Important Announcement
PubHTML5 Scheduled Server Maintenance on (GMT) Sunday, June 26th, 2:00 am - 8:00 am.
PubHTML5 site will be inoperative during the times indicated!

Home Explore SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-9

SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-9

Published by Eldor Bozorov, 2023-07-22 17:43:26

Description: SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-9

Search

Read the Text Version

Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA *** Natan ketganidan so‘ng men Uillning xonasidagi charm kresloga o‘tirib, uning kitob javonidan olgan kitobni o‘qishga kirishdim. Ajib sukunat! Xuddi o‘z hayollarimni eshitayotgandek edim. Uyimizda goh changyutgich, goh televizor ovozi, yaqinlarimning tinimsiz gurungi bilan jimjitlik haqida orzu qilmasa ham bo‘lardi. Qahvaxonada ham shu. Bu yerda esa yuragimning dukkilashini sezardim. Qiziq, ammo bu ko‘nglimga xush kelgandi. Soat beshlarda mobil telefonimga xabar keldi. Poezdlar yurmas ekan. Kechasiga qololmaysizmi? Natanning imkoni yo‘q ekan. Kamilla Treynor. Kutilmaganda barmoqlarim birgina so‘zni terdi-qo‘ydi: Mayli. Uyga telefon qilib, bugun kelmasligimni aytdim. Onam, nazarimda, yengil tortgandek bo‘ldi. Kechasiga qolganim uchun pul to‘lanishini eshitib esa xursandligini yashirolmadi. – Bernard, eshityapsanmi? – Onam go‘shakni kafti bilan chala yopgandi. – Unga uxlagani qolgani uchun pul to‘lasharkan. – Yaratganga sanolar! – Otamning xitobi eshitildi. – Orzusidagi ishini topibdi! Keyin Patrikka ishda qolishimni aytib, «SMS» yozdim. Undan darrov javob keldi. Bugun kechqurun qorda kross yuguraman. Norvegiyaga tayyorgarlik uchun zo‘r imkoniyat! Sog‘inch bilan P. Bunday ayozda yarim yalang‘och yugurishdan bunchalik xursand bo‘lishni, to‘g‘risi, hech qachon tushunolmasam kerak. Uill hanuz uxlardi. *** Natan soat yettida telefon qildi. Meni qolishimni eshitib xursand bo‘lib ketdi. – Janob Treynorni uyg‘otolmadim. Telefon qilgandim, uzilib qolyapti. – Xa... U uyda bo‘lmaydi. – Bo‘lmaydi? Uill bilan bir o‘zim kechasi bilan yolg‘iz qolishimni o‘ylab, beixtiyor qo‘rqib ketdim. Axir biror xato qilib qo‘ysam, Uillning hayotiga tahdid ostida qolishi mumkin. – Balki, Treynor xonimga telefon qilishim kerakdir?

Natan biroz jim qoldi. – Yo‘q. Yaxshisi kerak emas. – Ammo… – Lu... Bilasanmi, xonim shaharda qolganida janob Treynor qaergadir ketadi... Uning gaplarini ma’nosi kallamga ikki-uch daqiqadan keyingina yetib keldi. – Voy! – Bo‘pti, o‘zing qolasan, tamom-vassalom! Agar Uillning ahvoli yomon bo‘lmasa, erta tongda kelaman. *** Uillning xonasiga kirishim bilan u qimirlab, boshini ko‘tardi. – Soat necha bo‘ldi, Klark? – Chorakam sakkiz. Uill boshini yostiqqa qo‘ydi. – Ichishga suv berasizmi? Zaharhandalik ham, ta’na-nadomat ham yo‘q edi ovozining ohangida. Xastalik oxiri uni yenggan edi, chog‘i. Suv berib, chiroqni yoqdim. Karavotning chekkasiga o‘tirib, xuddi onam meni yoshligimda qiladigandek peshonasiga qo‘limni qo‘ydim. Peshonasi haliyam issiqroq edi, ammo kunduzgi isitmasi bilan solishtirib bo‘lmasdi, albatta. – Qo‘lingiz muncha sovuq. – Bundan hali ham noligandingiz. – Rostanmi? – u haqiqatan ham hayron qolgandek edi. – Suyuq ovqat ichasizmi? – Yo‘q. – Qulaymi yotishingiz? Men hech qachon uning qanchalik qulay yotgani yoki o‘tirganini bilolmasdim. – Narigi tomonimga o‘girilib olsam edi. Dumalatib yuborsangiz bo‘ldi. O‘tirg‘izish shart emas. Karavotdan xatlab o‘tib, imkon qadar ehtiyotkorlik bilan uni boshqa tomoniga yonboshlatdim. – Endichi? –Uyingizga ketmaysizmi? – Bugun qolaman, havotir olmang. Deraza ortida qor yog‘ar, ikkimiz ham bog‘dagi fonusning xira yog‘dusida cho‘milayotgan qor parchalarini tomosha qilib, jim bo‘lib qolgandik. – Savol bersam maylimi? – dedim nihoyat. Uning qo‘llari choyshab ustida yotardi. Oddiygina, kuchli ko‘rinadigan bu qo‘llardan foydalanib bo‘lmasligi g‘alati tuyulardi. – Sizga ruxsat bermaslikka ham kuch kerak.

