Jojo Moyes 1969-yili Londonda tug‘ilgan. O‘n yil jurnalist bo‘lib ishlagan, 2002-yildan boshlab qissa va romanlar yozishga kirishgan. Uning «Sen bilan uchrashguncha» romani bir necha oyning o‘zida 500 000 adadda tarqalib, 31 ta tilga tarjima etilgan. SEN BILAN UCHRASHGUNCHA KIRISH U xali karavotda yotgan Lisani o‘pib, xayrlashdi. Kurtkasini kiydi-da, eshikni tashqaridan yopdi. Qo‘l telefoniga yigirma ikkita xabar kelibdi. Birinchisi Nyu- Yorkdan 3.42 da. Qandaydir huquqiy masala. Kechasi ro‘y bergan voqealar mohiyatini tushinishga harakat qilib, liftda podvalga – mashinalar turadigan joyga tushdi. – Xayrli tong, mister Treynor, – deb unga qarshi chiqdi qo‘riqchi gaplashishga odam paydo bo‘lganidan xursand bo‘lib. – Tashqarida qanday havo ekan, Mik? – Dahshat, chelakdan quygandek yog‘ayapti. – Rostanmi? – Uill to‘xtadi. – Motosikl bekor qilinadimi? – Afsuski, ser, – boshini qimirlatdi Mik. Uill motosikliga qarab, qo‘lidagi charm qo‘lqopini sekin yechdi. Do‘stlari uni uncha-muncha xavf-xatarni pisand qilmaydi, deb hisoblashsa-da, u bekordan-bekor tavakkal qiladiganlardan emas. – Taksi tutib kelaymi? – dedi qo‘riqchi diqqinafas yerto‘ladan birozga bo‘lsa- da chiqish imkoniyati tug‘ilganidan quvonib. – Kerakmas. Ivib ketasan. Uill qo‘lini ko‘tarib xayrlashgancha tashqariga chiqdi. Ko‘cha xali qorong‘u, endi yetti bo‘lganiga qaramay, Londonning Markaziy ko‘chasi kunduzgidek gavjum. Yoqasini ko‘tarib, taksi tutish qulayroq bo‘lgan choraha tomon yurdi. Tratuarning chekkasida turgan odamlarni ko‘rib, jahli chiqdi. Qachondan beri butun London bunchalik erta uyg‘onadigan bo‘lib qoldi? Telefoni jiringladi. Bu Rupert. – Ketyapman. Taksi to‘xtatyapman. U yo‘lning qarama-qarshi tomonidan olovrang chirog‘ini miltillatib kelayotgan taksiga ko‘zi tushdi-yu, o‘sha tomonga shoshildi. Oldidan avtobus, undan so‘ng tormozini chiyillatgancha yuk mashinasi o‘tib ketdi – Hech narsa eshitilmayapti, Rupi, – u mashinalar shovqinini bor ovozi bilan yengib. – Qaytarvor.
