Important Announcement
PubHTML5 Scheduled Server Maintenance on (GMT) Sunday, June 26th, 2:00 am - 8:00 am.
PubHTML5 site will be inoperative during the times indicated!

Home Explore LIDERLAR Lotin FINAL 1707

LIDERLAR Lotin FINAL 1707

Published by Davroon Nuriddinov, 2021-08-16 13:47:20

Description: LIDERLAR Lotin FINAL 1707

Search

Read the Text Version

“Agar biz katta o‘zgarish qilmoqchi bo‘lsak, avvalo, o‘zgarish xalqdan boshlanmaslik kerak, o‘zgarish har bir rahbar tafakkuridan boshlanishi kerak. Agar ong o‘zgarmasa, sizga har qanday sharoitning ham foydasi yo‘q…” Ong o‘zgarsa, sizning fikringiz, dunyoqarashingiz o‘zgarsa, ana shunda siz kreativ fikrlashga o‘tasiz. Innovatsiya nima, bu – kreativ fikrlash. Kreativ fikr­lash nima? Bu – nostandart g‘oya. Nostandart g‘oya nima? Bu – maqsadga yo‘naltirilgan fikr. Fikr nima? Ong mahsuli. Shuning uchun biz, avvalambor, rahbarlarga to‘g‘ri fikrlashni o‘rgatishimiz kerak. To‘g‘ri fikrni bittasini ushlab, unga maqsad qo‘ying, u yaxshi g‘oyaga aylanadi, sizgacha qilingan ishga boshqacha yondashuv qiling, bu kreativlik bo‘ladi, uni realizatsiya qiling, bu innovatsiya bo‘ladi. Shuning uchun bugungi kundagi maqsadim har bir kanal aʼzosi, o‘ziga yangi bilim va ko‘nikma olishi, yangi maʼlumotga ega bo‘lishi va duch kelgan axborotni emas, balki o‘zini rahbar sifatida, lider sifatida o‘sishiga xizmat qiladigan axborotlarni olishi va foydalanishi uchun imkoniyat yaratish. Albatta, maqsad qo‘yganman, kelajakda kanalimiz aʼzolari sonini o‘n ming, yigirma ming, o‘ttiz-ellik mingga ko‘payishi uchun harakat qilaman. Shulardan uchtasi ko‘chada ko‘rib qolib, menga “sizning kanalingizda mana bu yangiliklarni o‘qiganimdan keyin o‘z ishimda, shaxsiy hayotimda qo‘lladim, faoliyatimda ijobiy o‘zgarish bo‘ldi yoki endi ishga mutlaqo boshqacha yondashuv qilyapman, buni odamlar ham, qo‘l ostimdagi xodimlar ham sezishyapti, desa, maqsadimga yetgan bo‘laman. Maqsadim oddiy – xalq o‘ziga xizmat ko‘rsatayotgan davlat tashkiloti rahbarini yoki xodimini o‘zgarganini sezsa va bu o‘zgarishda “Liderlar” kanalining oz bo‘lsa-da, hissasi bo‘lsa, demak, biz maqsad sari to‘g‘ri yo‘ldamiz. O‘.Abdukarimov: Uchinchi savolimiz: Lider shaxsiga ko‘plab taʼriflar berilgan, sizningcha, Lider qanday bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak? O.Xasanov: Yaxshi savol, ko‘pchilik menga savol beradi, nima uchun kanalni “Liderlar” deb nomlagansiz, deb. Sababi, oxirgi 5 yilda rivojlagan mamlakatlar boshqaruv tizimi yoki katta kompaniyalarning faoliyatiga nazar solsak, “Lider” so‘zi bilan bog‘liq. Avvallari “Rahbar”, “Direktor”, “Boss” kabi terminlar ishlatilgan, keyin “Menejer” so‘zi, bugungi kunda esa “Lider” so‘zi kirib keldi, buni inglizcha so‘zdan olingani va “yetakchi” degan maʼnoni anglatishini ko‘pchilik biladi. Agar bunga o‘zimning taʼrifimni beradigan bo‘lsam, lider kim? Aslida, bizning ota-bobolarimiz, sharq mutafakkirlari yozib qoldirgan maʼlumotlar g‘arb olimlari tomonidan chiroyli ko‘rinishda o‘zimizga taqdim qilinyapti. Biz esa “voy, zo‘r maʼlumot ekan”, deb hayratda qolmoqdamiz. Lider kimligiga Forobiy bobomiz X asrdayoq taʼrif berib qo‘ygan, yaʼni “Fozil odamlar shahri” asarida davlatni fozil insonlar boshqarishi joizligi, ular 12 ta xislatga ega bo‘lishi kerakligini taʼkidlagan. Bular nafsini tiya olishi, yolg‘on gapirmasligi, sog‘lom bo‘lishi, nutqi ravon bo‘lishi, o‘zgalarni ishontira olishi, maqsadni to‘g‘ri qo‘ya olishi kabi fazilatlardir. Forobiy bobomiz aytadiki, agar bir kishida bunday xislatlar bo‘lmasa, shaharni boshqaradigan 3-4 kishida bu xislatlar bo‘lsa, yaxshi bo‘ladi, deydi. Buning amaliy isbotini bugungi kunda biz viloyat va tuman (shahar)larda tashkil etilgan 4 ta sektorda ham ko‘rishimiz mumkin. Yoki Amir Temur bobomizning “Temur tuzuklari” kitobini oladigan bo‘lsak, unda o‘zidan keyingi avlodlari qanday bo‘lishi kerakligi, Lider sifatida o‘zini namoyon qiluvchi fazilatlar va Davlatni qay usulda boshqarish lozimligiga to‘xtalgan. Bulardan birinchisi, adolat o‘rnatishdir. Amir Temur bobomiz, ijtimoiy adolatni o‘rnat, ijtimoiy adolat bor joyda senga hurmat bo‘ladi, deb taʼkidlagan.

Ikkinchisi, qonun ustuvorligini taʼminla, degan, chunki liberal bo‘lib hammaga erkinlik bersangiz, qonunga hech kim bo‘ysunmasa, rivojlanish bo‘lmaydi, bobomiz, shunday qilginki, qonun ustuvorligi aniq bo‘lsin, deb taʼkidlagan. Shuningdek, qaror qabul qilayotganda har doim xalqning fikrini inobatga olgin, degan. Yaʼni siz pastda nima bo‘layotganini bilishingiz kerak. Amir Temur aytadi, mening qonunlarim qayerda bo‘lsa, men o‘sha yerda mavjudman. Lider kim? U hurmatga sazovor bo‘lgan inson, unga xalq ishonadi. Lider deganda men uchta sifatga ega rahbarni aytgan bo‘lardim. Birinchisi, ishonch. Agar siz tashkilotni boshqarayotgan rahbarga ishonch bildirsangiz, siz unga ishonasiz, u sizni qayerga olib ket­yapti, uning maqsadini bilasiz, uning qilayotgan ishi natijadorligiga ishonasiz. Ikkinchisi tashabbuskorlik, baʼzi insonlar tashabbus ko‘rsatishga qo‘rqishadi, yaʼni “tashabbus jazolanadi” (initsiativa nakazuyema), bilmadim, balki bu avloddan avlodga uzoq yillardan o‘tib kelayotgan stereotipdir. G‘arb olimlarining tahliliga ko‘ra, ko‘p sovet davri mustamlakasida bo‘lgan mamlakatlardagi davlat xizmatchilarining eng katta muammolaridan biri bu rahbarlarda tashabbuskorlik yetishmasligidir, yaʼni “sen menga tegma, men senga tegmayman” qabilida ish tutish. Rahbar bo‘ldingmi, tashabbus ko‘rsat, izlan, intil. Seni davlat bekorga rahbar qilmadi, senga xalq bekorga ishonmadi, endi sen yangi tashabbus, yangi g‘oyalar bilan chiq. Agar sen yo‘lni shunchaki davom ettiradigan bo‘lsang, seni nega rahbar qilib qo‘ydi unda yoki avvalgi rahbardan nima farqing bor?! Demak, haqiqiy munosib Lider rahbar tashabbuskor bo‘lishi kerak, tashabbus qilishdan qo‘rqmaslik kerak. Uchinchisi, Lider uzoqni ko‘ra olish kerak, u ertadan keyin nima bo‘lishini bilishi kerak. Har bir rahbar o‘ziga: “men bugun oddiy korxona rahbariman, 1 yildan keyin o‘zimni qayerda ko‘ryapman, bu korxona faoliyati agar shunday davom etsa, 3 yildan so‘ng qanday natijaga erishadi, 5 yildan keyin-chi?” deb savol berishi kerak Men agar shu tizimni rivojlanishini uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqa olsam, demak, men Liderman. Lider mana shu uchta ko‘nikmaga yaʼni “Soft skills”ning belgilariga ega bo‘lishi kerak. O‘.Abdukarimov: To‘rtinchi savol: Davlat boshqaruvi Akademiyasi haqida qisqacha maʼlumot bersangiz? O.Xasanov: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasida bir necha yildan beri faoliyat olib boraman, bu yerda turli lavozimlarda ishladim, lekin “Liderlar” kanali Akademiyadan ayro, yaʼni bu kanal siyosiy fanlar bo‘yicha PhD doktori Otabek Xasanovniki. Kanalni o‘zimning hozirgi doktorlik ishim - “Rahbar kadrlarda zamonaviy kompetensiyalarni shakllantirish” masalalari bilan bog‘liq ilmiy-ijodiy izlanishlarim mahsuli desam bo‘ladi. Akademiyada magistratura 1 yillik (kunduzgi, ishdan ajralgan holda), magistratura 2 yillik (sirtqi, ishdan ajralmagan holda) o‘quv dasturlari, shuningdek, 4 oylik (kunduzgi, ishdan ajralgan holda) va 10 oylik (sirtqi, ishdan ajralmagan holda) kurslar mavjud. Yana bir asosiy masalaga oydinlik kiritib ketmoqchi edim, yaʼni Akademiyaga o‘qishga kirish to‘g‘risida. Men faqat bundan avvalgi o‘quv yiliga bo‘lgan kirish imtihonlari haqida maʼlumot bera olaman. Sababi har yili Prezident qarori bilan kirish imtihon shartlari va qabul kvotalari belgilanadi. Prezidentimizning 2017 yil 8 avgustdagi 5139-sonli Farmoniga binoan, magistraturaga nomzod 40 yoshdan oshmagan, bazaviy oliy maʼlumotga va kamida 2 yil boshqaruv ish tajribasiga ega bo‘lishi darkor. Albatta, nomzodlardan belgilangan tartibda hujjatlar hamda ish joyidan tavsiyanoma ham talab etiladi.

Avval joylarda nomzodlarni dastlabki saralash tashkil etiladi, keyinchalik esa Akademiyada test va suhbat o‘tkaziladi. Ishlab chiqarishdan ajralgan holda o‘qiyotgan tinglovchilarning butun o‘qish davri mobaynida asosiy ish joyi bo‘yicha egallagan lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlanib qoladi. Magistraturani muvaffaqiyatli tamomlaganingizdan so‘ng 5 yil davomida Akademiya tinglovchisi bo‘lganingiz uchun 20 foizgacha oylik ish haqiga qo‘shimcha to‘lov (nadbavka) olib turasiz. Kirish imtihonlariga to‘xtalsak, avvalgi yillarni tajribasidan misol keltiraman, bu yilgisi hali eʼlon qilinmadi, 3 ta imtihon, birinchisi o‘sha joylarda suhbat bo‘ladi, hujjatlar o‘rganiladi, undan so‘ng birinchi imtihon O‘zbekiston tarixidan va IQ salohiyatingizni aniqlash uchun test bo‘ladi, o‘tish balini to‘plaganingizdan so‘ng (35 ball), ikkinchisi suhbat va muammoli vaziyatlarga qanday yechim bera olishingiz bo‘yicha savol-javob o‘tkaziladi. Boshqaruv kompetensiyalari bo‘yicha Akademiya professor-o‘qituvchilari, amaliyotchi mutaxassislar, Prezident Administratsiyasi xodimlari ishtirokida suhbat bo‘ladi. Shundan so‘nggina yaxshi natijalar bilan munosib deb topilgan nomzodlar Akademiyaga tinglovchilikka qabul qilinadi. O‘.Abdukarimov: Beshinchi savolimiz: Ko‘pchilik yoshlarimizni qiziqtirayotgan savol, yaʼni ayni paytda Otabek Xasanov qanday kitobni o‘qimoqda? O.Xasanov: Bilasiz, kun.uz saytida “Miyadagi kinoteatr” nomli maqolam chiqqandi, buni men ancha oldin yozganman, birinchi bo‘lib buni “Liderlar” kanali aʼzolari o‘qigan. Shunda nima uchun kitob o‘qishimiz kerakligi haqida yozdim, kanalimizda berilib borilayotgan “Hamma o‘qishi shart” rubrikamizning ko‘p sonlarida aynan o‘zim boshimdan o‘tkazgan voqealarni yozaman. U yerdagi “Garsiyaga maktub” bilan “Elchi” bundan mustasno. O‘sha “Miyadagi kinoteatr” ham xorijiy safarlarimning birida o‘zim guvohi bo‘lgan suhbat, voqealar asosida yozilgan. Har safar xorijiy davlatlarga borganimda ularning kitobga bo‘lgan hurmati va kitobxon uchun yaratilgan imkoniyatlarni ko‘rib hayron qolaman. Metro, tramvay, vokzallarda, albatta, burchakda bitta kitob javoni bor. Men bu narsani Yevropaning istalgan mamlakatlarida, Singapurda, Janubiy Koreyada va Malayziyada ko‘rdim va hayron qoldim. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi, nega ular kitobga bunchalik ko‘p eʼtibor berishadi? Men ham yoshligimdan ko‘p kitob o‘qiganman. Faqat nima uchun doim kitob o‘qishimiz kerak, degan savolga o‘zim xohlagan javobni ololmaganman. Ana o‘sha kinoteatr voqeasi o‘zimni ham taʼsirlantirgan va har yili o‘zimga reja qo‘yaman, yaʼni o‘zimning “kinoteatr”imni 3D qilish uchun. Yil boshida bir yil davomida o‘qimoqchi bo‘lgan kitoblarim ro‘yxatini tuzib chiqqanman. Duch kelgan kitob o‘qilmaydi, rejam bo‘yicha oyiga bitta yoki bir yarimta kitobni tugatishni maqsad qilganman. Shunda yil oxirigacha 13 ta kitob o‘qib chiqmoqchiman. Hozirda Hamdam Sodiqovning “Amir Temur saltanatida xavfsizlik xizmati” asarini o‘qiyapman. Bu kitobni avval ham o‘qiganman. Amir Temur shaxsi shunday kuch va tafakkurga egaki, u haqida har safar o‘qiganingizda yoshingizga mos ravishda yangi fikrlar va maʼlumotlar olaverasiz. Kitobni o‘qish davomida rahbarlar bilishi lozim bo‘lgan yangi maʼlumotlarni oldim. Oddiy misol, bobomiz Amir Temur hayoti va faoliyati haqida bugun AQSHning Garvard universiteti olimlari ilmiy tadqiqot olib borishyapti, bu haqda ajoyib maqola yozishib, butun dunyoga taqdim qilishyapti. Amir Temur shunday degan: “Har qanday qaror qabul qilishingda, kamida senda shu ishni qilish uchun uchta asos (fakt) bo‘lsin”. Demak, “Uchta asosing yo‘qmi, uni qabul qilma, xato qilish ehtimoling yuqori bo‘ladi”, deb taʼkidlagan. Bugungi kunda analitiklar (tahlilchilar)da bitta gap bor, sen tezis (fikr, xulosa) chiqarishda uchta faktga har doim asoslan, agar ular bo‘lmasa, tezis chiqarishga shoshilma. Keling, buni oddiyroq qilib tushuntiraman, tasavvur qiling, men tezis aytaman, deylik, O‘tkir aka ingliz tilini yaxshi o‘rganibdi. Bu mening tezisim, men hali siz bilan gaplashib

ko‘rmadim, bunday fikr yuritishim uchun menda faktlar bor, bular O‘tkir aka oxirgi ikki oydan beri ingliz tili kurslariga qatnayotganini hujjatda ko‘rdim, bu birinchi argumentim. Ikkinchisi, O‘tkir aka har kuni darsdan keyin Conversation clubga borayotganini bildim, yaʼni suhbatlashyapti. Uchinchisi, u kecha imtihon topshirgan edi, imtihondan o‘rtacha yaxshi ball oldi. Demak, 3 ta fakt - hujjatni ko‘rgandan keyin, men tezis xulosa chiqaryapman. O‘tkir akaning ingliz tilini bilish darajasi ancha yaxshilanibdi. Hali siz bilan gaplashmadim, gaplashib ko‘rganimdan keyin to‘rtinchi fakt bo‘ladi. Men elementar misol keltirdim, endi tasavvur qilib ko‘ring, aynan mana shunday qarashlarimizni boshqaruv sohasiga ham olib chiqsak. Qaror qabul qilishda nega bu ishni qilishimiz kerak – 1-fakt, 2-, 3-… Agar biz asosli qaror qabul qilishni o‘rgansak, ertaga, Amir Temur bobomiz taʼkidlaganidek, xatolar kamayadi. Bunga ko‘plab misollar keltirishimiz mumkin. Yaqinda menga bir yaxshi kitob sovg‘a qilishdi, Dubay amiri Muhammad ibn Rashid Al- Maktumiyning “My Vision” deb nomlangan asari ekan. Hozir shu asarni ham o‘qiyapman. Bu kitob qanday qilib uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish, kelajakni qanday tasavvur qilish, eng muhimi, strateg bo‘lish haqida. Misol uchun, 40 yil avval hech kim BAA va Dubayni bu darajada rivojlanib ketishini tasavvur ham qila olmagan. Ibn Rashidning otasi shunday katta o‘zgarishlarni amalga oshirgan. Bugungi kunda dunyoning 8-moʻjizasi, deb tan olinayotgan Palma orolini misol keltirish mumkin. Boshida hech kim ishonmagan, lekin bu inson orol qancha investitsiya olib kelishini qurish davridayoq tasavvur qilgan. Kitob muallifi shunday deydi: “Rahbarning uzoqni ko‘ra olish qobiliyati, yaʼni durbini bo‘lishi kerak”. Sizning ko‘zingiz bilan durbinning farqi bor, durbinda men 500-800 metrdagi narsani bemalol ko‘ra olaman. Sizning ko‘zingiz bilan 200 metr naridagi narsani ko‘ra olmasligim mumkin. Demak, siz rahbar bo‘lsangiz, qo‘lingizda “My vision”, yoningizda doimo durbin bo‘lsa, ora-orada siz to‘xtab turib, durbin bilan uzoqni ko‘rib olib, shunga qarab harakat qilishingiz kerak. Tasavvur qiling, siz kema kapitanisiz, orqangizda, korxonangizda 50 ta xodim bor, hamma sizdan so‘rayapti, qayerga ketyapmiz, adashib qolmadikmi, deganda, siz ora-orada kapitan kabi kemaning oldiga chiqib, durbinda kuzatib, xavf-xatarlarni oldindan ko‘rmoqdasiz. Sizning har bir xatti-harakatingiz asosli va jamoa sizga ishonadi. O‘.Abdukarimov: Oltinchi savolimiz: Bugungi kunda rahbar xodimlarga qanday bilim va ko‘nikmalar yetishmayapti? Sizning fikringiz! O.Xasanov: Qiyin savol... Bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan barcha davlat xizmatchilari uchun Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning maʼruzalarini kuzatsak, aniq talab va vazifalar ko‘rsatib qo‘yilgan. Birinchisi, bu tanqidiy tahlil. Biz qilayotgan ishlarimiz yutug‘idan havolanmasligimiz kerak, chunki u cho‘ntagimizdagi narsa, qilingan ish, erishgan natija yaxshi, bo‘ldi, tamom, uni gapirmaslik kerak. Lekin qila olmagan ishlarimiz, erisha olmagan natijamizni muhokama etishimiz, o‘zimizni tanqidiy tahlil qilishimiz shart. O‘zingizga kamida beshta savol bering. Nega bu ishim yurishmayapti, qayerda xatolik qildim, nima uchun, deb o‘zingizga savol berishni boshlasangiz, haqiqat yuzaga chiqadi. “Shum bola” kinosida ham boy “innankeyin-chi, innankeyin-chi”, deb besh marta so‘raganda toqati toq bo‘lgan shum bola yolg‘on gapirib yuboradi. Yaʼni ichidagi bor gapi, asl siyrati yuzaga chiqib ketadi. Rahbar ham bugun ishidan, natijasidan qoniqmasdan o‘zini qiynashi kerak. Bo‘laveradi, deb taqdirga tan berishdan oldin. Demak, savol berishni, o‘zini-o‘zi tanqid qilishni bilishi shart.

Ikkinchisi, shaxsiy javobgarlik – bugun har bir qilayotgan ishimizga javob berishni o‘rganishimiz kerak. Doim misol keltiraman, shuni yana eslab o‘tmoqchiman. 1962 yil Jon Kennedi NASAga tashrif buyuradi. U yerda hech kim yo‘q, faqat koridor chetida farrosh astoydil, ishtiyoq bilan pol yuvayotgan bo‘ladi, o‘tib ketayotgan Kennedi to‘xtab qaytib keladi va farroshga savol beradi: “Kechirasiz, men AQSH prezidenti Jon Kennedi bo‘laman, siz nima ish qilyapsiz?” Haligi farrosh shoshib qoladi-da: “Assalomu alaykum, janob prezident, men insoniyat oyga uchishiga xizmat qilyapman”, deydi. Men pol yuvyapman, nima qilaman endi, oilamni boqishim kerak, nimadir qilishim kerak, deb javob bermaydi. Shu kichik ishiga maʼsuliyat bilan yondashib, o‘zini umummanfaat ishlariga, ulkan maqsadlarga daxldor deb bilyapti. Shu oddiy farrosh ayol o‘zining kichik maqsadini davlatning katta maqsadiga bog‘layapti. Agar har bir hokim, har bir tashkilot rahbari, har bir dekan, har bir o‘qituvchi qilayotgan ishini chin yurakdan va maʼsuliyat bilan amalga oshirsa, biz juda tez rivojlanib ketardik. Yaponiyaga borsangiz, maktab devoriga shunday yozib qo‘yilgan, “Sening sinfingda kamida bitta bosh vazir yoki vazir o‘tirgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun iltimos, hurmatli o‘qituvchi, dars mashg‘ulotiga vijdonan munosabatda bo‘l”. Bu birinchi yoki ikkinchi sinf o‘quvchilari xonasida yozilgan. U bilmaydiki, 20 yildan keyin bular orasidan vazir yoki olim chiqib qolishi mumkin. Endi tasavvur qiling, o‘qituvchi maktabda o‘quvchilarga yaxshi bilim bermadi, o‘z ishiga vijdonan yondashmadi, shular orasidan ertaga kimdir vazir bo‘ladi, undan xalqqa qanday foyda bo‘lishi mumkin?! Yoxud o‘sha yuqori lavozim egasi o‘ziga taʼlim bergan o‘qituvchi mehnatini qanday baholaydi, bolaligini qanday xotirlaydi?! Shuning uchun har bir odam qilayotgan ishini, maqsadini jamiyat va davlatning umumiy maqsadi, umummanfaati bilan bog‘lashi kerak. Mana shu bog‘liqlik, bugungi rahbarlarni, barchamizni yagona maqsad sari birlashtirishi kerak. Rahbarlar va davlat xizmatchilari rahbariyatga yaxshi ko‘rinish uchun islohotlarni amalga oshirishi emas, balki xalqqa yaxshi ko‘rinishga, xalq ishonchi va mehrini qozonishga harakat qilishi kerak. Xalq o‘zgarishlarni bugun kutyapti – ertaga emas, bugun qorni to‘yishini, uyining tomi yopilishini xohlayapti, chunki ko‘chada yomg‘ir yog‘yapti, ertaga emas, bugun bolasi maktabda yaxshi taʼlim olishini, bugun institutga bolasini o‘qishga kirishini xohlayapti, bugun yetarli oylik olishni xohlayapti, ertaga emas! Rahbarlar mana shu masalalarni, xalqning xohishi va istagini ertaga emas – bugunning o‘zida o‘ylashi, bugunning o‘zida hal qilib berishni o‘rgansa, masala hal. Xalqda ham ertaga munosabat shunaqa bo‘ladi, bu rahbarlar biz uchun shuncha ish qilyapti-ku, biz ham nimadir qilaylik, deydi. Bizning munosabatimizga qarab ular ham o‘zgaradi. Boqimandalik kayfiyati yo‘qola boshlaydi, mehnat, harakat, intilish ortadi. O‘zaro ishonch va hurmat jamiyat farovonligiga xizmat qiladi. O‘.Abdukarimov: Yettinchi savolimiz: Otabek aka, bu judayam ko‘pchilikni qiziqtiradi, yaʼni sizni tanimaganlar, bilmaganlar siz haqingizda yaqinroq bilishni xohlaydi. O‘zingiz haqingizda qisqacha maʼlumot bersangiz, xobbilaringiz, qiziqishlaringiz... O.Xasanov: Xobbiyim – sport. Har bir rahbarda bugun yaxshi ko‘rgan sport turi bo‘lishi kerak, yaʼni ruhiy bosim-stressni yechish uchun. Bugun ish juda ko‘p, maʼsuliyat katta rahbarlarimizda. Men ko‘zlarim bilan haqiqiy vatanparvar rahbarlarni ko‘rib turibman, kerak bo‘lsa, 24 soat ishlayotganlarini ham bilaman. Har bir rahbarda stressni tarqatadigan, charchoq­larni yozadigan omillar bo‘lishi kerak, lekin bu spirtli ichimlik yoki o‘yin-kulgu emas.

