Important Announcement
PubHTML5 Scheduled Server Maintenance on (GMT) Sunday, June 26th, 2:00 am - 8:00 am.
PubHTML5 site will be inoperative during the times indicated!

Home Explore SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-29

SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-29

Published by Eldor Bozorov, 2023-08-11 17:51:35

Description: SEN BILAN UCHRASHGUNCHA-29

Search

Read the Text Version

Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA *** Soat to‘rtda nihoyat ovqat tortadigan bo‘lishdi. Vaqt cho‘zilib ketgandi, chamamda. Chap tomonimda o‘tirgan qo‘shnim bilan g‘uldurab gaplasha boshlagandim. – Xuddi limonad ichib mast bo‘lib qolgandekman, – dedim Uillga tuz idishidagi tuzni etagimga to‘kib yuborgach. – Buning vinodan farqi yo‘q, – dedi Uill. Men dahshatga tushib unga qarab qoldim. — Bo‘lishi mumkin emas! Mevali-ku! Ham shirin. Endi sizni uyingizga qanday olib borib qo‘yaman? — Enagam bilan rosa omadim chopgan-da! — qoshini ko‘tardi Uill. — Onamga aytmaslikka va’da bersam, evaziga nima berasiz? Uill kun bo‘yi meni hayratlantirdi. Men jahldor, zahar, indamas Uillni ko‘raman deb o‘ylagandim, lekin Uill bunchalar jozibador bo‘lishi mumkinligi xayolimga ham kelmagandi. Hatto, sho‘rva tortishganida ham kayfiyati tushmadi. U hazil-huzul bilan sho‘rvasini «glyutensiz parhez»da o‘tirgan qizlarning noniga almashtirib oldi. O‘zimga kelolamanmi-yo‘qmi, deb xavotirim kuchaygan sari Uillning kayfiyati ko‘tarilar, tobora beg‘amlashardi. Uning o‘ng tomonida o‘tirgan keksa ayol – nogironlar huquqlari uchun kurashgan sobiq parlament a’zosi – Uill bilan hech bir xijolatsiz gaplashib o‘tirardi. Bu kamyob hodisa edi. U, hatto, Uillning og‘ziga bir bo‘lak rulet solib qo‘yganini ham sezdim. Ayol joyidan turib, qaergadir borib kelganida bu ayol Kilimanjaroga ko‘tarilganini aytdi. – Shunday do‘ndiqchalarni yoqtiraman, – dedi u. – Kirza etikdek baquvvat. Men esa qo‘shnimdan yolchimagandim. Yonimda o‘tirgan kishi to‘rt daqiqa ichida qisqagina savol-javob bilan mening kimligimni surishtirib, bilib olgach, chap tomonida o‘tirgan ayolga o‘girilib, menga umuman e’tibor qaratmay qo‘ydi. Ovqatimni jimgina yeb o‘tirishdan boshqa ilojim qolmagandi. Likopimdan ko‘zimni ko‘tarib, Uill tomonga qaragandim, u menga ko‘zini qisib qo‘ydi. Ahvolimni sezganidan minnatdor jilmaydim. So‘ng Uill aravasini biroz orqaga surib, meni Meri Rolinson bilan suhbatga tortdi. — Shunday qilib, Uill siz uni parvarishlayotganingizni aytdi, — dedi u moviy ko‘zlari bilan o‘tkir nazar tashlab. Yuzidagi ajinlar terisiga ko‘pam ahamiyat beravermasligidan dalolat berardi. – Harakat qilayapman, – dedim Uillga qarab qo‘yib.