Taksichi uni ko‘rib to‘xtadi. Uill nariroqda turgan kishining ham taksi tomon yugurayotganini, ammo u ancha uzoqda bo‘lgani uchun birinchi bo‘lib o‘zi yetib olishini bilib, g‘alaba qilgandek quvondi. – Mayli, Kelli hujjatlarni stolimga qo‘yib qo‘ysin, – deb baqirdi u. – O‘n daqiqada borib qolaman. U yon-veriga qarab, boshini eggancha taksigacha qolgan bir necha qadam yo‘lni bosishga hozirlandi. Yomg‘ir yoqasidan bo‘yniga o‘tib, ichigacha shalabbo bo‘lgandi. Ana endi kotibasini yangi ko‘ylak olgani do‘konga jo‘natishiga to‘g‘ri keladi. – Yana ularning ishonchli ekanini tekshirish kerak. Martin boshlamasdan turib... U bir narsaning qattiq g‘ijirlaganini eshitdi, nigohini ko‘targanida yaltiroq qora taksining yonboshi va taksichining mashina oynasini tushirayotgani ko‘rindi, ko‘zining bir qiri bilan esa katta tezlikda kelayotgan nimanidir payqadi. Katta tezlikda kelayotgan mashinaning yo‘lida turganini va undan qochib qolishga ulgurmasligini tushundi. Hayratlanib, barmoqlarini yoydi, qo‘lidan telefoni sirg‘alib tushdi. Kimdir qichqirdi, balki o‘zidir. Oxirgi ko‘rgan narsasi – charm qo‘lqop, shlem kiygan odam va shlem oynasidagi o‘zining aksi. Portlash – va barchasi chilparchin bo‘ldi. U yog‘i – sukunat. O‘sha tong boshqa kunlar kabi boshlandi. Men ko‘pchilikdan farqli ravishda dushanbani yoqtiraman. «Shirin kulchalar»ga ertaroq kelib, burchakda turgan katta elektr chovgumni to‘ldirish, orqa eshikdan sut va non solingan qutilarni ichkariga olib kirish, ochishga tayyorgarlik ko‘rish barobarida Frenk bilan biroz laqillashning hech qanday yomon joyi yo‘q. Hammadan ham mijozlarimiz zo‘r. Deyarli har kuni nonushta qilgani kiradigan ishchilar, qovurilgan kartoshka va tuxum buyurib, keyin choy ichib bepul gazetlarni o‘qib o‘tiradigan keksa xonim qadrdonlarimdek bo‘lib qolgan. Ishchilar Frenk bilan hazillashishsa, men keksa xonimga gap qotaman. Nazarimda, kun bo‘yi u boshqa hech kim bilan gaplashmaydi, chog‘i. Qal’aga ketayotgan va kelayotgan sayyohlar, maktabdan chiqqan o‘quvchilar, yo‘l ro‘parasidagi idoralarning xizmatchilari, taomnomamizdagi har bir taomning kaloriyasini sanab chiqqan sartaroshlar... Stollarimiz atrofida munosabatlar qurilar, buzilar, odamlarning butun hayoti ko‘z o‘ngimda o‘tardi go‘yo. Mijozlarimizning aksariyati men bilan hazillashishar yoki tanbeh berib, choylarini simirishardi. Frenk tabiatan yuvosh bo‘lgani uchun mening sho‘xligimni yoqtirar, qahvaxonasiga jon kiritganimni aytardi. Ammo o‘sha kuni tushlik paytidagi yugur- yugurlar tugagach, Frenk qo‘lini fartugiga artib, eshikdagi taxtachaning «Yopiq» deb yozilgan tomonini ko‘chaga qartib qo‘ydi. Qiziq, hech bunday odati yo‘q ediku. Yo yana shakarni tuzliqqa solib qo‘yganmikinman? Yo birov mendan shikoyat qilganmikan. Ko‘rinishi ham g‘alati.