Sport kerak va shart bizga bugun, har bir rahbarga! Nega, bilasizmi? Ruhan va jismonan salomatligimizni mustahkamlash uchun. Biz Akademiya stadionida haftada bir-ikki marta futbol o‘yini tashkil etamiz. Yakshanba kuni katta tennis o‘ynashga harakat qilaman. Shuningdek, dam olish kunlari ko‘proq oilamga vaqt ajratishga, farzandlarim bilan bilan suhbatlashish, teatrga, kutubxonaga borishga harakat qilaman. Oila – muqaddas. Kelajak uchun uyimda ikki nafar Lider (farzandlarim) tarbiyalayapman. Agar telegrammdagi kanalimga eʼtibor qaratib, yonimda turgan kichik Liderlarimga ahamiyat bermasam, bu mening eng katta xatoim bo‘ladi. Bilasizmi, Liderda shavq bo‘lishi kerak, siz hamma narsani ishtiyoq bilan qilishingiz kerak, futbol o‘ynayapsizmi, unda ishtiyoq bilan futbol o‘ynang. Uyda baʼzida taom pishirib turaman, albatta, ishtiyoq bilan. Erkak kishilarning ovqati nima uchun ayol kishinikidan shirin chiqadi? Sababi ovqat tayyorlash – ayol kishining kundalik ishi, qolaversa, u bir vaqtning o‘zida uch-to‘rtta yumushni bajaradi, erkak kishi taom pishirayotganida eʼtibori faqat shu ishda bo‘ladi, ishtiyoq bilan tayyorlaydi va natijada ovqati shirin chiqadi. Hamma narsada ishtiyoq bo‘lishi kerak, ishxonadayam bugun men shu ishni sifatli bajaraman, degan kayfiyatda ishlash kerak. Genri Ford aytganiday, “Har kuni ishga xursand bo‘lib keladigan va uyiga shoshilib, xursand bo‘lib ketadigan inson eng baxtli insondir”. Qolaversa, salomatligingiz joyida bo‘lsagina, hammasi yaxshi bo‘ladi. Siz faqatgina aqliy emas, jismonan ham baquvvat bo‘lishingiz kerak. Tasavvur qiling, siz aqlan salohiyatlisiz, kuniga 10 talab kitob o‘qiysiz, lekin sog‘lom emassiz, ko‘rinishingiz nimjon, demak, siz Lider emassiz. Lider ham jismonan, ham aqlan, ham maʼnan baquvvat bo‘lishi kerak. Haqiqiy Lider bo‘lish esa albatta, o‘z qo‘lingizda, hammasi o‘zingizga bog‘liq. Qaydlar uchun: Qaysi javob ko‘proq sizga maq’ul keldi: ________________________________________________________________________________ ______________________ Sizga maq’ul kelgan faktlar_______________________ __________________________________________________________________________________ _______________________________________________ Xulosa:_______________________________________________ __________________________________________________________________________________ _______________________________________________ 2-SUHBAT Ikkinchi suhbatimiz Janubiy Koreyaga 14 kunlik xizmat safarimiz davomida barchamiz uchun yaxshi tanish bo‘lgan “Saroy javohiri” serialining montaj ishlari olib borilgan studiyada bo‘lib o‘tdi. Suhbatimiz Koreya safari taassurotlariga bag‘ishlandi. Ikkinchi suhbatda berilgan savollar: Birinchi savol: Koreya zaminiga qadam qo‘yganingizda, birinchi ko‘zingizga tashlangan g‘ayrioddiy, noodatiy holat, vaziyat? Ikkinchi savol: Safarlar dunyoqarashni kengaytiradi, go‘yoki kitob o‘qish bilan barobar, dunyo kezgan kishi bir necha kitobni o‘qigandek salohiyatga ega bo‘ladi, deyishadi. Koreyaga safaringizni nechta kitobni o‘qish bilan tenglashtirgandek bo‘lardingiz va qanday kitoblar bilan? Uchinchi savol: Akademiya bilan turdosh institutga tashrif buyurdik. Dastur inson resurslarni boshqarish instituti doirasida kechdi, ular tomonidan tayyorlangan dastur

doirasida juda ko‘p uchrashuvlar bo‘ldi. Sizda eng kuchli taassurot qoldirgan uchrashuvlar haqida fikringizni bilmoqchi edik. To‘rtinchi savol: Turdosh Akademiyaning o‘quv jarayoni bilan tanishish asnosida qaysi omillarni Davlat boshqaruvi Akademiyasiga tatbiq etish kerak, deb o‘ylaysiz? Sizningcha, o‘quv jarayoni sifatini oshirish uchun qaysi tajribalarni qo‘llaganimiz maʼqul? Beshinchi savol: Koreya tajribasidan nimani o‘zlashtirmagan bo‘lar edingiz O‘zbekiston uchun? Oltinchi savol: Janubiy Koreyani ifodalovchi uchta sifatni bitta so‘z bilan ifodalab bering. Janubiy Koreya bu – ... Yettinchi savol: Savol o‘rnida ko‘rmaysiz, Uyingizni sog‘indingizmi? Suhbatni olib boruvchi s.f.d., dotsent Nigora Umarova N.Umarova: Suhbatimizning o‘ziga xos xususiyati shundaki, biz O‘zbekistonda emas, Janubiy Koreyadamiz va, tabiiyki, mavzuimiz Koreya safari bilan bog‘liq bo‘ladi. O.Xasanov: Birinchi holat, samolyotdan tushib, aeroportda yukimizni olishga kelganimda, oldimga bo‘yi 170 sm li robot kelib “Sizga o‘z xizmatimni tavsiya qilishim mumkinmi?” deb so‘ragani diqqatimni tortdi. U ingliz tilida, rus tilida xohlagan savolingizga javob beryapti. Hatto bu robot bilan 5-10 daqiqa suhbatlashdim. Bugun ko‘chada havo qanaqa, desam, mana shunaqa, deyapti; oxirgi 10 kunlik yoki kelajak 10 kunlik ob-havoni ayt, desam, darhol kutilayotgan ob-havoni aytyapti. Qayerdan kelding, deyapti, O‘zbekistondan, desam, 4- joydan borib yukingni olasan, deyapti. Yaʼni 10-15 ta odam qilishi mumkin bo‘lgan ishni bitta robot amalga oshiryapti va barcha savollarimga to‘liq javob beryapti. Mana, meni hayratlantirgan, g‘ayrioddiy birinchi ko‘rgan narsam. Innovatsion rivojlangan davlatga kelayotganimda, bunday texnologik yutuqlarni ko‘rishga albatta, tayyor edim, lekin baribir, o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib, his qilish boshqacha ekan. N.Umarova: Uxlashi shart emas, ovqat yeyishi shart emas, jahli chiqmaydi... yaxshi. Ikkinchi savolimiz: Safarlar dunyoqarashni kengaytiradi, go‘yoki kitob o‘qish bilan barobar, dunyo kezgan kishi bir necha kitobni o‘qigandek salohiyatga ega bo‘ladi, deyishadi. Koreyaga safaringizni nechta kitobni o‘qish bilan tenglashtirgandek bo‘lardingiz va qanday kitoblar bilan? O.Xasanov: Yaxshi savol. Demak, birinchisi, bu top innovatsion, davlat boshqaruvida innovatsiyani joriy qilish bo‘yicha top 10 ta kitobni o‘qigandek bo‘ldim. Ikkinchisi, o‘quv jarayoniga aloqador inson bo‘lganim uchun, zamonaviy pedagogik texnologiya, darslarda interaktiv usullardan foydalanish, yangi blending taʼlim dasturlari, E- learning (elektron taʼlim) tizimi bilan tanishib, yana 3-4 ta kitobni o‘qigan bilan teng bo‘ldim. Keyingisi, davlat boshqaruvida kadrlarni tayyorlash bo‘yicha yana yangi kitob o‘qigandekman va eng qizig‘i, davlat xizmatini bugun yana takomillashtirish, uni jozibadorligini oshirish va fuqarolarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ham yangi oxirgi bestseller kitoblarni o‘qigandek bo‘ldim. N.Umarova: Fantastik kitob o‘qigandek bo‘lmadingizmi? O.Xasanov: Ha, fantastik kitob o‘qigandek bo‘ldim. Nega?! Chunki xayolimga kelmagan narsalarni ko‘rdim. N.Umarova: Demak, nechta kitob o‘qigandek bo‘ldingiz? O.Xasanov: 10 tadan ko‘p. N.Umarova: Rahmat. Uchinchi savolimiz: Akademiya bilan turdosh institutga tashrif buyurdik. Dastur inson resurslarni boshqarish instituti doirasida kechdi, ular tomonidan tayyorlangan dastur doirasida juda ko‘p uchrashuvlar bo‘ldi. Sizda eng kuchli taassurot qoldirgan uchrashuvlar haqida fikringizni bilmoqchi edik. O.Xasanov: Har kuni nimadir yangilik oldik, har bir kunim o‘zgacha bo‘ldi. Birinchi uchrashuvim ayniqsa, menga judayam maʼqul bo‘ldi, Amerikaning Stenford Universiteti professori va Janubiy Koreyada elektron hukumatni rivojlantirish markazi rahbari janob

L.Kim bilan bo‘lgan va uning to‘rtinchi sanoat inqilobi va ushbu inqilob paytida bugungi davlat xizmatchilari qanday yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi to‘g‘risidagi uch soatdan ortiq suhbati mening dunyoqarashim tugul, hatto o‘zimni ham o‘zgartirishimga sabab bo‘ldi. Nima uchun? Oddiy misol, bugungi va kechagi davlat xizmatchilari orasidagi farqni bizga aniq ko‘rsatib bera oldi. Yaʼni 3-sanoat inqilobi paytidagi davlat xizmatchilarining vazifalari, ko‘proq strategik darajadagi masalalarni, sharoitlarni yaratib berish, misol uchun, urbanizatsiya siyosati bo‘lsa, 4-sanoat inqilobi davri, bu ko‘proq har bir detalga eʼti­bor berib, xalqqa samarali xizmat qilish bilan bog‘liq. Deylik, 2000 yillarda telefon sotib olganingizda, “Nokia 33/10” qutisida 16 varaqli qo‘llanma chiqar edi, siz undan qanday foydalanishingiz qayd etilgan. 2005 yildan buyog‘iga smartfonlar kirib keldi, hozir siz smartfon sotib olsangiz, ichida kichkinagina qog‘ozcha bo‘ladi. Tamom. Nimaga? Bu smartfon barcha narsalarni o‘zi bajaradi, siz yangi dastur ko‘chirib olsangiz, o‘zi uni yuklab oladi, aralashuvingizni kamaytiradi. 4-sanoat inqilobi paytida “Smart boshqaruv” muhim rol o‘ynaydi. “Smart boshqaruv” – xuddi smartfon kabi fuqarolarni kamroq urintirish orqali xohish-istagini ro‘yobga chiqarish davri, degani. Davlatning bugungi kungi asosiy vazifalaridan biri kelajakdagi hukumatni “smart hukumat”ga aylantirishdir. Bu degani, endilikda fuqarolar uchun yaratilgan xizmatlar va imkoniyatlar, qulayliklar baholanadi. XX asrda davlat xizmatchisiga baho qo‘yganda, bu ishni qancha muddatda qilgani va qancha xarajat qilganini so‘rashib, lavozimini oshirishar edi. Lekin yangi davrning savol va talablari boshqacha bo‘ladi: siz qanchalik samarali xizmat qilishingiz, odamlarni qanchalik rozi qila olishingiz, o‘z vazifangizga qanchalar innovatsion yondasha olishingiz muhimdir. Shuningdek, ikkinchi taassurotimni ulab ketmoq­chiman. “Design thinking”, yaʼni dizayn fikr­lash, bu faqat bitta ishni chiroyli bajarish emas, fuqarolarga xizmat ko‘rsatishda qulaylikni yaratish deganidir. Misol uchun, siz choyni oddiy piyolada ichmaysiz-ku, hozirgi kunda chiroyli idishlar, ushlagichi qulay, bejirim, zamonaviy bo‘lgan krujkalarda ichishga harakat qilasiz. XX asrda asosan predmetga dizayn berilardi, ko‘proq eʼtibor tortishi uchun. Bugun esa fuqarolarga xizmat ko‘rsatishda nafaqat dizayn, qulaylik ham maksimal darajaga yetishi kerak. Misol, krujkada nega ushlagich bor, chunki qo‘lingiz isib ketmasligi uchun, demak, barcha faoliyatda ishga shu jihatdan yondashish, yaʼni odamlarga qulayliklar yaratish nuqtai nazaridan qarash talab etiladi. Yana bir oddiy misol, menga bir rolik ko‘rsatishdi, meni taʼsirlantirgani, davlat injiniring kompaniyasi tomonidan yo‘llar, yo‘laklar qurilyapti. Ular qurgan yo‘laklarni borib ko‘rishsa, imkoniyati cheklangan insonlar uchun hech qanday qulaylik yo‘q, keyin injiniring kompaniyasining quruvchilarini o‘zlarini kolyaskaga o‘tqazishdi va A nuqtadan B nuqtagacha yetib borish topshirig‘i berildi. Quruvchilar yuzga yaqin muammolarga duch keladi va shunda bilishdiki, har bir masalani hal qilayotganda, davlat xizmatchilari o‘sha holatga tushib ko‘rishlari kerak ekan. Yana taʼkidlayman, har bir ish, xizmat natijasi inson uchun qulaylikning maksimal darajasiga yetishi kerak. Men o‘ylaymanki, ertangi zamonaviy davlat xizmatchilari, 4-sanoat inqilobi paytida eng birinchi navbatda, Smart boshqaruv tizimi va uslubiga o‘tishlari shart. Buni Prezidentimiz ham murojaatnomada aytib o‘tdilar. Biz ko‘p aytamiz, taʼkidlaymiz: “Hamma narsa xalq uchun, xalq farovonligi uchun”, “Islohot islohot uchun emas, inson manfaatlari uchun”. Lekin bu taʼkidlarning amaliy ifodasi qachon bo‘ladi, qachonki xalqqa mutlaqo qulaylik yaratilsa, har bir ish, har bir soha bir-

biriga bog‘liqligini, hamkorligini bilsa, bir-birini to‘ldirsa, bir tizimga, bir zanjirga aylansa. Yana bir misol, avvallari ko‘zi ojiz insonlar uydan chiqmasdi, chunki ko‘chaga chiqish xavfli edi, bugun ko‘zi ojizlar qo‘liga maxsus smartfon programmalar o‘rnatilgan, u aytgan nuqtasigacha, metrogacha, chapga burilishigacha istalgan manziliga yetib borishiga yordam beryapti. Kelajakda bizning ham Davlatimiz va fuqarolarimiz mana shunday “Aqlli boshqaruv” va “Aqlli hukumat” qulayliklaridan foydalanishlariga ishonaman. To‘rtinchi savol: Turdosh Akademiyaning o‘quv jarayoni bilan tanishish asnosida qaysi omillarni Davlat boshqaruvi Akademiyasiga tatbiq etish kerak, deb o‘ylaysiz? Sizningcha, o‘quv jarayoni sifatini oshirish uchun qaysi tajribalarni qo‘llaganimiz maʼqul? O.Xasanov: Birinchi tajribani biz qo‘llashni boshladik, mana shu professional studiyada deyarli 20 ga yaqin video maʼruzalarni oldik. NHI institutida bitta narsaga eʼtibor berdim, standart maʼruzalar deyarli o‘tilmas ekan. Hard Skillslar hammasi video maʼruza orqali berilar ekan, hatto shu darajada detallashganki, “E-learning” tizimiga bir kunda yuz mingga yaqin davlat xizmatchilari kirib foydalanar ekan. Masofaviy o‘qitish tizimida, videolar ham uch xil shaklda tayyorlanar ekan – 15 daqiqalik, 10 daqiqalik va 4 daqiqalik mikrodarajada. Nima uchun? Mutaxassislar 4 minutlik videomaʼruza inson diqqatini torta oladi, 4 daqiqadan keyin chalg‘ish boshlanadi, deyishdi, hatto shu detallarga ham eʼtibor berishgan. Darslar esa tinglovchilarga faqat interaktiv usullarda tashkil etilarkan, guruhlarga bo‘linish, loyihalar ustida ishlash va hokazo. Agar siz Lider tayyorlamoqchi bo‘lsangiz, bu faqatgina bilim berishni emas, uning har tomonlama faolligini oshirish talab etiladi. Barcha kompetensiyalarni rivojlantirishga eʼtibor qaratiladi, elementlar yig‘ilib oxirida u Lider bo‘ladi. Lider birinchi navbatda faol bo‘lib, u darslarda tashabbus ko‘rsata olishi kerak. Lider o‘z fikrini erkin bayon qila olishi kerak. Bizda esa klassik taʼlim tizimida, o‘qituvchi 60 minut gapirishi kerak, 20 minut savol- javob, bu yerda unday emas, sen Lider tayyorlayapsanmi, 60 minut talaba-tinglovchi gapirsin, sen esa ora-orada 7 minutdan 3 marta aralashib dirijyor vazifasini bajar. Dirijyor kim? Dirijyor har bir cholg‘u asbobini chalishni bilmasligi mumkin, lekin uni sanʼati shundaki, uning borligini ham, yo‘qligini ham bilmasligingiz kerak, u shunday garmoniya qilishi kerakki, ijrochilar o‘zi chalishi kerak, sizning vazifangiz esa shu garmoniyani umumlashtirib tomoshabinlarga yetkazib berish. Bugungi o‘qituvchi ham tinglovchilarni shunday faollashtirish kerakki, u ertaga xalqning xizmatiga borganda, xalq garmoniyani, yoqimli kuyni his qilsin. Beshinchi savolimiz: Ozgina g‘ayrioddiy savol bo‘ladi. Koreya tajribasidan nimani o‘zlashtirmagan bo‘lar edingiz O‘zbekiston uchun? O.Xasanov: Qoyil. Ko‘pchilik teskarisini beradi, nimani olib ketasiz, deb. Uni juda ko‘p sizga gapirishim mumkin, bu savolingizga esa, bitta narsani olib ketmagan bo‘lar edim. Bilasizmi, nimani? Hamma narsaga, kecha darsda ham aytildiki, vaqt, imkoniyat, sharoit bo‘lishi kerak. Yaʼni, siz qachon, qaysi narsani qayerda ishlatishingizni bilishingiz kerak. Uni oldin ishlatib qo‘ysangiz, tushunmaydi odamlar, uni keyin ishlatib qo‘ysangiz kech qolgan bo‘lasiz. Demak, biz hozir Janubiy Koreyadan birdaniga hamma innovatsiyani olib ketib qo‘llay olmasligimizni angladim. Avval ongimizda o‘zgarishni, yangilikni his qilishimiz kerak. Mana yana oddiy misol. Tassavur qiling, soddaroq qilib tushuntirishga harakat qilaman, mashina haydashni bilmaysiz, men sizga yangi “ferrari” olib kelib qo‘ydim, uning ichida 50 ta knopkasi bor, siz agar uni haydashni bilmasangiz, sizga “ferrari” nima, oddiy “spark” nima, farqiga bora olmaysiz, siz birinchi bo‘lib uni to‘siqqa urishingiz mumkin. Demak, “ferrari”ni bizga olib borishdan oldin, avval shofyorlarni tayyorlash kerak, keyin infratuzilmani, yaʼni yo‘llarni. Bozorga qanday chiqasiz, borib duch kelgan narsani sotib olmaysiz-ku, oldin ro‘yxat qilasiz, uyda sabzi bo‘lsa, olmaysiz. Demak, Koreyadan ham hamma narsani olib bo‘lmaydi.

Birinchisi, olib bo‘lmaydigan narsa, oddiy misol, internet tezligi (5G) ga o‘tib ketgani, bu yerda hamma xizmat ko‘rsatish internetda. Bizda esa baʼzi bir hududlarda telefon ishlamay turgan paytda, bu narsani qanday joriy qilamiz? Birdaniga “Smart taʼlim”ni ham o‘zlashtirib bo‘lmaydi. Demak, bularda innovatsiyani va davlat boshqaruvida so‘nggi IT texnologiyani qo‘llashni to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib kelmagan bo‘lardim. Men birinchi bosqichni olib ketar edim. Misol, “Internet-1” bilan “Internet-2” foydalanish bosqichlari ayni bizbop. “Internet-1” – bu faqat maʼlumot beruvchi, “Internet-2” esa bu maʼlumot, axborot interaktiv almashinuvi. Bu yerda har bir fuqaroning har bir xatti-harakati internet orqali raqamlashtirilgan. Bizda esa buning uchun birinchi sharoit qilish kerak, men buni olib ketmagan bo‘lar edim, yaʼni to‘g‘ridan-to‘g‘ri hali biz tayyor bo‘lmagan holatlarni. N.Umarova: Yetilmagan narsani. Oltinchi savolimiz: Janubiy Koreyani ifodalovchi uchta sifatni bitta so‘z bilan ifodalab bering. Janubiy Koreya bu - ... O.Xasanov: Bitta so‘z bilan emas, bitta gap bilan aytishga imkoniyat bering. Janubiy Koreya bu – so‘nggi innovatsiyalardan unumli foydalanadigan va har bir xodimi o‘z ish joyida o‘z vazifasini ixlos bilan amalga oshiradigan davlat. Ixlos bor joyda rivojlanish bo‘ladi. Ixlos bor joyda yangilik bo‘ladi. Inson o‘ziga, kasbiga ixlosi bo‘lsa, uning tepasida 10 ta qorovul ham kerak emas. U qanday ishlayapti, nima ish qilyapti, ishga qachon keldi, nechada ketdi – so‘rovni hojati yo‘q, sizga o‘zi innovatsiya qilib beradi, o‘zi yangilik yaratadi. Resurs yo‘q davlatdan rivojlangan davlatga aylanishiga sabab ishga munosabatda, ixlosda. Bizda resurs bor, biroq ixlos kam, ixlosimizni oshirsak, biz ham bemalol ko‘zlangan maqsadga yetib boramiz. Yettinchi savolimiz: Rahmat. Oxirgisi savol emas. Savol o‘rnida ko‘rmaysiz, Uyingizni sog‘indingizmi? O.Xasanov: Judayam, Vatanim, farzandlarimni va ota-onamni sog‘indim. Lekin olayotgan bilimlarimning ko‘pligi, vaqt tig‘izligi – shular meni ozgina chalg‘itib turibdi. Agar buning aksi bo‘lib, vaqtim bemalol bo‘lganda, sog‘inch meni yana-da qiynardi... Bu yerdan 7 ming km uzoqlikda Vatan sog‘inchi yana-da boshqacha bo‘lar ekan. Men Vatanni nega sog‘inyapman, bu yerda olgan bilimlarimni tezroq o‘z yurtimda amalda qo‘llashni xohlayapman. Tezroq yurtimga boray, yangiliklarni, yangi bilimlarni tezroq ishlatay, tezroq kimgadir ilinay degan maqsadda yuragim shoshyapti. Bugungi savol-javobimiz ham menimcha, shu maqsadlar yo‘lida tashkil qilindi. N.Umarova: Rahmat. Savollarimizga kreativ va aniq, chiroyli, samimiy javob berganingiz uchun. Har bir safaringiz singari bu safaringiz ham natijador bo‘lishini tilab qolaman va bu safar ketidan ham, Akademiyada birgalikda jamoa bilan o‘zgarishlar qilishimizga va kuchimiz yetsa, davlatimizda o‘zgarishlar qilishimizga va eng asosiysi, o‘zimizda ichki munosabatimizda o‘zgarishlar qilishimizga ishonib qolaman. Muvaffaqqiyatli faoliyat tilayman. O.Xasanov: Rahmat. Salomat bo‘ling. Qaydlar uchun: Qaysi javob Sizga ko‘proq ma’qul keldi: ________________________________________________________________________________ ____________________________________________________

Sizga ma’qul kelgan faktlar________________________ __________________________________________________________________________________ _______________________________________________ Xulosa:_______________________________________________ __________________________________________________________________________________ _______________________________________________ 3-SUHBAT Ushbu sahifamiz kanalimiz aʼzolari tomonidan yuborilgan savollar asosida tayyorlandi. Uchinchi suhbatda berilgan savollar (Savol beruvchi O‘tkir Abdukarimov): Birinchi savolimiz: Orzu qilish va maqsad qo‘yish haqida fikrlaringiz? Ikkinchi savolimiz: Time Management haqida fikr­laringiz. Uchinchi savolimiz: Zamonaviy rahbar imiji haqida gapirib bersangiz. To‘rtinchi savol: Bugungi kunda hayotimizga “Internet madaniyati” termini kirib keldi. Yoshlarimizga internetdan to‘g‘ri va soxta maʼlumotlarni bir-biridan ajratishda, umuman internetdan foydalanishda qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz? Beshinchi savolimiz: Hozirgi kunda olimlarimiz sunʼiy intellekt va robotlar ustida katta ishlarni amalga oshirmoqda. Savolimiz yaqin kelajakdagi, robotlashgan dunyoda, yoshlarimiz qaysi kasblarni egallashlarini maslahat bergan bo‘lar edingiz? Oltinchi savolimiz: Maktab davridan yoshlarimizga moliyaga oid ko‘nikmalarni o‘rgatib borishga qanday qaraysiz? Yettinchi savolimiz: Ko‘pchilik uchun bu juda qiziqarli – Otabek Xasanovning kun tartibi qanday? O‘.Abdukarimov: Assalomu alaykum, Otabek aka. Siz bilan bugun “7 savolga 7 javob” rubrikamizning uchinchi sonidamiz. Kanalimiz aʼzolari tomonidan yuborilgan savollarning 7 tasini tanlab oldik va bugun shularni sizga bermoqchimiz. Birinchi savolimiz: Orzu qilish va maqsad qo‘yish haqida fikrlaringiz? O.Xasanov: Savolingiz uchun rahmat. Yunon faylasuflari taʼkidlaganidek, “Men fikrlayapman, demak, men tirikman”. Fikrlagan, tafakkur qilgan har bir insonning maʼlum bir orzu-maqsadi bo‘ladi. Orzu qilmagan, umuman, olganda maqsadsiz inson, qo‘pol qilib aytganda, bu tirik murda. Demak, inson hayoti davomida fikrlashi, o‘ylashi, rejalashtirishi va albatta, o‘z oldiga maqsad qo‘yishi kerak. Maqsadlarni qay darajada amalga oshgani esa erishilgan natija sifatida baholanadi. Buyuk mutafakkirlar Aristotel bilan Platonning o‘rtasidagi ziddiyat nimadan kelib chiqqan? Bu materializm va idealizm bilan bog‘liq bahslashuv edi. Platon hamma narsaning asosi – g‘oya va fikr, degan. Yaʼni oddiy misol, ushbu stulni yasashingiz uchun siz avval uni g‘oyasini o‘ylashingiz kerak, u g‘oya qanchalik mukammal bo‘lsa, sizni stulingiz ham shunchalik mukammal yasaladi. Sizning g‘oyangiz qanchalik yuzaki bo‘lsa, stulingiz ham shunday bo‘ladi. Bunda materializm, yaʼni moddiyat fikrdan, g‘oyadan keyin kelyapti. Idealizmdan keyin materializm paydo bo‘lyapti. Olimlarning tadqiq qilishicha, har bir inson o‘z oldiga qo‘ygan maqsadning umri davomida 60 foizini amalga oshira olar ekan. Tasavvur qiling, oldingizga 5 ta maqsad qo‘ysangiz, 3 tasini amalga oshirar ekansiz. 10 ta maqsaddan, demak 6 tasini amalga oshirishingiz ehtimoli yuqori. Sizning foizingiz oshadi. Qancha ko‘p maqsad qo‘ysangiz, shuncha ko‘p amaliy natijalardan bahramand bo‘laverasiz. Demak, inson orzu-maqsadlar qilishdan to‘xtamasligi va maqsadlari sari intilaverishi kerak. Stiv Jobsning bir gapi bor: “Men har doim ertalab turib oynaga qarayman va o‘zimga o‘zim savol beraman, bugungi qilmoqchi bo‘lgan ishimni, bugun agar hayotimning so‘nggi kuni bo‘lsa men qilarmidim yoki yo‘qmi? Agar yo‘q qilmasdim, desam, chetga olib qo‘yar edim”.