– Har doim shu sohada ishlaganmisiz? — Yo‘q. Avvallari… qahvaxonada ishlaganman. To‘yda buni oshkor etish mumkinmidi, bilmadim-u, biroq Meri Rolinson boshini ma’qullab silkitdi. — Menga bu ish doim qiziqarli tuyulgan. Siz odamlarni yaxshi ko‘rasiz va menga o‘xshab burningizni har joyga tiqadigan odatingiz bor, – deb jilmaydi u. Uill aravasini yana yaqinroqqa surdi. — Men Luizani ishini o‘zgartirishga ko‘ndirishga urinayapman. — Nima bilan shug‘ullanmoqchisiz? — so‘radi Meri. — Hali o‘zi ham bilmaydi, — javob berdi Uill. — Luiza juda aqlli qiz, ammo imkoniyatlarini ko‘rgisi kelmaydi. — Muncha unga g‘amxo‘rlik qilmasangiz, — deb unga jiddiy qaradi Meri Rolinson. — U o‘zi uchun o‘zi javob beroladi. — (Men ko‘zimni pirpiratdim.) — Buni o‘zingiz mendan ham yaxshi bilasiz, – deb qo‘shib qo‘ydi u. Uill bir narsa demoqchi bo‘ldi-yu, indamadi. U nigohini stolga qadadi-da, boshini sekin qimirlatdi, lekin lablarida tabassum o‘ynardi. — Demak, Luiza, hozirgi ishingiz sizdan anchayin kuch-g‘ayrat talab qiladi. Bu yigitchani eplash oson emasdir. — Ha-da. — Ammo Uill imkoniyatlar to‘g‘risida haq. Mana mening tashrif qog‘ozim. Men qayta tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi xayriya tashkilotining a’zosiman. Balki kelajakda ish faoliyatingizni o‘zgartirgingiz kelib qolar. – Menga Uill bilan ishlash yoqadi, rahmat. Ammo bu ayol mening kelajagimga beparvo emasligidan ajablanib, qog‘ozni oldim. Nima bo‘lganida ham ishimni tashlamayman. Biror narsaga o‘rganishim ham amri mahol. Muhimi – Uill yashasa bo‘ldi. O‘z xayollarim bilan bo‘lib sheriklarimning gapiga quloq solmay qo‘yibman. — …eng qiyini ortda qolibdi. Hayotni o‘zgartirish, undan yangi ma’no topish qanchalar qiyinligini men juda yaxshi bilaman. Men likopimdagi baliqqa tikilib qoldim. Uill bilan birov bunday gaplashganini sira eshitmagandim. Uill stolga qarab, qovog‘ini uydi-da, yana Meri Rolinsonga o‘girildi. — Qiyini ortda qoldi, deb bo‘lmasa kerak, – dedi u past ovozda. Ayol avval unga, keyin mena ko‘z tashladi. Yuzimdan nimani o‘ylayotganimni tushungandir. — Hammasiga vaqt kerak, Uill. — u qo‘lini Uillning kaftiga qo‘ydi. — Sizning ahvolingizda bunga ko‘nikish anchayin mushkul. Siz barcha narsa o‘ylaganingizdek bo‘lishiga o‘rgangansiz. O‘zingiz tanlagan yo‘ldan ketishni istagansiz. Ayniqsa, sizga o‘xshab omadi chopgan yigitlar...

— Rolinson xonim… Meri… mening ahvolim o‘nglanmaydi, — dedi Uill. — Men sog‘ligingizni nazarda tutmayapman, — dedi u. — Men yangi hayotingizni qabul qilishga o‘rganishingizni nazarda tutayapman. Uill javob berishga ulgurmadi, kimdir qadahiga qoshig‘ini urdi. Hamma gapidan to‘xtab o‘sha tomonga qaradi. Nutq irod etish vaqti kelgandi. Shoshinqiragan erkaklar birin-ketin so‘z olishar, tinglovchilar jilmayishardi. Men kumush taqsimchalarda tortilgan shokoladdan yeb, uch finjon qahva ichib, yana ham mastroq va jig‘ibiyron bo‘lib qolgandim. Uill esa, aksincha, yanada xotirjamlik bilan sobiq qiziga qarsak chalishayotganini Rupertning unga qanday ajoyib xotin nasib etganini g‘uldurlayotganini tinglardi. Uillga hech kim qaramasdi. Balki uni ayashayotgandir, balki uning bu yerda o‘tirishi noqulay bo‘layotgandir. Vaqti-vaqti bilan Meri Rolinson uning qulog‘iga bir narsalar deb shipshir, u esa ma’qullab boshini qimirlatardi. Tabriklar tugagach, son-sanoqsiz xizmatkorlar paydo bo‘lib, zalni raqs uchun bo‘shatishga kirishidi. Uill men tomon egildi: — Meri sal nariroqda ajoyib mehmonxona borligini aytdi. Qo‘ng‘iroq qilib, bo‘sh joy bormi deb so‘rang-chi. — Nima? Meri mehmonxona nomi va raqami yozilgan qog‘oz sochiqchani menga uzatdi. — Hammasi joyida, Klark, — dedi sekin Uill Meri eshitmasligi uchun. — Xarajatlari mendan. Qo‘ng‘iroq qiling-da, asabiylashishni bas qiling. Mehmonxonada ikkita bo‘sh xona borligini aytishdi – biri bir o‘rinli va birinchi qavatda ikki o‘rinli. Ha, nogironlar to‘g‘ri kelarkan. «Juda zo‘r» deb qichqirib yubordim men ularning narxini eshitib. — Xo‘sh? — so‘radi Uill qaytib kelganimda. — Band qilib qo‘ydim, ammo… — Ikkita xona necha pulga tushganini aytdim. — Hechqisi yo‘q, — dedi Uill. — endi yigitingizga qo‘ng‘iroq qilib uyga kelolmasligingizni ayting-da, yana bir bokal limonad iching. Yo‘q, olti bokal. Alisiyaning otasi hisobidan mast bo‘lib qolsangiz, o‘zimni baxtiyor xis qilaman. Men shunday qildim. O‘sha kecha nimadir bo‘ldi. Chiroqlar milt-milt etib yonar, gullarning nafasning qaytaradigan hid yengil shabadada mayinlashib, musiqa, sharob va raqslardan eng kutmagan joyimizda boshimiz aylanib, o‘zimizni baxtli his qilardik. Men Uillni hech bunday maza qilib o‘tirganini ko‘rmagandim. Uill Meri bilan mening o‘rtamda o‘tirib, tinmay laqillar, kular, uning bebaho baxtiga odamlar hayratlanib qarashardi. U sharfimni yechib, yelkamni ko‘tarib o‘tirishga majbur qildi. Men uning pidjagini yechib, bo‘yinbog‘ini bo‘shatdim-da, ikkalamiz raqsga tushayotganlar ustidan hingirlab kula boshladik. Bu aslzodalarning qanday raqsga