– Uzr, Luiza, men Avstraliyaga qaytyapman. Otamning sog‘lig‘i yaxshimas ekan, – dedi u gap nimada ekanini tushuntirib. – Buning ustiga qal’ada ham o‘zlari oshxona ochishmoqchi. E’lonni ko‘rdingmi? Og‘zim ochilib qolgandi. Frenk menga konvert uzatdi. – Menda rasman ishlamagansan, shartnoma ham tuzmagandik. Ammo shunday bo‘lsa-da, mana bu sening uch oylik ish haqing. Yangi ish topguningcha amallab turarsan. Ertaga yopilamiz. *** – Uch oylik! – deb qichqirdi otam, onam esa qo‘limga issiq choy solingan finjonni tutqazdi. – Oxirgi olti yil ichida uni sassiq qahvaxonasida eshakdek ishlaganing evaziga hotamtoylik qilibdilarku! – Bernard! – deb onam ko‘zi bilan besh yoshlik jiyanim Tomasga ishora qildi. Katrina opam ishdan kelguncha jiyanimga onam bilan otam qarab o‘tirishardi. – Endi nima bo‘ladi? Yopilishini bilarkan, nima uchun bir kun avval aytadi? – To‘g‘ri, lekin vahima qilmang. Boshqa ish topadi... – Hech qanday boshqa ish yo‘q, Jozi. Buni mendan ham yaxshi bilasan – hamma joyda ishsizlik. – Qizimiz aqlli, mehnatkash. Biror ish topar. Frenk unga yaxshi tavsiyanoma yozib beradi. – Albatta-da. «Luiza Klark eski choynaklarni yaqiratib yuvishni, non ustiga saryog‘ surtishni biladi». – Dada, rahmat daldangiz uchun. – Nima dedim, axir? Men otamning nima uchun bunchalik xavotirga tushayotganini bilardim. Oxirgi paytlari uyimizdagilar mening maoshimga qarab qolishgandi. Trina gul do‘konida arzimagan pulga ishlar, onam bobomni parvarishlashi kerakligi uchun ishlamasdi, bobomning nafaqasi ham tobora kamayib borayotgandi. Dadam esa mebel fabrikasidagi ishidan tashvishlanar, rahbarlari nuqul qisqartirish haqidagi gapirayotganini aytardi. Ikki yil avval otamning mashinasini sug‘urtalanmagan mashina haydovchisi urib olganidan keyin uyimizda qarzlar to‘g‘risida pichirlab gapiriladigan, kredit kartochkalardagi pullarni unisidan bunisiga o‘tkazish esa qizg‘in muhokama qilinardi. Mening arzimas maoshim ro‘zg‘orga sarflanar, shunda ham arang tirikchiligimiz o‘tardi. – Mayli, oldindan vahima qilmang. Ertaga birjaga borib, surishtirib keladi. Hozircha puli bor, – ular xuddi men yonlarida turmaganimdek gaplashishardi. – U aqlli qiz. Mashinistkalik qilsa ham bo‘ladi. Biror idorga ishga kirsa, yomonmi? Ota-onam mening malakam, to‘g‘rirog‘i malakasizligim bilan qanday ish topishim mumkinligini muhokama qilishardi – tikuvchi, fabrikada ishchi, ofisda
yugurdak. Men esa bir chekkada jim o‘tirarkanman, noxush xabarni eshitganimdan beri mana endi birinchi marta yig‘lab yuborgim keldi. Tomas meni biroz kuzatib, qo‘lidagi yarimta pecheneni og‘zimga soldi. – Rahmat, Tommi, – dedim lablarim titrab va pecheneni yedim. *** Ertasiga xonamni yig‘ishtirdim, oyimga yordam berishga chog‘landim-u, ammo bir soatlardan keyin onasining etagiga o‘ralashib, uning ishlariga xalaqit berayotgan boladek xis qildim o‘zimni. Dadam bu oy kechasigi smenada ishlagani uchun uxlab yotar, uni uyg‘otish mumkin emasdi. Biroz televizorni ovozsiz ko‘rib o‘tirdim-u, kuppa-kunduzi uyda o‘tirganimdan yuragim siqilib, ust kiyimlarimni kiyishga tushdim. U o‘ylaganimdek, sport zalida edi. Men tomonga yaqinlashayotganida qo‘limni