Important Announcement
PubHTML5 Scheduled Server Maintenance on (GMT) Sunday, June 26th, 2:00 am - 8:00 am.
PubHTML5 site will be inoperative during the times indicated!

Home Explore SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-32

SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-32

Published by Eldor Bozorov, 2023-08-14 18:10:43

Description: SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-32

Search

Read the Text Version

Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA *** Patriknikiga borgim kelmadi. Uyimizga olib boradigan avtobusga o‘tirdim. Havo iliq bo‘lgani bois derazalar ochiq, oyim qo‘shiq xirgoyi qilib, ovqat pishirardi. Tomas pishillab poybzalini qora flomasterda bo‘yardi. Ular bilan so‘rashib, yuqoriga ko‘tarildim. Qiziq, ketganimga hech qancha vaqt o‘tmaganiga qaramay, o‘zimni begonalardek his qilardim. Trina mening xonamda darsliklar ustida egilib dars tayyorlardi. O‘zim uchun olgan narsalar ichida uning o‘tirishi g‘alati tuyuldi. Men bo‘yagan devorlar endi Tomasning rasmlari bilan tugal holatga kelgandi. Xafa bo‘lmaslik uchun fikrimni bir joyga yig‘ishimga to‘g‘ri keldi. – Ishlaring yaxshimi? Ko‘rinishing yomon. – Seniki ham yaxshimas. – Bilaman. Tozalovchi parxez tutgandim. Yuzimga husnbuzarlar toshib ketdi. – Singlim peshonasini ushladi. – Senga parxez kerak emas. – Ha! Ammo buxgalteriya hisobida o‘qiydigan bir yigit... Ozroq harakat qilishim kerak deb o‘yladim. Mana endi husnbuzar bilan boshini aylantirishimga to‘g‘ri keladi. Har doimgidek oson yo‘ldan ketmadim. Karavotning chekkasiga o‘tirdim. – Xo‘sh, nima bo‘ldi? – u kitobini yopib, kursining suyanchig‘iga tirsagini qo‘ydi. Men indamaganim uchun u savolini yana bir bor takrorlashiga to‘g‘ri keldi. — Trina, nima deysan, men biror kasbga o‘qisam bo‘larmikan? – O‘qisam, deysanmi? Kim bo‘lmoqchisan? – Bilmasam. Moda bilan bog‘liqmi... Dizayn. Yoki oddiy tikuvchilik bo‘lsa ham... – Hm.. kurslar tiqilib yotibdi. Universitetimizda ham bor. Agar istasang, surishtirib beraman. – Menga o‘xshagan, bu ishda tajribasi yo‘qlarni ham olisharmikan? Trina qo‘lidagi ruchkasini tepaga otib, tutib oldi. – Ular yoshi katta talabalarni rosa hurmat qilishadi. Ayniqsa, mehnatkashligini isbotlaganlarni. Avval kurslarda o‘qib, tayyorlanishingga to‘g‘ri keladi. O‘zi nega so‘rayapsan? Nima bo‘ldi? – Bilmasam. Uill hayotimni o‘zgartirishim kerakligini aytgandi... – Xo‘sh?