tushayotganini ko‘rib, qanchalar ko‘nglim joyiga tushganini tasavvur ham qilolmaysiz. Meri Rolinson bir necha marta «Ey, Xudoyim-yey» deb yubordi. — Nimalarga qodir ekaningizni bir ko‘rsatmaysizmi, Luiza? — Yo‘q, rahmat. — Mayli. Qishloq klubidagi diskotekada ham bulardan tuzukroq raqsga tushishadi. Soat to‘qqizda Natandan «SMS» keldi. «Yaxshimisizlar?» «Ha. Hammasi yaxshi. Uill hayotdan zavq olayapti.» Rostan ham shunday edi. U Merining hazillariga tinmay kular, mening esa yuragim yorishardi. Demak, hali imkonimiz bor. Atrofida yaxshi odamlar bo‘lsa, unga nogironlar aravasidagi kishi emas, Uill bo‘lishiga imkon berishsa, achinish bilan qarashmasa, u baxtli bo‘loladi. Soat o‘nda vals boshlandi. Rupert bilan Alisiyaning raqsni zavq bilan tomosha qildik. Rupert kelinning belidan mahkam ushlab olgandi. Bu boy va go‘zal qizga rahmim kelardi. U nimani yo‘qotganini tushunganida kech bo‘ladi. Qo‘shiqning yarmida boshqalar ham sahnaga chiqib, raqsni boshlab yuborishdi, men esa Meri bilan nogironlarni parvarishlash uchun uskunalar haqida gapga qiziqib ketdim. Ko‘zimni ko‘targanimda esa ro‘paramizda oqqa burkangan hurliqo turardi. Jonim halqumimga kelayozdi. Alisiya o‘zini zo‘rlab oldimizga kelgani shunday ko‘rinib turardi. — Tashrifing uchun rahmat, Uill. — U menga ko‘z qirini tashladi-yu, indamadi. — Arzimaydi, — dedi Uill hotirjam. — Chiroyingga gap yo‘q, Alisiya. Ajoyib kun. Kelinchakning yuzida hayrat zohir bo‘ldi. So‘ng qayg‘u. — Rostanmi? Rostan shunday deb o‘ylayapsanmi? Nazarimda... ya’ni, senga aytadigan gaplarim ko‘p… — Rost, — dei Uill. — Hech gap kerak emas. Luiza esingdami? — Esimda. Ozroq jim qoldik. Rupert bizga shubha bilan qarab, nariroqda turardi. Alisiya unga qarab, qo‘lini silkitdi. — Nima bo‘lganida ham kelib yaxshi qilibsan, Uill. Keyin sovg‘a uchun ham rahmat. Haligi... — Ko‘zgu. — Ha. Ajoyib ko‘zgu ekan. — U o‘rnidan turib, eriga o‘girildi, kuyovto‘ra uing qo‘lidan ushlab nariga sudrab ketdi.