ko‘tarib, Patrik yugurib kelayotgan yo‘lakka tushdim. – Ketdik, men bilan yugur, – dedi u arang nafas olarkan. Biroz ikkilanib turgach, orqasidan yugura boshladim. Faqat shunday qilib Patrik bilan gaplashishim mumkin edi. Oyog‘imda –yugurishga mos yagona poyabzalim – moviyrang bog‘ichli pushti krossovkam. – Kelishingni kutmagandim. – Uyda zerikdim. Balki biror joyga borib, aylanib kelarmiz. U menga g‘alati qarab, ter qoplagan yuzini o‘girdi. – Qancha tez yangi ish topsang, shunchalik yaxshi bo‘lardi, jonim. – Eskisini yo‘qotganimga endigina yigirma to‘rt soat bo‘ldi. Ozgina bo‘lsa-da baxtsiz va lanj bo‘lib yursam maylimi? Hech bo‘lmasa shu bugun? – Hamma narsaning yaxshi tomonini ko‘rish kerak. U yerda butun umr ishlamasligingni bilarding. Sen yuqoriga qarab harakat qilishing kerak. Patrik ikki yil avval shahrimizda o‘tkazilgan yilning eng yosh tadbirkori mukofotini olganidan beri hech o‘ziga kelolmasdi. O‘sha paytdan beri orttirgani – bo‘lib-bo‘lib to‘lash evaziga olgan ikkita furgon edi. – Qisqartirish insonning hayotini o‘zgartirib yuyuborishi mumkin, Lu. – U soatiga qarab, bir aylana yugurgan vaqtini tekshirdi. – Nima bilan shug‘ullanmoqchisan? Balki qayta tayyorgarlik kurslarida o‘qirsan? Nazarimda, senga o‘xshaganlarga subsidiyalar beriladi. bo‘lganlarga. Balki kosmetolog – Menga o‘xshaganlarga? – Yangi yo‘nalishga o‘tmoqchi bo‘lmochidirsan? Sening husning bilan bu ham to‘g‘ri keladi, – u xuddi men umrimda eshitmagan xushomadni aytgandek yugurayotib sekin belimdan turtib qo‘ydi.
– Meni yuzim sovun, suv va shampundan boshqa narsani ko‘rmaganini bilasanku. Patrikning jahli chiqa boshladi. Men ortda qola boshladim. Yugurishni jinim suymaydi. Shu tobda tezligini kamaytirmayotgani uchun Patrikni biram yomon ko‘rib ketdimki. – Sotuvchi, kotiba. Ko‘chmas mul bo‘yicha agent. Yana... Biror kim bo‘lishni istarsan axir? Ammo istamasdim. Menga qahvaxonada ishlash yoqardi. «Shirin kulchalar»ga keladigan odamlarning hayotini kuzatish menga huzur bag‘ishlardi. – Boshingni ko‘tar-yey. Buyam o‘tadi-ketadi. U tezroq yugurishim kerakligiga ishora qilib, qo‘limdan tortdi. Mening nafasim bo‘g‘a boshladi. – Ertaga jiddiyroq kiyinib, mehnat birjasiga bor. Agar istasang, men bilan ishlashing mumkin. Dam olishga borish masalasida ham siqilma, men to‘lavoraman. Men unga jilmaydim. U havoni o‘pib, men tomon yo‘naltirgan bo‘ldi va oxirgi gapi butun stadionga aks-sado bo‘lib eshitildi. – Oyoqqa turib olganingdan so‘ng qaytararsan. *** Umrimda birinchi marta ishsizlik nafaqasiga ariza topshirdim. Avval yakka o‘zim bilan suhbat o‘tkazishdi, keyin yigirmatacha odam ichiga qo‘shib, ma’ruza o‘qishdi. Yig‘ilganlarning yarmi mendek o‘zini yo‘qotib, esankirab turganlar bo‘lsa, yarmi loqayd, parishon, aytilayotgan gaplarni eshitishdan zerikkan odamlar edi. Tirishib-urinishlarim oqibatida parrandachilik fabrikasida kasal bo‘lib qolgan xodimning o‘rniga ishga chiqdim-u, undan keyin bir necha hafta tushlarimda alahsirab chiqdim. Keyin elektr ta’minoti bo‘yicha maslahatchilar seminariga ikki kun qatnadim. Ammo tez orada uyda o‘tirgan qariyalarni aldab elektr tarmog‘i ta’minotchisini