– Shunga o‘ylab qoldim... Balki sening ortingdan o‘qishni boshlash payti kelgandir. Endi dadam ishlayapti, balki mening qo‘limdan ham kelar shu narsa. – O‘qishing uchun pul kerak xolos. – Bilaman. Yig‘ib qo‘yganlarim bor. – Nazarimda, sen o‘ylaganingdan ko‘ra ko‘proq sarmoya ketadi. – Grant olishga harakat qilaman. Yoki ta’lim kreditimi... Boshiga yetib turadigan pulim bor. Men bir ayol – parlament a’zosi bilan tanishib qoldim. U menga ko‘mak berishi mumkin bo‘lgan agentlikda tanishlari borligini aytdi. O‘zining telefon raqamlarini ham bergan. – Shoshma-shoshma. – Katrina kursini aylantirib, menga o‘girildi. – Tushunmayapman. Uillchi? Men u bilan qolasan deb o‘ylayotgandim. U yashasa, sen ishlayverasan. yopdi-da, tashqariga – Ha, shunday, ammo... – Men shiftga qaradim. — Nima «ammo»? — Buni tushuntirish qiyin. Trina o‘rnidan turib, yotoqxonaning eshigini eshitilmasligi uchun ovozini pastladi. — Yutqizdim, deb o‘ylayapsanmi? U haligi... aytganini qilmoqchimi baribir? — Yo‘q, — dedim men shoshilib. — Ya’ni qilmaydi degan umiddaman. Mening rejalarim bor. Katta rejalar. Xali ko‘rsataman. – Ammo... – Ammo menga Uill yoqadi. – Men qo‘llarimni ko‘tarib, boshimga chambarak qilib o‘rab oldim. – Juda yoqadi. Trina menga o‘ylanib tikilib qoldi. Singlimning bunday qarashidan qo‘rqinchli narsa yo‘q. — Ana bo‘lmasa… — Faqat… — Bunisi qiziq bo‘ldiku, — dedi. — Bilaman. — Men qo‘llarimni tushirdim. — Senga ish kerak… — Boshqa kvadriplegiklar shunday deyishdi. Ular bilan forumda yozishgandim. Ikkalasini birlashtirib bo‘lmas ekan. Ham enaga, ham... – Yuzimni qo‘lib bilan berkitdim. U esa hamon mendan ko‘zini uzmasdi. — U biladimi? — Yo‘q. Hatto, o‘zim ham tuzuk bilmayman. Men... – Karavotga yuzim bilan o‘zimni tashladim. – Men faqat hamisha u bilan bo‘lishni istashimni, boshqa hech kim menga kerakmasligini bilaman. — Jumladan, Patrik ham. Ana, o‘zim tan olishni istamayotgan haqiqat! Yuzlarim lovillab yonib ketdi.

– Ha, – dedim men boshimni ko‘tarmay. – Ba’zan ha. — Jinni bo‘libsan! — dedi singlim chidolmay. — Faqat men hayotimni murakkablashtirishni yoqtiraman deb yurardim. U mening yonimga karavotga yotdi. Ikkalamiz shiftga tikildik. Ko‘zlarim yoshga to‘ldi. Singlim meni quchoqlab oldi. — Tentak qiz, — dedi u va ikkimiz ham kulib yubordik. — Qo‘y, — dedim men yuzimni artib. — Hech qanday axmoqlik qilish niyatim yo‘q. — Yaxshi. Negaki o‘ylaganim sari hammasi yorqin tuyg‘ular, his-hayajon tufayli paydo bo‘lgan, degan xulosaga kelyapman. Bu hayot, kino emas. – Nima? – Sen hayot va mamot oldida turibsan, axir Uillga, uning siriga bog‘lanib qolgansan-da. Bu yaqinlik hissini tug‘dirgan. – Ey, sen nimani ham tushunarding. Hamma ham senga o‘xshab hisob-kitob bilan yasharmidi. – Ammo bu aqlsizlikku – shunaqa... sening muhabbatingga javob berolmaydigan odamni yaxshi ko‘rib qolish... Balki Patrik bilan nihoyat birga yashayotganing uchun shunday bo‘lgandir... — Bilmasam. Balki haqdirsan. – Sizlar anchadan beri birgasizlar. Bir-biringizga o‘rganib qolgansizlar. Endi balki senga yorqin tuyg‘ular yetishmayotgandir. Patrik ham marafonidan boshqa narsani o‘ylamaydi. – Uillni yomon ko‘rib ketyapsan, bilaman. Singlim ro‘molchani olib, ko‘zlarimni artdi. Keyin yuzimni sekin chimchiladi: – Nima bo‘lganida ham kollejda o‘qib olsang zarar qilmaydi. Uill o‘ladimi, qoladimi, senga, baribir, tuzukroq ish kerak. Umringning oxirigacha enagalik qilmaysanku. – Uill o‘lmaydi, nasib qilsa. Xali... hammasi yaxshi bo‘ladi. – Albatta. *** Biroz o‘zimga kelgach, Patriknikiga qaytishga qaror qildim. Nima bo‘lganida ham uyimizda menga yotgani joy yo‘q edi. Hayol surib uyga kirdim. Derazalarda chiroq yo‘qligidan, Patrik intensiv tayyorgarligi doirasida ertaroq uxlagani yotgan bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Yo‘lakka sumkamni tashlab, mehmonxona eshigini itarib ochdim. Keyin unga ko‘zim tushdi. U ikki kishi uchun dasturxon tuzab, yoqilgan shamlar atrofida o‘tirardi. Men eshikni yopdim, Patrik o‘rnidan turdi. Sham yarmigacha yongandi.

– Uzr, – dedi u. Men unga esankirab qarab qoldim. – Men g‘irt axmoqlik qildim. Sen haqsan. O‘zi olti oylikkina ishing bor, shunga ham men yosh bolalalik qildim. Ishingga bunday mas’uliyat bilan qarayotganingdan, aslida g‘ururlanishim kerak. Shunchaki.. biroz kayfiyatim tushib ketdi. Kechir meni. Iltimos. – U qo‘lini uzatdi. Men ushladim. – Unga yordam berishni istayotganing juda yaxshi. Buning uchun sendan yanada fahrlanishim kerak. — Rahmat. — Men uning qo‘lini siqdim. Patrik xuddi tayyorlab qo‘ygan nutqini muvaffaqiyatli yakunlagan odamdek biroz jim qoldi. – Ovqat pishirgandim. Ammo yana salat. – U muzlatgichni ochib, ikkita likop chiqardi. – Musobaqa tugashi bilan restoranga boramiz. Va’da beraman. Yoki sal parxezdan tanaffus qilganimda. Xaligi... – U lo‘njini qappaytirdi. – Oxirgi paytlari musobaqadan boshqa narsani o‘ylamay qo‘yibman. Hamma balo shundan. Sen haqsan. Men bilan borishing hech ham shart emas. Agar istasang, qolib, ishlayver. — Patrik… — deb boshladim men. — Sen bilan bahslashish niyatim yo‘q, Lu. Meni kechirasanmi? — u menga xavotir bilan qarar, yana odekolonni hidi kelardi undan. – Kel o‘tir. Gaplashib ovqatlanamiz. Yugurish, mashg‘ulotlar haqida og‘iz ochmayman, ko‘rasan. – U kuldi. Dasturxonga qarab jilmaydim. – Rahmat. Kutmagandim. Patrik haqiqatan ham yog‘siz kurka ko‘shtidan ming xil taom tayyorlashni bilardi. Sabzavotli salat, spagetti bilan salat, baliqli salat va desertga mevali salat yedik. Asta-sekin ikkimiz ham xotirjam torta boshladik. Men anchadan beri ko‘rmagan Patrik bo‘lgandi qarshimda. U nuqul hazillashar, mendan e’tiborini ayamasdi. Singlim haq. Hayotim alqash-chulkash bo‘lib ketgandi, yaqinlarimdan uzoqlashib qolgandim. Uillning ahvoli va uning siri meni o‘z domiga tortib ketgandi. O‘n ikkilarga yaqin u turib likoplarni idish yuvish mashinasiga soldi. Men u bilan laqillashni davom etardim. Ko‘zimni yumib, qanday maza deb o‘yladim. Shu payt uning gapi bo‘linib, jim bo‘lib qolganini payqadim. Ko‘zimni ochdim. Patrik ostonada turar, qo‘lida esa safarimiz rejasi. U bir nechta varaqni olib siltadi. – Bu nima? – Bu... sayohat. O‘sha senga aytgan safarga tayyorgarlik. U men singlimga ko‘rsatgan va u maqullagan sayohat marshruti, suratlari, Kaliforniya sohillari haqidagi ma’lumotlarga ko‘z yugurtirib, qog‘ozlarni varaqlashga tushdi.

– Men... – u gap boshlaganida uni kimdir bo‘g‘ayotgandek tuyuldi. – sen bilan borolmayman, unga yordam berishim kerak deganingda men rostakam ish haqida gapiryapsan, deb o‘ylabman. Fizioterapiya, ruhan davolash muolajalari va hokazo. Bu esa... – u ishonqiramay boshini sarak-sarak qildi. – Bu esa haqiqiy dam olish! — Ha… shunday. Ammo men uchun emas. Uning uchun. Patrik yuzini bujmaytirdi. — Yo‘q… — U boshini silkitdi yana. —Senga bu sira ham yoqmasligi aniq. Yulduzlar ostida vanna qabul qilish, delfinlar bilan suzish... Mana buchi, «beshyulduzli hasham» va «nomerlarga kunu tun xizmat ko‘rsatiladi». – U menga tikilib qaradi. – Bu ish safari emas, bu asal oyiku! – Uill, bu insofdan emas! – Buchi insofdanmi? Nima, meni begona erkak bilan shunday ta’tilga ketishingga indamay qarab o‘tiradi deb o‘ylayapsanmi? — Ikkimiz emas, Natan ham boradi. — Ie! Ha, Natanmi? Bu albatta, boshqa gap. — Patrik, to‘xta… Bu juda murakkab. – Unda tushuntir. – U qog‘ozlarni menga tutdi. – Tushuntir, Lu. Men ham tushunay. – Uill yashashi va kelajakda uni yaxshiliklar kutayotganiga ishonishi men uchun muhim. – Masalan, senmi? – Bas qil! Men biror marta bo‘lsa ham sening yaxshi ko‘rgan ishingni tashlashingni so‘raganmidim? – Men begona erkaklar bilan issiq vannalar qabul qilmayman. – Men qarshi emasman. Istasang, har kuni begona erkaklar bilan vanna qabul qilishing mumkin. Xudo haqqi! – Men Patrik jilmayarmikan, deb kulishga harakat qildim. Patrik jilmaymadi. – Lu, agar biror fitnes-konferensiyaga... deylik... jamoamizdagi Linn bilan boraman, desamchi, masalan, uni qo‘llab-quvvatlash kerak deb. – Uni qo‘llash kerak ekanmi? – Men uzun malla sochli, oyoqlari havas qilgudek Linni esladim. Nega endi aynan uni misol qilib keltirdi? – Agar u bilan restoranlarga borsam, issiq vannalar qabul qilsam, tunu kunni u bilan o‘tkazsam, o‘zingni qanday his qilarding? Atigi bir necha yuz kilometr narida, ozgina asablari charchab tushkunlikka tushib qolganini ro‘kach qilsam? Sen qarshi bo‘lmasmiding? – Uning «ozgina asablari charchagani» yo‘q, Pat. U o‘z joniga qasd qilmoqchi. Va bunday solishtirishing noo‘rin. Axir o‘zing Uillni majruh demaganmiding?

O‘zing uni butkul xavfsiz deb aytmmaganmiding? «Boshliqlarning eng zo‘ri ekan, – deganding. – Xavotirlanishga o‘rin yo‘q». Patrik papkani stolga qo‘ydi. – Bilasanmi, Lu... endi xavotirlanayapman. Men yuzimni qo‘llarim bilan berkitib oldim. Patrik oshxona javonining burchagini silar, iyagi esa uchardi. — Bilasanmi o‘zimni qanday his qilyapman, Lu? Xuddi yugurib ketyapman-u, hammadan ortda qolib ketayotgandekman. Xuddi, – u fikrini jamlamoqchi bo‘lgandek chuqur xo‘rsindi, – xuddi burilishda meni katta xavf kutayotgandek. Ammo bu xavf nimaligini mendan boshqa hamma biladigandek. – U menga tikildi. – Men o‘zimni ahmoqona tutayapman, deb o‘ylamayman. Ammo sening borishingni istamayman. Men bilan musobaqaga borasanmi, bormaysanmi, menga baribir, ammo shu... ta’tilga ham bormaysan. U bilan. — Ammo men… — Biz sen bilan yetti yildan beri uchrashib yuribmiz. Uni esa atigi besh oy bilasan. Agar u bilan ketsang – demak, bu menga munosabating qanday ekanini anglatadi. — Yo‘q! Bu hech narsani anglatmaydi, — deb e’tiroz bildirdim men. — Agar mening gaplarimga qaramay, ketishga qaror qilsang, anglatadi. Xona sukutga cho‘mdi. Patrik men avvallari hech ko‘rmagan qat’iyat bilan tikilib turardi. – Ammo men unga kerakman, – deb javob beroldim pichirlab. So‘zlarim ichimdan chiqib, havoda aylangan oniy fursatda agar u menga shunday desa, o‘zimni qanday his qilishim mumkinligini tushundim. U qo‘lini stolning burchagiga qo‘ydi-da menga yanada tikilib qaradi: – Nima desam ham fikringdan qaytmaysan, shundaymi? Bu Patrikka hos edi. U nuqul men o‘ylaganimdan ko‘ra ko‘proq narsalarga fahmi yetardi. – Patrik men... U bir zum ko‘zini yumdi, keyin qayrilib xonadan chiqib ketdi. DAVOMI BOR.


Like this book? You can publish your book online for free in a few minutes!
Create your own flipbook