Demak, har bir kunimiz so‘nggi kunimizday bo‘lish mumkin, har bir kunda qilayotgan ishingiz, umumiy maqsadimiz bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Bugungi qilayotgan ishingiz, ertangi, ertadan keyingi, 3-5 yil keyingi maqsad bilan bitta chiziqda bo‘lishi kerak. Va ora- orada siz to‘xtashni ham bilishingiz kerak, to‘xtab qanchalik maqsadga erishdingiz, orada sarhisob bo‘lishi kerak. Reja, amal, natija. Bizning “Hamma o‘qishi shart” rubrikamizda reja, amal, natija haqida yozilgan. Yaʼni reja puxta bo‘lsa, uni amalga oshirish oson bo‘ladi va natija ham shunga yarasha bo‘ladi. Agar rejangizning o‘zi puxta bo‘lmasa, ish chala bo‘lsa, mukammalashmasa, siz uni amalga oshirishda qiynalasiz. Natija ham shunga yarasha bo‘ladi. Demak, hammasi reja va maqsadni to‘g‘ri qo‘yib olishga bog‘liq. Reja qanchalik mukammal bo‘lsa amaliyot oson ketadi, maqsad, natijadorlik va samaradorlik oshib boradi. Bir-biriga uzviy bog‘liq jarayonlar. Men Ayve Lini misol keltirganman, u Rokfellerning korxonani rivojlantirish bo‘yicha mutaxassisi bo‘ladi. U aytadiki: “Har bir inson tashkilotning umumiy qo‘ygan maqsadini, kichik maqsadchalarga bo‘lishi kerak. Korxonaning katta maqsadi bor, buni kichik maqsadga bo‘ling va har bir xodim o‘sha yerda kunlik qiladigan 6 ta vazifasini yozib borsin. Va har kuni kechki payt, ertangi kun davomida qiladigan 6 ta ishingizni yozing va uni yotishdan oldin monitoring (hisob-kitob) qiling. Sizni maqsadingiz mingta bo‘lishi mumkin, lekin siz maqsadingizni monitoring qilmasangiz, u maqsadlar xayolda qolib ketaveradi. Men bugun til o‘rganaman, ertaga til o‘rganaman, men ertadan keyin o‘rganaman, deb yuraverasiz. O‘zingizni monitoring qilishingiz, til o‘rganishim qanday ketayapti, natijam qanday deb o‘zingizdan so‘rab turishingiz kerak. Yaʼni rejangiz bilan birga amalda monitoring tizimi ham ishlashi kerak. O‘ylaymanki, siz shundagina maqsadlaringizga erishishingiz mumkin”. O‘.Abdukarimov: Rahmat. Ikkinchi savolimiz, yunon faylasufi Aflotunning bir iqtibosini keltirib o‘tsak, “Arzimagan va befoyda ishlar uchun keragidan ortiq vaqt sarflash dono odam uchun judayam og‘irdir”. Ikkinchi savolimiz: “Time Management” haqida fikrlaringiz. O.Xasanov: Bugungi kunda eng katta muammolardan biri vaqt. Neʼmatlarning eng qimmati ham vaqtdir. Sizning ishxonangizda yoki boshqa joyda vaqt o‘g‘rilari bor. Bu majoziy maʼnoda. Davlat boshqaruvi Akademiyasida “Time Management” bo‘yicha Nigora Umarova trening o‘tadi, treningda o‘zim ham qatnashganman. Nigora opaning bir yaxshi formulasi bor, doim o‘sha vaqt o‘g‘rilari degan terminni ishlatadi, tashkilotda, ishxonangizda vaqt o‘g‘rilari bor. Baʼzida telefoningiz sizning vaqt o‘g‘ringiz bo‘lishi mumkin, bir muammoni siz telefonda bir daqiqada gaplashishingiz ham mumkin yoki aksincha shuni cho‘zib, ko‘p vaqt sarflab, 10 daqiqa gaplashishingiz ham mumkin. Demak, siz vaqtingizni qadriga yetishni boshlasangiz, vaqtingizni to‘g‘ri sarflashni boshlaysiz. Nima uchun? Sababi, boshingizni ko‘tarasiz – dushanba, boshingizni tushirasiz – shanba. 6 kuningiz qanday o‘tib ketganini ham bilmay qolasiz, nega? Chunki vaqt sizning ustingizdan hukmronlik qilyapti. Aksincha, siz vaqtingizning ustidan humronlik qilishingiz kerak. Agar siz vaqtni jilovlay ololsangiz, sizda vaqtingiz bo‘yicha rejangiz bo‘lsa, bu katta yutug‘ingiz. Siz bu hayotda uch marta yashamaysiz-ku, agar har xil kompyuter o‘yinlaridagi kabi sizda uchta joningiz bo‘lganida, birinchi hayotingizni oilangizga, ikkinchisini karyera qilishga, uchinchisini boylik yig‘ishga sarflardim, deb aytishingiz mumkindir. Biz bir marta yashaymiz, demak, har biriga ulgurishimiz kerak – ham oilaga, ham ishga, ham o‘qish va bilim olishga. Buning uchun sizning vaqtingiz, grafigingiz to‘g‘ri taqsimlangan bo‘lmasa, bularni bajara olmaysiz. Demak, sizga birinchi tavsiyam, men o‘zim bajaradigan odatim, har kuni ertalab ishxonaga kelib qiladigan ishlarimni rejalashtirishga 10 daqiqa vaqt sarflayman. Mana shu 10 daqiqa rejalashtirishga sarflagan vaqtim evaziga 1 soat vaqt bonusga yutib olaman. Tasavvur qiling, lotereyada nimadir yutib olasiz-ku, xuddi shunday menga bonus beradi mana shu 10 daqiqa. Men keyin mana shu 1 soatimni oilamga, til o‘rganishimga, kitob o‘qishga, o‘z ustimda ishlashga sarflashim mumkin.

Demak, har kuni 10 daqiqa vaqtingizni ertalab rejalashtirishga va kechqurun hisob-kitob qilishga sarflashingiz mumkin. Kechqurun yotishdan oldin albatta, monitoring qilishingiz kerak. Mana beshta barmog‘imiz, bular mening, qo‘pol qilib aytganda, sudyalarim, hisob palatasi, har kuni kechqurun men ularga hisobot beraman. Birinchisi, sog‘ligingiz uchun nima ish qildingiz, bu bosh barmoqqa, ikkinchi barmog‘ingizga siz o‘z ustingizda ishladingizmi, uchinchi barmoqqa misol uchun, karyerada o‘sish uchun nima yangiliklar qildim, to‘rtinchisi, oilam va yaqinlarim uchun qancha vaqt sarfladim, ota-onamga qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvol so‘radimmi, farzandim bilan dars tayyorladimmi, ayolimga shirin gap aytdimmi va beshinchisi, to‘g‘ri ovqatlanish tartibini buzmadimmi… Demak, ertalabki reja va kechqurungi monitoring. Agar mana shu tartibni yo‘lga qo‘ya olsangiz, boshida qiynalasiz, lekin borib-borib vaqtning ustidan hukmronlik qilasiz. So‘ng qarabsizki, o‘zingiz bilmagan holatda hamma narsaga ulgurishni boshlaysiz. Sizda ham 24 soat, Bill Geytsda xam 24 soat, boshqa odamda ham 24 soat bor. Nega u hamma narsaga ulguryapti, siz ulgurolmayapsiz? Unda ko‘proq emas-ku?! Demak, siz vaqtni noto‘g‘ri taqsimlayapsiz, vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni o‘rgangan kuningizdan boshlab, hayotingiz o‘zgaradi, o‘zingizdan mamnunlik his qilasiz. Chunki, siz hamma narsaga ulguryapsiz, futbol o‘ynashgayam, ishlashgayam, o‘rtoqlaringiz bilan gaplashishgayam, kutubxonaga borishgayam, kitob o‘qishgayam. O‘.Abdukarimov: Uchinchi savolimiz: Zamonaviy rahbar imiji haqida gapirib bersangiz. O.Xasanov: Imijologiya degan fan bor o‘zi. Har bir shaxs, rahbar o‘zining imijini yaratishi kerak. Lekin imij bu faqat kiyinish emas, albatta kiyimga ham eʼtibor berish kerak, chunki sizning ki­yimingizga qarab kutib olishadi, aqlingizga qarab kuzatishadi. Yaʼni har bir rahbar did bilan kiyinishi kerak. Ikkinchisi, rahbar imiji qachon shakllanadi, bilasizmi, baʼzi bir insonlar bilan suhbatlashganingizda, o‘zingizni bir olam yangiliklar olgandek his qilasiz. Shunday aqlli inson bilan mazza qilib maroq bilan suhbatlashdim, deysiz. Demak, insonning ichki va tashqi dunyosi go‘zal bo‘lishi kerak. Imij deganda, siz agar rahbar sifatida xodimlaringiz oldida bergan vaʼdangizni bajarsangiz, jamoada sizning obro‘yingiz oshadi. Siz natija ko‘rsatyapsizmi, rahbarlarning oldida obro‘yingiz oshadi. Demak, sizning jamoada imidjingiz shakl­lanyapti. Ishingizda yuqori samaradorlik qayd etilyaptimi, natija beradigan inson hammaga yoqadi, yuqori pog‘onadagi rahbariyat orasida ham o‘z o‘rningiz va imijingizga ega bo‘lib boraverasiz. Demak, sizning imijingiz o‘z qo‘lingizda. Vaqtni samarali boshqarishingiz, bilimingizni doimiy oshirib borishingiz, madaniyatingizga qarab imijingiz shakllanaveradi. Imij bir kunda shakllanib qolmaydi, siz mehnat qilishingiz kerak. Oddiy misol, siz bir yarim soat majlis o‘tkazishingiz mumkin, odamlar majlis desa yuragi bezillaydigan bo‘ladi, 15 daqiqalik majlis o‘tkazishingiz ham mumkin, qisqa va samarali. Hurmatli xodimlar, kelinglar, bugun majlis emas, yig‘ilib, kun tartibidagi muhim masalani muhokama qilib olaylik, deb 15 daqiqada majlisni tugatamiz, deb oldindan ogohlantirib ko‘ysangiz, odamlarda kayfiyat boshqacha bo‘ladi. Ular biladiki, 15 daqiqada tugaydi va sizni diqqat bilan eshitadi. Agar boshlanganiga bir yarim soat bo‘lsa ham haliyam bitta gapda chaynalsangiz, imijingiz avtomatik tarzda tushib ketadi. Demak, imij bu, Sherlok Xolms aytganiday, “Hamma narsaning elementlariga eʼtibor berish kerak”. Shu misolni ko‘p keltiraman, bir kuni Doktor Vatson Sherlok Xolmsdan so‘rabdi: – Sherlok Xolms, qanday qilib siz murakkab narsalarni osonlikcha yechasiz? Buyukligingiz siri nimada? – Buyukligim siri, men har bir elementlarga eʼtibor beraman. – Buni izohlab bersangiz. – Xo‘p, mana qarang, necha yildan beri uyimga kelasiz?

– 8 yildan beri. – Nechanchi qavatda yashayman? – 2 qavatda yashaysiz. – 1 qavat bilan 2 qavatni o‘rtasida nechta zina bor? – Bilmayman. – 1-qavat bilan 2-qavatni o‘rtasida kimning portreti bor? – Bilmayman. – Ko‘rdingizmi, Doktor Vatson, siz shuning uchun ham buyuk bo‘la olmaysiz. Har bir elementlarga eʼtibor berishni boshlamas ekansiz, sizdan buyuklik bo‘lmaydi. Siz elementlarni yig‘ib, xulosa chiqarishni o‘rgansangiz, shundagina buyuk bo‘lasiz”, – debdi Sherlok Xolms. Rahbarning imiji ham shunaqa, har bir xatti-hara­kati, uning kiyinishi, gapirishi, madaniyati, o‘zini tutishi – bular barchasi siz haqingizda umumiy xulosa beradi. Siz chiroyli kiyinib, ko‘rinishingiz zo‘r bo‘lishi mumkin, lekin nutqingiz yaxshi bo‘lmasa, notiq bo‘lmasangiz, bu ham sizning obro‘yingizni tushiradi. Sizning notiqligingiz zo‘r, lekin kiyimingiz yaxshi emas. Bu ham imijingizga salbiy taʼsir qiladi. Hammasi bir-biri bilan bog‘liq, rahbar imiji degani, bu ham tashqi, ham ichki barcha elementlarni qamrab olishi kerak. Shundagina, sizda jamoangiz oldida, jamoatchilik oldida imijingiz shakllanadi. O‘.Abdukarimov: To‘rtinchi savol: Bugungi kunda hayotimizga “Internet madaniyati” termini kirib keldi. Yoshlarimizga internetdan to‘g‘ri va soxta maʼlumotlarni bir-biridan ajratishda, umuman internetdan foydalanishda qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz? O.Xasanov: XX asrni internetsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, yaqinda, mana, Janubiy Koreya 5G internet tizimini ishga tushirdi. Ilon Mask yaqin 2 yilda butun dunyoni tekin internet bilan taʼminlayman, deb eʼlon qildi. Bundan buyog‘iga internet tezligi oshadi, rivojlanish oshadi. Internetning yaxshi yoki yomonligini muhokama qilib, yoshlar tarbiyasini buzyapti, deb undan voz kecha olmaymiz. Shimoliy Koreya kabi internetni taʼqiqlab, uzib tashlay olmaymiz, buning iloji yo‘q. Internet shundayki, eshikni yopsangiz, teshikdan, teshikni yopsangiz, qorboboga o‘xshab mo‘ridan kiradi. Baribir uni kirib kelishiga cheklov qo‘ya olmaysiz, bunday holatda biz immunitetni shaklantirishimiz kerak. G‘oyaviy immunitet, degan tushuncha bor, kim kasal bo‘lmaydi, bilasizmi, sog‘lom va immuniteti baquvvat odam; immuniteti nozik odamning oldida aksirib qo‘ysangiz ham, u ertasi kuni kasal bo‘lib qoladi. Xuddi shunday ideologiya, g‘oyada ham immunitetni shakllantirishimiz kerak. Misol uchun, baʼzi ota-onalarni ko‘raman, 3 yashar bolasini yiqilib tushasan, deb paypaslab yuradi. Undan ko‘ra, uni jamiyatga moslashtir, yiqilib tushadi, deb skafandr kiydirib olib yurolmaymiz-ku. Xuddi shunday g‘oyadan ham, internet xurujidan ham bunday berkinib bo‘lmaydi. Siz agar uning immunitetini shakllantirsangiz, bola o‘zi informatsiyani tanlay oladi, yaxshini yomondan ajratadi. Bugun axborot asrida yashamoqdamiz. Misol keltirsak: XVII asrda o‘rtacha 70 yil yashagan olim inson, umri davomida hisoblab chiqilsa, o‘rtacha 40 gb maʼlumot olgan ekan. Bugungi kunda 40 gb informatsiya olish uchun sizga 1 oy yoki 2 oy yetarli ekan, agar kuniga 1 soat televizor ko‘rsangiz va 2 soat internetda o‘tirsangiz, kifoya. Bugun maʼlumotlarning ko‘pligi meʼyoridan oshib ketmoqda, buni ichidan tanlab olish kerak, yoshlarimizda axborot tanlash va ajratish didini uyg‘otishimiz kerak. Internet – katta bozor. Bozorga borganda o‘zingiz uchun kerakli narsani olasiz. Internet ham xuddi shunday. Internetga kirishdan oldin maqsadingiz bo‘lishi kerak, men hozir internetga kiraman, shu kitobni o‘qiyman, bu maʼlumotni olaman. Internet shundayki, baʼzida kirasiz, hali bu eʼlonni, hali u eʼlonni o‘qiysiz, qarabsizki, 2 soat vaqtingiz o‘tdi, hech narsa olmadingiz, vaqtingiz shamolga uchdi, xolos. Demak, siz maqsad bilan internetga kirishni o‘rganishingiz kerak. Yana misol keltirsak, oshpaz aytadi, pichoq - insoniyat yaratgan eng yaxshi narsalardan biri, men u bilan shirin ovqatlar tayyorlayman. Jinoyatchi uchun esa bu pichoq qurol bo‘lib, yovuz maqsadini amalga

oshirishga xizmat qiladi. Biz pichoq jinoyatchini qo‘liga tushib qolmasin, deb hamma joydan pichoqlarni yig‘ishtirib, oshpazga ham pichoq bermasdan och qolmaymiz-ku! Demak, hamma pichoqdan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgansa, bu qaysi rakursdan qarashga bog‘liq bo‘lib qoladi. Bir maʼlumotni internetdan olgandim, “Odnoklassniki”da akkauntlar soni va foydalanish bo‘yicha O‘zbekiston 2- yoki 3-o‘rinda turar ekan. “Odnoklassniki”dan foydalanayotganlarni o‘rtacha 14-18 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etarkan. Bilasizmi, bular endi hayotga kirib kelayotgan oppoq qog‘ozlar. Ijtimoiy tarmoqlarda bugun buzg‘unchi fikrlar, bizning mentalitetimiz, siyosatimizga qarshi g‘oyalar ham ko‘p, ular yoshlarimizga taʼsir ko‘rsatmasligi uchun biz ham kurashishimiz kerak. Bugungi kunda yot g‘oyalar bilan milliy g‘oyalar, maʼnaviyatimiz o‘rtasida kurash ketyapti. Yot g‘oyalarni tasavvur qilaylik – hamma qurollarga ega, zamonaviy niqoblangan odam, yoshlar aytishadi-ku - “jelezniy chelovek” deya. Bizni milliyligimiz esa ustiga chopon, do‘ppi kiydirib va qo‘liga bitta qilich berib, jang qildirmoqchi bo‘lyapmiz. Kim yutadi, albatta, “ommaviy madaniyat” yutadi. Demak, biz ham bugungi kunda, milliyligimizni keng targ‘ib qiluvchi zamonaviy texnologiyalardan foydalanishimiz kerak, yaʼni ijtimoiy videorolik­lar, asossiz va noto‘g‘ri xabarlarga internetda raddiyalar berishni o‘rganishimiz kerak yoki telegramm orqali yaxshi kitobni targ‘ib qiluvchi yaxshi fikrlar, vatan haqida sheʼrlar bilan maʼlumot berishni zamonaviylashtirishimiz kerak. Biz farzandlarimizga maʼlumotni to‘g‘ri tanlashni o‘rgata olsak, didini shakllantirsak, yaxshi va yomonni ajratishni o‘rgatolsak, albatta, buning samarasi bo‘ladi. Tasavvur qiling, oq va qora rang­larni ko‘zimiz deyarli bir xil ko‘radi, u ongimizga bog‘liq. Agar yoshligimda oq rangni, menga qora deb o‘rgatishganda men qora deb tasavvur qilardim. Nomini eslab qolish bilan bog‘liq-da bu narsa. Qora bilan oqning farqi shundaki, men qora rangni oqni oldiga qo‘yganda taqqoslay olaman. Demak, biz yoshlikdan bolalarimizga oq- qorani ajratishni o‘rgatsak, yot g‘oyalar qora rangni “oq” deb ko‘rsatishganda, bizning bolalarimiz ishonishmaydi. “Yoshligimdan, maktabda, bog‘chada, institutda ota-onam va ustozlarim menga oq rangni o‘rgatib qo‘yishgan, siz “oq” deyayotganingiz aslida “qora”, deydi, avtomatik tarzda immunitet uni siqib chiqarib yuboradi. Va siz bemalol qo‘rqmasdan, internet tezliginiyam oshiraversiz. Kecha internetda bir maʼlumot o‘qidim, qaysidir davlat, hozir eslolmayapman, fuqarolarining sog‘li­g‘ini o‘ylagan holda, internet narxini oshiribdi, de­yilgan. Bu yo‘l bilan internetdan himoyalanib bo‘lmaydi-da, uyda kompyuterlarni, telefonlarni yashirish yo‘li bilan internetni berkitib bo‘lmaydi. Yana taʼkidlayman, undan ko‘ra, g‘oyaviy immunitetni shakllantirish kerak, shundan to‘g‘ri va yaxshi chora yo‘q oldimizda. O‘.Abdukarimov: Beshinchi savolimiz: Hozirgi kunda olimlarimiz sunʼiy intellekt va robotlar ustida katta ishlarni amalga oshirmoqda. Siz yaqin kelajakdagi, robotlashgan dunyoda, yoshlarimiz qaysi kasblarni egallashlarini maslahat bergan bo‘lar edingiz? O.Xasanov: Bir videorolikni “Liderlar” kanaligayam qo‘ygan edik, esingizda bo‘lsa. 2018 yilda Dallasdagi konferensiyada 4-iqtisodiy inqilob haqida so‘z yuritilgandi, yaʼni sunʼiy intellekt robotlar 2030 yilga kelib 800 millionga yaqin odamni ishsiz qoldiradi, 60 ga yaqin kasblar yo‘q bo‘ladi. 2030 yilga esa juda oz fursat qoldi. Demak, bunday jamiyatda robotlar mendan tezroq fikrlaydi va hisob-kitob qiladi. 3720 ni 3815 ga ko‘paytiring, desam, kalkulyator mendan tezroq javob beradi. Bu jihatdan men kalkulyatordan tez bo‘la olmayman yoki allaqachon kompyuter odamzoddan oldinga o‘tib ketdi. Shahmat qiroli Kasparovning bugun komp­yuterga yutqazib qo‘yishi normal holatga aylandi. Bunday holatlarda endi odamlarda fikr tug‘iladi, kelajakda ish o‘rnini saqlab qolishi uchun, yana-da davlatga foydasi tegishi uchun, yaxshi oylik olishi uchun nima qilishi kerak?

Hammamizda oila bor, inson eng yaxshi narsasini farzandiga ilinadi. Farzandlarimizni qanday kasbga yo‘naltirishimiz kerak, kelajakda uning joyini robotlar olib qo‘ymasligi uchun? “Ali Baba” asoschisi Jek Ma ko‘p aytadi, biz farzandlarimizni ijodkorlik bilan to‘yintirishimiz kerak, robotda ijodkorlik bo‘lmaydi, robot ketma-ketlik algoritmida ishlaydi, berilgan formula asosida ishlaydi, robot yangilik yaratmaydi, robot bor imkoniyatlarni o‘ylab chiqadi. Robot bilan shahmat o‘ynaysiz, u oldingi yurishlarni ko‘ra oladi, lekin yangilik qila olmaydi. Shuning uchun biz ko‘proq yoshlarimizda sanʼat, rassomchilik, qo‘shiq kuylash kabi bilan ijodkor xislatlarni uyg‘otishimiz kerak. Jamiyatga “Soft skills” kirib kelyapti, “Hard skills”dan ajralib. Garvard olimlarining fikriga ko‘ra, 85 % imkoniyatning siri bu “Soft skills”da ekan. “Soft skills” nima bu? O‘tgan uchrashuvimizda ham aytdik, bu kreativlik, bu innovatsiya, bu kommunikabellik, bu o‘zgacha yondashuv, bu strategik fikrlash, bu tanqidiy tahlil qila olish, bu muammolarning, har xil risklarning oldini ola bilish. Innovatsiya bilan kreativlikning o‘zi bitta katta narsa. Demak, O‘zbekistonda har bir tashkilot yangi g‘oya bera olishi kerak. Yunon faylasuflarining bir fikrini o‘qigan­dim, “Yangilik qildingmi, uni amaliyotga joriy qildingmi, u eskirdi. Uni sen maqtanib, faxrlanib qolma, bo‘ldi, uni unut va yana yangisiga kirish”, deydi. Qachon sen yangilik bersang, sen shunda hammaga keraksan, sen yangilik berishdan, fikrlashdan, innovatsiyadan to‘xtasang, sen ham eskirding, sen ham chetga chiqasan, deydi. Demak, qachon yangilik bera olasiz? Qachon sizning fikrlashingiz o‘zgacha bo‘lsa, nostandart fikrlasangizgina. Tavsiya qilardimki, bolalarimizga ko‘proq fantastik kitoblarni o‘qitishimiz kerak. Fantastik kitob, bu siz tassavuringizga sig‘dira olmaydigan narsalarni o‘ylashingiz, bo‘lmagan voqealarni tasavvur qilishingiz imkonini beradi. Agar tarixiy kitob o‘qisangiz, bilasiz, o‘tmishda shunday voqealar bo‘lgan. “Gladiator” kinosi bilan “Avatar” kinosini solishtirsangiz farqi shundaki, Gladiator bo‘lgan voqealarga asoslab olingan yoki tarixiy haqiqatlarga. “Avatar” kinosi esa umuman mavjud bo‘lmagan sayyora haqida, u yerda qanday ovqatlanishi, qanday yashashini tasavvur qilishning o‘zi bir masala. Bu mukammal bo‘lishi kerak, buning uchun doimiy fikrlash nazariyasidan chiqib ketgan bo‘lishingiz kerak. Mana shuning uchun men farzandlarimga fantastik kitobni o‘qishni tavsiya qilaman. Rassomchilik, musiqaga yoshligidan berib borishimiz kerak, mana chet elning har bir maktabida o‘zining studiyasi bor, bilasizmi, teatr studiyasi. Bola rol ijro etadi, bolada notiqlik shakllanadi, bolada tashabbuskorlik paydo bo‘ladi, bola bir qiyofadan ikkinchi qiyofaga kirib ko‘rishi kerak. Doimiy o‘zi har xil rollarni ijro etadi, Garri Potter kabi har xil qiyofalar rolini o‘ynab ko‘radi va bolada “moslashuvchanlik” degan yangi kompetensiya paydo bo‘ladi. Mana shu narsalar biz uchun muhim hisoblanadi. O‘.Abdukarimov: Oltinchi savolimiz: Maktab davridan yoshlarimizga moliyaga oid ko‘nikmalarni o‘rgatib borishga qanday qaraysiz? O.Xasanov: Bu savolni kim bergan bo‘lsa ham, men o‘ylaymanki, ko‘proq g‘arb mamlakatlarida tahsil olgan yoki g‘arb mamlakatlarini yaxshi biladigan inson. Sababi, bizda yoshligimizdan “bolani pulga o‘rgatma, bolaga ko‘p pul berma, bolani pul buzadi”, degan o‘gitlar ishlatiladi. Bunday qarashlar ko‘proq sotsializm davrida yashagan insonlarda mavjud, bugun kapitalizm, boshqa davr. Bola baribir shu pulga duch keladi-ku, bugun ham, kelajakda ham. Ilgari men ham shu fikrda edim, yaʼni “pul tarbiyani buzadi”. Lekin, keyin fikrlashim butunlay o‘zgardi. Robert Kiyosakining (Bogatiy papa, bedniy papa) “Kambag‘al ota va boy ota” kitobini o‘qiganimdan so‘ng mening dunyoqarashim o‘zgardi, butunlay o‘zgardi. Demak, iqtisod bor – moliya bor. Iqtisod pul topishni, moliya esa to‘g‘ri sarflashni o‘rgatadi. Agar “Finansist” kitobini o‘qiydigan bo‘lsak ham asar qahramonida yoshligidan bank tizimida ishlagan otasidan ko‘p narsa o‘rganib, ko‘nikma shakllanib keladi.

