o‘ylardim. Patrikning uyidan javoniga saranjomlab qo‘ygan kiyimlarimni, devoriga osib qo‘ygan kalendarimni olib chiqib ketgan bo‘lsam-da, necha yillardan beri uchrashib yurgan odaming bilan ajrashganingdan so‘ng his qilinadigan g‘ussayu alamli iztiroblarni kechirmayotgandim. Ozroq g‘amginligu aybdorlik hissidan boshqa narsa yo‘q edi, ular ham bo‘lsa, Patrikni yo‘qotganimdan emas, bu yo‘qotishni bunchalik bamaylixotir qabul qilganimdan edi. Men unga juda ham afsusdaman deya ikkita SMS jo‘natib, unga musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etishini tiladim. Ammo u javob qaytarmadi. Bir soatdan keyin ko‘rpani biroz ko‘tarib, Uillning oppoq to‘shak ustidagi bug‘doyrang qo‘liga boqdim. Kaftini sekin o‘girdim, kateter yopishtirilgan bilagida ko‘kimtir-qizg‘ish chandiq ko‘zimga yaqqol tashlandi. Qiziq, bu yara izlari hech yo‘qolarmikan yo hamisha o‘zini o‘ldirishga harakat qilganini eslatib turaveramikan? Uning barmoqlarini sekin ushlab, ustiga qo‘limni qo‘ydim. Qo‘li iliqqina edi. Qiziq, lekin shunday qilganimdan keyin o‘zimni qandaydir yengilroq his qildim. U bir paytlari vaqtini faqat ofisida o‘tkazmaganini tasdiqlovchi kaftidagi qadoqlarni va hech qachon o‘zi ololmaydigan pushti rang tirnoqlarini tomosha qilardim. Uillning chiroyli, bir tekis qo‘llariga qarab, ularda umuman kuch yo‘qligiga, hatto, stolda turgan narsani ololmasligini, yelkaga urib qo‘yolmasligini yoki musht qilib tugolmasligini tasavvur qilish mushkul edi. Men uning qo‘lini silarkanman, agar hozir Uill uyg‘onib qolsa, xijolat chekkanimni namoyish qilishim kerakmi yo yo‘qmi deb o‘ylardim. Vaholanki, uning qo‘lini ushlab turganim, balki unga foyda berar, balki u buni sezayotgandir ham... *** Nihoyat, soat to‘rtlardan keyin Uill uyg‘ondi. Men yo‘lakdagi stullarda yotib kimdir tashlab ketgan gazetani o‘qirdim. Treynor xonim palatadan chiqib bu xabarni berganida sakrab o‘rnimdan turib ketdim. Uill gaplashayotganini va meni ko‘rgisi kelayotganini aytarkan xursandligini yashirmadi. U pastga tushib, janob Treynorga qo‘ng‘iroq qilishi kerakligini aytdi. So‘ng, xuddi, o‘zini qo‘lga ololmayotgandek qo‘shib qo‘ydi:: — Faqat iltimos, uni charchatib qo‘ymang. — Albatta, — dedim men. Unga o‘zimning eng chiroyli tabassumimni hadya etishni ham unutmadim. — Salom! — deb kirdim men xonaga. — Salom. — Uill sekin yuzini men tomonga qaratdi. Uning ovozi xirillab chiqardi, xuddi oxirgi o‘ttiz olti soat ichida u uxlamay, baqirib chiqqandek. O‘tirib, unga tikildim. U nigohini pastga qaratdi. – Niqobni ozroq ko‘tarsam bo‘larmikan?

U boshini ma’qullab silkitdi. Men ehtiyotkorlik bilan niqobini peshonasiga surdim. Yuzi salgina terlagan ekan, asta sochiq bilan artib qo‘ydim. – Yaxshimisiz? – Yaxshiroq... Tomog‘imga bir narsa tiqildi, sekin yutindim. – Ey, siz o‘zi shunaqasiz. Nima qilib bo‘lsa ham o‘zingizga diqqatimizni qaratishga urinasiz. Nuqul... U ko‘zini yumib, gapimni bo‘ldi. Keyin ko‘zini ochib, menga aybdorona qaradi: – Uzr, Klark. Hozir hazillashadigan ahvolda emasman. Biz yana biroz o‘tirdik. Torgina, devorlari och yashil ranga bo‘yalgan xonada ovozim jaranglab chiqardi. Men unga Patrikning uiydan narsalarimni qanday olib chiqib ketganimni so‘zlab berdim. U disklarni alfavit bo‘yicha nomma-nom terib chiqqani bois o‘zimnikilarni oson topib olganimni ham aytdim. – Kayfiyatingiz qalay endi? – deb so‘radi u men gapimni tugatgach. U menga rahmi kelgandek qarab turardi. – Yaxshi, albatta, – deb yelkamni qisdim. – Hech qanday yomon joyi yo‘q buning. Har holda shusiz ham boshqa ishlarim boshimdan oshib-toshib yotibdi. Uill biroz indamay turdi. — Gap shundaki, — dedi u nihoyat, — yaqin orada men qoyadan sakrolmasam kerak. Men buni bilardim. Natandan SMS olgan ondan boshlab buni tushunardim. Ammo bu gapning uning og‘zidan chiqishi boshimga gurzi bilan urgandek ta’sir etdi. — Xafa bo‘lmang. — Xotirjam gapirishga urindim. — Hammasi joyida. Boshqa safar sakrarmiz. — Juda afsusdaman, to‘g‘risi. Bu sayohatni qanchalik kutganingizni yaxshi bilaman! — Jim! — Men qo‘limni uning peshonasiga qo‘yib, sochlarini to‘g‘rilab qo‘ydim. – Bu muhim emas. Rost. Muhimi, tuzalib ketsangiz bo‘ldi. boshqa safar boramiz. U sal yuzini bujmaytirib, ko‘zini yumdi. Ko‘zlarining atrofidagi ajinlar, yuvosh tortib qolganinining ortida qanday azobu uqubatlar turganini bilardim. Ular boshqa safar bo‘lmasligi ham mumkinligini aytib turardi. Ular Uill hech qachon tuzalib ketmasligini aytardi... DAVOMI BOR.


Like this book? You can publish your book online for free in a few minutes!
Create your own flipbook