– Nima bo‘lgan sizga? – Uning bilagidagi tirtiqlar sira hayolimdan chiqmasdi. Bu men unga bergan yagona dangal savol edi. – Bu ahvolga qanday tushganimni bilmoqchimisiz? – Uill bir ko‘zini ochdi. – Motosikl. Birovniki. Men aybsiz bir yo‘lovchi edim xolos. – Men esa chang‘idami, parashyutda sakraganingizdami, toqqa chiqqaningizdami, deb o‘ylabman. – Hamma shunday deb o‘ylaydi. Yaratgan hazillashib ham turarkan. O‘z uyimdan chiqib, yo‘lni kesib o‘tayotgandim. Bu uydan emas, – deb tushuntirdi u. – Londondagi uyimdan. Kitob javonidagi biznesga doir nashrlarga qaradim. – Ishingizdan voz kechishingizga to‘g‘ri keldimi? – Ishimdan, uyimdan, o‘yin-kulgudan, avvalgi hayotimdan... Nazarimda, siz mening sobiq sevgilimni taniysiz. – Biroz jim qoldi. Biroq bu uning ovozidagi qayg‘uni yashira olmadi. – Ammo men shunga ham shukr qilishim kerak ekan. Shifokorlar hayotimni arang saqlab qolishgan. sizning – Sizga bu yerda yashash yoqmayaptimi? – Ha. – Bir kunmas bir kun Londonga borolasizmi? – Bu ahvolda – yo‘q. – Ammo ahvolingiz yaxshilanishi mumkin. Natanning aytishicha, kasalligingizni davolashda katta yutuqlarga erishilayotgan ekan. Uill yana ko‘zini yumdi. Men boshini orqasidagi yostiqni to‘g‘rilab, ko‘rpasini sal yuqoriga ko‘tarib qo‘ydim. – Uzr, ko‘p savol berayotgan bo‘lsam, – deb to‘g‘ri o‘tirib oldim. – Ketaymi yo? – Yo‘q. O‘tiravering. Gapdan oling. – Uill yutindi, ko‘zini ochib, menga tikildi. U rosa charchagan odamdek ko‘rinardi. – Biror yaxshi narsalar haqida gapirib bering. Men uning oldiga yostiqqa boshimni qo‘ydim. Deyarli qorong‘uda ikkimiz o‘tirib, qor parchalari chiroq yog‘dusida bir zumginaga paydo bo‘lib, yana qorong‘uga g‘arq bo‘lishini kuzatardik. – Bilasizmi, otam bunday paytlari nima qilishlarini aytsam, meni g‘irt axmoq deb o‘ylaysiz. – O‘zi shundoq ham sizni ahmoq deb o‘ylaymanku. Aytavering. – Agar yomon tush ko‘rib uyg‘onib ketsam, yoki xafa bo‘lsam, u... – kulib yubordim. – ...qo‘shiq kuylardi. – Xo‘sh? – «Maymunvoy» degan qo‘shiqni. Eshitganmisiz hech?