Men o‘ylaymanki, uyda farzandlarimizga pulni qanday topishni ham, qanday ishlatishni o‘rgatib borishimiz kerak. Afsuski, aksariyatimiz pul topishni bilamiz, lekin to‘g‘ri ishlatishni bilmaymiz, birdaniga ayrilib qolamiz yoki bir zumda sarflab, yo‘q qilib yuboramiz. Rus tilida “finansoviy gramotnost” degan so‘z bor, o‘zbek tilida buni “moliyaviy savodxonlik” desak bo‘ladi. Misol uchun, 5–6-sinfda o‘qiydigan bolangizning qo‘liga 5000 yoki 10 000 so‘m bering va kuzating, yugurib boradi-da, eng yaqin do‘kondan 2 ta shokolad olib keladi – bo‘ldi, pul shunga sarflandi. 100 ming so‘m bersangiz ham shu ishni qiladi. G‘arb mamlakatlarida, aksincha, yosh bolaga pul bersangiz, uni oladi, avval o‘ylaydi, uni qanday to‘g‘ri ishlatishim kerak, qanday amalga oshirishim kerak, deb. Shuning uchun bolalarimizda yoshligidan moliyaviy ko‘nikmasini shakllantirib borishimiz kerak. Robert Kiyosaki kitobida o‘z hayotidan yozadi, “6-sinfimdan men markalar yig‘ib pul topishni va pul sarflashni o‘rgandim”, deydi. “Shunda menga kambag‘al otam pulga o‘rganma, u yomon narsa derdi, men esa topgan pulimni to‘g‘ri sarflashni o‘ylardim, qiyinchilik bilan topgan pulimni magazinga borib shokolad yemas edim, shuncha mehnatim ketib qolishini bilar edim, undan ko‘ra men bu pulni olib ko‘paytirishni o‘rgandim”, deydi. Bilasizmi, bu masalada mentalitetimizga zid narsalar ham bor, bizda baribir ko‘pchilik qarshi chiqishi mumkin, “pul bolani buzib qo‘yadi”, degan qarash aksariyat ota-onalarni xavotirga soladi. Lekin bugungi bozor iqtisodiyoti shafqatsiz. Ertaga ayovsiz kurashlarga to‘la hayot kutyapti. Biz bolalarimizni bugun hayotga tayyorlab borishimiz kerak. Bugundan bilishsin ular – pul nima, iqtisodiyot nima, moliya nima ekanini. Amerikada, G‘arb mamlakatlarida 5- sinfdan maktablarda “Monopoliya” o‘yinini o‘ynatadi. Biz ham uyda bolalar bilan o‘ynab turamiz, yaʼni bilishimiz kerak, aksiya nima, qayerga pul to‘lash kerak, to‘g‘ri ishlatmasa, xato qilishini. Moliyaviy savodxonlikni o‘yinlar orqali shakllantirib borishimiz kerak. Maktab dasturlariga kiritish kerak. Nima uchun? Chunki biz bugun kichik biznesni rivojlantirmoqchimiz, yalpi ichki mahsulotimizda kichik biznes ulushini oshirmoqchimiz. Kichik biznesni mana shu yoshlar qiladi, ertaga maktabni bitirganda, unda g‘oya bo‘ladi, biznes reja bo‘ladi, ota-onasiga moliyaviy yordam berishni boshlaydi. Uyda tomorqa yerimiz bo‘sh turgan ekan, u yerga faqat gazon ekmasdan kartoshka, piyoz eksak yoki to‘rtta tovuq olsak, televizorda ko‘rsatishyapti – kredit berar ekan, deya ota-onasini ham harakatga undaydi. Mana shu – “start up”. Yaqinda Isroilning O‘zbekistondagi elchisi Akademiyaga tashrif buyurganda, bir maʼlumotni aytdi, Isroilda bir yilda o‘rtacha 23 milliard dollarlik “start up” – yangi g‘oyalar sotilibdi. Ushbu loyihalarning 80 foizi 16-25 yoshgacha bo‘lgan yoshlarga tegishli ekan. Bizda nega “start up” sekin rivojlanmoqda? Chunki bolalarda yangicha fikrlash kam, bu ularning aybi emas, bu bizning aybimiz. Ularga shuni o‘rgatmaganmiz. Pul topishni, yangilik qilishni o‘rgatmaganmiz. Demak, biz bugun maktab darslariga kiritib borishimiz kerak: bozor iqtisodiyoti, moliyani o‘rgatuvchi das­turlarni. Agar shunday ish tashkil qilsak, 11- sinfni bitirib, institutga kiradigan bolalar bizga yangi g‘oyalar beradi. Biz qayerdandir tashqaridan olib kelib yurmaymiz, o‘zimizning bolalar O‘zbekistonimizni rivojlantiradi. Faqat biz ularni, yangi g‘oya va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlasak bo‘ldi. Har xil tashkilotlar, uyushmalar bilan volontyorlik tizimini ham yo‘lga qo‘yishimiz kerak, yoshlarimizni shakllantirishimiz kerak. Bugun maktablarda o‘quvchilarni “Artel” zavodi yoki boshqa yirik kompaniyalarga olib borib, ularda havas uyg‘otishimiz kerak. Katta biznesmenlarni maktablarga chaqirib uchrashuvlar tashkil qilsangiz, bolalar ularning hayoti, faoliyati, biznesda erishgan muvaffaqiyatlari haqida bilib, ularga havas uyg‘onadi. “Men ham tadbirkor bo‘lsam”, degan fikr paydo bo‘ladi. Afsuski, bizda faqat sanʼatkorlar maktabga olib boriladi, televideniyada aktyorlarning uylari va mashinalari ko‘rsatiladi, yoshlarimizning sanʼatkorlarga havasi keladi. Bilasizmi, biz yoshlarga institutda o‘rgatyapmiz, bu kech, biz iqtisodiy bilim, moliyaviy savodxonlikni maktabdan boshlashimiz kerak, oiladan boshlashimiz kerak. Inson kapitalini 3-22 yosh oralig‘ida qilishimiz kerak, biz esa kech qolyapmiz.

Qaniydi, ertaga bizni bolalarimiz haqida internetda maʼlumot chiqsa, o‘zbekistonlik 11- sinf o‘quvchisi “Samsung” kompaniyasiga yangi “start up” g‘oyasini 3 million dollarga sotdi. 3 millionga bilasizmi qancha yoshlar uchun imkoniyatlar yaratib berishimiz mumkin?! Menincha, buning uchun ota-ona, maktab – hammamiz birgalikda yondashishimiz kerak. Odam 30 yoshga kirganida birdaniga tadbirkor bo‘lib qolmaydi, u shakllanib kelishi kerak. Biz kelishib olishimiz kerak, ertaga yaxshi tadbirkor, innovator bolalarni tarbiyalashimiz uchun kim nima vazifani bajarishi kerak? Maktab taʼlimi, bog‘cha tarbiyasi... Lekin ota-onaning vazifasi katta. Agar biz kelishib olib, bitta tizimli yondashsak, natijadan ertaga davlat ham, biz ham, hammamiz manfaatdor bo‘lamiz. Axir, maqsadimiz shu yurtni rivojlantirish-ku! O‘.Abdukarimov: Yettinchi savolimiz: Ko‘pchilik uchun Otabek Xasanovning kun tartibi juda qiziqarli? O.Xasanov: Har kuni kechqurun ertangi kun tartibim yozilgan bo‘ladi bloknotda. Har doim bloknot qo‘limda bo‘ladi, nega? Har bir kunim bu tarix. Misol uchun, bugun yakshanba, kechqurun kunimni yozaman, ertaga nima ish qilaman, qayerga boraman, nima vazifalar qilaman va kechqurun bittama-bitta belgi qo‘yib chiqib, har biriga ball qo‘yaman. Necha foizini bajardim, necha foizini bajarmadim. Qanday fors-major holati bo‘lib, bu ish bajarilmadi va izohini yozib qo‘yaman. Kechqurun birinchi oltita qiladigan ishimni yozaman, ertalabdan oltitani ketma-ketlikda bajarishga harakat qilaman. Agar rahbariyat tomonidan boshqa topshiriqlar bo‘lib qolib, ikkitasini bajara olmay qolsam, mana shu qolib ketgan ishlarim keyingi kungi rejamning birinchisiga chiqadi. Avval mana shu ikkita ishni bajarib, keyin rejadagi to‘rtta vazifamni bajaraman. Har kuni kamida oltita vazifa yoziladi, kechqurun monitoringini qilaman. Har haftada bir marta haftalik ishlarimni ko‘rib chiqaman, nima ishlar qildim, qayerda xatolik qildim, qayerda bajarilmadi, izohlab chiqaman. Mana shu yondaftarcham doimo yonimda yuradi, bekor qoldimmi, albatta, yozib boraman, yangilik o‘rgandimmi, albatta, yozib boraman. Uyimga borsangiz, 10-15 ta shunday qora yondaftarlarim turadi. Agar siz 3 yil oldin xuddi shu kuni nima ish qilgansiz, deb so‘rasangiz, men sizga eski yondaftarchamni ochib aniq aytib berishim mumkin. Har bir kunimni qayd etib borganman. Bu hayotda bir marta yashaysiz, uni o‘z holiga tashlab qo‘ymasligingiz kerak. Vaqt sizning ustingizdan hukmronlik qilishiga yo‘l qo‘ymang, aksincha, siz uning ustidan hukmronlik qilishingiz kerak, axir bu sizning hayotingiz. Har bir kuningiz, har bir vaqtingizni samarali boshqarish uchun ham yozib yuring, bu o‘zingiz uchun faqat foyda bo‘ladi. Yoki telefonda vaqtingizni hisob-kitob qiluvchi yangi dasturlar chiqqan, foydalansangiz, o‘zingiz manfaatdor bo‘lasiz. Agar har birimiz har kunimizni mana shunday ertalab va kechqurun nazorat qilsak, rejalashtirsak, amalga oshirsak hamda natijasini monitoring qila olsak, ishonamanki, qo‘limizdan buyuk ishlar keladi. O‘.Abdukarimov: Otabek aka, mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. O.Xasanov: Rahmat. Salomat bo‘ling. Qaydlar uchun: Qaysi javob ko‘proq sizga maʼqul keldi: ________________________________________________________________________________ ____________________________________________________ Sizga ma’qul kelgan faktlar_______________________

__________________________________________________________________________________ _______________________________________________ Xulosa:_______________________________________________ __________________________________________________________________________________ _______________________________________________ 4-SUHBAT Ushbu muloqotimiz kanalimiz aʼzolari tomonidan yuborilgan savollar asosida tayyorlandi. To‘rtinchi suhbatda beriladigan savollar: Birinchi savol: O‘tayotgan yillarning siz va yurtimiz hayotida qoldirayotgan izi qanday deb o‘ylaysiz? Ikkinchi savol: Nega Davlat boshqaruvi Akademiyasiga oid maʼlumotlarni kam joylayapsiz yoki Otabek Xasanovning ish joyi o‘zgardimi? Uchinchi savol: Nima uchun ko‘p narsani bilamiz-u, lekin amalga oshirishga kelganda qo‘rqamiz yoki qiynalamiz? To‘rtinchi savol: Bugungi kunda yoshlarimizga yetuk kadrlar bo‘lishlarida va o‘z oldlariga qo‘ygan maqsadlariga yetishishi uchun qanday maslahatlar bergan bo‘lar edingiz? Beshinchi savol: Nega qo‘rquvni o‘zimiz xohlaganday boshqara olmaymiz va uni orzularimizni amalga oshirish uchun yo‘naltirishga qiynalamiz? Oltinchi savol: Qanday qilib shaxsiy ish rejasini tuzish mumkin? Yettinchi savol: “Liderlar” kanalida qanday o‘zga­rishlar va yangi loyihalarni rejalashtiryapsizlar? O‘.Abdukarimov: Assalomu alaykum, hurmatli “Liderlar” kanali aʼzolari. Bugun biz 2020 yildagi “7 SAVOLGA 7 JAVOB” ruknining ilk sonida uchrashib turibmiz. Assalomu alaykum, Otabek aka, “Liderlar” kanali studiyasiga xush kelibsiz! O.Xasanov: Rahmat, O‘tkir aka. O‘.Abdukarimov: 2019 yil yakuni bo‘yicha har birimiz o‘z sarhisoblarimizni qildik. Yaʼni qaysidir mo‘ljallagan ishlarimizni amalga oshirdik. Baʼzilariga ulgura olmadik. Qisqacha “Liderlar” kanalining statistika maʼlumotlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2019 yilning yanvar oyida “Liderlar” kanalida 2100 nafar aʼzosi bo‘lgan. 2020 yilning yanvar oyida aʼzolar soni 13 minglik dovondan oshib o‘tdi. Kanalga qo‘yilgan har bir post 10 mingga yaqin faol aʼzolari tomonidan kuzatib borilmoqda. 2019 yil boshida atigi 2 yoki 3 ta rubrika bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda 10 ga yaqin faol rubrikalar faoliyat yuritmoqda. Kanalga qo‘yilgan maʼlumotlarning 200 ga yaqini boshqa kanallar tomonidan iqtibos sifatida foydalanilgan va eng asosiysi, “Liderlar” kanali ko‘plab yoshlarimizga davlat xizmati bo‘yicha normativ hujjatlarini tushunishlarida hamda Soft skills, taym-menejment va maqsad qo‘yishlarida ijobiy taʼsir etganliklarini ular tomonidan kanalimizga yo‘llanayotgan maktublaridan bilsak bo‘ladi. Demak, kanalimiz o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarining maʼlum bir qismini amalga oshirganidan xursand bo‘lsak bo‘ladi. Otabek aka, “7 SAVOLGA 7 JAVOB” rubrikamizga juda ko‘plab savollar keldi. Shulardan atigi 7 tasini saralab oldik. Agar ruxsat bersangiz, shu savollarga o‘tsak. Birinchi savolimiz: O‘tayotgan yillarning siz va yurtimiz hayotida qoldirayotgan izi qanday deb o‘ylaysiz? Ushbu savol kanalimizning Kamol ismli aʼzosidan yuborilgan. O.Xasanov. Assalomu alaykum, O‘tkir aka va hur­matli kanalimiz aʼzolari. 2020 yilda sizlar bilan “7 SAVOLGA 7 JAVOB” ruknida ko‘rishib turganimizdan juda ham xursandman. Rostini aytsam, shaxsan o‘zim sog‘indim bu rubrikamizni. Chunki ancha bo‘ldi. Boshqa ishlar bilan ovora bo‘lib qoldik.

Xo‘sh, Yangi yil nima o‘zi? Shaxsan men uchun Yangi yil bu eski yilda qilingan ishlar sarhisobi va yangi yilga tuziladigan rejalar o‘rtasidagi chorrahadir. Chunki yil tugadi, sarhisob qilishimiz kerak nimaga erishdik, nimalar qildik, nimalarni rejalashtirdik, nimalar bo‘ldi, aksincha, nimalar bo‘lmadi va nima uchun bo‘lmadi... 2020 yil esa yangi maqsadlar va yangi marralar sari qadam bo‘lishi kerak. Qaysi maqsadni amalga oshiraman, nima uchun amalga oshiraman va bu menga nima beradi, deb o‘zimizga savol berishni bilishimiz kerak. Xuddi shunday o‘zimni misol keltiradigan bo‘lsam, 2019 yil Allohga beadad shukr, muvaffaqiyatli o‘tdi, deb ayta olaman. Bu birinchi navbatda, sog‘-salomatligimiz, eng muhimi, oila aʼzolarimiz sog‘-salomat ekanligi. Yurtimiz tinch. O‘zim reja qilgan 9 ta kitobni o‘qib tugatishim kerak edi. Barchasini o‘qib tugata oldim. Xorijiy safarlarga chiqishni rejalashtirgan edim, bir qancha xorijiy safarlarga chiqib, juda ko‘p yangi bilim va ko‘nikmalar olib keldim. Endi davlatimizda amalga oshirilgan ishlarga qaraydigan bo‘lsak, oxirgi 3 yilning o‘zi shiddatli islohotlar davri bo‘ldi. 5 yillik prezidentlik muddatining uch yarim yili ortda qoldi. Biz hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich faoliyatining dastlabki yillarini tahlil qiladigan bo‘lsak, bunda tashkiliy va tarkibiy o‘zgarishlarni, yangi vazirliklarning tashkil etilganini, uzoq yillardan beri yechimini kutayotgan muammolarning hal etilayotganini ko‘rishimiz mumkin. Bu juda muhim, har bir islohotni boshlashdan oldin biz tarkibiy yoki strukturaviy va boshqa o‘zgarishlarni amalga oshirib olishimiz kerak. Eʼtiborlisi, qilinayotgan islohotlar shunchaki emasligi, uning mazmuni borligi, buning natijasida xalqaro ekspertlarning ijobiy fikrlarini ko‘rishimiz mumkin. 2019 yilning oxirida xalqaro “ECONOMIST” jurnali O‘zbekistonni “Yil davlati” deb eʼlon qildi. Bu albatta, katta yutuq. Chunki bu o‘z-o‘zidan eʼlon qilinmaydi, bunday reytingga ega bo‘lish uchun siz nimalarnidir qoyillatib qo‘yishingiz kerak. Xo‘sh, nimani qoyillatdik? Biz, avvalo, ko‘p islohotlarda siyosiy iroda ko‘rsatdik. “Jasliq” qamoqxonasining yopilgani bunga oddiy misol, majburiy mehnatdan voz kechishimiz, iqtisodiy sohadagi, taʼlim tizimidagi islohotlarni qarang. Eng muhimi, so‘z erkinligi. Ko‘p holatlarda islohotlarni amalga oshish davri 5-10 yillik muddatni talab etadi. Lekin bizda qisqa fursatda ulkan islohotlar yuz bergani ayni haqiqat. Eng katta o‘zgarishlardan yana biri, bu ommaviy axborot vositalarining erkinligi, yaʼni ularning qaysidir maʼnoda nazorat funksiyasini ham bajarishi, bu bizda 2-3 yilda amalga oshdi. Yaʼni bular bugungi kunda bizga o‘sha qilayotgan xatolarimizni ko‘rsatib bera oladigan darajaga yetdi. Albatta, tanqid hech kimga hech qachon yoqmaydi. Oddiy misol, mana, farzandimga, noto‘g‘ri qilgan ishini tanqid qilsam, bu unga yoqmaydi. Yoki o‘zimni kimdir tanqid qilsa ham, yoqmaydi. Inson tabiatan shunaqa. Lekin bugun biz bitta narsani tushundik, ommaviy axborot vositalari, blogerlarning o‘rinli tanqidlari bizning xatolarimizni to‘g‘irlashga, qaysidir maʼnoda sergak bo‘lishimiz uchun ham kerak. Yaʼni har bir qilayotgan ishimiz, qonuniy, to‘g‘ri ekanini ko‘rsatib turishimiz kerak. Albatta, noqonuniy ish qilsangiz, uch kunda siz internet yulduziga aylanib qolasiz. Mashhur bo‘lib ketasiz. Buni menimcha, bugun barcha davlat xizmatchilari tushunib yetdi va bunda ommaviy axborot vositalari, so‘z erkinligining roli katta bo‘ldi. O‘ylashimcha, bundan keyingi yillarda ham mazmunan juda katta o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Bularning barchasi, albatta, mening shaxsiy fikr va qarashlarim. Bilasiz, men davlat xizmatchisi sifatida gapirmayman. Bizning kanalda erkin fikrlash huquqimiz bor. Yaʼni men mustaqil ekspert sifatida bu yerda faoliyat yuritaman. Otabek Xasanovning siyosiy fanlar bo‘yicha doktor sifatida fikrlari bu. Buning hech qanday ishxonaga, lavozimga aloqasi yo‘q. Siyosatshunoslik nazariyasida o‘sha muddatlarni bu prezidentlik, deputatlik lavozimlarining 5 yillik muddatlarini tahlil qiladigan bo‘lsangiz, 3 – 4 yil chuqurlashgan islohotlar amalga oshiriladi. 5 yillik sarhisob va tahlil bo‘ladi. Nimalar qilindi va kelajakda nimalar qilish kerak? Shuning uchun har qanday Prezident yoki deputatning 3 va 4 yili

ko‘proq mazmunan va keskin o‘zgarishlar yili bo‘ladi. Shuning uchun o‘ylaymanki, agar nazariya bo‘yicha tahlil qilsak, O‘zbekistonda 2020 yilda ham 2019 yilga nisbatan ijtimoiy- iqtisodiy, siyosiy sohadagi juda ko‘p o‘zgarishlarni ko‘ramiz, degan umiddamiz. O‘.Abdukarimov: Ikkinchi savolimiz: Keyingi savolimiz juda qiziq. Nega Davlat boshqaruv akademiyasiga oid maʼlumotlarni kam joylayapsiz yoki Otabek Xasanovning ish joyi o‘zgardimi? Savol egasi kanalimiz aʼzosi Jamshid. O.Xasanov: Bu haqda vaqti kelib eʼlon qilish niyatida edim. Yaxshi, men xursand bo‘laman, kanalimiz aʼzo­lari faqatgina kuzatmaydi, balki tahlil ham qilib boradi. To‘g‘ri, hozirgi kunda Davlat boshqaruv Akademiyasida Boshqaruv kadrlarni tayyorlash fakulteti dekani lavozimidan boshqa ishga o‘tdim. Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligida boshqarma boshlig‘i lavozimida faoliyat olib bormoqdaman. Agentlik Prezidentimizning 2019 yil 3 oktyabrdagi Farmoniga asosan yangi tashkil etildi. Bu O‘zbekistondagi davlat xizmati sohasidagi va umuman respublikadagi yagona kadrlar siyo­satini yuritadigan va uni muvofiqlashtiradigan tashkiliy tuzilma hisoblanadi. Bunday tashkilot ko‘p davlatlarda mavjud. Qozog‘iston, Koreya, Malayziya kabi davlatlarda bor. Lekin Akademiyada ham dotsent, o‘qituvchi sifatida faoliyatimni, ilmiy izlanishlarimni davom ettiraman. “Liderlar” kanalida esa qaysi lavozimda, qaysi sohada ishlashimdan qatʼi nazar, bloger sifatida faoliyat olib boraman. Biz reja qilganmiz, 2020 yilda kanalda ko‘p ishlarni amalga oshirmoqchimiz. Kanalimizning har bir aʼzosi biz bilan birga kun sayin rivojlanib borishi tarafdorimiz. O‘.Abdukarimov: Uchinchi savolimiz: Nima uchun ko‘p narsani bilamiz-u, lekin amalga oshirishga kelganda qo‘rqamiz yoki qiynalamiz? Professorlar va boshqa ilm egalari davlatni rivojlantirish haqida yaxshi bilimlarni o‘rgatishadi. Shu bilimlarni amaliyotda qo‘llashimiz uchun nimalar yetishmayapti? Ushbu savolni kanalimiz aʼzosi Tohirjon yuboribdi. O.Xasanov: Tohirjon juda ham o‘rinli savol bergan. Bu hol faqat bizda emas, butun dunyoda bo‘layotgan muam­modir. Top universitetlarda ham iqtisodiyotdan dars beradi yoki tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dars beradi, lekin shu odamning o‘zini ijtimoiy va iqtisodiy holati o‘rtacha, yaʼni shuncha qonun-qoidalarni, nazariyalarni biladi-yu, nega o‘zi millioner emas?! Bu normal holat. Bunday holatlar ko‘p uchraydi. Xitoylik milliarder Jek Ma bir intervyusida taʼkidlagandi: “Universitetda ingliz tili va menejmentdan dars berdim va bir kuni o‘yladimki, shuncha nazariyani, boshqaruv usullarini bilaman, lekin nimaga o‘zim amaliyotda sinab ko‘rmayman”. U o‘ziga shu savolni bergan va o‘z biznesini boshlagan. O‘z biznesini boshlaganidan so‘ng birinchi intervyusida shuni aytadiki, “Nazariya bilan amaliyot bir-biridan farq qilar ekan. Amaliyot umuman boshqa dunyo ekan, nazariyadagi baʼzi bir g‘oyalar ishlamas ekan‘. Xuddi shunday, bu normal holat, deb o‘ylayman. Ana endi, nima uchun bilimlarimizni amaliyotda ishla­tishga qo‘rqamiz, degan savolga javob bersak. Bilasizmi, buning psixologik tarafini ham inobatga olish kerak. Masalan, men baʼzi bir insonlarni bilaman. Ingliz tili grammatikasidan 100 dan 95 oladi, 3 mingdan ortiq so‘z biladi, lekin ingliz tilida xorijlik inson bilan 5 daqiqa ham gaplasha olmaydi. Sababi unda qo‘rquv bor. Yoki yana bitta misol, baʼzi bir do‘stlarimni mashina haydash uchun guvohnomasi bor, uyida avtomobili ham bor, lekin hayday olmaydi. Bilimi bor, shablon yodlash bo‘yicha chempion, hamma belgilarni biladi, yo‘l qoidalarini YPX xodimlaridan yaxshi tushunadi, lekin boshqara olmaydi. Ko‘nikma yo‘q, qo‘rquv bor. Yana bir oddiy misol, 6 yoshli o‘g‘lim o‘zbek va rus tillarida gaplasha oladi, lekin u ergashgan qo‘shma gapni bilmaydi, rus tilidagi kelishiklarni bilmaydi. Lekin u gapira oladi.

