Important Announcement
PubHTML5 Scheduled Server Maintenance on (GMT) Sunday, June 26th, 2:00 am - 8:00 am.
PubHTML5 site will be inoperative during the times indicated!

Home Explore SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-17

SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-17

Published by Eldor Bozorov, 2023-07-30 17:58:27

Description: SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-17

Search

Read the Text Version

Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA *** Oddiy odamlar, ya’ni Kamilla Treynorning nazdidagi ishchilar sinfi, Uillni ko‘rishi bilan unga lo‘q etib qarar, ba’zilari achinib jilmaysa, boshqalari shivirlab hamdardlik bildirib, nima uchun u shu ahvolga tushib qolganini surishtirardi. O‘rta tabaqaga mansub insonlar esa o‘zlarini xuddi qaramayotganiga solishsa- da, aslida Uillga tuzukroq razm solishga urinishardi. Baqrayib qarashga ularning tarbiyalari yo‘l qo‘ymasdi. Uill o‘tib ketgandan keyin birov bilan gaplashib turishgan bo‘lsa-da, orqasidan qarab qolishar, ammo u haqida gaplashishmasdi. Chunki bu qo‘pollik sanalardi, nazarlarida. Simfonik zalning foyesidan o‘tib borarkanmiz, bashang kiyingan xonimlar va janoblar qo‘llarida qadah yoki konsert dasturi bilan turisharkan, o‘zlarini xuddi shunday tutishardi. Parterga yetib olgunimizcha orqamizdan qadalgan nigohlarni butun vujudim bilan his qilib bordim. Buni Uill sezdimi, bilmayman. U o‘zini sezmayotgandek tutibgina xotirjam o‘tirgandir, xoynahoy. O‘rnimizni – old qator markazidagi bo‘sh joyni egalladik. O‘ng tomonimizda nogironlar aravasida o‘tirgan yana bir kishi bor edi. U yonidagi ikki ayol bilan tinimsiz gaplashar, kayfiyati juda chog‘ edi. Uill ularga e’tibor qaratarmikan, deb ularni kuzatardim. Ammo Uill ko‘rinmas odamga aylanib olmoqchi bo‘lgandek yelkalarini qisib, boshini ham qilgancha oldinga qarab o‘tirardi. — Biror narsa kerakmi? — deb shivirladim men. — Yo‘q, — deb yutindi u. — Ha, kerak. Bo‘ynimga nimadir qadalyapti. Men yoqasiga qo‘limni tiqqandim, neylon yorliq qo‘limga ilindi, uzib tashlamoqchiydim, eplolmadim. – Yangi ko‘ylak. Noqulaymi rostan? — Yo‘q. Shunchaki hazillashgim keldi. — Sumkamizda qaychi bormikan? — Bilmayman, Klark. Men uni kamdan-kam hollardagi o‘zim yig‘aman. Qaychi yo‘q ekan. Men shivir-shivir qilib, dasturlarni o‘qib, o‘rinlariga joylashayotgan tomoshabinlarga qaradim. Agar Uill hotirjam musiqa eshita olmasa, shuncha harakatimiz yana bir tiyin bo‘ladi. Ikkinchi marta muvaffaqiyatsizlikni, to‘g‘risi, ko‘tarolmayman. — Qimirlamang, — buyurdim men. — Nima… U og‘iz ochguncha men egilib, ehtiyotkorlik bilan yoqasini bo‘ynidan surdim- da, old tishlarim bilan yorliqni tishladim. Ko‘zlarimni yumib, Uillning terisining isi, iliqligiga ahamiyat bermaslikka harakat qilib, bir necha soniya ichida unga halaqit berayotgan mato parchasini uzib oldim. Boshimni ko‘tarib, g‘oliblik nashidasi bilan og‘zimdan yorliqni chiqarib, kursilar ortiga tashladim.