– Birinchi marta eshitishim, to‘g‘risi. Men ko‘zimni yumib, otamning qo‘shig‘ini kuylashga tushdim. Oxirgi misralarini tugatdim-u, tilimni tishladim. Uill ham lolu hayron edi chog‘i. – Dahshat! Odam ham shunday kuyladimi? Otangiz sizga tuzukroq aytib bergan, deb umid qilaman. – «Miss Klark, meni ko‘nglimni ko‘tarmoqchi ekaningiz uchun rahmat» demoqchimisiz? – Ha, menga ko‘rsatiladigan ruhiy-terapevtik ko‘makdan sira ham qolishmaydi. Bo‘pti, Klark, yana biror narsa aytib bera qoling. Faqat kuylamang. – Hm... – dedim biroz o‘ylanib. – Xo‘p, mayli... Hech oyog‘imdagi tuflilarimga ahamiyat berganmisiz? – Ularga ahamiyat bermaslikning iloji yo‘q. – Xullas, onamning aytishicha, g‘alati poyabzallarga mehrim uch yoshimda uyg‘ongan ekan. Bir safar onam menga yaltiroq tangachalar qadalgan moviy rang etikcha olib bergandi... O‘sha paytlari unaqasini topish amri-mahol edi. Bolalar yashil yoki juda omadlari chopsa, qizil etikchalarda yurishardi. Onamning aytishicha, shu etigimni yechmay kiyib yurgan ekanman. Uxlaganimda ham, cho‘milganimda ham, yana yoz bo‘yi uni kiyib bog‘chaga borarkanman. Mana shu yaltiroq etikcha bilan asalarili paypog‘imni rosa yaxshi ko‘rardim. – Asalarili paypoq? – Qora va sariq yo‘lli uzun paypoq. – Qoyil. – Darrov kulmang. – Kulmayapman. Ammo juda xunuk eshitilarkan. – Balki siz uchun xunuk eshitilayotgandir, Uill Treynor, ammo barcha qizlar ham faqat yigitlarga yoqish uchungina kiyinmaydilar. – Bo‘lmagan gap. – Ishoning, shunday. – Ayollar nimaki qilmasinlar, erkaklar uchun qiladilar. – Har doim ham emas. Mana hozir karavotingizda yotib, sizning boshingizni aylantirib olish maqsadida qo‘shiq kuylamadimku. Uch yoshligimda esa yo‘l-yo‘l oyoqlarni yoqtirardim. Uillning har bir gapidan so‘ng kunduzi meni qamrab olgan vahima asta-sekin tark etayotganini tushundim. Bechora kvadriplegikka qarash mas’uliyati chekinib, men zahar-zuqqum yigit bilan laqillashib o‘tirardim xolos. – Ajoyib yaltiroq etigingizga keyin nima bo‘ldi? – Oyim uni tashlab yubordi. Oyog‘imga yara toshib ketgandi hadeb kiyavaerganim uchun. – Juda go‘zal!

– Paypog‘imni ham tashlab yuborgandi. – Nega endi? – Shunisini bilmayman. Ammo bu yuragimni yaralagan. Shundan keyin hech bir paypog‘imga bunchalik mehrim tushmagandi. Unaqasi endi ishlab chiqarilmaydi, shekilli. Ishlab chiqarilsa ham, katta yoshdagilar uchun emas. – Qiziq. – Kulavering, kulavering. Nahotki siz hech narsani shunday sevmagan bo‘lsangiz? Qorong‘u quyuqllashib uni deyarli ko‘rmasdim. Nima deb qo‘yganimni tushunganimdan keyingina aytganimga afsus chekdim. – Nega endi, – dedi u sekin. – Sevardim. Biz yana biroz gaplashib yotdik, keyin Uillning ko‘zi uyquga ketdi. Men esa uni uyg‘otib yuborishdan qo‘rqib yotaverdim. Buning ustiga uyda hech kim yo‘qligi bois uni yolg‘iz qoldirishdan qo‘rqardim. Soat o‘n birlardan o‘tib, Uillning nafasi tezlashib, boshi terlayotganini sezdim. Uni uyg‘otib, isitma dori ichirdim. U indamay ichdida «rahmat» deb g‘udurladi. Ustidagi choyshabi bilan yostiq jildini almashtirdim. Nihoyat, uxlab qolganidan keyin uning yoniga yotib, men ham dong qotibman. DAVOMI BOR.


Like this book? You can publish your book online for free in a few minutes!
Create your own flipbook