Nega bunday gap tuzding, desangiz, grammatik jihatdan bilmaydi, lekin gapira oladi. Chunki unda qo‘rquv yo‘q. Yoki 1 yoshli bolani ko‘z oldingizga keltiring, bitta qadam qo‘yish uchun 50 marta yiqiladi. Lekin shu bola o‘ziga: “E, yurish mening ishim emas ekan, qo‘rqyapman, tinchgina o‘tirib qo‘yaqolay”, deb aytmaydi-ku! Bitta qadami uchun 50 marta yiqilgan bo‘lsa ham, u yana davom etaveradi. Shuning uchun u yurib ketadi. Biz esa yoshimiz katta bo‘lgani sayin, odamlar nima deydi, chap va o‘ngimdagilar, tepa va pastdagilar nima deydi, deb o‘ylash bilan ovoramiz. Bunday o‘ylagan odam ijtimoiylashuvga qiyin kirishadi, shu bilan qarabsizki, bor bilimini ham amaliyotda qo‘llay olmaydi. Bu eng katta xavflardan biridir. Hayotiy tajribada shuni ko‘ramizki, baʼzi bir insonlar bilimi yo‘q, lekin amaliyotga tez moslashib ketadi. Men ayrim insonlarga hayron qolaman, institutni yaxshi baholarga bitirib kelgan bo‘lsa ham, yaxshi lavozimda ishlay olmaydi. Har doim ham emas, albatta. Sababi u institutda olgan bilimi bilan amaliyotga moslasha olmaydi, unga ko‘nikma yetmaydi. Shunday holatlarda nima qilish kerak? Harvard tadqiqotlariga ko‘ra, XXI asrning 20–30-yillarida insonlar uchun eng kerak bo‘ladigan ko‘nikmalardan biri, bu tez moslashuvchanlik ko‘nikmasi ekan. Yaʼni o‘zgarishlarga tez moslasha olish kompetensiyasi muhim rol o‘ynaydi. Bir xil insonlar bo‘ladi-yu yonlarida yomg‘ir uchun zontik, oftob uchun kepka olib yuradi. Yaʼni ular bugun quyosh chiqib turishi kerak edi, nega yomg‘ir yog‘di, yog‘masligi kerak edi- ku reja bo‘yicha, deb ikki soat nazariyasini o‘ylab o‘tirmay, tez moslashib ketaveradi, kutilmagan yomg‘irdan himoyalanish uchun paketni oladi-da boshiga kiyib ham ketaveradi. Men bu yerda sodda tilda tushuntirishga harakat qilyapman. Chunki o‘tgan safar biz ilmiy tilda gapirganimizda, kanal aʼzolarida baʼzi terminlarni tushunishda qiyinchilik bo‘lgandi. Ilmiy seminar bo‘lsa ekan, nazariy jihatdan terminlarni ishlatsam. Shuning uchun sodda misollar keltiryapman. Sababi oddiy va tushunarli bo‘lsa, barcha odamlar birdek tushunishadi. Bizga tez moslashuvchan kadrlar kerak. Ular qanday shakllanadi, kim tayyorlash kerak bunday kadrlarni, universitetlarmi? Butun dunyoda bugungi kunda taʼlim tizimi, umuman yosh kadrlarni tayyorlash kompetensiya tizimiga o‘tgan. Biz bugun kech qolyapmiz shu sohada. Kompetensiya nima? Bu savolga, ruxsat bersangiz, batafsilroq javob bersam. Aynan nima uchun kompetentlik yondashuvi muhim? Bu oliy taʼlim tizimi bo‘ladimi yoki boshqa soha, barcha uchun muhim. Ushbu javobdan siz nima uchun qo‘rquvni yengib o‘ta olmasligimiz sababini ham bilib olasiz. Kompetensiya, bu uchta muhim xususiyatdan iborat. Bizda xodim kompetentli bo‘lish kerak, deyishadi. Buning o‘zi nimaligini ko‘pchilik bilmaydi va tushunmaydi. Kompetensiyaning birinchi asosiy xususiyati, bu bilim, ikkinchisi ko‘nikma va uchinchisi ingliz tilida “behavior”, rus tilida “povedeniye“, yaʼni o‘zbek tilida ko‘proq xulq-atvorga to‘g‘ri keladi. Yaʼni yuqoridagi misolimizga qaytamiz. Masalan, ko‘pchilik haydovchilik guvohnomasi (pravani) yo‘l qoidalarini (shablon) yoddan biladi, lekin amaliyotda haydamagan, ko‘nikmasi yo‘q. Yoki ikkinchi misol, u yoshligidan mashinani uydan olib qochib haydab, ko‘chada o‘rgangan, lekin yo‘l qoidalarini bilmaydi. U ham ko‘p jarimaga tushib yuradi. Bugun biz uchun muhim narsa, universitetlarni tamomlayotgan yoshlar ham bilimli, ham ko‘nikmaga ega bo‘lishsa, ular amaliyotga tez moslashib ketadi. Tasavvur qiling, Toshkent davlat texnika universitetini rangli metallar mutaxassisligini tamomlayotgan talaba nazariy jihatdan yaxshi biladi va OKMK (Olmaliq kon-metallurgiya kombinati)ga kelib, unda ko‘nikma shakllanguncha qiynaladi. Agar u taʼlim olish davomida ham nazariy bilim olib, ham amaliyotda kombinatga kelib qo‘li bilan ushlab ko‘rib, ishlab chiqarish jarayonini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib tushungan bo‘lsa, o‘qishni tamomlab kelib amaliyotga tez moslashadi va karyerasida tez o‘zgarishlar bo‘ladi. Chunki unda kompetensiyadagi ikkita element ham bor. Agar uning yoshligidan xarakterida qatʼiyat, yaʼni oldiga maqsad qo‘yib unga yetishishni o‘rgangan bo‘lsa,

unda u uch tomonlama rivojlangan bo‘ladi. Bizda baʼzida mana shu joyda uzilish bo‘ladi. Yaʼni bilim va ko‘nikma bir-birini to‘ldirmaydi. Ko‘pchilik mana shu ikkita holat haqida gapiradi. Lekin, aslida, uchinchi xususiyat eng muhimi. Bugungi kunda olimlar tadqiqot natijalariga ko‘ra, xulq-atvorning nechog‘li muhim kompetent ekanini isbotlashdi. Savol, qanday qilib? Bu asosan, 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan davrda shakllanadi. Bu o‘sha SOFT SKILLSning eng boshlang‘ich fundamenti. Odam birdaniga Lider bo‘lib qolishi, bu mingtadan bitta bo‘lishi mumkin. 30 yoshga kirib, bir umr passiv bo‘lib yurib, birdan Lider bo‘lib qolish, bu kamdan-kam holat. Asosan, Lider kim bo‘ladi? Yoshligidan bog‘chada, uyida tirishqoq bolalar bo‘ladi-yu, o‘zini ko‘rsatadigan, ular haqiqiy bo‘lajak Liderlar. Ular mana bu yerga kelishsa, bilimi ko‘payadi, ko‘nikmasi oshadi, hayotda birinchi shaxslar bo‘ladi, ular rahbar bo‘ladi, ular odamlarni orqasidan ergashtira olishadi. Biz ko‘pincha yoshlarni ikki holatda yo‘qotib qo‘yyapmiz. Birinchi holat: biz rostdan tug‘ma Lider bo‘lgan yoshlarga kerakli bilim va ko‘nikmani bera olmayapmiz. Ular maʼlum bir yoshga va lavozimga yetganda, ularga harizmaning o‘zi kamlik qilyapti, unga bilim va ko‘nikma yetmayapti va ular xatoliklar qilyapti. Ikkinchi holatda, biz yoshligidan uning talantini va liderligini so‘ndiramiz yoki oddiy tilda aytganda, o‘ldiramiz. Misol uchun, rivojlangan mamlakatlarda farzandlari 7 yoshga kirmagunicha, uylarini devorlarini taʼmirlashmaydi. Nima uchun? Chunki bola qalam bilan devorga chizib qo‘yishi mumkin, chunki u bilmaydi, bu devorga qimmat rang berilgani yoki uni Italiyadan keltirilganining farqiga bormaydi. Bolaning miyasiga fikr keldi, kreativlik paydo bo‘ldi, u nimanidir chizmoqchi. Lekin u shu zahoti jazolanadi. Burchakka turadi, kamar olinadi, tamom, siz hozirgina bir buyuk rassomlik isteʼdodini so‘ndirib qo‘ydingiz. Yoki siz sovg‘a qilgan moshinani buzib, albatta, qiziqqanidan uni ochib ko‘rdi, siz har doimgidek uni jazoladingiz, siz buyuk Liderni, buyuk kreativni, yangi o‘zbek Stiv Jobsni o‘ldirib qo‘ydingiz balki. Albatta, buni misol tariqasida aytyapman. Shuning uchun, tarbiyaning nozik tarafi ham shunda. Biz agar birgalikda harakat qilsakkina, natijaga erishishimiz mumkin. Yaʼni har bir isteʼdodni yoshligidan kreativ, harizmasini rivojlantirib, egallagan bilimlarini amaliyotga moslashtira olsak, u biz kutgan haqiqiy o‘zgarishlarni amalga oshira oladigan kadr bo‘ladi. Agar biz mana shu uchala xususiyat, bilim, ko‘nikma va xulq-atvorni bir shaxsda mujassamlashtira olsak, o‘ylaymanki, biz kutayotgan kadrlar yetishib chiqadi. O‘.Abdukarimov: To‘rtinchi savol: Kuni kecha Prezidentimiz Yoshlar ittifoqi o‘rnida Agentlik tashkil qilishni taklif etdilar. Sizning shu haqda va yoshlar siyosatida qanday burilishlar bo‘lishi xususidagi mulohazalaringiz biz uchun muhim. Shuningdek, bugungi kunda yoshlarimizga yetuk kadr­lar bo‘lishlarida va o‘z oldlariga qo‘ygan maqsadlariga yetishishi uchun qanday maslahatlar bergan bo‘lar edingiz? Ushbu savolni kanalimiz aʼzosi Ixtiyor yo‘llabdi. Ikkita savoli mazmunan bir-biriga yaqin bo‘lgani uchun bittada berdim. O.Xasanov: Kanalimizda yaqinda so‘rovnoma o‘tkazganimizda, adashmasam, 35 foizini talaba va yoshlar tashkil qilishini aniqladik. Prezidentimiz o‘tgan yil yakunida, yaʼni 2019 yilning 27 dekabrida Al-Xorazmiy maktabida yoshlar bilan uchrashdilar. Yoshlar bilan uchrashuvda juda ko‘p takliflari eshitildi. Prezidentimiz tomonidan Yoshlar masalalari bo‘yicha Agentlik tashkil etish taklifi bo‘ldi. Bunday Agentlik ko‘pgina davlatlarda bor, masalan, Rossiyada, Singapurda. Mening shaxsiy fikrimni bilmoqchi bo‘lsangiz, yagona yoshlar siyosatini olib boradigan davlat tashkiloti bo‘lishi, albatta, yaxshi. Yoshlar ittifoqi nodavlat tashkilotdir. Agentlikning tashkil etilishi shu sohadagi siyosatni tezroq amalga oshirishga, buning iqtisodiy yechimlarini topishga va huquqiy, siyosiy maqomini oshirishga yordam beradi. Savolning davomiga to‘xtalsak, endilikda yoshlar siyo­satida qanday o‘zgarishlar amalga oshadi? Mening fikrimcha, joriy yilda Prezidentimiz taʼkidlaganidek, yoshlarimizni ko‘p yangiliklar kutadi. Bu albatta, mening shaxsiy prognozim, yoshlarni davlat xizmatida yangi

lavozimlarga qo‘yish masalasi ham bo‘lishi mumkin. Nima uchun? Chunki, bilasizmi, yoshlar kim? Bu bugungi kunda 34 million aholining 60 foizini tashkil etuvchi asosiy qatlam. Bu iqtisodiyotda mehnat resurslari deyiladi, hozir shunaqa davrdamizki, 18 yoshdan kichigi va nafaqadagilarni olib tashlasak, eng ko‘p soliq to‘lovchi, mehnat faoliyatini yuritadiganlar, bu yoshlardir. Hozir biz shunaqa pikdamiz, yoshlarni yaxshi lavozim va ish bilan taʼminlab berishimiz kerak. Prezidentimizning yoshlar bilan uchrashuvidan so‘ng ularda davlatga va islohotlarga nisbatan ishonchi yana-da oshdi. Va o‘ylaymanki, endilikda Prezidentimiz taʼkidlaganidek, yoshlarni lavozimga tayinlash uchun ochiq tanlovlar eʼlon qilinadi. Endi biz ochiq va shaffof mexanizm ishlab chiqishimiz kerak. Yoshlar ham buni his qilishi kerak. 4-kursda o‘qiyotgan talaba bilishi kerak, qaysidir vazirlikka ishga kirmoqchi bo‘lsa, o‘sha vazirlik yangi xodimlarni ishga olishda qanday bilim va ko‘nikmani talab qilishini. Talaba bir yil oldin bu talabni bilsa, yil davomida unga tayyorgarlik ko‘radi va qo‘shimcha bilim olishga harakat qiladi. Yaʼni bugun har bir vazirlik va idora yozib qo‘yish kerak. Iqtisodiyot vazirligimi, Moliya vazirligimi, bizga 2 yildan keyin mana shu sohaga yoki bir yildan keyin mana shunday bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan xodimlarni olishga ehtiyojimiz bor, deb. Misol, ham ingliz tilini, ham xitoy tilini bilsa yana ham yaxshi bo‘ladi, chunki Xitoy bilan hamkorligimiz oshyapti, deb aytsa, talaba harakat qiladi. Ingliz tilini hozirda ko‘pchilik biladi, demak, talaba boshqalardan kuchli bo‘lishi uchun darsdan keyin bekor yurmaslik uchun xitoy tilini o‘rganishi kerak. Agar Iqtisodiyot vazirligi “bizga tahlilni va hisob-kitobni yaxshi biladigan mutaxassis kerak”, deb eʼlon qilsa, Iqtisodiyot universitetida 3-kursda o‘qiyotgan talaba, men Iqtisodiyot vazirligida ishlashim uchun tahliliy, matematik modellashtirishni yana-da chuqur o‘rganishim kerak ekan, sonlarni gapirtira olishim lozim, buning uchun men qo‘shimcha kursga qatnashim kerak, bu dastur mening o‘quv rejamda o‘qitilmas ekan, demak YouTube ga kirib, videodarslarni ko‘rib o‘z ustimda ishlashim kerak, deb xulosa chiqaradi va harakat qiladi. Bugun vazirlik, idora va tashkilotlar talabalar uchun kompas vazifasini bajarib berishi lozim, yaʼni yoshlarimiz qayerga borishi kerakligini ko‘rsatib berish lozim. Yoshlar bu kompassiz xuddi tunnelning ichida qayerga borishini bilmayapti. Institutni tamomlab nima qilishni va qayerga ishga borishni bilmay yurishibdi. Bugun olayotgan bilimi, ertaga u tashkilotga borganida, suhbatda kerak bo‘ladimi-yo‘qmi, bilmaydi. Talaba darsga kiryapti, biroq bu o‘tilayotgan fan yoki mavzu ertaga Iqtisodiyot vazirligida unga kerak bo‘ladimi-yo‘qmi yoki ishga kirishda suhbatda undan shu mavzuda so‘rashadimi yoki yo‘qmi? Javob, albatta, yo‘q! Talaba 4 yil o‘qib, o‘qishni tamomlab ishga kirish uchun suhbatga kelyapti, umuman kutilmagan, uning uchun umuman yangilik bo‘lgan savollar berilyapti. Bizning hayotda “syurprizlar” juda ko‘p. Ular bu “syurprizlar”ning birinchisini institutga kirishda ko‘radi. Yaʼni 11 yil maktabda aʼlo bahoga o‘qiydi, 1 avgust kuni imtihonda umuman eshitmagan va ko‘rmagan savollar testda tushib turadi. Aslida barcha tizim, jarayon o‘rtasida bog‘liqlik bo‘lishi kerak emasmi?! Axir hammamizning maqsadimiz bir-ku! 2030 yilga kelib mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlangan 50 talik davlatlar ro‘yxatiga kirish – asosiy maqsadimiz. Lekin kuchli, professional kadrlarsiz buning imkoni yo‘q, albatta. Men tavsiya bergan bo‘lardim, bunday sharoitda nima qilish kerak? Barcha vazirlik, idora va tashkilotlar kadrlar bilan ishlash boshqarma boshliqlari har shanba kuni universitetlarga borib, u yerda dars o‘tishsin yoki talabalar bilan suhbatlar tashkil qilishsin. Tasavvur qiling, Iqtisodiyot vazirligining kadr­lar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Toshkent Davlat Iqtisodiyot universitetiga borib, darsda statistik maʼlumot taqdim etsa, vazirlikdan 2019 yilda 7 nafar xodim ishdan bo‘shadi, sababi ularda shu bilim va ko‘nikma

yetishmadi. Shuningdek, ishga qabul jarayonida suhbatga 100 nafar nomzod keldi, shundan 80 nafari suhbatdan o‘tmadi, nega olmadik, chunki ular mana bu savollarga javob bera olishmadi.., deya. Talabada o‘tirgan joyida fikr, xulosa paydo bo‘ladi, demak, mana bu narsalarni bilishim kerak ekan. Ichida baʼzilari aytishadi, menga bularning qizig‘i yo‘q, men xususiy sektorda ishlayman. Bu ham normal holat. Mana shunda Prezidentimiz taʼkidlagan tizim ishlaydi. Buning nomi “Meritokratiya”, yaʼni davlat xizmatiga isteʼdodli va shu lavozimga loyiq kadrlar kelishadi. Buning nomi ijtimoiy adolat deyiladi. Agar mana shu tizim ishlab ketsa, yoshlarimizda umid paydo bo‘ladi, ishonch uyg‘onadi, mavhumlik qancha kam bo‘lsa, shuncha kelajakka ishonch paydo bo‘ladi. Odam qachon qo‘rqadi, bilasizmi? Qachonki, mavhumlik ko‘p bo‘lsa. Tasavvur qiling, men sizni qop- qorong‘u xonaga olib kirib qo‘ydim. Hech narsani ko‘rmayapsiz, chiroq yo‘q. Sizda qo‘rquv paydo bo‘ladi. Endi nima qilaman, qayerga boraman, degan. Shunda siz uzoqdan bitta chiroqni, yaʼni yorug‘likni ko‘rasiz, sizda maqsad paydo bo‘ldi. Iya, ana yorug‘lik bor-ku, o‘sha yerga borsam bo‘ladi, deysiz va harakat boshlanadi. Xuddi shunday vazirliklar, tashkilotlar talabalar uchun yorug‘lik vazifasini bajarib berish kerak. O‘.Abdukarimov: Beshinchi savolimiz: Oldingi savolning mantiqiy davomi, aynan qo‘rquvga oid. Nega qo‘rquvni o‘zimiz xohlaganday boshqara olmaymiz va uni orzularimizni amalga oshirish uchun yo‘naltirishga qiynalamiz? Ushbu savolni kanalimizning Zulfiqor ismli aʼzosi yuborgan. O.Xasanov: Yuqorimdagi gaplarimni mantiqan davom ettirib ketaman. Endi men psixolog emasman. Aslida qo‘rquv psixologlarning obyekti. Ehtimol, bu ruhiy holatni qanchalik boshqara olish balki bolalik davri bilan bog‘liqdir. Chunki kimlarnidir bolaligida ko‘p qo‘rqitishgan yoki ota-onasining bu mumkin, u mumkin emas, degan shartlari ko‘p bo‘lgan. Balki har bir xatosi uchun jazolangan. Bola nimadandir qo‘rqib qolgan bo‘lsa, ulg‘ayganda ham mustaqil qaror qabul qila olmaslik va hadiksirash kuchli bo‘ladi. Qo‘rquv, asosan, kelajagida oydinlik bo‘lmagan va qayerga borishini bilmagan insonda bo‘ladi. Misol uchun, institutdagi talabalar bilan suhbat o‘tkazib ko‘ring. Institutda uzoq yillar dars berganman, buni yaxshi bilaman. Kimda qo‘rquv yo‘q bilasizmi? O‘qishga kirishdan oldin aniq reja tuzib qo‘ygan talabada qo‘rquv yo‘q, shundoq o‘tiribdi. Maqsading nima, desam, men o‘qishga kirishdan oldin reja qilganman. Dadamning kompaniyasi bor, o‘sha yerda ishlayman. Shuning uchun bu yerda diplom va bilim kerak, deydi. U talaba dadil va aniq fikrlayapti. Darsda ham savollarga aniq javob beradi. Yoki ikkinchi talaba: “Men Moliya vazirligida ishlayman. Shuning uchun hozirdan tayyorgarlik ko‘ryapman. Vazirlik saytlarini o‘qib o‘rganyapman. Nima kerakligini juda yaxshi bilaman”, deydi. Chunki uning fikri aniq. Qo‘rquv yo‘q. Qo‘rquv kimda bor? Uchinchisidan so‘raysiz, nega bu universitetda o‘qiyap­san? Bitirib nima ish qilasan, desangiz, javobi oddiy, bilmayman, bir gap bo‘lar, ish toparman. Topolmasang-chi? Aniq javob yo‘q. Nimadir bo‘ladi-da. Yaʼni, unda qo‘rquv bor. Chunki u mavhum, kelajakni ko‘ra olmayapti. Bilasizmi, shunday kompetensiya bor, g‘arb mamlakatlarida ko‘p ishlatiladi. Forsayt (Foresight) de­yishadi. Forsayt – kelajakni to‘g‘ri bashorat qilish, degani. Faqatgina bashorat emas, ilmiy jihatdan aniq asoslangan xulosa, desak ham bo‘ladi. Yaʼni, “Men iqtisodiyot tarmog‘ida yoki qaysidir vazirlikda, GMda yoki OKMKda ishlashim uchun aynan mana shu narsalarni bilib, bularni o‘qisam, men shu joyda, shu lavozimda to‘g‘ri ishlay olaman. Shu yerda ishlasam, menda karyera modeli bo‘ladi. Bu yerda ingliz tilini bilishim kerak”. U hammasini to‘g‘ri tahlil qila oladi. Hurmatli qishki taʼtildagi talabalar, oq qog‘oz oling-da, 10 yildan keyin, 5 yildan keyin o‘zingizni qayerda ko‘ryapsiz, aniq belgilab oling. O‘zingizning karyera modelingizni

yarating. Shunga qarab yo‘nalishlarni va maqsadni qo‘yishdan oldin yetti marta o‘ylang, keyin hech qachon maqsaddan voz kechmang. Borayotgan yo‘lingiz o‘xshamayaptimi, maqsadni o‘zgartirmay, taktikani o‘zgartiring. Maqsadga erishishda qayerdadir lift bo‘ladi, qayer­dadir eskalator bor. Eskalator bo‘lmasa, zina bor. Zina bo‘lmasa, parashyutdan tepadan tushing. Maqsadni aniq qo‘yib olsangiz, sizni qo‘rquv tark etadi. O‘zida ishonch bo‘lgan odamda qo‘rquv bo‘lmaydi. Ishonch qachon bo‘ladi? U o‘z kelajagini bilsa. Qayerga ketayotganini, nima qilayotganini bilgan odamda qo‘rquv bo‘lmaydi. Bu fikr­larni, albatta, o‘z shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytyapman. Ehtimol, bu fikrlarim psixologik nuqtai nazardan farq qilishi mumkin, lekin hayotiy tajribalarimdan olgan xulosalarimni siz bilan o‘rtoqlashdim. O‘.Abdukarimov: Oltinchi savolimiz: Qanday qilib shaxsiy ish rejasini tuzish mumkin? Shu to‘g‘risida yordam bersangiz, deb Dilmurod savol yuborgan. O.Xasanov: Dilmurod, bilasizmi, olimlarning tadqiqot qilishlaricha, 1 yanvardan 5 yanvargacha ko‘pchilik o‘ziga yangi yil davomida rivojlanish bo‘yicha ish reja tuzar ekan. 93 foiz odam bu ishni 10 yanvardan keyin qilmas ekan, reja haqida unutar ekan. Faqat yetti foiz odamlar yilning oxirigacha rejadagi ishlarni qilar ekan va shu yetti foiz odamlar iqtisodiy jihatdan ham, ish joyi jihatidan ham yuqori natijalarga erishar ekan. Afsuski, biz ko‘pchiligimiz “93 foiz”dagilar safidamiz. Reja zo‘r. Yilning boshida o‘zimizga vaʼdalarni beramiz. Eh, o‘tgan yili bekorga ketdi, deb afsuslanamiz. Lavozimimda o‘sish ham, karyeramda ham o‘zgarish bo‘lmadi, deb keyin xafa ham bo‘lamiz. Oddiy misol, siz bitta lavozimda 3 yildan ortiq o‘tiribsizmi? Hech qanday o‘zgarish yo‘qmi? Demak, siz o‘z ustingizda ishlamayapsiz ekan. Bu top rahbarlarga emas, pastdagi xodimlarga tegishli. Siz 3 yildan beri bitta joyda o‘tiribsizmi, demak, bir o‘ylab ko‘rishingiz kerak ekan. Do‘ppini chetga qo‘yib, xato, kamchiliklaringizni tahlil qilishingiz kerak. Shuning uchun reja tuzayotganingizda, aniqlikka amal qiling. Maqsadni ham, rejani ham aniq amalga oshirishingiz kerak. Keling, buni batafsil tushuntiraman, biz 93 foizni kamaytirib, 7 foizni ko‘paytirishimiz kerak. Sizda birinchi navbatda, oddiy, har doim yaxshi natija beradigan SVOD analiz - SWOT tahlil bor. Bunda siz o‘zingizning kuchli va kuchsiz tomonlaringiz nimalardan iborat ekanligini tahlil qiling, misol uchun, chet tilida erkin muloqot qila olasiz, kompyuterni yaxshi bilasiz, badiiy kitob ko‘p o‘qigansiz - bular sizning kuchli tomoningiz. Kuchsiz tomonlaringiz esa nimalardan iborat, yaʼni misol uchun, o‘zbek tilida gapirishga qiynalasiz yoki minbarga chiqqanda nutq so‘zlolmay hayajonlanasiz. Sizni yil davomida lavozimda ko‘tarilishingizga asos bo‘luvchi omillar bormi? Yoki qanday ishlarni amalga oshirishga imkoniyatlaringiz bor? Barchasini yozib chiqishingiz kerak va bu ishlarni amalga oshirishda qanday tahdidlar yoki xatarlar bor: moddiy jihatdanmi? Vaqt yetmasligi yoki boshqa sabablarmi? Hammasini yozib chiqishingiz kerak. Yozib chiqqaningizdan so‘ng har birini endi amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqishingiz kerak. Juda ham muhim narsalardan biri maqsadni qo‘yamiz, bu yaxshi. Lekin mexanizmini, moddiy manbalarini va monitoring qilishni inobatga olmasangiz, bular hammasi befoyda bo‘lib qoladi. S-kuchli W-kuchsiz O-imkoniyatlar T-tahdid Ingliz tili, O‘zbek tili, Boshqarma boshlig‘i Vaqt yetmasligi, kompyuter tizimli fikrlash bo‘lishingiz mumkin dangasalik, moddiy savodxonligi resurs

Demak, bir maqsadni oldingiz, unga aniq “smart” (SMART) maqsad qo‘yishingiz kerak. Savol: nima uchun smart maqsad? Smart maqsad aniq, barcha imkoniyatlar hisobga olingan bo‘lishi, muddati ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Misol uchun, shu yili ingliz tilini o‘rganaman, deb maqsad qo‘ydingiz. Bu noaniq, uni aniqlashtiring. “Men 2020 yil 31 dekabr kuniga IELTS dan 6,5 ball olaman”. Maqsad aniq bo‘ldi. Endi shuning mexanizmini toping. Bugungi kun holati qanaqa? 5 ballik darajada bo‘lsangiz, demak, 6,5 ball olishingiz uchun nimalar qilishingiz kerak? Speaking ni kuchaytirish kerak, Writting ni kuchaytirish kerak yoki yangi so‘zlarni o‘rganish kerak. Nima qilish kerak? Kursga borish kerakmi? Mexanizm kuniga bir soatdan bo‘lishi kerak. Badiiy kitob o‘qishim kerak. O‘zbek tilini rivojlantirish uchun. Do‘kondan 5 ta kitob olishim kerak: “Dunyoning ishlari”, “Ikki eshik orasida”, “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Kecha va kunduz”. Hammasining sahifalarini qo‘shib chiqing. Uch ming bet. Muddat qo‘ying: 6 oy. Bu degani 180 kun, uni 3000 ga bo‘ling va o‘rtacha kuniga sizni necha bet o‘qishingiz kelib chiqadi: 15 mi yoki 20 bet? Shuni belgilab chiqing. Har kungi topshiriq aniq bo‘ldi, endi nazoratni amalga oshirish kerak, har shanba kuni o‘zingizni o‘zingiz reviziya qiling. Xuddi sizning tashkilotingizni tekshirgandek, o‘zingizni reviziya qiling. Bu haftani ichida nimani qoyillatdim? Qancha o‘qidim, nima vazifalar qolib ketyapti, nima uchun qolib ketyapti? Tahlil qilishingiz kerak. Va shunda o‘ylaymanki, mana shu reja asosida siz yilning oxirigacha 5 ta emas, 10 ta kitob o‘qishingiz mumkin. Dissiplina, yaʼni hamma o‘zini nazorat qila olishi kerak. Xohlamayman, qanday amalga oshiraman va amalga oshirolmayman, degan fikrlardan yiroq bo‘ling. Shularni amalga oshirsangiz, o‘ylaymanki, hurmatli Liderlar, vaqti kelib Sizlar bilan ko‘rishganda, birgalikda muvaffaqiyatlarimizni o‘rtoqlashamiz. O‘.Abdukarimov: Yettinchi savolimiz: Kelgusida “Liderlar” kanalida qanday o‘zgarishlar va yangi loyihalarni rejalashtiryapsizlar? Iltimos, shu haqida ham maʼlumot bersangiz, deya ushbu savolni kanalimizning Sevaraxon ismli aʼzosi jo‘natibdi. O.Xasanov: Sevara, sizga rahmat. Joriy yilda va kelgusida biz ulkan rejalarni amalga oshirmoqchimiz. Kanalimizning eng katta yutug‘i – biz reklama joylamaymiz. Kuniga juda ko‘p takliflar tushadi. Bilmadim, balki noto‘g‘ri qilayotgandirmiz. Axir, bozor iqtisodiyoti-ku. Balki joylash kerakdir. Kanalimizning kundalik faoliyati uchun ko‘p mehnat va xarajat talab qiladi. Birinchidan, ishdan keldingiz, kech kelasiz, yana siz bilasizki, sizni minglab kanal muxlislari kutib turibdi. Nimadir ijod qilishingiz kerak. Jamoa bilan o‘tirishingiz kerak. Videolarni, rubrikalarni ko‘rsangiz, oxirida familiyalar chiqadi. Ular sahna ortidagi ijrochilar. Ular bilan maslahatlashishimiz, nima yangiliklar qilishimiz haqida o‘ylashimiz kerak. Bularning barchasini o‘ylab tahlil qilish kerak. Joriy yilda mana shu xarajatlarni qandaydir reklamasiz, reklama qo‘ymagan holatda iqtisodiy jihatdan hal qilishni o‘ylayapmiz. Albatta, bu sifatli mahsulotni odamlarga yetkazish uchun. Videoroliklar deysizmi, uni montaj ishi deysizmi, tarjima ishlari deysizmi, intervyularmi va hokazo. Endi rejalar haqida to‘xtalsak, 2020 yil uchun ko‘p narsalarni reja qilganmiz, birinchisi, yurtimizda ulkan natijalarga erishgan taniqli shaxslardan intervyular olish. Hatto chet ellarda intervyular, videomuloqotlar tayyorlash bo‘yicha reja qilyapmiz. Bularning hammasi o‘sha moddiylikka borib taqaladi. Balki kanalimiz aʼzolaridan maslahat so‘raymiz, sababi – kanalimizda iqtisodchilar ko‘p. Bizga taklif va maslahatlari kerak. Kimdir taklif berdi – “Liderlar” fondini ochish. Yana kimdir jamg‘arma tashkil etish, kimdir yana nimadir qilish takliflarini berishyapti. Kanalimiz aʼzolari bo‘lgan iqtisodchilar o‘z taklif, mulohazalarini yuborishsa, biz birgalikda ko‘rib chiqamiz.