— Bo‘ldi! – O‘girilib, bir nechta tomoshabin bizga qarab turganini ko‘rdim, ular esa, o‘z navbatida, dasturlarida qandaydir qiziq narsa ko‘rib qolgandek, darrov o‘qishga kirishib ketdilar. Keyin Uillga qaradim. – Nima bo‘pti? Nima, ular qiz yigitining yoqasiga chang solganini hech ko‘rishmaganmi? U nima deyishini bilmay qolgandi, ko‘zlarini pirpiratib, boshini qimirlatdi. Bo‘ynidan qizara boshlaganini ko‘rib, hayratlandim. Ko‘ylagimning etagini to‘g‘riladim. – Nima bo‘lganida ham, – dedim men, – yorliq shimda bo‘lmaganidan xursand bo‘lishimiz kerak. U bir narsa deb javob berishiga ulgurmay, smoking va kechki ko‘ylak kiygan sozandalar kirib kelishdi-yu, tomoshabinlar jim bo‘lishdi. Ichimdan yengil titroq o‘tgandek bo‘ldi. Qo‘llarimni tizzamga qo‘yib, yelkamni ko‘tarib o‘tirib oldim. Sozandalar cholg‘u asboblarini sozlashga kirishdilar-u, kutilmaganda zal yagona tovushga to‘ldi. Bunday yorqin, bunday ko‘p o‘lchamli ovozni hech eshitmagan ekanman. Sochlarim dikkayib, nafasim bo‘g‘ildi. Uill yuzida tabassum bilan menga ko‘z qirini tashladi. Dirijor oldinga chiqib, pyupitrini tayog‘i bilan urdi, tinchlik hukm surdi. Tomoshabinlar besabrlik bilan nimanidir kutib qotib qolishgandi, nazarimda. So‘ng u tayog‘ini tushirdi-yu, atrof sof tovushga burkandi. Men musiqani xuddi moddiy narsadek his etdim – uni shunchaki qulog‘im orqali emas, butun vujudim bilan eshitarkanman, etim jimirlab, kaftlarim terlab ketdi. Uill menga bunday bo‘ladi demagandi. Yana zerikaman, debman-a! Umrimda bunday go‘zal kuyni eshitmagandim. Musiqa mening hayollarimni uyg‘otgandi, uzoq yillar davomida o‘ylamagan narsalarim yodimga tushdi. Esimdan chiqqan tuyg‘ular meni qamrab olgan, yangi hislar va fikrlar esa uzoqlarga cho‘zilgan, idrokim o‘sib, shaklini o‘zgartirayotgandek tuyuldi. Qaniydi, shu zayl o‘tiraversam, musiqa tugamasa, hayolimdagi parvoz yakun topmasa... Sekin Uillga qarab qo‘ydim. U ham hayajonlangandek va har doimgidan erkinroqdek tuyuldi menga. Unga qaraganimdan qo‘rqib ketib, tezgina yana oldinga qarab oldim. Men u qanchalar ko‘p narsani yo‘qotganini anglashdan, qo‘qruvlarini his qilishdan qo‘rqardim. Uill Treynorning taqdiri men bilgan, men his qilgan narsalardan ming chandon ustun edi. Kim bo‘libmanki, unga qanday yashashni o‘rgatsam? Uillning do‘sti konsertdan keyin parda ortiga o‘tib, u bilan ko‘rishishni so‘rab, noma yozib qoldiribdi, ammo Uill istamadi. Uni ko‘ndirishga harakat qildim, ammo jag‘ini oldinga chiqarib olganidan urinishim befoyda bo‘lishini tushundim. Uni ayblab bo‘lmasdi. Axir sobiq hamkasbining nigohi hamon yodimda – achinish, jirkanish va bu holatga o‘zi tushmaganidan yengil tortish hissining qorishmasi. Uill bunday uchrashuvlardan to‘yib ketgandir. Tomoshabinlar turib chiqib ketganlaridan so‘ng Uillning aravasini itarib, zaldan olib chiqdim-da, liftdan tushib, mashinalar turar joyiga olib chiqdim. Men miq etmay ketardim, kallamda xanuz musiqa sadolari jaranglar, u to‘xtashini istamasdim ham. Avvallari sira musiqa yopiq eshiklarni ochishi mumkinligi haqida o‘ylamagan ekanman. Musiqa atrofingdagi havoda iz qoldirishini, uning ohanglarini o‘zing bilan olib ketishing mumkinligini ham bilmasdim. Zalda o‘tirganimzda men hatto Uill haqida ham unutgandim.