o‘zgartirishga majburlashim kerakligini tushunib, o‘zimning shaxsiy «konsultant»im Saidga bunaqa ish qilmasligini aytdim. U men shu yo‘nalishda bilimimni oshirishim kerakligini uqtirdi, ammo ular o‘rgatgan bir nechta usullarni sanab o‘tganimdan keyin uning ham ovozi pasaydi. Va yana menga boshqa biror ish izlab ko‘rishini aytdi xo‘rsinib. Keyin ikki hafta restoranda ishladim. Ish soatlari ham to‘g‘ri keldi menga, forma kiyib yurish kerakligiga ham ko‘ndim, ammo har daqiqada «Kamchiliklar bormi?» yoki «Buyurmangizga kartoshka ham qo‘shaymi?» kabi siyqasi chiqqan gaplarni takrorlashni eplolmadim. To‘rt yasharli qizaloq bilan qo‘g‘irchog‘ining haqiqiy qizlardan farqi haqidagi gurungimizni eshitib qolishganidan keyin tezgina javobimni berib yuborishdi. Natijada Said bilan to‘rtinchi suhbatga kelgandim. Eng noumidvor nomzodlarni ham ishga joylab yuborgan Saidning ancha shashti tushib qolgandi.
– Xm… Shou-biznesda ishlashga nima deysiz? – Nima, sirkka masxarabozlar kerak ekanmi? – Yo‘g‘-yey, restoranda raqsga tushadigan qizlarga bo‘sh ish o‘rinlari ochilibdi. – Hazillashyapsizmi? – dedim men qoshimni chimirib. – Haftasiga 30 soat mehnat shartnomasi tuzmay ishlash sharti bilan. Choychaqalari yomon bo‘lmaydi, nazarimda. – Agar to‘g‘ri tushunayotgan bo‘lsam, siz bir to‘da notanish odamlar orasida ichki kiyimda yurishimni taklif qilyapsiz, shundaymi? – Axir o‘zingiz odamlar bilan oson chiqishib ketaman, degandingiz. Yana, fikri ojizimcha, artistlarga o‘xshab kiynishni yoqtirasiz, – deb yaltiroq toshli yashil kolgotkamga ishora qildi. Aslida, bu kolgotkani Tomas ertalabdan tomosha qilayotgani «Suv parisi» multfilmida ilhomlanib kiygandim. Said klaviaturada nimanidir terdi: – «Kattalar uchun telefon liniyasi» dispetcherligiga qanday qaraysiz? Suhbatlashish jonu dilngizku, axir? – deya u avvalgi ishimdan quruq qolganimning sababiga o‘zicha nozik ishora qilib, yelkasini qisdi. – Yo‘q. Yarimyalang‘och ofitsiantka bo‘lishni ham istamayman. Uqalovchilik ham to‘g‘ri kelmaydi. Veb-kamera operatori ham. Qidiring, Said, otamning yuragi yomon bo‘lib qolmaydigan biror ishingiz bordir axir. Men uni o‘ng‘aysiz ahvolga solib qo‘ydim chog‘i, ovozi chiqmay qoldi. – Kechasi peshtaxtalarga mollarni terish ham bo‘laveradi menga, – dedim undan ko‘zimni uzmay. – Bunday ishlarni maktab yoshidagi bolasi borlar ko‘p so‘rashadi. Kutishingizga to‘g‘ri keladi, – deb yana ayb ish qilib qo‘ygan odamdek ekranga tikildi. – Xullas faqat og‘ir kasallarga qarovchilik qoldi. – Qariyalarni parvarishlash qo‘limdan kelmaydi. – Boshqa ishlarga malakangiz kamliq qiladi. Agar istasangiz, qayta o‘qishga jo‘natishim mumkin. O‘quv markazlardan turli xil kurslar bor. – Biz bu haqida siz bilan gaplashgandik. Bu holda men ishsizlik bo‘yicha nafaqani ololmayman, shundaymi? – Agar men taklif qilgan ishlarga tez orada tushmasangiz, shunday bo‘ladi. Ikkimiz ham jim bo‘lib qoldik. – Men qariyalar bilan uncha chiqisha olmayman. Bobom insult bo‘lganlaridan keyin biznikiga ko‘chib kelganlar, ammo... – Ana! Tajribangiz ham bor ekan! – Yo‘q-da. Ularga onam qaraydilar. – Balki bu ishni onangizga taklif qilarmiz unda? – Juda kulguli.