Maqsadimiz kanalda sermazmun, yangiliklarga, yangi g‘oyalarga boy materiallar, axborot va maʼlumotlar berib borish, sifatli videolavhalar va rubrikalar tayyorlash. Axir ming- minglab obunachilarimiz bizga qarab turipti. Ularga sifatsiz mahsulot berishga aslo haqqimiz yo‘q. Ular vaqtini, megabaytini sarflab, shu videoni ko‘rdimi yoki biron narsa o‘qidimi, shundan o‘zlari uchun foydali maʼlumotlar olishlari kerak. Hayotlarida nimadir ijobiy o‘zgarish, xulosa qilishlari kerak. Shuning uchun yozgan narsalarimiz, kanalda berayotgan har bir materiallarimiz sifatli bo‘lishi shart. Biz kanalimiz aʼzolaridan faollikni kutib qolamiz. Yaʼni agar iqtisodchilar, huquqshunoslar yoki boshqa kasb egalari bo‘lsa, ulardan ham hamkorlikni kutib qolamiz. Kelajakda kanalimizni rivojlantirish maqsadida har xil milliy va xalqaro grantlar jalb qilmoqchimiz. Baʼzida savol berishadi: nima uchun sizning kanalingizda ko‘p fikr so‘rashadi, yaʼni feedback so‘raysiz? Boshqa kanallarda bunday qilishmaydi. Sababi, Lider kim? U, avvalo, faol, o‘z fikriga va dunyoqarashiga ega inson, shunday ekan, biz ularni fikr bildirishga o‘rgatamiz. Stiven Kovining “Muvaffaqiyatning 7 siri” kitobida shunday taʼriflanadi: Lider – faqat faol inson emas, balki super faol yoki giper faol inson degani. U charchadim yoki vaqtim yetmayapti, demaydi, balki faol harakati bilan natijaga erishadi. Qolganlar o‘ylab o‘tirganda, u harakat qiladi. To‘g‘ri, har bir harakati natija bermaydi, biroq u taslim bo‘lmaydi, yana va yana harakat qiladi va albatta, natijaga erishadi. O‘.Abdukarimov: Otabek aka, mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. “Liderlar” kanali aʼzolari nomidan minnatdorchilik bildirib qolamiz. Қайдлар учун: Qaysi javob Sizga ko‘proq ma’qul keldi: ________________________________________________________________________________ ____________________________________________________ Sizga ma’lum kelgan faktlar:_______________________ __________________________________________________________________________________ _______________________________________________ Xulosa:_______________________________________________ __________________________________________________________________________________ _______________________________________________ UCHINCHI BO‘LIM Suhbatlar Hurmatli kitobxon, ushbu bo‘limda siz Otabek Xasanovning respublika ilmiy jurnallarida, gazetalarda nashr qilingan maqolalari, internet nashrlariga bergan intervyulari hamda baʼzi bir hodisalar va vaziyatga “Liderlar” kanali orqali bildirgan munosabatlari hamda postlari bilan tanishasiz. O‘ylaymizki, bu yerdagi maʼlumotlar sizning liderlik mahoratingizni oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, o‘zingizga kerakli maʼlumotlarni qayd etib borishni unutmang. Shu o‘rinda, mazkur to‘plamdan joy olgan maqola va intervyularda ayrim bir -birini takrorlovchi fikrlar va dalillar borligiga izoh berib o‘tmoqchimiz: Yuqorida taʼkidlaganimizdek, ushbu nashrdan zamonaviy, yetuk kadrlarni tayyorlash, liderlik mahoratini shakllantirish, davlat xizmatchilarining OAV va jamoatchilik bilan muloqotini samarali tashkil etish kabi dolzarb mavzuda bir necha OAV va internet nashrlarida yoritilgan intervyu va maqolalar joy olgan. Demak, aynan bitta dolzarb

mavzuda bir nechta OAVdagi chiqishlarda keltirilgan ayrim dalillar, fikr -mulohazalar takroriy bo‘lishi tabiiy. Buni to‘g‘ri qabul qilishingizga ishonamiz. Daryo.uz muxbiri Musulmonbek Ibrohimovga berilgan intervyu: BUGUNGI KUN DAVLAT XIZMATCHILARI QIYOFASI 2019 yil avgust oyida internet nashrlarida hokim o‘rinbosarlarining jurnalistlar bilan ziddiyatlari, ijtimoiy tarmoqlarda baʼzi bir davlat xizmatchilariga nisbatan bildirilgan keskin munosabatlar, tanqidiy maqolalardan so‘ng Daryo.uz muxbiri bilan “Bugungi kun davlat xizmatchilari qiyofasi” mavzuida suhbat bo‘lib o‘tdi. Munosabat... Oxirgi paytlarda rahbarlar, jumladan, hokimlar bilan bog‘liq voqealar jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi mamlakatdagi yagona rahbar kadrlar tayyorlash muassasasi hisoblangani bois, Akademiya dekani (2019 yilda O.Xasanov Davlat boshqaruvi Akademiyasida Boshqaruv kadrlarni tayyorlash fakulteti dekani lavozimida ishlagan. Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritmoqda), siyosiy fanlar doktori (PhD) Otabek Xasanov “Daryo” muxbiri bilan ayni paytda mamlakatda kadrlar tayyorlash tizimi qay yo‘sinda ketayotgani va hozirgi rahbarlarning saviyasi haqida suhbat qurdi. Otabek Xasanov: Asrimizga liderlarning kirib kelishi XX asr boshlarida barcha mamlakatlarda “rahbar”, yaʼni “boss” termini ko‘p ishlatilar edi. O‘tgan asrning 70–80-yillariga kelib industriya rivojlandi, yirik kompaniyalar, katta korxonalar ishga tushishi bilan u yerga menejerlar kerak bo‘la boshladi. Rahbarlikdan menejerlikka o‘tildi. Menejer kim? Menejer – tejamkor va samarador inson. XXI asrga kelib esa yangi termin – “liderlar” atamasi ishlatila boshladi. Lider – faqatgina natija uchun ishlamasdan, balki o‘sha tashkilotda xizmat qilayotgan davlat xizmatchisining ham, tashkilotning xizmatidan foydalanayotgan xalqning ham o‘zida mamnuniyat hissini uyg‘otadigan shaxsdir. Masalan, hokimni lider deylik. U o‘z hududida shunday sharoit yaratishi kerakki, xizmat ko‘rsatayotgan ham, undan foydalanayotgan ham qulaylik sezishi shart. Bugun barchamiz bir narsani tushunishimiz kerak: XXI asr fuqarolarini XX asr boshqaruv usullari bilan boshqarib bo‘lmaydi.

Chunki bugun biz globallashuv davrida yashamoqdamiz, shiddatli o‘zgarishlar jarayonidamiz. Fuqarolar esa har bir holatga alohida eʼtibor bilan qarashyapti. Jamiyatga taalluqli muammolar yuzasidan qaror qabul qilishda, albatta, fuqarolarning ishtirokini ham taʼminlash muhim. Fuqaro qachon minnatdor bo‘ladi? Qachonki, u amalga oshirilayotgan islohotlarda o‘zining ishtirokchi ekanini his qilsa. Fuqaro qachon daxldorligini his qiladi? Qachonki, uning xohish-irodasi o‘sha islohotda aks etsa. Kadr – faqat buyruqni bajaruvchi emas Rivojlangan mamlakatlarning tajribasiga nazar solsak, xoh Janubiy Koreya, xoh Singapur yoki Malayziya bo‘lsin, ular uchinchi darajali iqtisodiy davlatdan birinchi darajaga ko‘tarilishiga eng asosiy sabab­lardan biri kadrlar siyosati bo‘lgan. Siz biror islohotni amalga oshirmoqchisiz, katta rejalar tuzdingiz: kim uni amalga oshiradi? Albatta, kadrlar. Kadr islohotlarni faqatgina “pastga” yetkazuvchi emas. Unga nimadir qo‘shib, yechim taklif etib, yecha olmaganini “tepaga” to‘g‘ri talqin qilib bera oladigan shaxsdir. Shunda u rahbariyat bilan xalq o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarib bergan bo‘ladi. Islohotning natijasi qanday bo‘lishi kerak? Islohot natijasida kimningdir muammosi hal bo‘lishi kerak. Xalqimizning dunyoqarashi to‘rt-besh yil avvalgidan keskin farq qiladi. Odamlarning talabi, ehtiyo­ji o‘zgaryapti. Demak, har bir kadrning ish uslubi shundan kelib chiqib o‘zgarishi kerak. To‘rt yil avvalgi davlat xizmatchisi o‘sha vaqtdagi xizmatlari, dunyoqarashi bilan hozir ishlay olmaydi. Bunga, birinchidan, rahbariyat, ikkinchidan, xalq, uchinchidan, OAV yo‘l qo‘ymaydi. Odamlar bugun natija ko‘rishi uchun bizdan nostandart fikrlash, kreativlik, masalaga o‘zgacha yondashish, tizimli fikrlash talab etilyapti. Demak, o‘zgarishimiz darkor. O‘zgarish nimadan boshlanadi? O‘zgarish, avvalambor, fikrlashimizdan boshlanadi. Fikrlashni, ishga munosabatni o‘zgartirsak bo‘ldi, natija o‘z-o‘zidan bo‘ladi. Oddiy misol, Koreya moʻjizasi insonlarning va davlat xizmatchilarining biror-bir muammoga munosabatni birgalikda o‘zgartirishlarida bo‘lgan. Davlat boshqaruvi akademiyasida tayyorlanayotgan kadrlar va eskicha boshqaruv Yuqorida kadrlarning muhimligini aytdik. Kadr­larni qanday qilib bugungi zamonga moslashtirib tayyorlash kerak? Prezidentimizning rahbar kadrlarga nisbatan eʼtirozlarini va ularni tayyorlash bo‘yicha bergan takliflarini Akademiyada dasturulamal sifatida qabul qildik. Masalan, boshqaruv kadrlarda ilm yetishmayapti, kitob o‘qimayapti, degan tanqidlaridan so‘ng Akademiyada har bir rahbarning kitob o‘qishga munosabatini o‘zgartirishga harakat qildik. Har bir tinglovchiga bir yilda beshta adibning hayoti va ijodini o‘qib chiqishini majburiy etib belgiladik. Bu bitiruvchilarning maʼnaviyatini yuksaltirish bilan birga kelajakda yig‘ilishlarda o‘z maʼruzalarida qanday so‘zlarni ishlatishlariga va nutq tayyorlashlariga ham yordam beradi. Kechagi muammolardan kelib chiqib PR, yaʼni public relations - jamoatchilik bilan aloqalarni qanday o‘rnatish, ommaviy axborot vositalari va xalq bilan muloqot madaniyati kabi yo‘nalishlarni o‘quv dasturlariga kiritdik. Avvallari Akademiya tinglovchiligiga qabul qilingan davlat xizmatchisi ikki yil ish joyidan ajralib o‘qirdi, o‘qish muddatini bir yilga qisqartirdik. Negaki zamon shiddat bilan o‘zgarmoqda. Qisqa vaqtda samarali ish tashkil etish va yuqori natijaga erishish – bugungi zamon talabi. Ikkinchi o‘zgarish, kompetensiya – bilim va amaliyotni teng o‘qitish tizimiga o‘tdik. Yangi o‘quv yilini boshlashdan oldin ellikka yaqin tumanga chiqib, hokim va o‘rinbosarlarga qisqa

muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil qildik. Bir vaqtning o‘zida tumandagi tizimli muammolarni ham o‘rgandik. Bugun amaliyotdagi rahbarlar ko‘p duch kelayotgan muammolardan keyslar tayyorlab, ulardan darslarda foydalanyapmiz. Tinglovchilar mazkur keyslarning yechimi yuzasidan takliflari, yangi g‘oya va tashabbuslarini bildirish orqali bilim va ko‘nikmalarini oshirib boradi. Akademiya Janubiy Koreya olimlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Nega aynan Janubiy Koreya? Chunki bu mamlakat - biz bosib o‘tayotgan yo‘llarni bosib o‘tgan, oxirgi yigirma yilda davlat rivojlanishiga muhim o‘zgarishlarni tatbiq qilgan sharqona davlat. Koreyalik mutaxassislar bilan bugun biz duch kelayotgan “snos” masalasida xalq dardini eshitish, muloqot qilish bo‘yicha tajriba almashmoqdamiz va buni amaliyotda sinab ko‘ryapmiz. Eskicha boshqaruv tartibida ishlayotgan rahbarlar bu ish uslubini o‘zidan avvalgi ustozidan o‘rgangan, ustozi o‘zidan oldingi ustozidan o‘rgangan. Qarabsizki, yettita avlod ustozlaridan o‘rgangan bir xil boshqaruv tizimida ishlamoqda. Rahbarlarimizning, afsuski, juda ozchiligi o‘z ustida ishlab, kitob o‘qiyapti, butun dunyo boshqa tendensiyadan ketmoqda ekan-ku, deb o‘zgarmoqda. Biz investorlar bilan ishlamoqchimiz, ular qayerdan keladi? Amerikadan, rivojlangan mamlakatlardan kelyapti. Ular top-500ga kiradigan taʼlim muassasalarida o‘qigan. Chet ellik hamkorlarimiz baʼzan biz bilan besh daqiqa gaplashganda, XXI asrda XX asr odamidek fikrlashimizni ko‘rib hayron qolyapti. Baʼzida esa “O‘zbekistonda shunday aqlli odamlar bormi?” degan savolni bermoqda. Rahbarlarni bir kunda o‘zgarib qolishi ehtimoli juda kam. Lekin OAV, jamoatchilik nazorati, xalqning o‘zi yaxshi yoki yomon rahbarlarni elakdan o‘tkazgandek ajratib qo‘ymoqda. Islohotlar paytida, o‘tish davrida o‘z ustida ishlamaydigan, boshqaruv tizimi eskirganlar sekin-sekin pastga tushib qoladi, relsdan chiqib ketaveradi. O‘z navbatida, izlanishda bo‘lgan rahbarlarni xalq ham, OAV ham, Akademiya ham qo‘llab- quvvatlashi shart. Tasavvur qiling, o‘rta yoshli rahbar yettita kompetensiya bo‘yicha yaxshi ishlayapti. Lekin bir yo‘nalishda xatolik qildi: uni bir kundayoq jazolamay, yana imkoniyat berishimiz kerak. Ayniqsa, yoshlarga. Hokim hissiyoti Hozirda O‘zbekistonning imiji keskin o‘zgaryapti. Buni chet el ommaviy axborot vositalarida “Mirnaya revolyutsiya Prezidenta Respubliki Uzbekistana – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tinch inqilobi” nomi ostida chop etilgan maqolada ham ko‘rishimiz mumkin. Davlatimizga, Prezidentimizga va islohotlarimizga yuqori darajada baho berilib, olqishlanmoqda. Bunday vaziyatda har bir xatti-harakatimizda masʼuliyat bo‘lishi kerak. Hokim, kim u? Hokim masʼuliyatli va ishonchli lavozim egasi. Emotsiya bilan odamlarni boshqarib bo‘lmaydi. Amir Temur aytgan: “Har qanday ikkinchi hissiyot bilan qabul qilingan qaror xatolikdir”. Hokimda hissiyotdan ko‘ra, aql va idrok birinchi navbatda turishi kerak. Chunki hokim o‘sha tumanning buguni va ertasi, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, maʼnaviy- maʼrifiy, madaniy hayoti, barcha sohalar uchun javobgar shaxs. Javobgarlik va masʼuliyatni his qilib, jon kuydirib ishlayotgan fidoyi va bilimli hokimlar yo‘q emas, albatta. Hamma hokimlar ham yomon emas. Uch-to‘rt hokimning yomonotliq bo‘lgani, minglab davlat xizmatchilari yomon degani emas; ikkita rahbarning taʼmagirligi, hamma rahbarlar poraxo‘r degani emas. Intervyu berishdan qo‘rqadigan rahbarlar O‘zim blogerlik qilib turaman. Bu mening mutaxassisligimga ham yaqin. Tadqiqot ishim - “Rahbarlarni tayyorlashda va ularning kasbiy o‘sishida zamonaviy tajribalardan foydalanish”.

Men bloger bo‘lishdan oldin uch oy o‘zimni tayyorladim. Avvalo bloger qanday bo‘lishi kerak, degan savolga javob topib oldim. Buning uchun OAV to‘g‘risidagi qonunlarni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni o‘qib chiqdim. Xorijiy mamlakatlarning tajribasini o‘rgandim. Chunki bloger bo‘lsangiz, o‘ng minglab kuzatuvchingiz bo‘lsa, shuncha odamning fikriga taʼsir qilib qo‘yishingiz mumkin. Shularni hisobga olib, tayyor bo‘lganimdan keyin faoliyat yurityapman. Bugungi kunda ko‘pchilik rahbarlarimiz OAVga maʼlumot taqdim etishni xohlamaydi, intervyu berishdan qo‘rqadi. Lekin OAV ham, bloger ham o‘z-o‘zidan xohlagan odamidan borib intervyu olmaydi. Biror muammo kelib chiqyapti yoki murojaatlar bo‘lyaptiki, OAV xodimi yoki blogerlar vaziyatga oydinlik kiritish uchun voqea joyiga borishyapti. O‘sha joyda rahbar yoki hokim vaziyatga aniqlik kiritib, to‘g‘ri izoh bersa, masala joyida hal bo‘ladi. U ijtimoiy tarmoqlarda aylanib, boshqacha tus olib ketmaydi. Bu nimadan dalolat beradi? Maʼlumot yetishmasligidan. Cherchill aytgan ekan: “Haqiqat kiyinguncha, yolg‘on butun dunyoni aylanib chiqadi”. Bugun hokimlarga va rahbarlarga muomala madaniyati, notiqliq sanʼati ham kerak bo‘lyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan voqea – Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari va “kun.uz” muxbiri o‘rtasidagi o‘ta ziddiyatli munosabat aks etgan videolavha va keskin tanqidlarning ertasigayoq tinglovchilar uchun notiqlik, muomala madaniyati hamda ommaviy axborot vositalari bilan ishlash bo‘yicha maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqdik. Chunki rahbarlarning har bir xatosida o‘zimizni ko‘ryapmiz. O‘zimizni aybdor his qilyapmiz. Qayerdadir xatolik bo‘lyaptimi, bu xatolikni oldindan bashorat qila olmaymizmi, yuz bergan xatolikka Akademiyada uning aksi sifatida ish olib borishimiz zarur. Jamiyatda yana shunday hokim o‘rinbosari chiqsa, bizga qiyin bo‘ladi. Demak, boshqa chiqmasligi (chiqishi mumkindir, ehtimol, boshqa muammolar bilan), xuddi shu muammo qaytarilmasligi uchun bu kabi hodisalarga tezda yechim berishimiz darkor. Yaponcha dublyorlik Birinchi navbatda, qo‘nimsizlik masalasiga to‘x­talib o‘tmoqchiman. Eng katta muammolardan biri – rahbar yangi lavozimga tayinlangach, ishining ipidan-ignasigacha to‘liq kirishib ketgunicha, kamida besh-olti oy kerak bo‘ladi. Masalaga Yaponiya tajribasi yaxshi yechim bo‘la oladi. Aytaylik, rahbarga rotatsiya keldi – ikki-uch yil ishladi, yaxshi natija berolmadi. Yaponiyada eski rahbarni bugun kechasi ishdan olib, boshqa odam qo‘yish emas, yangi kelayotgan rahbar bilan eski rahbar 10-15 kun birga ishlashi yo‘lga qo‘yilgan. Bo‘lajak rahbar shu kunlar mobaynida eski rahbar nima ishlar qilyapti, qayerda “snos” ketyapti, qayerda qurilish, shularni o‘rganadi. Bizda-chi? Bitta hokim ketib, o‘rniga boshqasi kelsa, o‘zidan avvalgisi chiqargan qarorni bekor qiladi - tadbirkor bino qurib qo‘ygan, keyin nima qilishni bilmay o‘tiradi. Shunday hodisalar bo‘lmasligi uchun yangi rahbar eski rahbardan nima ishlar qilgani, qayerga imzo qo‘ygani, qaysi ish qay holatda ketayotganini bilib olishi lozim. Futbolga qiyoslaydigan bo‘lsak, bo‘lajak rahbar eski rahbarga dublyorlik qiladi. O‘rinbosarlarga keladigan bo‘lsak, tashkilot bitta rahbarga emas, tizimga bog‘lanishi kerak. Shuning uchun har bir joyda boshqaruv tizimi ishlashi lozim. Masalan, Germaniyada rahbarlar bilan gaplashsangiz, uch yil avval rejalashtirilgan ishlarni qilayotganligini aytadi. Aniqroq tushuntirib aytadigan bo‘lsam, ularda, misol uchun, bu yil 30 ming nafar chaqaloq tug‘ilsa, uch yildan keyin bog‘chada shuncha joy, yetti yildan keyin esa nechta maktab partasi kerak bo‘lishigacha rejalashtirib qo‘yiladi. Shu vaqt mobaynida nechta rahbar almashsa ham, o‘sha reja bo‘yicha ish ketaveradi. Yana ish “nol”dan boshlanmaydi, davom ettiriladi. Uch yildan keyin yangi rahbar kelsa, agar

bog‘chada 23 mingta o‘rin bo‘lsa, 7 ming nafar bola uchun xususiy bog‘cha qurishni, yaʼni uch yil avvalgi rejani amalga oshirishni o‘ylaydi. Yana bir misol, Yaponiya va Singapurdagi maktab­larda ikkita qarama-qarshi holatda bannerlar osib qo‘yilgan. O‘qituvchining ro‘parasidagi bannerga “Sen dars o‘tayotgan auditoriyada kamida bosh vazir yoki vazir o‘tiribdi. Iltimos, darsga vijdonan yondash”, degan jumlalar yozib qo‘yilgan. O‘quvchilar ro‘parasidagi bannerga esa shunday yozib qo‘yilgan: “Davlatimiz kelajagi buyuk bo‘lish yoki bo‘lmasligi sen bugun olayotgan bilimga bog‘liq”. Bo‘ldi, hech qanaqa tekshiruvchi kerak emas. O‘sha bir-biriga qarama-qarshi turgan banner butun tizimni ishlatadi. Chet elda nimalarni ko‘rding? Prezidentimizning 2017 yildagi farmoniga asosan, Akademiya magistraturasining har bir ting­lovchisi xorijiy mamlakatga borib, bir oy malaka oshirib kelishi yo‘lga qo‘yilgan. Ularni chet elga o‘qishga yuborishdan maqsad – u yerda odamlar qanday yashayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib kelsin. Ular xalq bilan qanday muloqot qilyapti, iqtisodiy tizim qanday, investorlarni jalb qilish uslubi qanday – shu kabi masalalarni o‘rganib kelyapti. Akademiya tinglovchilarini rivojlangan mamlakatlarning davlat xizmatchilari bilan muloqoti yo‘lga qo‘yildi. Tinglovchilar malaka oshirib qaytishganidan so‘ng taassurotlarini so‘rasangiz, ular “qiladigan ishimiz ko‘p ekan”, degan javobni aytadi. Ularning dunyoqarashida o‘zgarish bo‘lganini sezasiz. Bugungi kunda Markaziy bank, Moliya va Xalq taʼlimi vazirliklari tizimiga xorijda malaka oshirgan kadrlar kirib kelganini ko‘rishimiz mumkin. Ular o‘sha joyda katalizator vazifasini bajarib beryapti. Masalaning ikkinchi tomoniga qaraydigan bo‘lsak, o‘zimizning oliy taʼlim ham chet el o‘qitish tizimiga o‘tishi kerak. Hamma ham xorijda o‘qib kelolmaydi-ku. Taʼlim muassasalarimiz xalqaro top mingtaliklar ro‘yxatiga kirishni boshlashi lozim. Bu esa xorijiy tajribani o‘rganib, zamonaviy taʼlim jarayoniga mos bo‘lgan yangi tizimni joriy etishni talab qiladi. Faqat bitta tizimga bog‘lanib qolmay, yangilik­larni joriy etish vaqti keldi. Dunyoda change management – O‘zgarishlarni boshqarish, foresight - Kelajakni to‘g‘ri ko‘ra olish kabi yangi fanlar joriy etilyapti, to‘rtinchi sanoat inqilobi ro‘y bermoqda. Taʼlim muassasalarimiz bularga tayyormi? Tayyor emaslarini tayyorlash, tayyorlarini esa yana-da kuchaytirish kerak. Rahbar yaxshi ishlasa, hamma sezadi. Yaxshi rahbar, birinchi navbatda, jamoani yagona maqsad sari birlashtira oladigan odam. Ikkinchi o‘rinda, xodimlarini eshita oladigan shaxs. Uchinchi navbatda, uzoqni ko‘ra olishi ham muhim. Rahbar bugun, ertaga nima bo‘lishini, bugungi qarori ertangi kunga qanday taʼsir o‘tkazishini, indinga nima bo‘lishini, bir oy, uch yil, besh yildan so‘ng sohada qanday o‘zgarish yuz berishini baholay bilishi lozim. To‘rtinchi jihat esa, muomala. Oxirgi eng muhim shartlardan biri – xalqqa qulaylik yaratish, sifatli, samarali xizmat ko‘rsata olish. Rahbar mana shu besh xislatni o‘zida mujassam eta olsa, buni siz ham, men ham – barchamiz sezamiz. https://daryo.uz/2019/10/03/sokongich-hokimlar-eskicha-boshqaruv-va-yangicha- muammolar-davlat-boshqaruv-akademiyasi-dekani-otabek-hasanov-bilan-videosuhbat/ Otabek Xasanov, siyosiy fanlar bo‘yicha PhD doktori

“HALOLLIK VAKSINASI – TO‘G‘RI TARBIYA VA TAʼLIMNING MEVASI” (2020 yil 9 mart sonidagi “Yangi O‘zbekiston” gazetasida chop etilgan maqola) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomasini hech ikkilanmasdan mamlakatimizni kelgusi 5 yillik rivojlanish dasturi, deb qarashimiz mumkin. Bugun davlatimiz o‘z oldiga ulkan rejalar qo‘ydi, O‘zbekistonning 2030 yilgacha dunyodagi 50 ta rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirishi, yalpi ichki mahsulotni qariyb ikki barobarga oshirish, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturini bir million dasturchi” loyihasini amalga oshirish, bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini joriy yilda 60 foizga yetkazish, maktab bitiruvchilarini oliy taʼlimga jalb etish ko‘rsatkichini 2020 yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazish, joriy yilda yurtimizga keladigan sayyohlar sonini 7,5 millionga yetkazish va hokazo. Ushbu ustuvor maqsad va rejalarning barchasini amalga oshiruvchi kuch – bu avvalo, kadrlardir. Bugun bizga zamonaviy fikrlaydigan, innovatsiyalarga ochiq, o‘z ustida doimiy ishlaydigan, samarali faoliyat evaziga natija beradigan Liderlar kerak. Bugun biror muammo yuzasidan qaror qabul qilishda fuqarolarning ishtirokini ham taʼminlash muhim. Qachon fuqaro davlat tomonidan olib borilayotgan siyosatdan minnatdor bo‘ladi? Qachonki, u amalga oshirilayotgan islohotlarda ishtirokchi ekanini his qilsa. Qachon fuqaro daxldorligini his qiladi? Qachonki, uning xohish-irodasi o‘sha islohotlarda aks etsa. Savol tug‘iladi, ushbu dolzarb vazifalarni kim amaliyotga joriy etadi? Albatta, kadrlar . Kadrlar tayyorlash tizimi bugungi davrga xos va mos bo‘lishi kerak. Hozirgi tez o‘zgarayotgan jamiyatda, baʼzida yoshlarimiz oliy taʼlim muassasalarini bitirib, diplomga ega bo‘lgan zahotiyoq, olgan bilimlari eskirmoqda. Birlashgan millatlar tashkilotining “Barqaror rivojlanish maqsadlari”da aynan “Sifatli taʼlim” asosiy indikatorlardan biri hisoblanadi. Bizning taʼlim siyosatimizning boshqa davlatlardan eng asosiy farqlaridan biri – taʼlim va tarbiyaning yonma-yon yurishi hisoblanadi. Buning muhimligini bobomiz Abdulla Avloniy “Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir”, deb taʼkidlagan. Rivojlangan mamlakatlarning taraqqiyot yo‘liga nazar solsak, xoh Janubiy Koreya, xoh Singapur yoki Malayziya bo‘lsin, bugungi kun holatiga yetib kelishiga eng katta sabablardan biri, albatta, kadrlar siyosati bo‘lgan. Odamlar bugun natija ko‘rishi uchun bizdan nostandart fikrlash, kreativlik, masalaga o‘zgacha yondashish, tizimli fikrlash talab etiladi. Buning uchun bugun kadrlar tayyorlash tizimimiz ham o‘zgarishi lozim. Bugungi kunda har bir ish beruvchi, bu davlat tashkiloti bo‘ladimi yoki xususiy sektormi kompetentli xodimlarni ishga olishga harakat qiladi. Rivojlangan mamlakatlar so‘nggi 20 yilda kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishni kompetensiyalarga asoslangan holda amalga oshirmoqda. Kompetensiya – shaxsning xulq-atvori, nazariy bilimi va amaliy ko‘nikmalarining majmuasi hisoblanadi. Shaxsni tayyorlashda uning uchta asosiy komponentini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratish juda muhim. Ushbu sxemada siz bugungi davr talablariga javob beradigan zamonaviy kadrlarni tayyorlashning “0-30 Konsepsiyasi”ni ko‘rishingiz mumkin.