Biz ular raqs maydonchasini kesib o‘tishayotganiga qarab qoldik. — Ko‘zgu olmagandingiz-ku. — Bilaman. Rupert kelin bilan gaplasharkan bizga qarab-qarab qo‘yar, Uill o‘zini bunday yaxshi tutayotganiga ishongisi kelmasdi. — Xafa bo‘ldingizmi? — deb so‘radim men. — Yo‘q, — dedi Uill menga jilmayib. Tabassumi samimiy bo‘lsa-da, u biroz ma’yus va o‘ychan edi. Yangi qo‘shiqdan avval raqs maydoni bo‘shab qolgach, men o‘zimning ovozimni eshitdim: — Nima dedingiz, Uill? Meni gir aylantirib o‘ynatmoqchimidingiz? — Nima? — Keling. Bularga bir gap topilsin. — Yashanglar! — Meri bokalini ko‘tardi. — Qoyil sizlarga. — Bo‘la qoling. Musiqa ham sekin ekan. Bu matohingizda sakrab raqsga tushishingiz amrimahol. Uillning javobini kutib o‘tirmadim. Asta uning tizzasiga o‘tirib, yiqilib tushmaslik uchun yelkasida quchib oldim. U taklifimni rad etib bo‘larmikan, deb biroz ko‘zimga tikilib turdi. So‘ng hammani hayratga solib, raqs maydoniga arvasini asta yurg‘izdi-da, shishali sharlar yaltir-yulturi ostida kichik aylanalar yasay boshladi. Ham uyalardim, ham kulgim kelardi. Yana ko‘ylagim tepaga ko‘tarilib ketayotganini sezib, uni to‘g‘irlashga harakat qilardim ham. — Ko‘ylagingizni tinch qo‘ying, — deb shipshidi u qulog‘imga. — Axir… — Bo‘ldi, Klark. Meni uyaltirmang endi. Men ko‘zimni yumib, uni bo‘ynida quchib, yuzimni-yuziga qo‘ydim, sitrus hidli atirining hidi burnimga urildi. Uill musiqaga monand sekin xirgoyi qilardi. — Qalay, hamma hayratdami? — so‘radi u. Men bir ko‘zimni ochib, atrofga alangladim. Kimdir dalda berib, jilmayar, ammo ko‘pchilik qanday munosabat bildirishni bilmasdi chog‘i. Meri qo‘lini ko‘tarib, silkitdi. Alisiya jahl bilan bizga qarab, Rupertga bir nimalar derdi. U xuddi biz odob qoidalarini buzgandek boshini qimirlatardi. Men beixtiyor jilmaydim. — Ha, — javob berdim men. — Unda yaqinroq keling. Hidingizga to‘ymayapman. — Men ham. Ammo soat strelkasi bo‘yicha aylantirishni davom etaversangiz, boshim aylanib, ko‘nglim aynib ketishi mumkin.

Uill yo‘nalishni o‘zgartirdi. Uning bo‘ynidan quchgancha uni ko‘rish uchun o‘zimni sal nari oldim. U mening ko‘kragimga qarardi. Rostini aytsam, bu tarzda uning boshqa yoqqa qarashga iloji ham yo‘q edi-da. So‘ng u ko‘zini ko‘tarib, qoshini uchirdi. – Agar men nogironlar aravachasida bo‘lmaganimda, siz men bilan bu ko‘yda raqsga tushmagan bo‘lardingiz, – deb g‘udurladi u. Men unga diqqat bilan qaradim: — Agar nogironlar aravasida bo‘lmaganingizda, men tomonga qayrilib ham qaramasdingiz. — Nima? Albatta qarardim. — Hech ham-da. Siz uzun bo‘yli, malla sochli, pulning hidini ikki kilometr naridan sezadigan sanamlarga qarardingiz. Umuman meni bu yerda bo‘lmasdim. Men hov anavu yerda sizlarga ichimlik quyib berib turgan bo‘lardim. Ko‘rinmas qizlardan biri bo‘lib. (U ko‘zini pirpiratdi.) — Nima? Nahotki haq bo‘lmasam? Uill barga keyin menga qaradi: — To‘g‘ri. Ammo o‘zimni oqlash uchun, Klark, g‘irt eshak bo‘lganimni tan olaman. Men qattiq kulib yubordim, yana bir necha kishi bizga qayrilib qaradi. — Uzr, — dedim men tinchlanishga harakat qilib. — Nazarimda, jazavaga tushib qolayapman. — Bilasizmi nima? Men tun bo‘yi uning yuziga tikilib o‘tirishim mumkin edi. Ko‘zining atrofidagi mayda ajinlariga, bo‘yniga, yelkalariga... — Nima? — Ba’zan, Klark, ertalablari turishimga yagona sabab siz bo‘lasiz. — Unda ketdik biror yerga, — dedim men o‘ylanib o‘tirmay. — Nima? — Biror yerga ketdik. Bir hafta maza qilib kelamiz. Faqat siz va men. Boshqa hech qanday… U menga qaradi. — Eshaklarmi? — …eshaklar. «Ha» deng, Uill. Ayting. U menda ko‘zini uzmay qarab turardi. Agar bugun mana shu yulduzlar, gullar, kulgu-tabassumlar ichida uni ko‘ndira olmasam, keyin bunday imkoniyat bo‘lmasliginini tushunardim. — Iltimos! Uning javobini cheksiz kutgandek bo‘ldim. — Yaxshi, — dedi nihoyat u. DAVOMI BOR.


Like this book? You can publish your book online for free in a few minutes!
Create your own flipbook