Mashinamizni uy oldida to‘xtatdim. Oy yog‘dusi atrofga betashvish taralar, tepalikdagi qal’a qarshimizda savlat to‘kib turardi. – Shunday qilib, klassik musiqa sizga to‘g‘ri kelmaydi. Men ko‘zgudan mashinaning orqa o‘rindig‘iga qaradim. Uill jilmayardi. — Menga umuman yoqmadi. — Sezdim. — Ayniqsa, oxirida skripka bir o‘zi orkestrsiz chalgani juda chatoq bo‘ldi. — Ha, shu qismi yoqmagani rosa sezildi. Ustiga ustak, nafratlanganingizdan ko‘zingizga yosh ham keldi. Men javoban kulimsiradim. — Menga konsert rostan ham rosa yoqdi, – tan oldim men. – Barcha klassik musiqiy asarlar yoqadi, deyishim qiyin-u, lekin bunisi juda ajoyib ekan. – Burnimni ishqaladim. – Rahmat. Taklif qilganingiz uchun rahmat. Biz jim o‘tirib, qal’ani tomosha qilardik. Odatda u baland devorlari bo‘ylab o‘rnatilgan chiroqlarning qizg‘ish rangiga burkanib turardi. Ammo bugun to‘lin oy nurida u samoviy ko‘kish tusga kirgandi. — U yerda ham musiqa chalishganmikan? — so‘radim men. — Qal’adami? O‘rta asrlar musiqasi yangragani aniq. Men bunga ishqiboz emasman, ammo bir-ikkita diskim bor. Berib turishim mumkin. Qa’ada quloqchin taqib, eshitib aylanib yursangiz, o‘sha davrga tushib qolgandek bo‘lasiz. – Yo‘q, qal’ada aylanishni yoqtirmayman. – Ha, oldingda oqqan suvning qadri yo‘q. Men gapni davom ettirgim kelmadi. – Mayli, – deb kamarni yechdim. – Uyga ketdik. Hali kechki yumushlarimiz bor. – Bir daqiqa to‘xtang, Klark. Men orqaga o‘girildim. Uillning yuzi soyada bo‘lgani uchun uni yaxshi ko‘rolmadim. – Bir daqiqagina. – Ahvolngiz yaxshimi? – men beixtiyor u biror narsaga ilinib yo qisilib qolmadimikin deb arvasiga diqqat bilan qaradim. – Hammasi joyida. Shunchaki... uyga kirgim kelmayapti. Men hech narsa haqida o‘ylamay yana biroz shu yerda o‘tirmoqchiman... – u yutindi. Hatto g‘ira- shirada ham u arang yutungani sezildi. – Yana birozgina qizil ko‘ylak kiygan qizni konsertga olib borgan yigitdek o‘zimni his qilmoqchiman. Hech bo‘lmasa yana bir daqiqa. – Albatta. – Eshikning tutqichini qo‘yib yuordim. Ko‘zimni yumib, boshimni boshtirgagichga qo‘ydim. Shu onda musiqa uyg‘otgan xotiralarda adashib qolgan ikki qalb oy shu’lasida ajib tus olgan qal’aga maxliyo bo‘lib o‘tirardi . *** O‘sha kecha labirintda nima yuz bergani haqida singlim bilan hech qachon tuzuk gaplashmaganmiz. U meni quchoqlab tinchlantirdi, keyin kiyimlarimni yig‘ishtirishga yordam berdi, tuflimni qidirishga tushdi. Men topishing shart emas,

dedim. Uni, baribir, endi kiymasdim. So‘ng sekin uyga ketdik. Oyoqyalang yurib borarkanman, singlim qo‘ltig‘imdan suyab olgandi. Uyga yetib kelganimizda u mening yuz-ko‘zimni xo‘l sochiq bilan artib qo‘ydi, keyin hech nima bo‘lmagandik ichkariga kirdik. Otam futbol ko‘rib o‘tirib, xali uxlamagan ekan. – Qizlar, muncha kech! – deb qichqirdi u. – Bugun juma, tushunaman, ammo... – Xo‘p, dada, – dedik biz jo‘r ovozda. O‘shanda hozir bobom yashaydigan xonada turardim. Shing‘illab yuqoriga ko‘tarilib, singlim og‘zini ochib ulgurmasidan xonamga kirdim-da, ortimdan eshikni yopdim. Keyingi haftada sochimni qirqib tashladim. Samolyotga olgan chiptamni qaytarib berdim. Maktabdosh dugonalarim bilan ham aylanishga chiqmay qo‘ydim. Xonamga kirib, eshikni berkitib olish odatimni esa oyim bilan dadam «katta qiz» bo‘lib qolganimga yo‘yishdi. Men o‘zimni tushunib yetgandim. Men notanish yigitlar bilan xiringlashib yuradigan qiz emasman. Endi men erkaklarning e’tiborini tortadigan ochiq-sochiq, tor kiyimlarni ham kiymay qo‘ygandim... Hayot davom etaverdi. Avval sartaroshxonada, keyin «shirin kulchalar» da ish topdim, va hammasi ortda qoldi. O‘shandan beri qal’a atrofidan besh ming marta o‘tgandirman. Ammo boshqa biror marta labirintga kirmadim. DAVOMI BOR.


Like this book? You can publish your book online for free in a few minutes!
Create your own flipbook