Bugungi kunda jamiyatimizda eng ko‘p uchrayotgan muammolardan biri bu, albatta, maʼnaviyati yuksak, xorijiy tillarni biladigan, fundamental bilimga ega va eng muhimi, yumshoq ko‘nikmalar (soft skills)larga ega kadrlarni topishdir. “0-30 konsepsiyasi”da aynan mana shunday kadrlarni tayyorlashning eng maqbul tizimini aks ettirishga harakat qildik. Bunda oliy taʼlim, maktab, bog‘cha va oilaning o‘zaro uzviy hamkorligini taʼminlash lozim. Eng muhimi, ularning barchasi qayerda, nima uchun masʼulligini bilishi lozim. Maktab, institut va ishda kadrga uchta narsa o‘rgatiladi. Bu bilim, tarbiya va ko‘nikma. Bu uchala tushunchaning o‘rgatish davri va o‘rni bo‘lishi kerak. Bizda esa ularning o‘rni o‘zgarib qolgan. Shu sababli universitetlarda baʼzida faqat tarbiya berish bilan shug‘ullanib kelinmoqda. Biz yoshlarga tarbiya va taʼlim berishning aniq maqsadini, mexanizmini va masʼullarni aniqlab olishimiz zarur. Eʼtibor bergan bo‘lsangiz, “0-30 Konsepsiyasi”da beshta bosqichdan iborat kadrlarni tayyorlash jarayonini ko‘rsatganmiz. Bunda agar biz yoshlarga bermoqchi bo‘lgan jami tarbiya va taʼlimni 100 % deb olsak, har bir bosqichda uni foizlarda ulushi hamda masʼullar ko‘rsatilgan. Birinchi bosqich 0-3 yosh, yaʼni bola tug‘ilganidan 3 yoshgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bunday sharoitda tarbiya 10 %, taʼlim 5 %, yaʼni 2-3 yoshda bolaga asta- sekinlik bilan dastlabki taʼlimni ham berish mumkin. Bunda oila va ota-onaning masʼulligi 90 %ni tashkil qilishi lozim. Ota-onaning bilimi, tarbiyasi va maʼnaviyati juda katta rol o‘ynaydi. Shuning uchun ham “Yosh ota-onalar maktabi”ni tashkil qilish juda muhim hisoblanadi. Ikkinchi bosqich 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Olimlarning tadqiqotiga ko‘ra, aynan bolalarda shu davrda umri davomidagi shaxsning 70 % xarakteri, tarbiyasi, halolligi, liderlik alomatlari shakllanar ekan. Shuning uchun, bu

davrda aynan tarbiyani mustahkam va to‘g‘ri berilishiga ahamiyat qaratish lozim. Ya ʼni tasavvur qiling, siz 30 qavatli bino qurmoqchisiz, buning uchun mustahkam fundament barpo etishingiz darkor. Agar fundament ishonchli bo‘lsa, har qanday yer silkinishiga chidamli bo‘lsa, siz hech qanday xavotirsiz bino qurishingiz mumkin. Shunday ekan, aynan shu davr insonning tarbiyasida fundamenti hisoblanadi. Agar shu vaqtda biz unga yetarlicha eʼtibor qaratmas ekanmiz, biz umrimiz davomida oilaga, mahallaga, ichki ishlar xodimlariga, korrupsiyaga qarshi kurash organiga qo‘shimcha ish topib bergan bo‘lamiz. Bu yoshda biz yoshlarga 25 % tarbiya, 10 % taʼlim va 5 % ko‘nikma berishimiz darkor. Bunda davlatning vazifasi 30 %ni tashkil qiladi, 70 % oila. Prezidentimiz tomonidan 2016 yildan aynan maktabgacha taʼlimni rivojlantirish uchun ko‘p islohotlar amalga oshirildi. Masalan, maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi. Bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi uch yil davomida 27 foizdan 52 foizga ko‘tarildi. Sababi aynan bog‘chada bolalarda kommunikativlik, liderlik, jamoaviylik, kreativlik kabi kompetensiyalarning dastlabki elementlari shakllanadi. Aslida, barcha bolalar dunyoga kelganda yashirin qobiliyat bilan tug‘iladi. Faqat uni qanday isteʼdodi borligini aniqlashga harakat qilmaymiz va tug‘ma rassomni harbiyga yo‘naltiramiz yoki sanʼat yo‘nalishiga isteʼdodi bor bolani texnikaga yuboramiz. Yaponiya va Janubiy Koreyada har bir 6-7 yoshli bola bilan psixolog alohida shug‘ullanib, ota-onaga farzandini qaysi sohaga yo‘naltirishi maqsadga muvofiq ekanligi haqida tavsiya beradi. Uchinchi bosqich 7 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan davrdir. Bu aynan umumiy o‘rta taʼlim, yaʼni maktab davriga to‘g‘ri keladi. Bu yoshda bolalarning qabul qilish qobiliyati yuqori bo‘lganligi uchun aynan fundamental bilimlar chuqurlashgan holda berilishi, xorijiy tillar mukammal o‘rgatilishi lozim. Shuning uchun, aynan bu davrda 45 % ta ʼlim, 35 % tarbiya va 15 % ko‘nikma berilishi juda muhim. Bunda davlat va oilaning roli 50/50 % ni tashkil etadi. Sababi, aynan davlat maktabdagi taʼlim sifati va shart-sharoitlar uchun masʼul. Maktablarda 9-, 10- va 11-sinf o‘quvchilarida aynan tadbirkorlik, sohaviy yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirish kerak. Rivojlangan mamlakatlarda yuqori sinf o‘quvchilariga “kelajakda qaysi kasb egasi bo‘lmoqchisiz?” degan savol bilan murojaat qilinganda, aksariyati tadbirkor, yangi startaplar ochib, o‘z biznesiga ega bo‘lmoqchiligini taʼkidlashgan. Bizda-chi? Agar shu savol bilan 11-sinf o‘quvchilariga murojaat qilsak, qanday javob olamiz?.. Yaponiya, Janubiy Koreya, Germaniya va Singapurning rivojlanish tarixiga nazar solsak, aynan taʼlim tizimiga berilgan jiddiy eʼtiborni, maktablarida matematika, fizika va ximiya fanlarini sifatli o‘qitilishini ko‘rishimiz mumkin. Aynan fundamental bilimga ega yoshlar kelajakda yangi texnologiyalarni yaratishda va davlatning ilg‘or rivojlanishida muhim drayver vazifasini bajaradi. To‘rtinchi bosqich 17 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan davrdir. Aynan bu oliy taʼlim muassasalarida o‘qish davri hisoblanadi. So‘nggi 3 yilda mamlakatimiz oliy taʼlim tizimida bir qancha islohotlar amalga oshirildi. Masalan, 2019 yili oliy taʼlim muassasalariga jami 146 ming 500 nafar yoki 2016 yilga nisbatan 2 barobar ko‘p talaba o‘qishga qabul qilindi. Oliy taʼlimni rivojlantirish uchun o‘tgan yili yurtimizda 19 ta yangi oliy o‘quv yurti, jumladan, 9 ta nufuzli xorijiy universitetlar filiali ochildi. Shaxsning kadr bo‘lib shakllanishiga oliy taʼlim tizimi asos bo‘ladi. Biroq bizda hali ham diplom uchun o‘qish yoki o‘tish bali qaysi taʼlim tizimida past bo‘lsa, shu yo‘nalishga o‘qishga kirish holatlari uchrab turadi. Bu bosqichda ko‘nikma 50, taʼlim 30 va tarbiya 20 foiz bo‘lishi lozim. Bunda masʼullar 60 % – davlat va 40 % oila hisoblanadi. Nima uchun aynan ko‘nikma ko‘proq bo‘lishi lozim? Sababi, Konfutsiy aytganidek, “men nimaniki eshitsam, unutaman, nimaniki ko‘rsam, eslab qolaman va nimaniki bajarsam, tushunaman”.

“Top ming”talikka kirgan universitetlar deyarli anʼanaviy maʼruzalardan voz kechishgan. Videomaʼruzalardan foydalaniladi. Talabalarda ko‘proq trening shaklida ko‘nikmalar rivojlantiriladi. Shuningdek, Garvard olimlarining tadqiqotiga ko‘ra, XXI asrda kadrlardan ko‘proq yumshoq ko‘nikmalar (soft skills) talab qilinadi. Bular kreativlik, moslashuvchanlik, tizimli fikrlash, ijtimoiy intellekt, kommunikativlik, strategik fikrlash, liderlik, forsaytdir. Beshinchi bosqich 21 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan davr­ni o‘z ichiga oladi. Yaʼni 4 ta bosqichni qanchalik samarali bosib o‘tganligini tahlil qila oladigan davr hisoblanadi. Bunda 30 %ni ko‘nikmaga, 10 %ni bilimga, 10 %ni tarbiyaga ajratish lozim. Davlatning masʼulligi 70 % va oilaniki 30 %. Bunda davlatning masʼulligi davlat xizmatiga ishga kirishda meritokratiya tizimini odil, shaffofligini taʼminlashdan iborat. Yana bir muhim jihati, bu bosqichda davlat yangi kadrlarni ish bilan taʼminlashi yoki ularni tadbirkorlik faoliyatini olib borishlari uchun yetarli imkoniyat yaratishi lozim. Eskicha boshqaruv rejimida ishlayotgan kadrlar o‘zidan avvalgi ustozidan o‘rgangan, ustozi o‘zidan oldingi ustozidan o‘rgangan. Qarabsizki, bir nechta avlod ustozlaridan o‘rgangan bir xil boshqaruv tizimida ishlamoqda. To‘g‘ri, baʼzilari o‘z ustida ishlab, kitob o‘qimoqda, butun dunyo boshqa tendensiyadan ketmoqda ekan-ku, deb o‘zgarmoqda. Lekin bu juda ozchilikni tashkil etadi. Biz investorlar bilan ishlamoqchimiz, inves­torlar qayerdan kelishyapti? Amerikadan, rivojlangan mamlakatlardan kelishyapti. Ular “Top-500”talikka kiradigan taʼlim muassasalarida o‘qigan. Chet ellik hamkorlarimiz baʼzan biz bilan besh daqiqa gaplashganda, XXI asrda XX asr odaminidek fikrlarimizni ko‘rib, hayron qolyapti. Baʼzida esa “O‘zbekistonda shunday aqlli odamlar bormi?” deb hayratlanyapti. “0-30 konsepsiyasi”da barcha bosqichdagi foizlar mutaxassislar tomonidan yana bir bor o‘rganilib, muhimlik darajasiga qarab o‘zgarib borishi mumkin. Shundagina biz zamonaviy fikrlaydigan, shu bilan bir qatorda, o‘z milliyligimizga xos tarbiyani saqlab qolgan yangi avlod kadrlarini tarbiyalashimiz mumkin. Ushbu kadrlar tayyorlashning yangi tizimi, avvalo, yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlaydigan, Vatanimiz taqdiri va istiqboli uchun masʼuliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir yosh kadrlar safini kengaytirishga bevosita xizmat qiladi. Otabek Xasanovning “Liderlar” kanali va ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy fikrlari va postlari Xulosa sizdan, eslatib qo‘yish bizdan

Hech kim o‘zini osmonda abadiy qolaman, deb o‘ylamasin. Alloh istasa, osmonda uchganlarni yerda sudralganlarga yem qiladi. Shuning uchun xalqimizda dono gap bor: oyog‘ing yerdan uzilmasin. Qush kabi osmonlarda parvoz qilsang ham, xayoling va ko‘ngling yerda bo‘lsin. Amal – sinov. Biroq ko‘pchilik bu sinovdan muvaffaqiyatli o‘ta olmaydi. Tez o‘zgaradi va tarixini unutadi. Hurmatli Liderlar! Insonga baho amalda qancha o‘tirganiga qarab emas, qancha insonlarga, muhtojlarga yaxshilik qilgani, Vataniga qanchalik sadoqat bilan xizmat qilgani, qanday ezgu amallarga bosh-qosh bo‘lganiga qarab beriladi. Tariximizda yuzlab xonlar, amirlar o‘tgan. Deyarli 90 foizining ismini ham bilmaymiz. Faqatgina haqiqiy qahramonlar, xalqiga va Vataniga fidoyilik bilan xizmat qilganlarning nomlari avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. Xulosa sizdan, eslatib qo‘yish bizdan. Forsayt (FORESIGHT) durbiningiz qani?

Forsayt (FORESIGHT), yaʼni kelajakni ilmiy asoslangan holda bashorat qilish. Oddiy bashoratdan farqi shundaki, bunda tarixiy tajriba asosida va ilmiy yondashgan (faktlar) holda siz sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan voqealar algoritm ketma-ketligini ishlab chiqasiz. Bunday qobiliyatga ega bo‘lish uchun sizning IQ salohiyatingiz juda yuqori va ko‘p kitob o‘qigan bo‘li­shingiz kerak. Shuningdek, hayotiy tajribangiz ham bo‘li­shi lozim. Bo‘lmasa, oddiy folbindan farqingiz qolmaydi. Agar bizning barcha davlat xizmatchilarida Forsayt (FORESIGHT) qobiliyati bo‘lganda edi, unda har bir xatti-harakati asoslangan va mantiqiy bo‘lardi. Biz baʼzida avval nimanidir amalga oshiramiz, so‘ng tahlil qilamiz. Bugungi sharoitda xatar (risklar)ni to‘g‘ri baholash va kelajakni tasavvur qila olishimiz kerak. Kelajak biz uchun har doim mavhum yoki tumanli ob-havo kabi bo‘lgan. Forsayt aynan sizga durbin rolini bajaradi. Kim kelajak qanday bo‘lishidan xavotir olmaydi? Uni oldindan ko‘ra olgan, to‘g‘ri tahlil qila olgan va unga tayyor bo‘lgan inson. Hurmatli Liderlar! Bugundan o‘zingizning kelajagingiz fundamentini ishlab chiqing, yaʼni o‘zingiz uchun durbin yarating. Shunda siz barcha o‘zgarishlarga tayyor bo‘lasiz. Har bir muammo va to‘siqda, siz imkoniyatni ko‘rishni boshlaysiz. Bilim, tarbiya va ko‘nikma Maktab, institut va ishda kadrga uchta narsa o‘rgatiladi. Bu bilim, tarbiya va ko‘nikma. Bu uchala tushunchani o‘rgatish davri va o‘rni bo‘lishi kerak. Bizda esa ularning o‘rni o‘zgarib qolganga o‘xshaydi. Shu sababli baʼzi universitetlar faqat tarbiya berish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Ehtiyot bo‘ling Hozirgina Platonning ajoyib va bugungi kun uchun juda ham dolzarb bir fikrini o‘qib qoldim. Shunday yozilgan: “Ahmoq insonni ikki xislati orqali aniqlash mumkin: birinchisi, u

o‘zi uchun umuman aloqasi yo‘q narsalar haqida ko‘p so‘raydi va ikkinchisi, undan so‘ramagan narsa haqida ko‘p gapiradi”. Agar sizning atrofingizda shunday insonlar bo‘lsa, ulardan xafa bo‘lmang, balki ularga rahmingiz kelsin, bu hayotda ahmoq bo‘lgani uchun. Faqat ehtiyot bo‘ling, shu ikki belgi orqali atrofingizdagilarning siz haqingizda fikri o‘zgarmasin. LIDER, o‘zingni kashf qil Har bir Lider, avvalo, o‘zini o‘zi kashf qilishi lozim. Yaʼni o‘zining kuchli tarafini izlab topishi kerak. Hayotda kimgadir taqlid qilib yashamasdan o‘zligini yaratishi lozim. Shundagina sizga kimdir ishonadi va ergashadi. O‘zingizga savol bering, sizning kuchli tomoningiz nimada? O‘sha xislatingiz ustida ko‘proq ishlang. Ko‘pchilik sizga aytadi, zaif tarafingni top va uni kuchaytir, deb. Siz buning teskarisini qilib ko‘ring. Inson hamma sohada bir xil kuchli bo‘la olmaydi, shunday ekan, bitta kuchli tarafingizni ustida ko‘proq ishlang. Bryus Li aytgan: “Men ming xil usulda urushni bilgan insondan qo‘rqmayman, balki bitta urush usulini ming marta takrorlagan insondan qo‘rqaman”. Shunday ekan, hurmatli Liderlar, o‘zingizni kashf eting. Pozitiv bo‘lishga harakat qiling Baʼzida atrofimizda hayot qiyinchiligidan yoki rejalari amalga oshmayotganligidan insonlarning nolishlarini, ularning doim nimadandir norozi yurganini ko‘rasiz. 2000 yil avval yashagan rimlik faylasuf Seneka vaqtni ikki turga ajratgan ekan, bular foydali va foydasiz. Hatto 2000 yil avval ham vaqtni to‘g‘ri sarflash dolzarb mavzu bo‘lgan ekan. Bugungi kunda-chi? Ko‘cha-ko‘yda, ishda noliyotgan insonlarni ko‘rib, doim bir gapni aytaman, bu hayot har birimizga bir marta beriladi, shunday ekan, undan maksimum darajada foydalanishimiz lozim. Har bir imkoniyatdan va har bir vaqtdan samarali foydalanish lozim. Agar bir manzilga yetib bormoqchi bo‘lsangiz va sizning samolyotingiz uchib ketgan bo‘lsa, umuman ranjimang va nolimang. Sababi o‘sha manzilga yetib borish uchun sizda hali imkoniyatlar mavjud, yana bir nechta vositalar bor, bular poyezd, avtobus, avtotransport va h.k. Hurmatli Liderlar! Har doim pozitiv bo‘lishga harakat qiling. Chunki inson tushkunlikka tushganida, miyaning 60 foizi faol ishlamas ekan. Bu degani, tushkun kayfiyatda to‘g‘ri qaror qabul qilish imkoniyatingiz bor-yo‘g‘i 40 foiz bo‘ladi. Agar har qanday holatda ham siz pozitivlikni saqlab qolsangiz, kamida 80 foiz imkoniyat bilan to‘g‘ri qaror qabul qila olasiz. Shuning uchun rivojlangan mamlakatlarda (misol uchun, Dubayda har bir tashkilotda baxt va farovonlik boshqarmasi mavjud, ularning vazifasi doim xodimlarning kayfiyatini kuzatib borish, agar kimdir tushkun kayfiyatda bo‘lsa, ular bilan suhbat olib boradi, sababini aniqlaydi) ishga qabul qilishda nomzodni pozitiv fikrlash kompetensiyasini alohida baholar ekan. Sababi yaxshi kayfiyatda, xursand bo‘lib ishga keladigan insonlar doim g‘amgin yuradigan insonlarga qaraganda, 20 foiz samaraliroq ishlar ekan hamda ularda kreativlik va innovatsiyaga xohish bo‘lar ekan. Shuning uchun doim takrorlayman, o‘z oldingizga aniq maqsad qo‘ying va uni amalga oshirish yo‘lini ishlab chiqing. Agar maqsadingizga erisha olmayotgan bo‘lsangiz, aslo maqsadni o‘zgartirmang, balki unga erishish yo‘lini o‘zgartiring. Masalan, siz o‘z oldingizga maqsad qilib qo‘ydingiz, men 6 oyda ing­liz tilini V2 darajada o‘rganaman. O‘qishni boshladingiz, bir oydan so‘ng ishxonada ish ko‘payib ketdi va til o‘rganishga sizda vaqt yetmayapti yoki yodlagan so‘zlaringiz tez esingizdan chiqib qolyapti. Xullas, o‘zingizga o‘zingiz “til o‘rganish menga emas ekan”, degan xulosaga keldingiz va maqsadingizdan voz kechdingiz. Bu holatda siz maqsaddan voz kechmay, balki til o‘rganish metodikasini

o‘zgartiring. Misol uchun, siz har kuni avtobusda yoki taksida ishxonangizga borish uchun 45 daqiqa va qaytish uchun 45 daqiqa, jami kuniga yo‘lda 1 soat-u 30 daqiqa umringiz o‘tadi. Ishga kelishda telefoningizdan yangi so‘zlar yoki oddiy tekstlarni eshitib kelsangiz va ularni kun davomida takrorlab tursangiz, koridorda, liftda yurganingizda, rahbariyat qabulxonasida kutganingizda, sigareta chekishga chiqqaningizda, tushlik vaqtida va h.k... Kechqurun ishdan qaytishda yana ertalab eshitgan so‘zlaringizni takrorlab ketasiz. Qarabsizki, siz bir oyda kamida 1000 ta so‘z bilasiz. Bu degani, hech bo‘lmasa, ingliz tilida fikringizni qisqacha bayon qila olasiz, degani. Shunday ekan, doim izlanishda bo‘ling. To‘siq, bu sizni ruhan sindirish uchun qo‘yilgan narsa, siz o‘zingizda kuch topib, uni doim sakrab o‘tishingiz lozim. Nima uchun? Chunki siz Lidersiz. Cherchill aytganidek, “Kuchli inson biron marta yiqilmagan inson emas, balki to‘qqiz marta yiqilib va o‘n marta turishga o‘zida kuch topgan insondir”. Taktikani o‘zgartiring Maqsadni aniq belgilab oling va unga erishish yo‘lini ishlab chiqing. Agar maqsadingizga erisha olmayotgan bo‘lsangiz, aslo maqsadni o‘zgartirmang, balki taktikani o‘zgartiring. Menga ishoning Ishonch juda ham muhim narsa. Sababi, barcha innovatsiya va kreativlikning yoki olamshumul yangilikning boshlanishi aynan ISHONCHDIR. Agar ota-onang har kuni senga farzandim, men senga ishonaman, bugun yaxshi o‘qib “5” baho olasan, deb tursa, yoki, o‘g‘lim, men senga ishonaman, sen, albatta, chempion bo‘lasan, deb tursa, yoki ayolingiz muhim uchrashuvdan oldin, dadasi, men sizga ishonaman, siz buni amalga oshira olasiz, deb tursa, yoki ishxonadagi rahbar, sizga qiyin topshiriq berib, orqasidan, men senga ishonganim uchun ushbu vazifani topshirdim, deb tursa, siz buyuk insonga aylanasiz. Har bir buyuk inson orqasida unga qattiq ishonch berib turgan insoni bordir. Shuning uchun, hurmatli liderlar, o‘zingizga har doim ishoning va yon-atrofdagilaringizga ishonch bering. LIDERLAR, MEN SIZLARGA ISHONAMAN!!!

Shaxmatdagi piyoda Shahmatda bir qoida bor! Agar piyoda raqib kataklarining birinchi qatoriga yetib borsa, shohdan tashqari xohlagan figurasiga aylanishi mumkin. Lekin ot yoki fil bunday bo‘la olmaydi. Shuning uchun piyoda bo‘lib tug‘ilganingizga aslo xafa bo‘lmang. Mehnatingiz bilan marraga yetib boring va xohlagan figuraga aylaning. Buning mazasi o‘zgacha bo‘ladi. Mening cho‘qqim Har doim maqsadni katta qo‘yish lozim, kengroq fikrlash kerak, (vision) albatta, boshlanishiga atrofdagilar sizning maqsadlaringizni eshitib kulishadi. Biroq ular amalga oshganda, o‘sha kulganlar maqtanib yurishadi, sizni taniganiga. Liderlar qo‘rqmasdan o‘z oldingizga ulkan maqsadlarni qo‘ying va har biriga bosqichma- bosqich erishish yo‘llarini ishlab chiqing. Eng muhimi, aslo to‘xtamang, bir daqiqa ham chalg‘imang. Shundagina bu hayotda nimagadir erishasiz. Alpinistlarga savol berishibdi, nima keragi bor sizlarga shunday baland tepalikka chiqishni, qancha mehnat va vaqt ketadi? Ular shunday javob berishgan ekan: – Har bir cho‘qqiga chiqishdan oldin jiddiy reja ishlab chiqamiz, shunga tayyorgarlik ko‘ramiz. To‘g‘ri, o‘sha cho‘qqiga chiqquncha, ko‘p mehnat qilamiz, biroq chiqib bo‘lgandan so‘ng, u yerdan turib tabiatni kuzatish va mehnatning rohatini ko‘rish, bu o‘zgacha zavq. Har birimiz hayotda shunday alpinistlarga o‘xshaymiz, har birimizning oldimizda shunday cho‘qqilar bor, agar ular kabi tayyorgarlik ko‘rib mehnatdan qochmasak, albatta, oxiridagi zavqni his qilamiz. Hech birimizni cho‘qqiga chiqayotganda arqonimiz uzilmasin. TO‘RTINCHI BO‘LIM Otam o‘gitlari Kanalimizda ushbu rubrikani tashkil etganimizdan so‘ng ko‘plab men kabi farzandlardan murojaatlar kela boshladi. Quvonarlisi, ularning barchasi yangi sahifamizni maʼqullashib, ushbu o‘gitlardan xulosa chiqarayotganini taʼkidlashdi. Bu o‘gitlarni men otamdan yoshligimdan boshlab, deyarli har kuni eshitardim. Katta hayot yo‘limda ham menga hamroh, men bilan hamnafas bu o‘gitlar… Ko‘pincha tushkunlikka tushganimda yoki inqiroz ko‘chasiga kirib qolganimda, yonimda yurib, do‘st deb bilganim “orqamdan pichoq sanchganida” yoki asossiz ayblashga uringanlarida, ushbu o‘gitlarga murojaat qilardim. Yoki muvaffaqiyatga erishib, hammaning og‘zida sening noming bo‘lganda, ilmiy ish qilib o‘zingni professordek his qilishni boshlaganingda, yuqoriroq lavozimga o‘tirganingda,

maqtovlarga ko‘milganingda, oyog‘ing salgina yerdan uzilgan chog‘larda, ushbu o‘gitlarga murojaat qilardim va tezda o‘zimga kelardim. Shu o‘rinda padari buzrukvorim, ustozim, asosli tanqidchim, eng yaqin do‘stim – otam professor Abdurashid Hasanovga farzandlik minnatdorligimni bildirib o‘tmoqchiman. Chunki ularning bergan tarbiyasi, ko‘rsatgan to‘g‘ri yo‘li, bebaho o‘gitlari bo‘lmaganida, bilmadim, hozir qayerda, qay ahvolda bo‘lardim... Ushbu o‘gitlarga doim amal qilib, bu hayot sinovlarida sinmadim. Qoqilganimda tayanch, yiqilganimda suyanch bo‘lib, meni faqat va faqat oldinga undagan, ishonch va dalda, g‘ayrat va shijoat baxsh etgan beqiyos kuch, otamning o‘gitlaridir. Siz aziz kitobxonlarga ham bu o‘gitlarni ilindim. Zero, Siz ham ota bo‘lganda, farzandingizga o‘git berish darajasida bilimga ega bo‘lishingiz uchun bu hikmatli fikrlar foyda beradi, degan umiddaman. Otamning deganlari – Ota-onaning farzandlariga tarbiya berishi o‘ta masʼuliyatli, shu bilan birga sharaflidir, chunki yillar o‘tib, zamon taraqqiyoti tufayli yoki yetishmovchilik sababli o‘zing orzu qilgan, biroq erisha olmagan yutuqlarga farzandlaring, shogirdlaring erishishini xohlaysan. Qanday qilib? Albatta, yaxshi xulq, odob-axloq, go‘zal tarbiya va eng asosiysi, komillik, ilm bosqichlaridan hormay-tolmay o‘tib borish orqali erishish mumkin. Negaki, komillik bosqichlaridan to‘liq o‘tish hammaga ham nasib qilavermaydi. Kimdir uchinchi, kimdir beshinchi bosqichlarda qolib ketadi. Ilmning ham, kasbning ham turlari juda ko‘p. Farzanddagi ishtiyoq va qiziqish-chi? Bu ham asosiy omil hisoblanadi. Chunki ota xohlagan kasbni yoki ilmni farzand har doim ham olavermaydi. Bu borada ota-ona, ustozlar hayotidagi o‘z o‘rinlari, ibrati, amali bilan farzandni ishontirishi kerak. Qachonki, farzand ilm, kitob tufayligina yuksak marralarga, yutuq va omadga erishayotganini qalbdan sezsa, o‘zi ham shunga intila boshlaydi. Men farzandimga saboq berish, topshiriq berishdan oldin, yillar mobaynida uni ilm tufayligina komillikka yo‘l borligiga ishontirish uchun tobladim, ko‘nikma hosil qildirib, so‘ng kitob mutolaasisiz, o‘zini qo‘yarga joy topolmaslik darajasiga olib keldim. Keyingi qadam qaysi soha ilmini chuqurroq egallashi haqida borardi. Buni ustozlari, onasi, amaki va tog‘alari bilan maslahatlashib, rivojlantirdim. Avvalombor, farzand maktabdan tashqari, mustaqil taʼlim olishga ko‘nikishi, o‘zi xohlab, qiziqishiga mos bo‘lgan topshiriq va vazifani bajarishi, doimo nazoratda bo‘lishi kerak. Shundagina, qars ikki qo‘ldan chiqadi, deganlaridek, natija Siz kutgandan ham yuqori bo‘ladi. Sekin-asta farzand o‘zining kelajagi uchun o‘zi harakat qilib, intiladi. Bu ota-ona, ustoz uchun juda katta yutuqdir. Endi keyingi bosqich farzandni, mehnatga, kasbga tayyorlash bo‘ladi. Men hech qachon bitta yo‘nalish va soha bilan chegaralanib qolmadim. Ingliz, rus tilini o‘rganish barobarida, tarixni, adabiyotni, matematikani ham o‘rgatib bordim. Har bir ishda o‘rgangan nazariyani amalda qo‘llashni, har qanday oddiy ishda ham, qaysi mehnat turi bo‘lishidan qatʼi nazar, aqlni, ilmni ishga solishni o‘rgatdim. Bugungi kunda uning mevasini tatib ko‘rayapman, buni nabiralarimda ham sezyapman. Shu bilan birga, sadoqat va sodiqlikni, hayotda ustoz-u olimlarni, shifokor va Vatan posbonlarini doimo, har qanday sharoitda hurmat qilishi kerakligini o‘rgatib bordim. Bu uchta kasb egalarini qadimdan xalq eʼzozlab kelgan va ularga martabali inson sifatida qarashgan. O‘g‘lim, quyida ayrim o‘gitlarim, pand-nasihat­larimni keltiryapman, ular sening hayot tarzingga aylansin. Bu hikmatli o‘gitlarga amal qilgan inson aslo kam bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Hurmat bilan padari buzurukvoring!

O‘G‘ITLAR *** O‘g‘lim, hech qachon esdan chiqarma: amalda, yaʼni qora kresloda qancha muddat o‘tirganing bilan emas, balki xalq va yurt uchun nima ish qilganing bilan qadring o‘lchanadi. *** Kibrdan uzoqda bo‘l. Hamma joyda, ishda, o‘qishda, hatto ziyofatda ham o‘z o‘rningni bil. Kamtarona kiyin, biroq hamisha ust-boshing toza bo‘lsin. To‘y, ziyofatlarga borishdan oldin uyda tamaddi qilib ol. Ustozlar, rahbarlarning yonida, ziyofatida o‘tirganingda o‘zingni nazorat qil, nafsingni ti­yishni odat qil. *** Kam gapirib, ko‘p eshit, kitobni sev, o‘qi, xulosa chiqar, rioya qil! Olimlarni, ustoz-u murabbiylarni hurmat qil, eʼzozla. Ularga ishon, ardoqla, chunki ular seni saodatga, baxt va komillikka yetaklaydi. *** Bolam, agar bir ish uchun rahbariyatdan maqtov eshitsang, bu jamoamning mehnati degin, bu juda muhim. Agar biron-bir ish uchun tanbeh eshitsang, bu mening xatoim, deyishni bilgin. Shundagina sening yoningda yaxshi va fidoyi insonlar yig‘iladi. *** Umr oqar suvdek oqib o‘tadi. Lavozim va mansabni kutib umringni o‘tkazma. Komillikka intil, o‘shaning o‘zi hurmat va obro‘dir. Qolgan barchasi ketma-ket o‘zi kelishni boshlaydi. Faqat sen unga tayyor bo‘lishing kerak. *** O‘z kasbingga, tanlagan sohangga mehr qo‘y. Uning pir-u ustasi bo‘l. Mashg‘ul bo‘lgan kasbingga oid kitob­lardan, ustozlardan saboq olib yur, uni takomillashtirib tur. Agar o‘z mutaxassisliging bo‘yicha muntazam tarzda kitob o‘qimasang, bilginki, sen o‘z sohangdan tobora uzoqlashayapsan. *** Hech kimga yomonlik qilma, senga yomonlik, bo‘hton, tuhmat qilsa, sen o‘z mehnating, ilming, yaxshiliging bilan hamisha oldinga intil, yurtingni sev – haqiqiy insoniylik shudir. Yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarishga vaqtingni ham, kuchingni ham sarflab yurma. Bu hayot juda qisqadir. *** O‘g‘lim, insonlarga tashqi ko‘rinishiga yoki chiroyli gapiga qarab baho berishga shoshilma. Insonni bosib o‘tgan yo‘liga va u haqda xalq nima deyishiga quloq sol. Xalq kamdan-kam holda adashadi. *** Bolam, bir ishni boshlashdan oldin ko‘p va xo‘p o‘yla. Yaʼni bir xonaga kirishdan oldin, u yerdan chiqishni ham o‘ylab qo‘y. Sababi, biz ko‘pincha kirish eshigini ko‘ramiz, lekin chiqish eshigiga ahamiyat ham bermaymiz va shu yerda birinchi xatoga yo‘l qo‘yamiz. *** Umrning qisqa vaqti ilm olishga, aqlni charxlashga beriladi. Bu bolalikning shirin damlari- yu yoshlikning bebaho onlari. Undan oqilona foydalangan insongina ilm tufayli o‘z baxt-u saodatini yarata oladi.

*** Yaxshilik, go‘zal xulq, shirin kalom, to‘g‘ri so‘z, halol mehnat, do‘stlikka sadoqat, qanoat, millati-yu yurti ravnaqi uchun qayg‘urish, iymon, mehr-oqibat, kamtarinlik, ezgulik, saxovatli bo‘lish, zurriyot kamoli uchun intilish, bularning barchasi - taraqqiyot va komillikka yo‘ldir. *** O‘g‘lim, ilmingni, isteʼdodingni, aql-zakovatingni behuda sarflasang, oxir-oqibat uning so‘nishiga olib borasan. Ilmning ham uvoli bor. Bekorga iqtidoringni namoyon qilaverma, uni ne qiyinchilik va mashaqqat bilan egallagansan. Uni el-ulus, Vatan manfaati yo‘lida sarflagin. *** O‘g‘lim, ota-ona farzandini dunyoga keltiradi, Vatan esa ilm, tarbiya berib, o‘z bag‘rida voyaga yetkazadi. Farzandim, kerak bo‘lsa, shu Vatan uchun joningni berishga tayyor bo‘l! *** O‘g‘lim, bilginki, omad o‘z-o‘zidan kelmaydi. Unga erishish uchun sabr-toqat bilan birga, mehnat va ijod, izlanish hamisha yonma-yon bo‘lmog‘i lozim. Shundagina sen nimagadir erishishing mumkin. Sen avval mehnat qilishni, so‘ng kutishni o‘rgan, ko‘pchilik faqat kutish bilan umrini o‘tkazadi. *** O‘g‘lim, hayotingdagi eng muhim narsalardan biri tarbiyadir. Sen oliy maʼlumotli, to‘rtta tilda gaplashishing yoki katta lavozimda ishlashing mumkindir, biroq, agar sen tarbiyang va xulqing bilan egallagan lavozimingga mos bo‘lmas ekansan, demak, ko‘p narsani yo‘qotgansan. Ilming seni lavozimga olib kelishi mumkin, biroq tarbiyasizliging seni bir kunda lavozimdan tushirib qo‘yadi. Har doim o‘z xulqing ustida ishlashni unutma. *** O‘g‘lim, bu dunyoda ko‘p narsa sotiladi. Har bir narsaning o‘z narxi bor, biroq olingan chuqur bilimning narxi bebaho bo‘lib, u sotilmaydi. Uni hech kim tortib ololmaydi ham. U bir umr senga hamroh bo‘lib, senga obro‘, baxt-saodat, hurmat-u ehtirom, shon-shuhrat, toj-u taxt, barcha kerakli narsalarni sabr-qanoat bilan olib kelaveradi. Umring oxirigacha senga sadoqat-la xizmat qiladi. *** O‘g‘lim, imom Buxoriy bobomiz aytganidek, “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay”. Shunday ekan, agar tushkunlikka tushsang yoki inqirozda bo‘lsang, eng yaxshi do‘st – kitobdir. U senga sabr va qanoatni o‘rgatadi. Agar omading kelib boylikka ega bo‘lsang yoki yuqori lavozimni egallasang, eng sodiq do‘st - bu kitobdir. U senga qanday qilib insonligingni saqlab qolishni o‘rgatadi va shunda bular barchasi o‘tkinchi ekanini tushunasan. *** O‘g‘lim, biror inson haqida xulosa chiqarishga aslo shoshilma. Uning bitta xatosi uchun sotqin yoki dushmanga chiqarib qo‘yma. Yoki aksincha, bitta yaxshi ishi uchun uni

vafodor do‘st, deb o‘ylama. Unga yana imkon ber. Chunki inson baʼzida bilib, baʼzida esa bilmay turib, yomonlik va yaxshilik qilib qo‘yishi mumkin. Po‘lat olovda toblangani kabi haqiqiy do‘st ham vaqt va sinovda sinaladi. *** O‘g‘lim, bu hayot sen ko‘rib turgan yo‘l kabi tekis va bir meʼyorda o‘tmaydi. Uning xavfli burilishlari, tepaliklari va albatta, pastliklari bor. Shuning uchun, omading kelib tekis yurganingda ehtiyot bo‘l, keskin burilish borligini inobatga ol. Tajribali haydovchi bilan tajribasiz haydov­chining farqi shundaki, tajribali ora-orada boshini ko‘tarib masofani chamalaydi (uzoqni ko‘rsatuvchi chirog‘i bilan ham). Sen ham hayotda tajribali haydovchi kabi uzoqni ko‘rib harakat qil, shunda har qanday burilishga tayyor bo‘lasan. *** O‘g‘lim, hammada ham tug‘ma isteʼdod bo‘lavermaydi. Sen ilm manbai – kitob va ustozlaring tufayli, tinimsiz izlanishlaring va o‘z mehnating orqali har qanday tug‘ma isteʼdodlardan ancha oldinga o‘tib ketishing mumkinligini yodda tut. *** Ustozing bilan muloqot paytida yuzingdan nur yog‘ilib tursin, ortiqcha harakatlar qilma, hamisha kattaga hurmat va ehtiromda bo‘l. Hech qachon ularni aldama, saodatli bo‘l, chunki ustozlar otangdek ulug‘ zotdir. *** Ustozingning ilmini hurmat qil. Uning bilimingga qo‘ygan bahosi xalqning bahosi bilan tengdir. Baho yoki tashakkur uchun o‘qima. Hazrat Navoiy aytganlaridek: Agar shogird shayxulislom, agar qozidir, Agar ustoz rozi, Tangri rozidir. Olgan ilming sen uchun nechog‘li ahamiyatga egaligi, hayotga yo‘l olganingda, mustaqil kasb tanlaganingda, qoqilganingda, mehnat faoliyating boshlanganida bilinadi. *** Bilginki, agar oilada sen to‘ng‘ich, bosh farzand bo‘lsang, senga masʼuliyat ham, imkoniyat ham ikki barobar tushadi. Chunki sen ukalaring, singillaring oldida ham ibrat bo‘lishing, ular senga qarab o‘rganishi, taʼlimda ham, tarbiyada ham o‘rnak bo‘lishing mumkinligini doimo his qilishing, vaqti kelib ota-onang bilan yelkadosh bo‘lib, oilani baxt- saodat tomon yetak­lashing kerak. *** Agar ustozing ilm berish bilan birgalikda, kimnidir yomonlab kimningdir g‘iybatini qilsa, undaylardan doimo ogoh bo‘lib, yaxshi o‘gitlarini saralab ol, uning yomon fikrlarini qalbingda, xotirangda saqlab qolma, esingdan chiqarib yubor, hali yosh niholligingni yodingdan chiqarma. Bilginki, sening o‘sishing, kamol topishing uchun o‘sha “yomonlar” ham senga do‘st-u ustoz sifatida hayotda asqotadi. *** Ilm olishda Sharq allomalari doimo ibrat bo‘lib kelgan. Ular kamida beshta fanning mohiyatini, uning tarkibini chuqur o‘rganib ijod qilgan, bir nechta tillarni mukammal egallagan, shunday ekan, bitta fan yoki bir nechta til bilan chegaralanib qolma, hayot uchun

zarur bo‘lgan boshqa fanlarni, chet tilini ham o‘rganish, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallash ulug‘likka va yuksalishga undaydi. *** Yurtimizda juda ko‘p ahli donish, qalbi o‘gitlarga boy ustoz-u olimlarimiz ijod qilmoqda, biroq ayrimlari o‘z bilimlari, hayotiy tajribalari haqida kitoblar, o‘quv qo‘llanmalari yozmaganlar. Sen ularni eshitishni, saboq olishni sira kanda qilmagin. *** Ota-onangdan, amaki, tog‘a, amma-xolalaringdan, ilm sohasida yuqori bo‘lgan ustozlaringdan hech ham xafa bo‘lma, arazlama, hatto ular nohaq bo‘lganda, seni asossiz koyishganda ham. Chunki ular sening kelajaging, iqboling, baxt-saodating uchun masʼuldirlar. Sen kulsang, yayraydigan, yig‘lasang, sen uchun kuyinib eziladiganlar ham shular, jigarlaringdir. *** Birovdan mehr-oqibat izlama, kutma. Avval o‘zing unga ber. Xushfeʼlliging, ochiqliging, xayolingda faqat yaxshi niyatlar hamisha mujassamligi qalbing pok­ligidan dalolatdir. Uni kimdir bilishi shart emas. Uni biluvchi, sezuvchilar bor. Nimani o‘ylasang, fikr qilsang, hammasi Yaratganga ayon. Bu dunyoda hech narsani yashirib bo‘lmasligini bilib qo‘y. *** Yaxshilik va ezgulik insonni el ichida ulug‘laydi. Baʼzida yaxshiligingga yomonlik qaytsa, o‘kinma, nolima ham, bilginki, u o‘zingga qaytmasa, albatta, farzandlaringga yoki nabira, chevaralaringga bo‘lsa ham qaytadi. Xuddi shunday yomonlik ham qachonlardir, kimgadir, albatta, qaytadi. Yaxshilikning natijasini kutib, intiq bo‘lib yashama, kutsang o‘zing ko‘proq jabr ko‘rasan, qo‘lingdan kelsa, yaxshilik qilaver. *** Kayf-u safo, chekish va mast qiluvchi ichimliklarning oxiri nadomat va kulfat – avval vaqtingni, so‘ng baxtingni, umringni xazon kilguvchidir. Agar chekish va ichishni maʼqul topsang, meʼyorni bil, irodangni mustahkam qilib, qalbingga quloq sol, o‘z vaqtida ularni to‘xtatishni bil. *** Do‘stlaring va yaqin qarindoshlaringning to‘yida ham, azasida ham, albatta, ishtirok etishni kanda qilma. Buni insoniylikning oddiy burchi, deb bilgin. Yo‘ling tushib biror shahar yoki tumanga borsang, albatta, o‘sha joyning tarixi bilan qiziq, sayohat qil, umuman olganda, geografiya fanini alohida qunt bilan o‘rgan, davlatlar, shaharlar, din, urf-odat, millatlar haqida chuqur bilimga ega bo‘lishni kanda qilma, hayoting mobaynida barchasi kerak bo‘ladi. *** Har bir inson o‘z kasbini chuqur egallashi bilan birga, biror sport turini, sanʼatning biror yo‘nalishini bilishi, adabiyotni, sheʼriyatni sevishi va hech bo‘lmasa, bir-ikki qo‘shiqni xirgoyi qilishi, tarixni bilishi, biror taomni mazali tayyorlay olishi, bog‘bonlik va dehqonchilikni mukammal o‘rganishi, har qanday ustachilik uskuna va asboblarini ishlata olishi shart, deb o‘ylayman. Bu - komillik va barkamollikdir. ***

Yashash mazmunini o‘zingcha o‘ylab topma, yaratma, umuminsoniy bashariyat yaratgan, din va madaniyat uyg‘unligidagi yonib turgan cho‘g‘dan ibrat ol. Ajdodlar o‘gitidan saboq ol, donishmand aytganidek, o‘tmishdan kul emas, cho‘g‘ olinadi. *** Agar ustozing senga ilm o‘rgatib, moddiy manfaatdor bo‘lsa, sovg‘a-salom, pul evaziga bilim bersa, unday ustozdan voz kech. Chunki ko‘p o‘tmay, sen ham ustoz darajasiga yetganingda, shogirdlar qo‘liga, cho‘ntagiga qaram bo‘lib qolasan. Buni qaytar dunyo deydilar. *** Agar ustozing senga ko‘p tanbeh bersa, kamchiligingni ko‘rsataversa, nolima. Senga ko‘p topshiriq bersa, mo‘l va uzoq ishlashingga majbur qilsa, xafa bo‘lma. Demak, ustozing sening salohiyating va qobiliyatingga ishonadi, uddalay olishingni biladi. Sen mehnatdan qochma, rohati, albatta, keladi. *** Bitta kasb yoki yo‘nalish bilan cheklanma. Ko‘p narsa qo‘lingdan kelsin. Velosipedni, otni, mashinani birdek hayda, min. Biror cholg‘u asbobini chalishni, Qurʼoni karim oyatlarini, suralarini, albatta, o‘rgangin. Keyin menga rahmat, deysan. *** Ustozlar ko‘p, uning tili-dili, qalbi bir butun bo‘lsa, unday ustozning oyog‘iga poyondoz bo‘l, xizmatida bo‘lgin. So‘zi boshqa, tili boshqa, maqsadi bo‘lak ustozdan yiroqda bo‘lganing maqul. Qaydlar uchun: O‘z otangizdan eshitgan o‘gitlaringiz: ________________________________________________________________________________ ________________________________________________________ Yuqoridagi o‘gitlardan qaysi biri sizga yaqinroq: ______________________________________________________________ ______________________________________________________________ Kelajakda qaysi o‘gitni farzandingiz tarbiyasida foydalanasiz:_________________________________ ______________________________________________________________ ______________________________________________________________

BESHINCHI BO‘LIM Ushbu bo‘limdan “Liderlar” kanalining “Kun hikmatlari” sahifasi orqali har kuni ertalab eʼtiboringizga havola etiladigan tafakkur durdonalari joy olgan. Buyuk insonlarning fikrlari, hikmatli so‘zlari, iqtiboslari barchamizga hayotda to‘g‘ri yo‘ldan ketishimiz, adolatli bo‘lishimiz, muvaffaqiyat qozo­nishimiz, jamiyat taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan yashashimiz va o‘zimizni iroda qilishimiz uchun juda muhim. Turli manbalardan to‘plangan ushbu mazmunli satrlar sizga bir olam maʼnaviy ozuqa berishi shubhasiz. “Kun hikmati”dan eng saralari Tanqidiy tahlil, qatʼiy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerak *** Asosiy vazifa – bu yuqori kasb mahorati va zamonaviy tafakkurga ega, puxta o‘ylangan, har tomonlama to‘g‘ri qaror qabul qila oladigan, belgilangan maqsadlarga erishadigan rahbarlar va mansabdor shaxs­larning yangi tarkibini shakllantirishdan iborat. *** Ish yuzasidan talabchanlik qilish boshqa, odamlarning shaxsiyatiga tegish butunlay boshqa narsa. Odamlar ish yuzasidan sizga bo‘ysunishi mumkin, boshqa har qanday masalada siz bilan teppa-teng huquqqa ega ekanini aslo esdan chiqarmang. ... Barchamiz yaxshi bilamiz, xalqimiz oriyatli, nomusli xalq. Xalqimiz barcha narsaga chidashi mumkin, lekin takror-takror aytaman, adolatsizlik va nohaqlikka chiday olmaydi. Haqiqiy rahbar, haqiqiy yetakchi odamlarning bardoshini sinash uchun emas, balki ularga munosib shart-sharoit yaratib berish, og‘irini yengil qilish uchun rahbar etib tayinlanadi. Barcha bo‘g‘indagi rahbarlar o‘zining odob-axloqi va madaniyati bilan hammaga o‘rnak va namuna bo‘lishi zarur. *** Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasi avvalambor yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlaydigan, Vatanimiz taqdiri va istiqboli uchun masʼuliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir yosh kadrlar safini kengaytirishga bevosita bog‘liq. *** Bugun hayotning o‘zi bizdan professional, tezkor va samarali davlat xizmati tizimini shakllantirish, yangicha fikrlaydigan, tashabbuskor, el-yurtga sadoqatli kadrlarga keng yo‘l ochish bo‘yicha samarali tizim ishlab chiqishni talab etmoqda. *** Bugun barcha sohalarda bilimli, siyosiy va ijtimoiy faol, xalq manfaatini o‘z shaxsiy manfaatidan ustun qo‘yadigan, halol va jonkuyar, yosh rahbarlarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Biz dunyoqarashi keng, kreativ fikrlaydigan, muammoli vaziyatlarda to‘g‘ri qarorlar qabul qila oladigan yoshlarni masʼuliyatli vazifalarga tayinlayapmiz. Ammo mamlakatimizda yosh rahbarlarni saralaydigan, ularning layoqatiga mos lavozimlarni taklif etadigan samarali mexanizm mavjud emas. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

*** Dono vazir shuldirki, o‘rniga qarab, goh qattiq­qo‘llik, gohida esa muloyimlik bilan ish yuritadi. Bunday vazir ortiqcha qattiqqo‘llik ham qilmaydi, ko‘p muloyimlik bilan yumshab ham ketmaydi. Agar ko‘p muloyimlik qilsa, dunyotalab, taʼmagir odamlar uni yutib yuboradilar. Agar ortiqcha qattiqlik ishlatsa, undan qochadilar va unga boshqa murojaat qilmaydilar. Demak, dono vazir shuldirki, saltanat korxonasining ishlarini eng to‘g‘ri chorayu tadbirlar qo‘llab, yaxshi anglagan holda amalga oshirib, davlatni tartib-intizomga keltiradi. “Amir Temur o‘gitlari” *** Rahbar odam boshqalardan ko‘ra uzoqni ko‘rishi va chuqurroq o‘ylab ish olib borishi kerak. Yaʼni rahbar ertangi kunimizni bir qadam emas, ikki qadam uzoqrok ko‘rishi lozim. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov *** ...Har ishning zimnida yuz ming mulohaza vojib va lozimdir. Zahiriddin Muhammad Bobur *** Siz bu yerga uchma-uch kun ko‘rish uchun kelgan emassiz. Siz bu yerga dunyoda odamlarning to‘laqonliroq yashashi, dadilroq orzu qilishi va o‘z maqsadlariga erishish jarayonida yana-da ishonchliroq imkoniyat berish uchun kelgansiz. Siz bu yerga dunyoni boyitish uchun kelgansiz. Agar bu vazifani unutar ekansiz, demak, o‘zingizni o‘zingiz faqirga aylantirasiz. Tomas Vudro Vilson (1913-1921), AQSHning 28-prezidenti *** Taraqqiyotning chinakam belgisi - boylik yoki taʼlim darajasi emas, shaharning kattaligi emas, hosilning mo‘l-ko‘lligi ham emas, balki shu o‘lka bag‘rida tarbiya topgan inson qiyofasidir. R.Emerson *** Odamning ulug‘ligi bo‘yi bilan o‘lchanmaganidek, xalqning ulug‘vorligi ham uning soni bilan o‘lchanmaydi; yagona o‘lchov uning aqliy kamoloti va axloqiy barkamolligidir. V.Gyugo *** Hayotni sevasanmi? Sevsang, vaqtni boy berma, chunki vaqtdan hayot degan mato yaraladi. B.Franklin


Like this book? You can publish your book online for free in a few minutes!
Create your own flipbook