– Men hazillashmayapman. – Bobomga men qarab o‘tirishim kerakmi unda? Bobom bunga hech qachon rozi bo‘lmaydilar. – Bu bosqichda, Luiza, aytishim jozki, ma’nan va jismonan sog‘lom inson sifatida ishsizlik nafaqasini olishingiz uchun siz… – …ish topishga harakat qilayotganimni namoyish qilishim kerak. Bundan xabarim bor. Unga ish topishni qanchalar xohlayotganimni qay yo‘sinda tushuntirishim mumkin? U eski ishimni qanchalar sog‘inayotganimni ozgina bo‘lsa-da tasavvur qilarmikan? Ishni yo‘qotib, pulsiz qolish ham mayli, o‘zimni kerakmasdek, norasodek xis qilib qolgandim, to‘g‘risi. Qahvaxonimizda bepul gazetalarni o‘qib o‘tiradigan keksa xonimni kuni kecha ko‘chada do‘kon peshtaxtalarini maqsadsiz tomosha qilib yurganini ko‘rib, yugurib borib quchoqlab olgim keldi. Saidning ovozi hayollarimni bo‘ldi: – Ana! Mana bu sizga to‘g‘ri keladi. Hozirgina tushibdi. Bemorni parvarishlashda ko‘makchi kerak ekan. – Aytdimku qariyalar bilan chiqisholmayman … – Bu qariya emas. Ro‘zg‘orga qarashadigan odam kerak ekan, uyingizga ham yaqin. «Nogironga sherik bo‘lib o‘tiradigan ko‘makchi taklif etiladi». Mashina haydashni bilasizmi? – Ha. Ammo erkak kishi ekan, – dedim men ham ekranga qarab. – Uning hojatga chiqishi bor... – Nazarimda, bunday ishlarni bajarishingizga to‘g‘ri kelmaydi, – dedi u ekrandagi ma’lumotlarni birma-bir o‘qib. – Unda... kvadriplegiya1. Kunduzgi ko‘makchining vazifasiga uni ovqatlantirib qo‘yish va harakatlanishiga yordam berish kirarkan. Uni shaharga olib chiqishingiz, u mustaqil bajarolmaydigan ishlarni qilishga ko‘maklashishingizga to‘g‘ri keladi, menimcha. O‘! Maoshi ham zo‘r ekan. Men taklif qilgan maoshlardan ancha katta. – Sababi bitta, demak, xaligi... xaligi men aytgan masalada ko‘mak berish kerak bo‘ladi. – Men qo‘ng‘iroqlashib, hojatxona masalasini so‘rayman. Agar bunday sharti bo‘lmasa, suhbatga borishga tayyormisiz? U savol berdi. Ikkimiz ham javobini bilardik. Men xo‘nsirib, uyga ketish uchun sumkamni yelkamga osdim. *** 1 Kvadriplegiya – ikki oyoq va ikki qo‘l falajligi.
– Voy, xudoyim, – dedi otam. – Daxshatku! Yigit nogiron bo‘lib qolmagani yetmagandek, endi bizning Lu unga qarashi kerakmikan? – Bernard! – qichqirdi onam. Bobom esa choy solingan finjonga qarab tirjayib o‘tiraradi. Davomi kelgusi sonlarda. Nazokat ABDUQUNDUZOVA rus tilidan tarjima qildi.
Search
Read the Text Version
- 1 - 8
Pages: