Important Announcement
PubHTML5 Scheduled Server Maintenance on (GMT) Sunday, June 26th, 2:00 am - 8:00 am.
PubHTML5 site will be inoperative during the times indicated!

Home Explore SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-15

SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-15

Published by Eldor Bozorov, 2023-07-28 17:27:51

Description: SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-15

Search

Read the Text Version

Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA *** Internetdagi ma’lumotlarga ko‘ra, restoran yaqinda ta’mirdan chiqqan edi. Taomnomasini ham o‘rganib chiqqandim. — Bu yerda apelsin sharbatida pishirilgan o‘rdak tayyorlashadi, — deb tantana bilan e’lon qildim hamrohlarimga. — Xuddi yetmishinchi yillardagidek qadimgi uslubda. — Libosingizga uyg‘un tarzda, — dedi zaharxandalik bilan Uill. Issiqqa kirib, olomondan uzoqlashganimiz sayin u ancha o‘ziga kela boshlagan, atrofga qarab, o‘z qobig‘idan chiqishga urinardi. — Nima yeysiz, Natan? — so‘radim men. — Menga pivo bilan ozroq gazak bo‘lsa bas, shoxona taomlarni yotirmayman, — dedi Natan. — Ammo bu yerga kelganimdan xursandman. — Oxirgi marta qachon ko‘chada ovqatlangandingiz, Uill? — so‘radim men. Natan ikkovi ko‘z urishtirib olishdi. — Mening davrimda emas, — uning o‘rniga javob berdi Natan. — Qiziq, ammo men notanish odamlar ichida qoshiqdan ovqat yedirishlaridan ko‘pam quvonayotganim yo‘q. — Unda shunday stol tanlaymizki, siz zalga orqangizni o‘girib o‘tirasiz. Aytib qo‘yay, nima bo‘lganida ham bugun mening kayfiyatimni tushirishga muvaffaq bo‘lolmaysiz. — Oxirgi marta restoranda ovqatlanganimda to‘rt yosh edim. Bu ham bo‘lsa shahrimizdagi yagona boulingda. To‘palonda nima yeganim ham esimda yo‘q. Biz gilam to‘shalgan yo‘lakdan yurib borardik. Restoran yo‘lakning yonboshidagi oynaband devor ortida bo‘lib, bo‘sh stollar ko‘p edi. Maza qilib ovqatlanishimni o‘ylab, qornim g‘udurladi. — Xayrli kun. — Men restoranga kirdim. — Uch kishilik joy kerak edi. «Faqat Uillga qaramanglar, — deb ichimda o‘tindim men. — Uni noqulay ahvolga tushishga majbur qilmanglar. Bu yer unga, albatta, yoqishi kerak». — Chiptangizni ko‘rsating, iltimos, — dedi ayol. — Nima? —VIP-chiptangizni. Men tushunmay unga tikildim. — Bu restoran — faqat VIP-chipta egalari uchun.

Men Uill va Natanga qayrilib qaradim. Baxtimga ular uzoqroqda turishar, gaplarimizni eshitishlari dargumon edi. Natan Uillga kurtkasini yechishga yordam berayotgandi. — E-e-e… men istagan joyimizda tamaddi qilishimiz mumkin emasligini bilmagandim. Bizning chiptalarimiz oddiy, VIP emas. — Uzr, — jilmaydi u. — Faqat VIP-chipta egalari uchun. Bu bizning barcha reklama materiallarimizda aytilgan. — Mayli, — chuqur xo‘rsindim men. — Boshqa restoranlaringiz bormi? — Afsuski, oshxonamiz hozir ta’mir qilinyapti, ammo tribunalarda mayda- chuydalar sotiladigan kiosklar bor. ¬ — Yuzim burishganini ko‘rib, u qo‘shib qo‘ydi: — Go‘shtli kulchalar ham bo‘ladi. Olma qaylali. — Kiosk? — Ha. — Iltimos, — unga tomon egilib, o‘tindim undan. — Biz uzoq yo‘l bosib keldik, do‘stim sovuqqotib qolgan. Balki bir yo‘lini qilib, ovqatlanishimzga ruxsat olib berarsiz. U isinib olishi kerak. Nima bo‘lganida ham kunimiz yaxshi o‘tishi kerak. — Afsus. — Burnini jiyirdi u. — Agar qoidalarga amal qilmasam, meni ishdan bo‘shatib yuborishadi. Ammo pastda nogironlar uchun dam olish xonasi bor. Poyga u yerdan ko‘rinmasa ham anchayin shinamgina. U yerda isitgichlar va barcha boshqa zarur buyumlar bor. O‘sha yerda ovqatlanib olsangizlar bo‘ladi. Men angrayganimcha unga qarab qoldim. Boshimdan oyog‘imgacha muzlab ketgandim. Ko‘kragiga osib olgan qog‘ozga yozilgan ismini o‘qidim. — Sheron, — dedim. — Restoraningizdagi stollarning yarmi bo‘sh. U yerga odam o‘tqazganingiz yaxshi emasmi? Ko‘rsatmalarda yozilgan g‘alati tabaqalash tufaylimi hammasi? ¬—Xonim, men sizga sharoitni tushuntirdim. — Elektr chiroqdan tishlari yaltirab ketdi. — Agar qoidalarni siz uchun o‘zgartirsak, ularni barcha uchun o‘zgartirishimiz kerak. — Axir bu bema’nilikku, — e’tiroz bildirdim men. — Dushanba kuni bo‘lsa, ko‘chada yomg‘ir, tushlik payti. Stollaringiz bo‘sh turibdi. Biz ovqat sotib olmoqchimiz. Anchayin qimmat ovqat. Qanchayin shinam bo‘lmasin, derazasi ham yo‘q xonada go‘shtli kulcha yeb o‘tirish niyatimiz yo‘q. Tamaddi qilib o‘tirganlar eshik oldidagi dahanaki jangimizga qiziqib, bizga o‘girilib qaray boshlashdi. Men Uill xijolat bo‘layotganini yuzidan sezdim. Ular Natan bilan nimadir ro‘y berganini tushunishgandi. — Unda siz VIP-chipta sotib olishingizga to‘g‘ri keladi.

— Juda yaxshi. — Men hamyonimni topish uchun sumkamni kavlashga tushdim. — Necha pul turadi? Qo‘l sochiqchalar, eski avtobus chiptalari, jiyanimning mashinachasi polga tushdi. Menga endi baribir edi. Uill restornda ovqatlashini kerak, tamom. — Mana. Qancha? Yana o‘nmi? Yigirmami? — Men uning qo‘liga bir dasta pul tutqazdim. U mening qo‘limni qaytardi: — Uzr, xonim, biz chipta sotmaymiz. Bu restoran. Kassaga qaytib borib, sotib olishingiz kerak. —Kassa qaerdaligini bilasizmi? U ippodromning narigi burchagida. — Ha. Men unga tikilib qoldim. — Luiza, ketdik, — deb Uillning ovozi eshitildi. To‘satdan ko‘zimga yosh keldi. — Yo‘q, — dedim men. — Bu g‘irt bema’nilik. Biz shuncha uzoqdan keldik . Shu yerda tura tursangiz, hammamizga VIP-chipta olib kelaman. Keyin ovqatlanamiz. — Luiza, men och emasman. — Ovqatlanganimizdan keyin hammasi yaxshi bo‘ladi. Otlarni tomosha qilamiz. Hammasi yaxshi bo‘ladi. — Luiza — Natan oldinga qadam bosib, meni qo‘limdan ushladi. — Nazarimda, Uill uyga ketmoqchi. Endi restorandagilarning barchasi bizni tomosha qilardi. Men butkul mag‘lub bo‘lgandim. Uill unga qaraganida biroz xijolat bo‘lishga insofi yetgan ayolga qaradim. — Rahmat, — dedim men. — Iltifotingiz uchun minnatdormiz. — Klark… — Uillning ovozida ogohlantirish eshitildi. — Juda tushunadigan ayol ekansiz. Qoyil qoldim. — Luiza! Men sumkamni qo‘limga oldim. — Mashinachangiz qolib ketibdi, — dedi ayol, Natan ochib turgan eshikdan o‘qdek uchib chiqarkanman. — Nima, unga ham chipta kerakmi? — deb zahrimni sochib, lift tomonga yurdim. Indamay pastga tushdik. Qo‘limdagi titroqni bosishga harakat qilardim. — Kioskdan biror narsa olib yemasak bo‘lmaydi, — dedi Natan vestibyulga tushganimizdan keyin. — Necha soatdan beri tuz totmadik. — U ko‘zini Uillga qaratganidan keyingina u kimni nazarda tutayotganini tushundim.

— Albatta! — deb uning gapini quvvatladim men shodon. — Xaligi non bilan go‘sht bo‘lsa ham yo‘q demasdim. Qornimning po‘stagi chiqib ketdi. Uchta go‘shtli kulcha sotib oldik. Ichida olmali qaylasi ham bor ekan. Men Uillga yedirib qo‘yish qulayroq bo‘lishi uchun pastakkina axlat chelakka o‘tirib olgandim. Yonimizda turgan ikki ayol o‘zlarini xuddi bizni ko‘rmayotgandek tutishardi. «Bechora, — qulog‘imga chalingandek bo‘ldi ularning gapi. — Dahshat!». Men ularga o‘qrayib qaradim. Unga bunday qarashga qanday haqlari bor? Shu tobda Uill nimani his qilayotganini o‘ylamaslikka harakat qilardim. Yomg‘ir tingandi. — Uyga ketsak ham bo‘lar? — dedi Natan og‘zini artarkan. — Yaxshi dam oldik, endi mashinalar ko‘paymagunicha yetib olsak, degandim. *** Poygada o‘tirgunimizcha mashinalar kirib-chiqaverib, ulovlar qo‘yish joyini balchiqqa aylantirib tashlagandi. Natan ikkimiz ming harakat qilmaylik, yo‘lning yarmini ham bosib o‘tolmadik. Uill aravachisining g‘ildiraklari bir joyda aylanib, oxiri loyga tiqilib qoldi. — Bo‘ldi endi, yurg‘izolmaysizlar, — dedi Uill. Men o‘zimni eshitmaganga oldim. Sayrimizning ajoyib yakuni! — Nazarimda, yordam kerak bizga, — dedi Natan. Uill chuqur xo‘rsindi. Men uni sirayam munchalik nochor ahvolda ko‘rmagandim. – Men sizni oldinga o‘rindiqqa o‘tqazib qo‘yishim mumkin. Keyin Luiza ikkimiz aravani chiqarib olishga harakat qilamiz. – Qo‘lga chiqib olishim qoluvdi faqat, – dedi jahl bilan Uill. – Uzr, og‘ayni, – dedi Natan. Ammo Lu ikkimiz eplolmaymiz. Ey, Lu, sen mendan ko‘ra chiroyliroqsan. Biror kimni yozrdamga chaqirib kel. *** Agar nogironlar aravasini loydan chiqarishni iltimos qilishganida shuncha odam rad etishini aytishsa, ishonmasdim. «Bir nogiron aravasida loyga tiqilib qoldi, — derdim men. — Uni ko‘tarishga yordam berolmaysizmi?». «Biz kutib o‘tirgan poyga hozir boshlanadi», — deyishardi ular. Yoki: «Kechirasiz». Yoki: «Soat uch yarim bo‘lishini kutyapmiz. Shu otga bir dunyo pul tikkanmiz». Chavandozlardan birtosidan iltimos qilaymi deb ham o‘yladim. Ammo yaqindan qarasam, ularning jussasi mendan ham kichik ekan. Јoliblar taqdirlanadigan maydonga yetib kelganimda g‘azabim qaynab ketgandi. Va nihoyat... pivo ichib turgan bir to‘da barzangi yigitlarga duch keldim! Ularga yaqinlashishim bilan yigitlar qiyqirib menga qarshi chiqishdi.

— Men sizlardan yordam so‘rab kelgandim. — Istagan narsangni so‘ra, jonidan, — dedi ulardan biri. — Yo‘q, rostanam, tashqarida bir do‘stimga yordam kerak edi. — Uzr, asalim, ammo hozir birovga yordam beradigan ahvolda emasman. — Hoy, keyingi poyga boshlandi, Marki. Unga pul tikkanmiding? Menimcha men qo‘ymaganman. Marki degani poyga maydoniga o‘girilib oldi-yu, menga e’tiborlari so‘ndi. Uyga borib Uillning ota-onasiga necha-necha pulga olingan nogironlar aravasini ippodromga tashlab ketganimizni qanday yuz bilan aytishimni o‘yladim. Shu payt xaligi yitgitning qo‘lidagi tatuirovkaga ko‘zim tushdi. — U soldat, — dedim men baland ovozda. — Sobiq zobit. Yigitlar birin-ketin menga o‘girilib qarashdi. — Uni yaralashgan. Iroqda. U biroz xursand bo‘lsin deb, olib kelagandik. Ammo hech kim yordam bergisi kelmayapti. — Ko‘zimga yosh keldi. — Veteran? Rostanmi? Qani u? — Mashina to‘xtash joyida. Ular bir-birlariga hayratlanib qarab olishdi. — Ketdik, bolalar. Bunga chidab turolmaymiz Yigitlar gandiraklab ortimdan yurisharkan, ularning harbiy harbiyni qiyin ahvolda tashlab qo‘ymasligi haqidagi chuqur mulohazalari qulog‘imga chalinardi. Aravaning yoniga kelganimizda Natan Uillni ikkinchi adyol bilan o‘rab qo‘ygan bo‘lsa-da, u sovuqdan qunishib o‘tirardi. – Bu jasur yigitlar hozir bizga yordam berishadi, – dedim men. — Havotir olmanglar. Soldat og‘aynimiz uchun har qanday ishga tayyormiz. — Biz o‘zimiznikilarni tashlab ketmaymiz, og‘ayni! Men Natanga qarab boshimni qimirlatib ishora qildim. Uill esa gapirishga xushi yo‘q edi. – Qaysi polkdan? Men tirjayganimcha, kallamni ishlata boshladim. — O‘qchilar polki… — dedim men. — O‘n birinchi o‘qchilar. – Unaqasini eshitmagan ekanman. — Bu yangi polk, — chiyilladim men. — O‘ta maxfiy. Iroqda joylashgan. Tomog‘imga bir narsa tiqilib qolgandek bo‘ldi. Uillning aravasi yerdan bir necha santimetr yuqorida zambildek ketib borardi. – Ular Katterikeda o‘qishganmi? – Albatta-da, yana qaedrda o‘qisin? – dedim-u gapni boshqa tomonga burdim. – Xo‘sh qaysi birlaring uylanayapsizlar? Uillni mashinaga joylashtirib bo‘lganimizdan keyin ular o‘zaro pul yig‘ib, Uillni tiklash jamg‘armasiga naq qirq funt pul berishlarini aytib, boshimizni

qotirishdi. Shu pulga Uillning sog‘lig‘i uchun ichishlarini iltimos qilmagunimcha tinchiy qolishmadi. So‘ng har birini yuzidan o‘pib qo‘yishimga to‘g‘ri keldi. Ana shundan keyingina ulardan qutuldik. Natan mashinani bibiplatib meni chaqirganida ularning ortidan qo‘l silkitib turardim. — Zo‘r yigitlar ekan-a? — dedim men mashinaning kalitini burab, gazni bosarkanman. — Bittasi oyog‘imga pivosini to‘kib yubordi, — dedi Uill. — Obbo, — dedi Natan, ippodrom darvozasiga yaqinlashib qolganimizda. — Qara! Tribunalar oldida nogironlar uchun mashina qo‘yish joylari bor ekan. Betonlab ham qo‘yilgan. *** Uill o‘sha kuni boshqa men bilan gaplashmadi. Natan yo‘lda tushib qolganida, u bilan xayrlashdi-da, uyga yetib olgunimizcha miq etmadi. Men Uillning aravasini tushirib, uni ichkariga olib kirdim-da, issiq choy damlashga kirishdim. Poyabzali, shimini almashtirdim, tezroq isinishi uchun kaminni yoqdim. Televizorni yoqdim, xona shinamroq ko‘rinsin uchun pardalarni tortib qo‘ydim. Choy xo‘plab, Uillning yoniga o‘tirganimdagina Uill men bilan gaplashmayotganini tushunib qoldim. Charchaganidan yoki televizor ko‘rayotgani uchun emas. Shunchaki men bilan gaplashmayotgandi. — Nimadir bo‘ldimi? — deb so‘radim men nihoyat u yangiliklar to‘g‘risidagi uchinchi savolimni javobsiz qoldirgach. — Buni sizdan so‘rash kerak, Klark. — Nima? — Siz axir men haqimda hamma narsani bilasizku. O‘zingiz aytavering. Men unga angrayib tikilib qoldim — Uzr, — dedim men qo‘rqa-pisa. — Bilaman, bugun hammasi rejalashtirganimdek bo‘lmadi. Kun bo‘yi maza qilib o‘ynab-kulamiz degandim. Rost, sizga yoqadi, deb o‘ylagandim. Men buni amalga oshirish uchun qancha mehnat sarflaganimni, agar sal qovog‘ini ochib yurganida, yana xaligi axmoqona chiptalarni olib kelishimga ruxsat berganida restoranda maza qilib ovqatlanishimiz mumkinligini aytmadim. — Ha, xuddi shunday. — Nima? — Siz ham hammadeksiz. — Qaysi ma’noda? — Agar siz mendan so‘raganingizda edi, Klark. Agar mana shu uyushtirgan bayramona chiqishingiz haqida meni xabardor qilganingizda edi, men sizga aytgan bo‘lardim. Men otlarni va poygalarni yomon ko‘raman. Har doim yomon ko‘rganman. Ammo siz so‘rab o‘tirmadingiz. Siz menga nima kerakligi haqida

o‘zingiz qaror chiqarib, o‘zingiz uni amalga oshirdingiz. Siz hamma qatori ish tutdingiz. Men uchun qaror qabul qildingiz. — Unday emas… — dedim men yutinib. — Xuddi shunday qildingiz. Uill aravasini qayriltirib, mendan yuzini o‘girdi va mening xizmatim unga boshqa kerak emasligini tushundim. DAVOMI BOR.


Like this book? You can publish your book online for free in a few minutes!
Create your own flipbook